Jamiyat

To‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj

Published

on


Qashqadaryoning Kitob tumanida yashovchi Jasur va Dilfuzaning besh qizi bor edi. Shu yil ularning farzandlari 9 nafarga yetdi – oilada to‘rt qizaloq egizaklar dunyoga keldi. Kun.uz jamoasi chaqaloqlarning ilk kunlari va oilaning kundalik hayoti bilan tanishdi.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Egizaklar tug‘ilishi – tabiatning eng noyob va hayratlanarli hodisalaridan biri. Statistikaga ko‘ra, har 80-85 ta tug‘uruqdan birida ikki egizak dunyoga keladi. Uch egizak esa har 8-10 mingta holatda kuzatilar ekan. Va har 500-700 mingta tug‘uruqda to‘rt egizak dunyoga kelishi mumkin.

Shunday mo‘jiza Qashqadaryoning Kitob tumanida, tog‘lar orasida sodir bo‘ldi. Jasur va Dilfuzaning oilasida to‘rt nafar egizak qizaloqlar tug‘ildi. Endi ularning oilasida to‘qqiz qiz bor.

Chaqaloqlar qariyb uch hafta davomida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialida parvarishlanib, shu kunlarda uyiga javob berildi.

“Chaqaloqlar tug‘ilgunga qadar ularning to‘rt nafar ekanini bilmaganmiz. UZI tekshiruvlarida uch nafar ekani ko‘rsatilgan edi. Chaqaloqlar kesib olish yo‘li bilan tug‘ilganda, to‘rt egizak ekanini bilib, yana ham hayratlandik. Ularning har biri sog‘lom va baxtli o‘sishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha harakatlarni qilamiz. Kelajakda to‘qqiz farzandimizni ham yaxshi o‘qitib, voyaga yetkazib, ziyoli inson qilib tarbiyalashni maqsad qilganmiz”, – deydi Dilfuza Bahriddinova.

Chaqaloqlarga Xadicha, Saida, Fotima va Osiyo ismlari qo‘yildi.

“Har bir chaqaloqni o‘z qo‘llarimda ko‘rish, ularning nafas olishini, haroratini kuzatish – eng katta baxt”, – deydi Dilfuza.

Qaynonasi Rafoat Omonova ham oilaga ko‘maklashmoqda.

“Meni hozircha o‘ylantirayotgan asosiy holat – qishning sovug‘ida bolalarni issiq joyda saqlash va kelinimning qiynalib qolishi. Ammo hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilaman. Men ham qo‘limdan kelgan yordamni qilaman, albatta”, – deydi chaqaloqlarning buvisi.

Oilada egizaklardan tashqari yana besh nafar qizaloq tarbiyalanmoqda. Ular ham voyaga yetmagan bo‘lsa-da, ota-onalarga ko‘maklashib, kichiklar bilan shug‘ullanishda yordam berishadi.

Hududiy poliklinika hamshiralari ham oilaga muntazam yordam ko‘rsatmoqda.

“Chaqaloqlar tug‘ilganini eshitganimizda biz ham juda hayratlandik. Haqiqatan ham tug‘uruqdan oldingi tekshiruvlarda uch nafar egizak ekanini bilgandik. Ular to‘rt egizak ekan, Xudoning bergan ne’mati. Oilaga poliklinika hamshiralari navbatchiligi tashkil qilindi, har kuni bir hamshira kelib chaqaloqlarga qarashga ko‘maklashamiz. Bugun mening navbatim. Ochig‘i, bunday holat biz uchun ham yangilik va tajriba bo‘lyapti. Qizaloqlarning sog‘lom katta bo‘lishi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz”, – deydi Gulbahor Ostonova.

Oila uchun bu yordam nafaqat farzandlar salomatligi, balki onaning dam olishi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Jasur Markayev Dehqonobod tumanida temiryo‘l sohasida ishlaydi.

“Haftaning besh kunida ishdaman, dam olish kunlari uyda bo‘laman. O‘sha kunlarda hovlidagi ishlarim bilan shug‘ullanaman. Uyda mol-holimiz bor, kichikroq issiqxona ham qilganman. Shukur, tirikchiligimiz manbai shular. Biroq bizda qish qattiq keladi, chaqaloqlar xonasiga konditsioner o‘rnatdik, elektrda uzilishlar bo‘lib turgani uchun biroz muammolar bo‘lyapti. Xonalar sovib ketyapti. Pechka va sandal qilganmiz, qancha harakat qilmaylik xonaga tutun tarqaydi. Bu kattalarga bilinmas, chaqaloqlar qiynalishadi. Hozir eng asosiy tashvishim shu. Har bir farzandim sog‘lom va baxtli bo‘lishi uchun qo‘limdan kelgan barcha harakatni ishga solaman”, – deydi u.

 

Oila uchun bugun quvonchli kunlar, ertangi kun esa juda katta mas’uliyat, degani. To‘qqiz farzandni, ayniqsa, bir vaqtning o‘zida to‘rt chaqaloqni katta qilish, tarbiyalash, kundalik ehtiyojlarini qondirish oson emas, albatta. Kitob tumanida tug‘ilgan bu to‘rt mo‘jiza – faqat bir oila emas, siz-u biz, jamiyat uchun ham alohida mas’uliyat yuklaydi.

Bu xonadondagilar farzandlarining kamoloti uchun tinimsiz harakat qilmoqda. Hech kimdan ta’ma qilayotgani yo‘q.

Biroq ushbu oilaning umumiy daromadi, yashash sharoitini kuzatib, tahlil qildik va ularni moddiy-ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash lozim, degan qarorga keldik.

Kun.uz tahririyati ularning plastik kartalarini quyida e’lon qilmoqda.

9860 1201 3598 3167 (Jasur Markayev)

5614 6820 3970 9441 (Dilfuza Baxriddinova)

Ushbu xayriya oila uchun nafaqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki katta ruhiy quvvat ham bo‘ladi. Saxovatli yurtdoshlarimizni ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version