Jamiyat
To‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
Qashqadaryoning Kitob tumanida yashovchi Jasur va Dilfuzaning besh qizi bor edi. Shu yil ularning farzandlari 9 nafarga yetdi – oilada to‘rt qizaloq egizaklar dunyoga keldi. Kun.uz jamoasi chaqaloqlarning ilk kunlari va oilaning kundalik hayoti bilan tanishdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Egizaklar tug‘ilishi – tabiatning eng noyob va hayratlanarli hodisalaridan biri. Statistikaga ko‘ra, har 80-85 ta tug‘uruqdan birida ikki egizak dunyoga keladi. Uch egizak esa har 8-10 mingta holatda kuzatilar ekan. Va har 500-700 mingta tug‘uruqda to‘rt egizak dunyoga kelishi mumkin.
Shunday mo‘jiza Qashqadaryoning Kitob tumanida, tog‘lar orasida sodir bo‘ldi. Jasur va Dilfuzaning oilasida to‘rt nafar egizak qizaloqlar tug‘ildi. Endi ularning oilasida to‘qqiz qiz bor.
Chaqaloqlar qariyb uch hafta davomida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialida parvarishlanib, shu kunlarda uyiga javob berildi.
“Chaqaloqlar tug‘ilgunga qadar ularning to‘rt nafar ekanini bilmaganmiz. UZI tekshiruvlarida uch nafar ekani ko‘rsatilgan edi. Chaqaloqlar kesib olish yo‘li bilan tug‘ilganda, to‘rt egizak ekanini bilib, yana ham hayratlandik. Ularning har biri sog‘lom va baxtli o‘sishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha harakatlarni qilamiz. Kelajakda to‘qqiz farzandimizni ham yaxshi o‘qitib, voyaga yetkazib, ziyoli inson qilib tarbiyalashni maqsad qilganmiz”, – deydi Dilfuza Bahriddinova.
Chaqaloqlarga Xadicha, Saida, Fotima va Osiyo ismlari qo‘yildi.
“Har bir chaqaloqni o‘z qo‘llarimda ko‘rish, ularning nafas olishini, haroratini kuzatish – eng katta baxt”, – deydi Dilfuza.
Qaynonasi Rafoat Omonova ham oilaga ko‘maklashmoqda.
“Meni hozircha o‘ylantirayotgan asosiy holat – qishning sovug‘ida bolalarni issiq joyda saqlash va kelinimning qiynalib qolishi. Ammo hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilaman. Men ham qo‘limdan kelgan yordamni qilaman, albatta”, – deydi chaqaloqlarning buvisi.
Oilada egizaklardan tashqari yana besh nafar qizaloq tarbiyalanmoqda. Ular ham voyaga yetmagan bo‘lsa-da, ota-onalarga ko‘maklashib, kichiklar bilan shug‘ullanishda yordam berishadi.
Hududiy poliklinika hamshiralari ham oilaga muntazam yordam ko‘rsatmoqda.
“Chaqaloqlar tug‘ilganini eshitganimizda biz ham juda hayratlandik. Haqiqatan ham tug‘uruqdan oldingi tekshiruvlarda uch nafar egizak ekanini bilgandik. Ular to‘rt egizak ekan, Xudoning bergan ne’mati. Oilaga poliklinika hamshiralari navbatchiligi tashkil qilindi, har kuni bir hamshira kelib chaqaloqlarga qarashga ko‘maklashamiz. Bugun mening navbatim. Ochig‘i, bunday holat biz uchun ham yangilik va tajriba bo‘lyapti. Qizaloqlarning sog‘lom katta bo‘lishi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz”, – deydi Gulbahor Ostonova.
Oila uchun bu yordam nafaqat farzandlar salomatligi, balki onaning dam olishi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Jasur Markayev Dehqonobod tumanida temiryo‘l sohasida ishlaydi.
“Haftaning besh kunida ishdaman, dam olish kunlari uyda bo‘laman. O‘sha kunlarda hovlidagi ishlarim bilan shug‘ullanaman. Uyda mol-holimiz bor, kichikroq issiqxona ham qilganman. Shukur, tirikchiligimiz manbai shular. Biroq bizda qish qattiq keladi, chaqaloqlar xonasiga konditsioner o‘rnatdik, elektrda uzilishlar bo‘lib turgani uchun biroz muammolar bo‘lyapti. Xonalar sovib ketyapti. Pechka va sandal qilganmiz, qancha harakat qilmaylik xonaga tutun tarqaydi. Bu kattalarga bilinmas, chaqaloqlar qiynalishadi. Hozir eng asosiy tashvishim shu. Har bir farzandim sog‘lom va baxtli bo‘lishi uchun qo‘limdan kelgan barcha harakatni ishga solaman”, – deydi u.
Oila uchun bugun quvonchli kunlar, ertangi kun esa juda katta mas’uliyat, degani. To‘qqiz farzandni, ayniqsa, bir vaqtning o‘zida to‘rt chaqaloqni katta qilish, tarbiyalash, kundalik ehtiyojlarini qondirish oson emas, albatta. Kitob tumanida tug‘ilgan bu to‘rt mo‘jiza – faqat bir oila emas, siz-u biz, jamiyat uchun ham alohida mas’uliyat yuklaydi.
Bu xonadondagilar farzandlarining kamoloti uchun tinimsiz harakat qilmoqda. Hech kimdan ta’ma qilayotgani yo‘q.
Biroq ushbu oilaning umumiy daromadi, yashash sharoitini kuzatib, tahlil qildik va ularni moddiy-ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash lozim, degan qarorga keldik.
Kun.uz tahririyati ularning plastik kartalarini quyida e’lon qilmoqda.
9860 1201 3598 3167 (Jasur Markayev)
5614 6820 3970 9441 (Dilfuza Baxriddinova)
Ushbu xayriya oila uchun nafaqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki katta ruhiy quvvat ham bo‘ladi. Saxovatli yurtdoshlarimizni ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
Jamiyat
Quva tumani hokimi ham fermerni haqoratlagani aytilmoqda
Quva tumani hokimi Halimjon Umarovga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv tarqaldi. Unda amaldor fermerni haqoratlagani hamda yerni majburan topshirish haqida ko‘rsatma bergani eshitiladi. Farg‘ona viloyati hokimligi holatga aniqlik kiritish uchun xizmat tekshiruvi tayinlanganini bildirgan.
Quva tumani hokimi Halimjon Umarov fermerni haqorat qilgani aytilmoqda. Bu haqda Daryo.uz xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, audioyozuvda Quva tumani hokimi Halimjon Umarov ekani taxmin qilinayotgan shaxs fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ulardan birini haqorat qilgan. U yerni majburan topshirishga ko‘rsatma bergani eshitiladi.
“Ey sen, k.., gaplashging kelmayaptimi men bilan? …qa o‘yin qilyapsanmi? 3 kundan beri axtaraman seni, topilmaysan. … tiqib qo‘yaymi hozir?! Tiqilging kelyaptimi?”, degan amaldor fermer bilan suhbatda.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati izoh berib, holatga aniqlik kiritish uchun xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Halimjon Umarov 2021 yil fevralidan Quva tumani hokimi lavozimida ishlab keladi. Bungacha u Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.
Avvalroq Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulov g‘alla topshirish rejasini bajarmayotgan fermerlarni qo‘pol haqoratlab, hatto onasidan so‘kkandi. Holat o‘z tasdig‘ini topib, hokimga hayfsan berilgandi.
Jamiyat
Toshkentda avtobusda ayolga jinsiy a’zosini ko‘rsatib, shilqimlik qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
50 yoshli erkak 93-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan avtobusga chiqib, ayol yonidagi o‘rindiqqa o‘tirgan. Avvaliga ayolning qo‘liga tegingan, so‘ngra jinsiy a’zosini ko‘rsatib, unga shahvoniy shilqimlik qilgan.
Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan illyustrativ surat
Toshkent shahridagi avtobus ichida ayolga shilqimlik qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 50 yoshli T.S. 23 iyun kuni ertalab 93-sonli yo‘nalishda harakatlanadigan avtobusga mingan. U avtobus ichida yonida o‘tirgan ayolga jinsiy a’zosini ko‘rsatib, shahvoniy shilqimlik qilgan.Qo‘rqib ketgan ayol baqirib, haydovchidan yordam so‘ragach, erkak avtobusdan tushib ketishga uringan. Ammo haydovchi eshiklarni ochmagan.
T.S. sudda aybiga iqrorlik bildirgan. U mast holatda bo‘lgani uchun uyatli harakatlar qilganini eslay olmasligini, ichki ishlar binosiga olib kelishganidan keyin o‘zini anglay boshlaganini aytgan.
Jabrlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida shunday degan:
“23 iyun kuni soat 7:45 larda avtobusda menga notanish erkak yonimga kelib o‘tirdi va qo‘li bilan qo‘limga tegindi. Shunda o‘zimni undan uzoqlashtirish uchun chekkaroq surildim. Keyin T.S. o‘zining jinsiy a’zosini ko‘rsatdi. Qo‘rqib baqirib yubordim, haydovchidan yordam so‘radim. T.S. qochib, avtobusdan tushib ketmoqchi bo‘ldi, lekin haydovchi eshiklarni ochmadi. Shunda T.S. haydovchini uyatli so‘zlar bilan so‘kib, avtobus eshiklarini ochishga urindi. Lekin qochib ketolmadi. Shundan so‘ng voqea joyiga ichki ishlar xodimlari keldi”.
Ayol suddan huquqbuzarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Bektemir sudining qarori bilan T.S. MJtKning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi, 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etishda aybli deb topildi. Unga 15 sutka ma’muriy qamoqqa jazosi tayinlangan.
Avvalroq Toshkentda amaliyotchi talaba qizlarga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamalgandi.
Jamiyat
«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
O‘quvchilar mingan Damas yo‘lda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Oqibatda bir bola vafot etgan, qolganlari shifoxonaga yotqizilgan. Andijon viloyati YHXB o‘quvchilarni o‘zboshimchalikda aybladi.
Andijon viloyatida «Andijon polkasi» tadbiri doirasida maktab o‘quvchilari YTHga uchragan, ulardan biri vafot etgan. Bu haqda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Instagram’dagi posti ostidagi izohlarda foydalanuvchilardan biri xabar qoldirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisa Asaka tumanidagi 14-maktab o‘quvchilari bilan ro‘y bergan. Hodisa oqibatida o‘quvchilardan biri vafot etgan, qolganlari esa jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Holat yuzasidan izoh bergan Andijon viloyati YHXB axborot xizmati maktab o‘quvchilarini o‘zboshimchalikda ayblagan.
Andijon viloyati YHXB axborot xizmati Daryo.uz’ga ma’lum qilishicha, YTH 23 iyun kuni sodir bo‘lgan.
«Asaka tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan Andijon shahrida o‘tkaziladigan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun borib-keladigan o‘quvchilarga alohida avtobus ajratilgan. Ammo bir guruh o‘quvchi o‘zboshimchalik bilan Damas avtomobilida ketayotgan bo‘lgan. Yo‘lda avtomobil „ZIL“ yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. O‘quvchilar shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ulardan bir nafari vafot etgan. Qolgan o‘quvchilarning holati yaxshi», – deyiladi taqdim etilgan axborotda.
Holat yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchilari surishtiruv olib borayotgani qo‘shimcha qilingan.
Ma’lumot uchun, 24 iyun kuni Andijon viloyati markazidagi stadionda «Andijon polkasi» raqsiga tushish orqali rekord o‘rnatildi.
Stadionda 20 ming kishi bir vaqtning o‘zida raqs tushgan. Hokimlik matbuot xizmati e’lon qilgan suratlarda tadbirda yosh bolalar ham ishtirok etganini ko‘rish mumkin.
Jamiyat
Elektr ta’minoti korxonalari muhandislari pora olayotganda ushlandi
Farg‘ona viloyati va Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida elektr ta’minoti korxonalarida faoliyat yurituvchi ikki muhandis xizmat mavqeidan foydalanib, turli masalalarni hal qilib berish evaziga pora talab qilgan vaqtida qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda elektr ta’minoti korxonalari muhandislarining korrupsiyaviy harakatlari fosh etildi.
Xususan, Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi fuqaroning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog‘i tortish, hisoblagich o‘rnatish va elektr ta’minotiga ulash, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 100 million so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muqaddam sudlangan muhandis talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Yana bir holatda esa Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi mahalliy fermer xo‘jaligining elektr energiyasidan to‘plangan 122 million so‘m qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali bekor qildirib berishni va’da qilib, buning evaziga 50 million so‘m talab qilgan.
U muqaddam 10 million so‘m olgan bo‘lib, qolgan 40 million so‘mni olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan muhandislarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
1 iyuldan mahallalar boshqaruvida muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi
Prezidentning «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan mahallalar boshqaruvi tizimida qator yangiliklar joriy etiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga qo‘shimcha vakolatlar berilib, «mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi belgilanadi.
Prezidentning 2026 yil 24 iyunda qabul qilingan PF–116-sonli farmoni bilan mahalla boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 1 iyuldan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlariga mahallalardagi muammolarni tizimli tahlil qilish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududiy dasturlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi beriladi.
Shuningdek, mahallada birinchi marta ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan fuqarolarga nisbatan sud-tergov organlari yengillik qo‘llagan taqdirda, «mahalla yettiligi» ularni qayta tarbiyalash, kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash va ta’limga yo‘naltirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Agar kafillikka olingan shaxs uch yil davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, uning ijobiy tarbiyasida faol ishtirok etgan «mahalla yettiligi» a’zolarini qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Farmon bilan, shuningdek, mahallalar uyushmasining tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga «mahalla yettiligi» faoliyatiga noqonuniy aralashuv yoki ularni xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari yuzasidan tuman (shahar) hokimlariga taqdimnoma kiritish vakolati ham berildi.
-
Dunyodan5 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Sport5 days agoNodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi
-
Siyosat4 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Jamiyat5 days ago
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Dunyodan4 days agoAQSh va Eron o’rtasidagi urushning iqtisodiy oqibatlari hisoblanmoqda
