Sport
Temir odam
Yevropa chempionlar ligasida «PSJ» o‘z tarixida ilk bor g‘alaba qozondi. Tarixiy natijadan keyin asosiy qahramon sifatida jamoa bosh murabbiyi — Luis Enrike ko‘rsatildi.
Luis Enrike qizi vafot etgani uchun 10 yil avvalgi g‘alabali suratini takrorlay olmaydi. Ammo ’PSJ’ muxlislari bu fotosuratni o‘z bannerida aks ettirishdi.
Bundan 10 yil avval «Chempion» gazetasida Luis Enrike haqida «Temir odam» sarlavhali maqolam chop etilgandi. Unda Luchoning boshiga tushgan sinovlar, ularni qanday yengib o‘tgani haqida hikoya qilingandi. O‘sha maqola yozilganidan keyin ham hayot unga yanada qiyin sinovlarni berdi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, u taslim bo‘lmadi. Taqdir zarbalaridan yiqildi, ammo oyoqqa turdi va boshini baland ko‘tara oldi.
Shu tobda matonatli inson haqidagi o‘sha hikoyani yana qayta e’lon qilishga qaror qildim. Toki bu ko‘pchilikka saboq bo‘lsin: haqiqiy g‘alaba — faqat maydonda emas, turli sinovlar qarshisida sinmaslikdir.
TEMIR ODAM
Uning hayoti o‘ziga xos murakkab marafondan, davomli sinovlardan iborat. U har doim shunday qiyinchiliklarga bardosh bergan, irodali bo‘lgan va oxir-oqibat uni yengib o‘tgan.
Futbolchilik faoliyatida «Sporting Xixon»da o‘zini ko‘rsatgani-yu, so‘ng «Real»ga taklif etilib, egnida Madrid libosi bo‘lsa-da, «Barselona» uning sevimli klubi ekanini yashirmagan Luis Enrike qator mashaqqatlarni yengib, o‘z maqsadiga erishganini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. «Sporting»da hujumchi, «Real»da himoyachi, «Barselona»da yarim himoyachi. G‘alabaga erishish uchun shunday uzoq va sinovli yo‘l…
Luis Enrike «Real» klubi libosida
Lucho o‘z falsafasini, hayot yo‘lini shunday qurgani keyinchalik ma’lum bo‘ldi. Futbolni tark etgach, o‘zining temir irodasini yanada toblash maqsadidami yoki mukammallik yo‘lidami, avvaliga Avstraliyada syorfing bilan (Enrikening ko‘pincha qora ko‘zoynakda yurishining sababi ham shunda — u «syorfingchi ko‘zi», ya’ni pterigiy kasalligini orttirib olgan), keyinchalik dunyoning turli burchaklarida marafoncha yugurish va boshqa murakkab sport turlari bilan shug‘ullanadi.
Luis Enrike marafoncha yugurish musobaqasida.
Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan dastlabki musobaqasida 42 kilometr masofani 3 soatu 14 daqiqayu 9 soniyada yugurib o‘tadi. Luis Enrike faqatgina marafon bilan kifoyalanmaydi. Parallel ravishda triatlon bilan ham shug‘ullanadi. Frankfurtda o‘tkazilgan Iron Man musobaqasida Lucho 3,8 kilometr masofani suvda suzib, 180 kilometrni velosipedda va 42 kilometrni yugurib o‘tadi va finishga 10 soat ichida yetib keladi. Bu hali hammasi emasdi.
Triatlon musobaqasida
2008 yili Enrike sahro marafonida ishtirok etishni maqsad qiladi. Musobaqa ishtirokchilari olti kun davomida Saxroi Kabir qumliklarida 250 kilometr masofani, o‘zi bilan barcha zarur narsalar — ovqat, suv, buyumlarni yelkasiga ko‘targanicha bosib o‘tishlari kerak edi. Lucho aqlbovar qilmas shart va sharoitdagi musobaqada finishgacha yetib boradi.
Sahro marafonida.
Kurashuvchanlik, mag‘lubiyatlardan ruhan sinmaslik, qaddini tutib, faqat va faqat olg‘a intilishni o‘zida toblagan Enrike, nihoyat futbolga qaytdi. Murabbiy bo‘lib qaytdi.
Uning murabbiylik faoliyati ham xuddi futbolchilik paytidagidek, marafoncha uslubda kechmoqda. Avvaliga «Barsa B»da tajriba orttirdi, so‘ng «Roma» va «Selta»da o‘z strategiyalarini takomillashtirib oldi. Intilishi va tanlagan yo‘li orqali asosiy maqsadiga — «Barselona» bosh murabbiyligiga erishdi.
«Barsa»ning hozirgi o‘yinlarini ko‘rgan muxlis va mutaxassislarning ko‘pchiligi bunday hujum triosi bilan istalgan murabbiy natija ko‘rsatgan bo‘lardi, deb hisoblaydi. Chetdan qaraganda shunday oson. Lekin bu yulduzlarni maydonda birlashtirish, o‘zaro jipsligini ta’minlashning o‘zi murabbiydan juda ko‘p narsani talab etadi. Yulduzli «Barselona» Gvardiola va Enrike oralig‘ida qanday holatda qolganini ko‘rdik. Yulduzlar ham qat’iyatli murabbiyga muhtoj ekaniga guvoh bo‘ldik.
Luchoning «Barsa»si ham marafoncha uslubda kurashadigan jamoaga aylandi. Mavsum startida kuch saqlanadi, strategiyalar aniq belgilanadi, finish yaqinlashgach, raqiblar birin-ketin ortda qoldiriladi. Bu reja Enrikega birinchi mavsumdayoq olti sovrindan beshtasini qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Bu kurashda Lucho nafaqat raqiblarni, biroz buzilgan ichki muhitni, FIFAning taqiqi va tashqi bosimlarni yenggan holda g‘olib bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak. Enrike o‘zi ishlashni istagan, boshqarishni orzu qilgan jamoasi bilan bugun dunyoning eng kuchli murabbiyi bo‘lib turibdi.
Futbolda ibtido va intiho doimo yonma-yon yuradi. Asosiysi, o‘z ortingdan qanday nom qoldirishing. Luis Enrike «Barselona» uchun qanday futbolchi bo‘lganini yaxshi bilamiz. Buning uchun statistikalarni titkilashimiz ham shart emas. Uning so‘nggi uchrashuvini yodga olsak, hammasini tushunib yetamiz.
Lucho 2004 yilning 16 mayida «Barsa» sardori sifatida futbol bilan xayrlashdi. Uchrashuvning 54-daqiqasida u almashtirilayotganda, sardorlik bog‘ichini yechishga uringan chog‘i «Kamp Nou» larzaga keladi, muxlislar uning ismini baralla kuylay boshlaydilar. Shu paytda bog‘ichini yechib, maydonni tark etishiga vaziyat yo‘l qo‘ymaydi — to‘p autga chiqmas, o‘yinda ha deganda to‘xtalish bo‘lavermasdi — xuddi ki hech kim, hatto taqdir ham uning futbolni tark etishini istamayotgandek edi, go‘yo.
Uning o‘rniga tushishi kerak bo‘lgan Mark Overmars ham maydon chetida uzoq kutib qoladi. Bu vaqt oralig‘ida stadionda «Luis Enrike! Luis Enrike!» deya yangragan olqishlar kuchaygandan kuchayardi. Nihoyat, o‘yinda tanaffus yuzaga keldi va Lucho zaxira o‘rindig‘i tomon yo‘l olar ekan, butun «Kamp Nou» o‘rnidan qo‘zg‘aldi, muxlislar tik turganicha uni davomli olqishlashdi. Raqib jamoa ham olqishlarga qo‘shildi. «Barsa» futbolchilari birin-ketin uning oldiga yugurib kelib, sardorga o‘z hurmati va minnatdorligini bildirishdi. Qat’iyatli Enrike bunday baxtdan o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslikka harchand urinmasin, baribir o‘zini kuz yoshdan tiya olmagandi.
Uchrashuv tugab, ulkan stadionni muxlislar tark etib bo‘lishgan. Tribunalarda esa jamoa sardori uchun turli tilaklar bitilgan bannerlar, plakatlar osig‘lig‘icha turardi. Ulardan birida shunday oddiy jumla bor edi: «Hammasi uchun rahmat!»
Enrikening futbolchilik davrida uzoq kutgan eng katta g‘alabasi shu edi. U murabbiylik faoliyatidayam deyarli shu yo‘ldan ketyapti. Bu «marafon»da ham finishni yana xuddi shunday bosib o‘tishiga, shaxsan men ishonaman.
2016 yil, «Chempion» gazetasi
Sport
FIFA prezidenti Meksika jahon chempionatini qabul qilishga tayyorligiga ishonch bildirdi
Infantino bayonoti Meksika xavfsizlik kuchlarining «Yangi avlod Xalisko» karteli rahbariga qarshi operatsiyasi tufayli yuzaga kelgan zo‘ravonliklar fonida yangradi.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino so‘nggi paytlarda mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarga qaramay, Meksikaning 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish salohiyatiga to‘liq ishonishini aytdi.
Infantinoning ta’kidlashicha, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng, mezbon mamlakatga «to‘liq ishonch» bildirgan va rejalashtirilgan barcha o‘yinlar jadvalga muvofiq o‘tishini ta’kidlagan. Meksika AQSh va Kanada bilan birgalikda final turnirining 13 ta o‘yiniga mezbonlik qiladi.
FIFA rahbarining bayonoti Meksika xavfsizlik kuchlarining «Yangi avlod Xalisko» karteli rahbariga qarshi operatsiyasi tufayli yuzaga kelgan zo‘ravonlik fonida yangradi, bu esa bir qator mintaqalarda, jumladan, bo‘lajak chempionat stadionlari joylashgan shtatlarda to‘qnashuvlarga olib keldi.
Infantino vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidlab, Meksikadagi o‘yinlarni tashkil etish «muammosiz» o‘tishiga va tarixdagi eng keng ko‘lamli va inklyuziv jahon chempionatining bir qismi bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Meksika rasmiylari, shuningdek, muxlislar, jamoalar va turnir mehmonlari xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotganiga ishontirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi tarixda birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etishga tayyorlanmoqda va o‘yinlardan birini 17 iyun kuni Meksika poytaxti Mexiko shahridagi «Atsteka» stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazishi kerak.
JCh-2026 o‘yinlari AQSh, Kanada va Meksika stadionlarida 11 iyun – 16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Sport
«Real» sensatsion ravishda yutqazdi
Alonsoni bo‘shatish va o‘rniga Arbeloani olib kelish xato tanlov bo‘lib chiqdi. Madridliklar «Osasuna» ortidan «Xetafe»ga ham mag‘lub bo‘ldi. «Barselona» bilan oradagi farq oshmoqda.
«Real» – «Xetafe» 0:1
Gol: Satriano, 39 (0:1)
«Real»: Kurtua, Alaba (Karvahal, 55), Ryudiger, Karreras, Aleksandr-Arnold (Hausen, 55), Tshuameni (Dias, 87), Pitarch (Rodrigu, 55), Arda Guler (Mastantuono, 69), Vinisius Junior, Valverde, Garsiya
«Xetafe»: Soriya, Boseli, Duarte, Romero, Riko, Iglesias, Milya, Arambarri, Satriano (Abkar, 90+1), Kiko Femeniya (Liso, 58), Vaskes (Martin, 69)
Ogohlantirishlar: Hausen, 68. Tshuameni, 71. Vinisius Junior, 90. Karreras, 90 – Kiko Femeniya, 8. Arambarri, 35. Riko, 64. Liso, 79. Satriano, 84
Chetlatish: Mastantuono, 90. Liso, 90 (ikkinchi sariq)
Ispaniya Superkubogi uchun bahsda yutqazgan va Ispaniya kubogini erta tark etgan «Real» Ispaniya chempionatidagi vaziyatini ham og‘irlashtirdi – jamoa la liganing bu mavsumida ilk bor qatorasiga ikki o‘yinda yutqazdi. O‘tgan turda «Osasuna» maydonidan mag‘lub bo‘lgan Alvaro Arbeloa shogirdlari uyda «Xetafe»dan ham ochko ololmadi.
Jamoa to‘purari Kilian Mbappening tizzasidagi jarohat jiddiy bo‘lib chiqdi va u yana kamida bir oy jamoaga yordam bera olmaydi. Arbeloa uning o‘rniga hujum markazida Gonsalo Garsiyani o‘ynatmoqda. Shuningdek, Bellinghem va Kamavinganing jarohati klubning boshqa bir tarbiyalanuvchisi – 18 yoshli Tiyago Pitarchga asosiy tarkib uchun yo‘l ochdi.
«Real» ilk daqiqalardan to‘pga egalik qildi va pozitsion hujumlar uyushtirdi, «Xetafe» chuqur himoyalandi: mehmonlar o‘z uslubidan chekinmasdan, yakkakurashlarga e’tibor qaratdi, ko‘p fol ishlatdi va to‘pni shunchaki uzoqlashtirish bilan shug‘ullandi. Maydonda har bir to‘p uchun kurash kechdi. 26-daqiqada esa Antonio Ryudiger va Diyego Riko o‘rtasidagi epizod mezbonlar son jihatdan ozchilik bilan yakunlanishi mumkin edi: «Real» himoyachisi yerda yotgan raqibi ustiga o‘zini tashladi va ochiqchasiga tizzasi bilan uning jag‘ qismiga zarba berdi. Hakam vaziyatni e’tiborsiz qoldirdi.
39-daqiqada esa mehmonlar kutilmaganda hisobni ochishdi. Shu qishda «Lion»dan ijaraga olingan forvard Martin Satriano jarima maydoni atrofida to‘pga ega chiqdi va uni to‘xtatmasdan yaqin to‘qqizlikka yo‘lladi. Kurtua joyidan qimirlashga ulgurmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Arbeloa uchtalik almashtirish amalga oshirdi: Pitarch, Alaba va Trent o‘rniga Rodrigo, Hausen va Karvahal tushirildi. Madridliklar ko‘plab golli vaziyatlar yaratishdi, ammo mehmonlar himoyachilari va darvozabon ishonchli harakat qildi. «Xetafe» to‘liq himoyalandi va minimal ustunlikni o‘yin oxirigacha saqlab qoldi.
O‘yinning so‘nggi qismida Arbeloa maydon chetida turib, o‘z futbolchilari asabini jilovlay olmasdan, energiya va vaqtini behuda sarflashini shunchaki kuzatib turdi. Bu daqiqalarda «Xetafe» maydonning raqib darvozasi joylashgan qismidan umuman ketmadi, chunki «Real» futbolchilari jarima maydoni atrofida ketma-ket fol ishlatishdi, mehmonlar esa bundan foydalanib, vaqt cho‘zishdi.
Murabbiy futbolchilariga provokatsiyaga berilmaslik haqida kerakli ko‘rsatmalarni bermadi va bu yakunda Mastantuono qizil olishi bilan yakunlandi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida esa murabbiy yana bir bor barcha aybni o‘z zimmasiga olish bilan cheklandi va amalda yanvarda Habi Alonso iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga o‘zi tayinlangani xato qaror bo‘lganini tan oldi.
Bu mag‘lubiyat «Real»ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlariga jiddiy zarba bo‘ldi. Madridliklar ikki tur oldin «Barselona»ni quvib o‘tib, birinchi o‘ringa chiqib olgandi, endi esa peshqadamdan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda. La Liga oxirigacha yana 12 tur bor.
Chempionlar ligasida ham vaziyat yaxshi emas: jamoa guruh bosqichidan to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-offga o‘ta olmadi va qo‘shimcha ikki o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Natijada pley-offda qiyinroq raqibga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri keladi: qur’a yana bir bor «Manchester Siti»ni raqib qilgan.
Statistika
● «Real» La Ligada qatorasiga ikkinchi bor yutqazdi. Jamoa o‘tgan turda «Osasuna»dan mag‘lub bo‘lgandi.
● «Real» yil boshidan buyon ilk bor maydonni golsiz tark etdi. Natijada madridliklarning 18 o‘yindan iborat golli o‘yinlar seriyasi yakunlandi. Jamoa so‘nggi bor o‘tgan yil 7 dekabrida «Selta»ga qarshi o‘yinda gol urolmagandi (0:2).
● «Bernabeu»da 7 o‘yindan iborat g‘alabali seriya yakunlandi. «Real» dekabrda «Selta» va «Manchester Siti»ga qarshi mag‘lubiyatlardan keyin o‘z maydonidagi shuncha o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozongandi.
● «Real» «Xetafe»ga qarshi so‘nggi 9 o‘yinda ilk bor ochko yo‘qotdi. Ushbu jamoaga qarshi g‘alabali seriya 2022 yildan buyon davom etayotgandi.
● «Xetafe» bosh murabbiyi Pepe Bordalas o‘z faoliyatida ilk bor «Real»ni mag‘lub etdi. U bunga 17-o‘yinda erishdi, bungacha u jamoasi boshqaruvida 14 o‘yinda yutqazib, 2 bor durang qayd etgandi.
Sport
Finalissima-2026. Ispaniya va Argentina uchrashuvi Qatarda o‘tkazilishi so‘roq ostida qoldi
Ispaniya va Argentina futbol federatsiyalari Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat tufayli Finalissimani Qatardan boshqa davlatga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Har ikki tomon ayni damda muqobil imkoniyatlarni baholamoqda va yaqin kunlarda rasmiy bayonot berishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: Finalissima (Janubiy Amerika va Yevropa chempioni o‘rtasidagi o‘yin) 2026-yil 27-mart kuni Qatarning «Lusayl» stadionida o‘tkazilishi kerak edi. Ammo mintaqadagi xavfsizlik muammolari sabab uning o‘tkazilishi so‘roq ostida turibdi.
Qatar futbol assotsiatsiyasi mintaqadagi qurolli to‘qnashuvlar fonida barcha turnirlarni noma’lum muddatga to‘xtatgan. UEFA va KONMEBOL vaziyatni kuzatmoqda, ammo hozircha o‘yin rasman bekor qilinmagan.
Sport
«Real» o‘z maydonida chempionlikdan uzoqlashdi
Ispaniya chempionatining 26-turidan o‘rin olgan so‘nggi o‘yinda Madridning ikki jamoasi «Real» va «Xetafe» o‘rtasida qimmatli ochkolar kurash kechdi.
Arbeloa boshqaruvidagi «Real» o‘z maydonida to‘p surishiga qaramay, qatorasiga ikkinchi marta mag‘lubiyatga uchradi. O‘yin gollarga emas, ogohlantirish va chetlatishlarga boy bo‘ldi.
Shu tariqa «Real» 60 ochko bilan 2-o‘rinda qoldi, peshqadam «Barselona» (64 ochko) yanada ilgarilab ketdi.
«Xetafe» esa 32 ochko bilan 11-pog‘onaga ko‘tarildi.
La Liga. 26-tur
Real — Xetafe 0:1
Gol: Satriano (39).
Real: Kurtua, Trent (Karvaxal, 55), Ryudiger, Alaba (Heysen, 55), Karreras, Valverde, Chuameni (Dias, 87), Guler (Mastantuono, 69), Pitarch (Rodrigo, 55), Gonsalo, Viniius.
Xetafe: Soria, Iglesias, Dominges, Boselli, Romero, Riko, Femenia (Liso, 58), Milya, Arambarri, Satriano (Abkar, 90+1), Vaskes (Martin, 69).
Ogohlantirishlar: Femenia (8), Arambarri (35), Riko (64), Heysen (68), Chuameni (71), Liso (79), Satriano (84), Karreras (90+4), Vinisius (90+4).
Chetlatishlar: Mastantuono (90+5), Liso (90+7).
Sport
Isroillik dzyudochilar xavfsizlik sabab Toshkentda o‘tgan musobaqani tark etdi
Isroil milliy dzyudo jamoasi xavfsizlik bo‘yicha ko‘rsatma ortidan Toshkentda o‘tayotgan xalqaro «Grand Slam» turnirida ishtirokni to‘xtatib, O‘zbekistonni zudlik bilan tark etdi.
Ma’lum qilinishicha, qaror Isroilning ichki xavfsizlik xizmati – «Shin Bet» tomonidan berilgan ko‘rsatma asosida qabul qilingan. Bu holat Eronga qarshi boshlangan «Operation Roaring Lion» amaliyotidan keyin mintaqada keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Delegatsiya tarkibida Olimpiada kumush medali sovrindori Rats Xershko va milliy jamoa a’zosi Gili Sharir ham bor edi. Jamoa 2026 yilgi mavsumning ilk yirik startlaridan biri sanalgan Toshkent «Grand Slam» musobaqasida qatnashish uchun kelgandi.
Toshkent turniri yil boshidagi muhim reyting ochkolarini taqdim etuvchi nufuzli musobaqa hisoblanadi va xalqaro tajriba to‘plash imkonini beradi.
Ko‘rsatmaga muvofiq, sportchilar va Isroil dzyudo assotsiatsiyasi rahbari Moshe Ponte musobaqada ishtirokni darhol to‘xtatib, mamlakatni tark etishga chaqirilgan. Jamoa buyruqqa amal qilib, Markaziy Yevropadagi manziliga uchib ketgan.
Hozircha Isroil dzyudo assotsiatsiyasi rasmiy bayonot bermagan.
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp oʻzining eski “hiylasini” takrorladi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Jamiyat4 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Jamiyat4 days ago1200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
-
Jamiyat4 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
-
Iqtisodiyot1 day agoYanvarda tashqi savdo aylanmasi 1,3 mlrd dollarga oshdi
-
Siyosat5 days agoToshkentdan Termizga yangi tezyurar poyezd qatnaydi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mart oyidan dollar qanchaga yetish ma’lum bo‘ldi
