Sport
Temir odam
Yevropa chempionlar ligasida «PSJ» o‘z tarixida ilk bor g‘alaba qozondi. Tarixiy natijadan keyin asosiy qahramon sifatida jamoa bosh murabbiyi — Luis Enrike ko‘rsatildi.
Luis Enrike qizi vafot etgani uchun 10 yil avvalgi g‘alabali suratini takrorlay olmaydi. Ammo ’PSJ’ muxlislari bu fotosuratni o‘z bannerida aks ettirishdi.
Bundan 10 yil avval «Chempion» gazetasida Luis Enrike haqida «Temir odam» sarlavhali maqolam chop etilgandi. Unda Luchoning boshiga tushgan sinovlar, ularni qanday yengib o‘tgani haqida hikoya qilingandi. O‘sha maqola yozilganidan keyin ham hayot unga yanada qiyin sinovlarni berdi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, u taslim bo‘lmadi. Taqdir zarbalaridan yiqildi, ammo oyoqqa turdi va boshini baland ko‘tara oldi.
Shu tobda matonatli inson haqidagi o‘sha hikoyani yana qayta e’lon qilishga qaror qildim. Toki bu ko‘pchilikka saboq bo‘lsin: haqiqiy g‘alaba — faqat maydonda emas, turli sinovlar qarshisida sinmaslikdir.
TEMIR ODAM
Uning hayoti o‘ziga xos murakkab marafondan, davomli sinovlardan iborat. U har doim shunday qiyinchiliklarga bardosh bergan, irodali bo‘lgan va oxir-oqibat uni yengib o‘tgan.
Futbolchilik faoliyatida «Sporting Xixon»da o‘zini ko‘rsatgani-yu, so‘ng «Real»ga taklif etilib, egnida Madrid libosi bo‘lsa-da, «Barselona» uning sevimli klubi ekanini yashirmagan Luis Enrike qator mashaqqatlarni yengib, o‘z maqsadiga erishganini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. «Sporting»da hujumchi, «Real»da himoyachi, «Barselona»da yarim himoyachi. G‘alabaga erishish uchun shunday uzoq va sinovli yo‘l…
Luis Enrike «Real» klubi libosida
Lucho o‘z falsafasini, hayot yo‘lini shunday qurgani keyinchalik ma’lum bo‘ldi. Futbolni tark etgach, o‘zining temir irodasini yanada toblash maqsadidami yoki mukammallik yo‘lidami, avvaliga Avstraliyada syorfing bilan (Enrikening ko‘pincha qora ko‘zoynakda yurishining sababi ham shunda — u «syorfingchi ko‘zi», ya’ni pterigiy kasalligini orttirib olgan), keyinchalik dunyoning turli burchaklarida marafoncha yugurish va boshqa murakkab sport turlari bilan shug‘ullanadi.
Luis Enrike marafoncha yugurish musobaqasida.
Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan dastlabki musobaqasida 42 kilometr masofani 3 soatu 14 daqiqayu 9 soniyada yugurib o‘tadi. Luis Enrike faqatgina marafon bilan kifoyalanmaydi. Parallel ravishda triatlon bilan ham shug‘ullanadi. Frankfurtda o‘tkazilgan Iron Man musobaqasida Lucho 3,8 kilometr masofani suvda suzib, 180 kilometrni velosipedda va 42 kilometrni yugurib o‘tadi va finishga 10 soat ichida yetib keladi. Bu hali hammasi emasdi.
Triatlon musobaqasida
2008 yili Enrike sahro marafonida ishtirok etishni maqsad qiladi. Musobaqa ishtirokchilari olti kun davomida Saxroi Kabir qumliklarida 250 kilometr masofani, o‘zi bilan barcha zarur narsalar — ovqat, suv, buyumlarni yelkasiga ko‘targanicha bosib o‘tishlari kerak edi. Lucho aqlbovar qilmas shart va sharoitdagi musobaqada finishgacha yetib boradi.
Sahro marafonida.
Kurashuvchanlik, mag‘lubiyatlardan ruhan sinmaslik, qaddini tutib, faqat va faqat olg‘a intilishni o‘zida toblagan Enrike, nihoyat futbolga qaytdi. Murabbiy bo‘lib qaytdi.
Uning murabbiylik faoliyati ham xuddi futbolchilik paytidagidek, marafoncha uslubda kechmoqda. Avvaliga «Barsa B»da tajriba orttirdi, so‘ng «Roma» va «Selta»da o‘z strategiyalarini takomillashtirib oldi. Intilishi va tanlagan yo‘li orqali asosiy maqsadiga — «Barselona» bosh murabbiyligiga erishdi.
«Barsa»ning hozirgi o‘yinlarini ko‘rgan muxlis va mutaxassislarning ko‘pchiligi bunday hujum triosi bilan istalgan murabbiy natija ko‘rsatgan bo‘lardi, deb hisoblaydi. Chetdan qaraganda shunday oson. Lekin bu yulduzlarni maydonda birlashtirish, o‘zaro jipsligini ta’minlashning o‘zi murabbiydan juda ko‘p narsani talab etadi. Yulduzli «Barselona» Gvardiola va Enrike oralig‘ida qanday holatda qolganini ko‘rdik. Yulduzlar ham qat’iyatli murabbiyga muhtoj ekaniga guvoh bo‘ldik.
Luchoning «Barsa»si ham marafoncha uslubda kurashadigan jamoaga aylandi. Mavsum startida kuch saqlanadi, strategiyalar aniq belgilanadi, finish yaqinlashgach, raqiblar birin-ketin ortda qoldiriladi. Bu reja Enrikega birinchi mavsumdayoq olti sovrindan beshtasini qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Bu kurashda Lucho nafaqat raqiblarni, biroz buzilgan ichki muhitni, FIFAning taqiqi va tashqi bosimlarni yenggan holda g‘olib bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak. Enrike o‘zi ishlashni istagan, boshqarishni orzu qilgan jamoasi bilan bugun dunyoning eng kuchli murabbiyi bo‘lib turibdi.
Futbolda ibtido va intiho doimo yonma-yon yuradi. Asosiysi, o‘z ortingdan qanday nom qoldirishing. Luis Enrike «Barselona» uchun qanday futbolchi bo‘lganini yaxshi bilamiz. Buning uchun statistikalarni titkilashimiz ham shart emas. Uning so‘nggi uchrashuvini yodga olsak, hammasini tushunib yetamiz.
Lucho 2004 yilning 16 mayida «Barsa» sardori sifatida futbol bilan xayrlashdi. Uchrashuvning 54-daqiqasida u almashtirilayotganda, sardorlik bog‘ichini yechishga uringan chog‘i «Kamp Nou» larzaga keladi, muxlislar uning ismini baralla kuylay boshlaydilar. Shu paytda bog‘ichini yechib, maydonni tark etishiga vaziyat yo‘l qo‘ymaydi — to‘p autga chiqmas, o‘yinda ha deganda to‘xtalish bo‘lavermasdi — xuddi ki hech kim, hatto taqdir ham uning futbolni tark etishini istamayotgandek edi, go‘yo.
Uning o‘rniga tushishi kerak bo‘lgan Mark Overmars ham maydon chetida uzoq kutib qoladi. Bu vaqt oralig‘ida stadionda «Luis Enrike! Luis Enrike!» deya yangragan olqishlar kuchaygandan kuchayardi. Nihoyat, o‘yinda tanaffus yuzaga keldi va Lucho zaxira o‘rindig‘i tomon yo‘l olar ekan, butun «Kamp Nou» o‘rnidan qo‘zg‘aldi, muxlislar tik turganicha uni davomli olqishlashdi. Raqib jamoa ham olqishlarga qo‘shildi. «Barsa» futbolchilari birin-ketin uning oldiga yugurib kelib, sardorga o‘z hurmati va minnatdorligini bildirishdi. Qat’iyatli Enrike bunday baxtdan o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslikka harchand urinmasin, baribir o‘zini kuz yoshdan tiya olmagandi.
Uchrashuv tugab, ulkan stadionni muxlislar tark etib bo‘lishgan. Tribunalarda esa jamoa sardori uchun turli tilaklar bitilgan bannerlar, plakatlar osig‘lig‘icha turardi. Ulardan birida shunday oddiy jumla bor edi: «Hammasi uchun rahmat!»
Enrikening futbolchilik davrida uzoq kutgan eng katta g‘alabasi shu edi. U murabbiylik faoliyatidayam deyarli shu yo‘ldan ketyapti. Bu «marafon»da ham finishni yana xuddi shunday bosib o‘tishiga, shaxsan men ishonaman.
2016 yil, «Chempion» gazetasi
Sport
O‘zbekiston milliy xokkey jamoasi jahon chempionatining III divizionida g‘olib chiqdi
Xokkeychilar Hongkongda o‘tkazilgan turnir davomida raqiblaridan sezilarli ustunlikni namoyish etib, 97 ta shayba urishga muvaffaq bo‘ldi.
Foto: Federatsiya xokkeya RUz
Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi IIHF 2026 yilgi jahon chempionatining III divizioni B guruhida g‘olib chiqdi. Bu nufuzi jihatdan 6-o‘rindagi liga hisoblanadi.
Latviyalik mutaxassis Normunds Seyyeys bosh murabbiyligidagi jamoa Hongkongda o‘tkazilgan turnir davomida raqiblaridan sezilarli ustunlikni va yuqori sermahsullikni namoyish etdi. Jumladan, Mo‘g‘uliston (26:1), Filippin (28:3), KXDR (20:3), Lyuksemburg (14:0) va Hongkong (9:4) mag‘lub etildi.
Yakuniy jadval quyidagicha: O‘zbekiston – 15 ochko, KXDR – 12, Honkong – 9, Lyuksemburg – 6, Mo‘g‘uliston – 3, Filippin – 0.
Turnirning eng yaxshi bombardiri va mergani O‘zbekiston milliy jamoasi vakili Vadim Kravchenko bo‘ldi. Uning hisobida 35 ochko (19 gol va 16 uzatma) bor.
Kelgusi mavsumda O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatining III divizioni A guruhida ishtirok etadi. Unga Tayvan, Bosniya va Hersegovina, Tailand, Meksika va Janubiy Afrika raqiblik qiladi.
Sport
Superliga. Peshqadamlar poygasi va «Bunyodkor»dan superkambek
O‘zbekiston Superligasida 8-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Peshqadamlar – «Paxtakor» va «Neftchi» navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. «Bunyodkor» 0:2 hisobida ortda qolayotganiga qaramay, kuchli iroda namoyish etib, yakunda zafar quchdi. «Navbahor» yaxshi tezlanish oldi va qatorasiga to‘rtinchi g‘alabaga erishdi.
17-19 aprel kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 8-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
PAXTAKOR 4:2 DINAMO
Gollar: Doston Hamdamov, 9 (1:0), Bashar Resan, 22 (2:0), Anvar Hojimirzayev, 25 (2:1), Azizbek Amonov, 27 (2:2), Doston Hamdamov, 60 pen (3:2), Bashar Resan, 71 (4:2)
«Paxtakor» o‘z maydonida gollarga boy o‘yinda «Dinamo»ni mag‘lub etdi va peshqadamlikni davom ettirmoqda. Toshkentliklar futbolchisi Doston Hamdamov ikkita gol urdi va to‘purarlar bahsida yetakchilik qilyapti. Uning hisobida 6 ta gol bor. «Dinamo» hamon jadval tubidagi «xavfli hudud»da boryapti.
NeFTChI 2:1 NASAF
Gollar: Yovan Jokich, 17 (1:0), Bobur Abduholiqov, 45+4 (1:1), Jamshid Iskanderov, 64 pen (2:1)
«Neftchi» qiyin kechgan bahsda «Nasaf» qarshiligini sindirdi va «Paxtakor» bilan peshqadamlik uchun kurashni davom ettiryapti. Farg‘onaliklar g‘alaba golini penaltidan urishga muvaffaq bo‘ldi. «Nasaf» uch o‘yindan buyon g‘alaba qozonolmayapti va 6-o‘ringa tushib qoldi.
LOKOMOTIV 0:2 NAVBAHOR
Gollar: Vanya Ilich, 3 (0:1), Ruslanbek Jiyanov, 16 pen (0:2)
«Navbahor» safarda «Lokomotiv»ni ishonchli tarzda mag‘lub etdi va peshqadamlarni ta’qib qilmoqda. Namanganliklar chempionatda yaxshi tezlanish oldi va qatorasiga 4 ta g‘alabaga erishib, uchinchi o‘ringa mustahkam o‘rnashdi. «Lokomotiv» 9-o‘rinni egallab turibdi.
SO‘G‘DIYoNA 2:3 BUNYoDKOR
Gollar: Lyupcho Doriyev, 4 (1:0), Lyupcho Doriyev, 26 (2:0), Bilolxon Toshmirzayev, 38 (2:1), Bilolxon Toshmirzayev, 50 (2:2), Bilolxon Toshmirzayev, 69 (2:3)
«Bunyodkor» safarda «So‘g‘diyona» bilan o‘ynadi va 0:2 hisobida ortda qolayotganiga qaramay, kuchli iroda namoyish etib, yakunda g‘alabani ilib ketdi. Bilolxon Toshmirzayev uchta gol urishga erishdi. Toshkentliklar 4-o‘rinni egallab turibdi. «So‘g‘diyona» jadval tubidagi «xavfli hudud»ni tark etolmayapti.
OKMK 3:2 BUXORO
Gollar: Siavash Haqnazariy, 9 (1:0), Mirjamol Qosimov, 12 (2:0), Sherzod Esanov, 29 (2:1), Sherzod Esanov, 34 (2:2), Nodirbek Abdurazzoqov, 77 (3:2)
OKMK muvaffaqiyatsiz startdan keyin qatorasiga 2 ta g‘alabaga erishib, 8-o‘ringa chiqib oldi. Olmaliqliklar bu safar chempionat kashfiyoti bo‘lib turgan «Buxoro»ni mag‘lub etishga erishdi.
MASh’AL 0:1 XORAZM
Gol: Vlatko Stoyanovski, 84 avtogol (0:1)
Yaqqol autsayder «Mash’al» chempionatdagi ilk ochkosini qo‘lga kiritishga yaqin edi. Ammo himoyachisining avtogoli «Xorazm»dan uchralgan mag‘lubiyatga sabab bo‘ldi. Muborakliklar jadval tubiga «mustahkam o‘rnashib» qoldi.
QO‘QON-1912 0:0 ANDIJON
«Qo‘qon-1912» qatorasiga to‘rtinchi durangni qayd etdi, «Andijon» shuncha o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti.
SURXON 0:1 QIZILQUM
Gol: Shahzod Rahmatullayev, 81 (0:1)
«Surxon» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yutqazdi. «Qizilqum» to‘rtta o‘yindan iborat mag‘lubiyatli seriyasiga barham berdi va 10-o‘ringa ko‘tarildi.
8-turdan keyin Superliga jadvali
Superliga to‘purarlari
Superliga 9-tur o‘yinlari
22 aprel
SURXON – MASh’AL
BUXORO – PAXTAKOR
23 aprel
NAVBAHOR – SO‘G‘DIYoNA
NASAF – LOKOMOTIV
DINAMO – OKMK
24 aprel
XORAZM – NeFTChI
QIZILQUM – QO‘QON-1912
BUNYoDKOR – ANDIJON
Sport
Afro‘za Hamdamova rapid yo‘nalishida jahon chempioni
Shu yilning 14–21-aprel kunlari Serbiyaning Vrniachka Bania shahrida 8–18 yosh toifasida rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkazilmoqda.
Rapid bahslari yakuniga ko‘ra, 18 yoshgacha qizlar o‘rtasida Afro‘za Hamdamova 8,5 ochko bilan jahon chempioni bo‘ldi.
Shuningdek, 12 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Islombek Husanov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Husnoraxon Husnitdinova esa blits masalalar yechish bo‘yicha jahon chempionatida 2-o‘rinni egalladi.
Blits bahslari g‘oliblari 20-aprel (bugun) kuni aniqlanadi.
Sport
Xokkey. O‘zbekiston jahon chempionatida bir divizion yuqoriladi
Honkongda xokkey bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining III divizion «B» guruhidan o‘rin olgan bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi barcha raqiblarini o‘ta yirik hisoblarda mag‘lub etib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi.
Qayd etilgan natijalar:
O‘zbekiston — Mo‘g‘uliston 26:1
O‘zbekiston — Filippin 28:3
O‘zbekiston — KXDR 20:3
O‘zbekiston — Lyuksemburg 14:0
O‘zbekiston — Gonkong 9:4
Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng terma jamoamiz kelasi yil III divizionning «A» guruhida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Sport
«Bavariya» muddatidan oldin Germaniya chempionligini qo‘lga kiritdi
«Shtutgart» ustidan 4:2 hisobida qozonilgan g‘alaba «Bavariya»ga chempionlikni olib keldi. Jamoa raqiblar darvozasiga to‘p kiritish bo‘yicha ham o‘zining ikkita rekordini yangiladi.
Myunxenliklar 30-turda «Shtutgart» ustidan 4:2 hisobida g‘alabaga erishdi. Uchrashuvning 21-daqiqasida Fyurix hisobni ochib mehmonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, Gerreyru (31), Jyekson (33), Devis (37) va Keynning (52) gollari hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. So‘nggi daqiqalarda Andres (88) gol urib, farqni qisqartirdi.
Ushbu uchrashuvdan so‘ng «Bavariya» hisobidagi ochkolar soni 79taga yetdi. Undan keyingi o‘rinda borayotgan «Borussiya» hisobida 64 ochko bor. «Borussiya» 18 aprel kuni “Hoffenhaym”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng (2:1) chempionlik poygasidan chiqdi.
Shu tariqa «Bavariya» 35-bor Bundesliga chempioniga aylandi. Jamoa o‘tgan yili ham chempionlikni muddatidan oldin qo‘lga kiritgandi.
Yana bir e’tiborli tomoni, «Bavariya» Bundesligada ushbu mavsumda 109ta gol kiritgan va 29ta gol o‘tkazib yuborgan. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar orasidagi farq (80) to‘plangan ochkolar sonidan ko‘proq.
Bundan tashqari, jamoa 12 aprel kuni Bundesligadagi 105-golini kiritib, Germaniya chempionatining bir mavsumida gol urish bo‘yicha 54 yil avval o‘zi o‘rnatgan rekordni (101ta gol) yangilagandi.
Shuningdek, «Bavariya»o‘zining yana bir rekordini yangiladi – bir mavsumda barcha turnirlarda 161ta gol kiritishga erishdi. Vensan Kompani shogirdlari raqiblari darvozasiga Bundesligada 108ta, Chempionlar ligasida 38ta, Germaniya kubogida 12ta va Germaniya superkubogida 2 gol kiritdi. Jamoa 2018/2020 yilgi mavsumda 159ta gol urishga erishgandi. Germaniya chempionati tugashiga yana 4 tur borligi va Chempionlar ligasidagi ishtirokini davom ettirayotgani hisobga olinsa, bu rekord yana yangilanishi mumkin.
-
Siyosat3 days ago
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
-
Iqtisodiyot5 days ago21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
-
Dunyodan3 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Jamiyat5 days ago
Reklama qonunchiligini buzgan qurilish kompaniyalari jarimaga tortildi
-
Dunyodan2 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Jamiyat3 days ago16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi
-
Jamiyat2 days ago
Afg‘onistonda farzandlari halok bo‘lgan ota-onalarga imtiyoz beriladi
-
Siyosat3 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
