Iqtisodiyot
MChJ — tadbirkorlik dvigateli yoki soya mexanizmi?
Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng keng tarqalgan va qulay tashkiliy-huquqiy shakllardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida MChJlarning huquqiy maqomi 2001 yil 6 dekabrda qabul qilingan “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Mazkur qonun qabul qilinganidan buyon MChJlar kichik va o‘rta biznes sub’yektlari uchun asosiy huquqiy model sifatida shakllanib, mamlakat iqtisodiy tuzilmasida muhim o‘rin egallay boshladi.
MChJlarning huquqiy jozibadorligi, eng avvalo, cheklangan javobgarlik tamoyili bilan bog‘liq. Ushbu tamoyilga ko‘ra, jamiyat ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha faqat ustav kapitalidagi ulushi doirasida javobgar hisoblanadi. Natijada tadbirkor butun shaxsiy mol-mulkini xavf ostiga qo‘ymaydi, bu esa iqtisodiy faollikni sezilarli darajada rag‘batlantiradi. Aynan shu sababli MChJlar qisqa vaqt ichida O‘zbekiston biznes muhitida ustun tashkiliy-huquqiy shaklga aylandi.
Milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatiga respublikada jami 407,9 mingta tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning 320 870 tasi, ya’ni 78,7 foizi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususiy korxonalar 11,5 foizni, oilaviy korxonalar 8,8 foizni, aksiyadorlik jamiyatlari esa atigi 0,2 foizni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichlar respublikada deyarli har o‘n ta tijorat sub’yektidan sakkiztasi MChJ ekanini ko‘rsatib, mazkur institutning iqtisodiyotdagi yetakchi rolini yaqqol tasdiqlaydi.
Biroq MChJlarning ommaviyligi fonida yashirin (kuzatilmaydigan) iqtisodiyotning yuqori darajada saqlanib qolayotgani alohida e’tiborni talab etadi. Rasmiy baholashlarga ko‘ra, 2025 yilning 9 oyida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 433,7 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33,3 foizga yetgan. Bu holat iqtisodiyotning qariyb uchdan bir qismi to‘liq yoki qisman norasmiy maydonda aylanayotganini anglatadi.
MChJni ta’sis etishning o‘zi soya iqtisodiyoti hodisasi emas. Aksincha, mazkur institut dastlab tadbirkorlik faoliyatini norasmiy sektordan chiqarish va uni rasmiy huquqiy maydonga olib kirish maqsadida yaratilgan. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ayrim hollarda MChJning huquqiy afzalliklari — xususan, ishtirokchilarning cheklangan javobgarligi, soddalashtirilgan ta’sis tartibi hamda yopiq korporativ tuzilma — noqonuniy yoki yarim qonuniy maqsadlarda suiiste’mol qilinishi mumkin. Shu bois MChJ institutini nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy va institutsional nuqtai nazardan ham kompleks tahlil qilish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
MChJ shaklining keng tarqalishi bir qator ob’yektiv omillar bilan izohlanadi. Avvalo, ushbu jamiyatlar tez va nisbatan kam xarajat bilan ta’sis etiladi, kichik va o‘rta biznes ehtiyojlariga mos keladi hamda tadbirkorning shaxsiy mol-mulkini xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq tavakkalchiliklardan himoya qiladi. Aynan shu xususiyatlar MChJlarni iqtisodiyotning “ko‘rinmas tayanchi”ga aylantirdi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat instituti ilk bor XIX asr oxirida Germaniyada huquqiy jihatdan shakllangan. 1892 yilda qabul qilingan “Gesetz betreffend die Gesellschaften mit beschränkter Haftung (GmbH-Gesetz)” kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari uchun aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan soddaroq, kamroq byurokratik va ishtirokchilarning shaxsiy mol-mulkini himoya qiluvchi korporativ shaklni joriy etdi. O‘sha davrda aksiyadorlik jamiyatlari kichik biznes uchun haddan tashqari murakkab, sheriklik shakllari esa ishtirokchilar uchun ortiqcha xavfli deb hisoblangan.
Keyinchalik MChJ modeli boshqa huquqiy tizimlarga moslashtirilib, turli nomlar ostida joriy etildi. Jumladan, Fransiyada — SARL, Buyuk Britaniyada — Private Limited Company, AQShda esa Limited Liability Company (LLC) shaklida mustahkamlandi. Shu tariqa, MChJ instituti tarixan yashirin iqtisodiyot uchun emas, balki iqtisodiy faollikni qonuniylashtirish, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va rasmiy sektorni kengaytirish maqsadida vujudga kelgan.
Mazkur sharoitda MChJlarning mutlaq ustunligi yashirin iqtisodiyot bilan muayyan darajada bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqidagi savol tabiiy ravishda yuzaga keladi. Mutaxassislar fikricha, muammo MChJ institutining o‘zida emas, balki uning ayrim sub’yektlar tomonidan suiiste’mol qilinishidadir. Amaliyotda MChJlar nominal ta’sischilar va direktorlar orqali real nazoratni yashirish, faoliyatni bir nechta jamiyatlarga sun’iy ravishda bo‘lib ko‘rsatish, soxta xo‘jalik operatsiyalarini amalga oshirish yoki jamiyatni ataylab bankrot qilish orqali javobgarlikdan qochish vositasiga aylantirilishi mumkin.
Bu holatlar, ayniqsa, MChJning eng muhim afzalligi bo‘lgan cheklangan javobgarlik tamoyili bilan uzviy bog‘liq. Shu munosabat bilan “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasi muhim cheklovni belgilaydi: yagona ishtirokchiga ega MChJ boshqa yagona ishtirokchili jamiyatning ta’sischisi bo‘lishi mumkin emas (bir aksiyadordan iborat aksiyadorlik jamiyati bundan mustasno). Ushbu norma murakkab va sun’iy korporativ zanjirlar orqali yashirin iqtisodiy sxemalar yaratishning oldini olishga qaratilgan.
Biroq amaliyot shuni ko‘rsatadiki, faqat bitta normativ cheklov bilan murakkab iqtisodiy suiiste’mollarni to‘liq bartaraf etish mumkin emas. Shu sababli rivojlangan davlatlar bu muammoni faqat formal taqiqlar orqali emas, balki yakuniy benefitsiar mulkdorlarni majburiy oshkor etish, “substance over form” tamoyilini qo‘llash hamda zarur hollarda korporativ parda ortidan javobgarlikni belgilash orqali hal etmoqda.
Xususan, Buyuk Britaniyada Persons with Significant Control (PSC) instituti joriy etilgan bo‘lib, jamiyat ustidan real nazoratni amalga oshiruvchi yakuniy benefitsiar mulkdorlarni aniqlash va oshkor etish majburiyati belgilangan. Bu mexanizm nominal ta’sischilar va direktorlar orqali haqiqiy boshqaruvni yashirish imkoniyatlarini sezilarli darajada chekladi.
Germaniya va Niderlandiya huquq tizimlarida “substance over form” tamoyili faol qo‘llanilib, jamiyatning formal huquqiy shaklidan ko‘ra uning real iqtisodiy mazmuniga ustuvor ahamiyat beriladi. Natijada, agar MChJ shakli sun’iy ravishda soliqlardan bo‘yin tovlash yoki boshqa noqonuniy maqsadlarda foydalanilayotgan bo‘lsa, huquqiy oqibatlar real iqtisodiy munosabatlardan kelib chiqib belgilanadi.
AQSh va Buyuk Britaniya amaliyotida esa “piercing the corporate veil”, ya’ni korporativ pardani ko‘tarish instituti muhim o‘rin tutadi. Unga ko‘ra, agar jamiyat cheklangan javobgarlik tamoyilidan suiiste’mol qilish, kreditorlarga zarar yetkazish yoki jamiyatni ataylab bankrot qilish vositasi sifatida qo‘llanilgan bo‘lsa, sud real nazorat qiluvchi shaxsni shaxsiy javobgarlikka tortish huquqiga ega bo‘ladi. Bu yondashuv cheklangan javobgarlikni inkor etmagan holda, uning noqonuniy qo‘llanishiga samarali to‘sqinlik qiladi.
Shuningdek, Fransiya va Italiya huquq tizimlarida bir shaxs nazoratidagi bir nechta MChJ alohida yuridik shaxslar sifatida emas, balki yagona iqtisodiy guruh doirasida baholanadi. Bu soliq va moliyaviy nazoratni kuchaytirib, faoliyatni sun’iy ravishda bo‘lib ko‘rsatish orqali majburiyatlardan qochish imkoniyatlarini cheklaydi.
Ushbu xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda MChJ institutini cheklash emas, balki uning atrofida samarali shaffoflik, real nazorat va javobgarlik mexanizmlarini shakllantirish ustuvor ahamiyatga ega. Bu yondashuv O‘zbekiston sharoitida ham MChJlarning iqtisodiyotdagi ijobiy rolini saqlagan holda, ularning yashirin iqtisodiyotdagi salbiy oqibatlarini minimallashtirish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston sharoitida masala MChJlarni kamaytirishda emas, balki ularni ta’sis etish, boshqarish va nazorat qilish sifatini oshirishda namoyon bo‘ladi. Agar shaffoflik kuchaytirilsa, real nazorat qiluvchi shaxslar aniqlansa hamda raqamli va huquqiy nazorat mexanizmlari samarali ishlasa, MChJlar yashirin iqtisodiyot uchun qulay vosita emas, balki rasmiy iqtisodiyotning barqaror tayanchiga aylanishi mumkin. Aynan shu yondashuv orqali yashirin sektor ulushini qisqartirish va iqtisodiy tizim barqarorligini ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Umida Bekmirzayeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Tadbirkorlik va korporativ huquq sho‘basi o‘qituvchisi
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
