Iqtisodiyot
Suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan yerlar 80 foizga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2,6 million gektarga yoki sug‘oriladigan yer maydonlarining 60 foiziga yetdi. Taqqoslash uchun, 2017-yilgacha respublikamizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar jami 19 ming gektarni tashkil etar edi. Mazkur ishlar natijasida har yili 2,5 milliard kub metr suv tejalishiga erishilmoqda.
Bugungi taqdimotda bu boradagi ishlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ishlangan yangi takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda o‘rnatib, bunday maydonlarni 3,5 million gektarga yoki jami sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan. Natijada har yili 3,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, 300 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sug‘orish imkoniyati yaratiladi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv ta’minoti og‘ir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratadi.
Buning uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari qo‘llanadi.
Xususan, suv resurslari uchun soliq stavkasi va subsidiyalar miqdorini yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilash taklif qilindi. Masalan, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududdagi sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning yangi tizimi joriy etiladi. Bunda tegishli loyiha-smeta hujjatlari va loyihani amalga oshirish bo‘yicha ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma asosida subsidiya mablag‘larining 50 foizi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan oldindan ajratiladi.
Endilikda boshoqli don ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlar uchun ham subsidiya beriladi.
Suv tejovchi texnologiyalarni xarid qilish va qurish maqsadida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foizlarni qisman qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi. G‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun kredit mablag‘lari har yil noyabr oyidan boshlab ajratiladi.
Suv tejovchi texnologiyalarni qurib bergan pudrat tashkilotlari har bir loyihaga kamida 2 yillik kafolat muddati berishi hamda 5 yil davomida servis xizmatlarini ko‘rsatishi majburiy etib belgilanadi.
Sohada davlat nazoratini takomillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Suv olish joylarida suvni boshqarish va hisobini yuritishni takomillashtirish maqsadida sholi yetishtiriladigan hamda baliqchilik xo‘jaliklari tashkil qilingan yer maydonlarida «aqlli» suv o‘lchash va hisoblash vositalari o‘rnatiladi. Ular «Suv hisobi» axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Suv xo‘jaligi ob’yektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy bo‘linmalarida suv tejovchi texnologiyalardan hamda suvdan foydalanishni monitoring qilish bo‘limlari tashkil etiladi. Tadbirkorlik sub’yektlarida inspeksiya tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni yonkameralardan foydalangan holda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Inspeksiyaga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida suvdan foydalanish va suv isrofini monitoring qilish maqsadida uchuvchisiz uchish dronlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, o‘rnatilgan suv tejovchi texnologiyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va subsidiya ajratilgan yer maydonlarida bunday texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, an’anaviy usulda sug‘orish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi.
Fermerlarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish sohasidagi manfaatlarining himoyasini kuchaytirish maqsadida «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan sudlarga da’vo arizalarini kiritishda davlat bojidan ozod qilish taklif etildi.
Sohada kadrlar salohiyatini oshirish – dolzarb masala.
Taqdimotda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yuzasidan rejalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, «Suvchilar maktabi» loyihasi doirasida joriy yilda 10 mingta fermer xo‘jaliklari xodimlarining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xo‘jaligi xodimi malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.
Iqtisodiyot
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
Source link
Iqtisodiyot
Charm sanoati davlat ko‘magiga ega bo‘ladi
O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoatini qo‘llab-quvvatlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi. Prezident qaroriga muvofiq, korxonalarga subsidiyalar ajratiladi, import xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi hamda davlat xaridlarida qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi.
Prezidentning «Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 31 dekabrga qadar Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarilgan va sotilgan har bir detsimetr kvadrat tayyor charm uchun 350 so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarishga joriy etilgan har bir yangi model uchun 1 million so‘mdan, biroq bir kalendar yilda 50 million so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya beriladi.
Poyabzal ishlab chiqaruvchilarning o‘z ehtiyojlari uchun import qilgan poyabzal qoliplari qiymatining 50 foizi ham qoplab beriladi. Bunda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan import qilingan qoliplar uchun yillik kompensatsiya 10 ming AQSh dollaridan, boshqa davlatlardan import qilinganlari uchun esa 5 ming AQSh dollaridan oshmaydi.
Bundan tashqari, yengil sanoat korxonalari suv tozalash inshootlarida foydalanish uchun xarid qilgan kimyoviy vositalar va reagentlar qiymatining 50 foizini ham davlat qoplab beradi.
Qaror bilan 2026 yil 1 sentabrdan davlat xaridlari tizimida ham yangi tartiblar joriy etiladi. Jumladan, mahalliy charm xomashyosi va butlovchilardan keng foydalanadigan, yangi ish o‘rinlari yaratgan hamda o‘z savdo belgisi va brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan korxonalarga qo‘shimcha ball beriladi va 15 foizgacha narx preferensiyasi taqdim etiladi.
Shuningdek, davlat xaridlari orqali sotib olinadigan maxsus poyabzallar uchun muvofiqlik sertifikati to‘g‘risidagi ma’lumotni elektron tizimda joylashtirish majburiy tartib sifatida joriy etiladi.
Iqtisodiyot
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida eskrou hisobvaraqlari orqali 34 387 ta bitim rasmiylashtirilgan. Shundan 19 241 tasi yoki 55,9 foizi transport vositalari, 15 146 tasi yoki 44,1 foizi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, hisobot davri yakuniga ko‘ra, yana 834 ta bitim ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan.
Iyun oyida eng ko‘p bitim Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda 9 373 ta oldi-sotdi rasmiylashtirilib, bu respublika bo‘yicha jami bitimlarning 27,3 foizini tashkil qildi.
Faollik bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Farg‘ona viloyati — 3 456 ta, Samarqand viloyati — 2 990 ta va Andijon viloyati — 2 737 ta bitim bilan egalladi.
Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlar 2026-yil iyun oyida mazkur mexanizm orqali rasmiylashtirilayotgan bitimlar hajmi barqaror saqlanayotganini va ayniqsa Toshkent shahri hamda yirik hududlarda talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiyot
Kripto xizmatlari uchun litsenziya talablari yanada kuchaytirildi
Adliya vazirligi Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026-yil 29-iyunda 3380-3 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan.
Yangi tartibga ko‘ra, xizmatlar provayderlari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlarda doimiy yashaydigan, bo‘lib turgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar tomonidan boshqarilishi mumkin emas.
Endilikda xizmatlar provayderlari litsenziyalovchi organ bilan qator qarorlarni majburiy tarzda kelishishi lozim. Jumladan, ustav kapitalidagi ulushlarni jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan norezidentlarga realizatsiya qilish litsenziyalovchi organ bilan kelishiladi.
Shuningdek, tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma rahbarini almashtirish ham oldindan kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Nizomga muvofiq, litsenziyalovchi organ kelib tushgan arizani qabul qilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida kelishish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Bunda kelishish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun hech qanday yig‘im undirilmaydi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklar xorijga investitsiya kiritishi keskin ko‘paydi
Yanvar–mart oylarida O‘zbekiston rezidentlari xorijiy aktivlarga 153,1 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritdi. Bu – o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkich (4,7 mln dollar)dan 33 barobarga ko‘p. Mazkur tarixiy o‘sish – O‘zbekiston rezidentlariga AQShda investitsiya faoliyatini olib borish uchun hukumatdan ruxsat olish tartibi 2026 yil 1 yanvardan boshlab bekor qilinishi ortidan ro‘y bermoqda.
AQShning Chikago shahri / Foto: Kun.uz
2026 yil I choragida O‘zbekiston rezidentlarining xorijiy aktivlarga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari 153,1 mln dollarni tashkil etdi.
Taqqoslash uchun, 2024 va 2025 yillar I choragida mazkur ko‘rsatkich mos ravishda 3,5 mln va 4,7 mln dollarni tashkil etgan.
Ushbu ma’lumot – Markaziy bank e’lon qilgan to‘lov balansi hisobotida keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, birinchi chorakda norezidentlarning O‘zbekistonga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari 702 mln dollarni tashkil qilgan. Bu – 2025 yilning mos davridagi 761,7 mln dollardan kam, ammo 2024 yilning birinchi choragidagi 380,1 mln dollardan yuqori.
Xorijga investitsiya erkinligining kengayishi
O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 11 noyabrdagi “Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Markaziy bankining 16 dekabr kungi qarori bilan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston rezidentlari uchun AQShda ro‘yxatga olingan kompaniyalarga investitsiya kiritishda hukumat ruxsatini olish talabi bekor qilindi.
Ilgari 10 ming dollardan ortiq qiymatdagi investitsiya amaliyotlari uchun ruxsatnoma talab qilinardi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab esa, O‘zbekiston rezidentlari AQShdagi investitsiya faoliyati bo‘yicha quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ldi:
kompaniya tashkil etish (ustav kapitalini shakllantirish), Amerika kompaniyasidagi ulush yoki aksiyalarni sotib olish uchun AQShga pul o‘tkazish;
mablag‘larni AQShdagi o‘z filiallarining aylanma kapitalini to‘ldirishga yo‘naltirish;
buni istalgan miqdorda, hisobvaraqlardagi o‘z mablag‘laridan kelib chiqib amalga oshirish.
Mazkur erkinliklar faqat AQShga investitsiya faoliyatiga taalluqli edi. Ammo Markaziy bankning 2 iyun kungi qarori bilan, o‘zbekistonliklarning boshqa mamlakatlarga investitsiya kiritish imkoniyatlari ham kengaytirildi.
2026 yil 17 sentabrdan kuchga kiradigan qarorga asosan, jismoniy shaxslar bir kalendar yil davomida 10 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada alohida ruxsat olmagan holda chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishi, ya’ni chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etishi (kompaniya aksiyasini sotib olishi) mumkin.
Shuningdek, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalarga bir kalendar yil davomida 200 000 AQSh dollari (davlat ulushi mavjud korxonalarga – 100 000 AQSh dollari) ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi. Gap – chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etish, chet elda filiallar, vakolatxonalar va savdo uylari faoliyatini tashkil etish haqida ketmoqda.
Shuningdek, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar 100 000 AQSh dollari (davlat ulushi mavjud korxonalar – 50 000 AQSh dollari) ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet eldagi o‘z filiallari va vakolatxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish huquqiga ega bo‘ladi.
-
Dunyodan2 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Turk dunyosi5 days agoAsaddan keyin Suriya: Turkiya yuksaladi, Eron chidaydi
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
-
Jamiyat2 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan3 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Jamiyat3 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Siyosat21 hours agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Mahalliy2 days ago
Jahon banki O‘zbekiston boshlang‘ich ta’limini imtiyozli moliyalashtiradi
