Jamiyat
Samarqandda 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi
Samarqandda 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida aytilgan.
Kengash a’zolari, viloyatdagi boshqarma va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar va bu boradagi qonunchilik ijrosini o‘rganish yakunlari tahlil etildi.
Qayd etilishicha, 2026-yil yakuniga qadar mamlakatda, shu jumladan, Samarqand viloyatida kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish rejalashtirilib, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish borasida faol siyosat olib borilmoqda. Tegishli dasturlar doirasida bandlik organlari va hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan viloyatdagi bank muassasalari tomonidan 2023 – 2024-yillar va joriy yilning 4 oyida 98 ming fuqaroga 1 trillion 803 milliard so‘m kreditlar ajratilgan, 12,1 ming nafar yurtdoshimizga 63 milliard so‘mlik subsidiyalar berilgan va 207 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan.
Biroq sohada manfaatlar to‘qnashuviga oid hamda korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar saqlanib qolmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi choragida 3300 dan ortiq holatda hisobotlarga qo‘shib yozilishi aniqlangan va buning natijasida 80 dan ortiq hokim yordamchisi va boshqa mas’ullarga nisbatan intizomiy, ma’muriy va jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi (19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi). 3 milliard so‘mlik subsidiya, nafaqa va kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi Samarqand shahri, Urgut, Ishtixon va Oqdaryo tumanlari hisobiga to‘g‘ri kelsada, mahalliy hokimlik idoralari yoki bandlik organlari tomonidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilmagan.
Bandlik organlarining “Yagona milliy mehnat tizimi” elektron platformasi orqali amalda ish bilan band bo‘lgan yoki o‘zini-o‘zi band qilgan 155 nafar fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 barovarigacha miqdorda subsidiyalar berilgan. Bunday holatlarga asosan Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Narpay, Jomboy, Oqdaryo, Bulung‘ur Samarqand va Payariq tumanlarida yo‘l qo‘yilgan.
2023 – 2024-yillarda budjet mablag‘lari hisobidan ta’minotchi korxonalardan sotib olingan 63 milliard so‘mlik asbob-uskunalar joylarga olib borilib, hokim yordamchilari ishtirokida ishsiz fuqarolarga topshirilgan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ammo ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarga yordam tariqasida subsidiyalar berish yo‘nalishida ham suiiste’mollikka yo‘l qo‘yilayotganligi kuzatilmoqda.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunda davlat muassasalari xodimlariga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq, ayniqsa, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarda cheklovlar o‘rnatilgan. Ammo bandlik organlarining 12 nafar xodimi va 25 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilib, boshqarib kelgan.
Jamiyat
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi
Turkiyaning tarixiy va go‘zal shaharlaridan biri — Balikesirda «Madaniyat yo‘nalishidan raqamli kelajakka: madaniyatlar, media va sun’iy intellekt» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro mediaforum doirasida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va Turkiya media tuzilmalari vakillari ishtirokida mazmunli muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat jurnalistika sohasining bugungi holati, zamonaviy media muhitida yuzaga kelayotgan yangi imkoniyat va chaqiriqlar, jurnalistlar o‘rtasida professional aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlarning muhim natijasi — O‘zbekiston va Turkiya media tuzilmalari o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanganidir. O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi Shuhrat Oripov, Turkiya jurnalistlar federatsiyasi raisi Yilmaz Karaja va Turkiya Internet Media Birligi boshqaruvi raisi Sulaymon Basa tomonidan imzolangan hujjatlar ikki mamlakat jurnalistlari va media tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli va amaliy asosda rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi bilan hamkorlik jurnalistlar delegatsiyalari almashinuvi, mahalliy matbuotni rivojlantirish tajribasini o‘rganish, raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt va media savodxonlik bo‘yicha qo‘shma seminarlar tashkil etish, jurnalistlar malakasini oshirish hamda xalqaro media forumlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya jurnalistlari o‘rtasida professional tarmoqni kengaytirish masalasi ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lib, jurnalistlarning kasbiy manfaatlarini himoya qilish, matbuot va so‘z erkinligi masalalarida jurnalistik hamjamiyatning umumiy pozitsiyasini ifoda etish, mahalliy va mintaqaviy matbuotni qo‘llab-quvvatlash hamda professional hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Federatsiya Turkiyaning 81 viloyatidagi jurnalistlar uyushmalarini o‘zida birlashtiradi.
Turkiya Internet Media Birligi (TİMBİR) bilan imzolangan hamkorlik memorandumi esa ushbu jarayonning raqamli media yo‘nalishini yanada boyitadi. Mazkur tashkilot internet jurnalistikasi, raqamli media va onlayn axborot platformalarini birlashtiruvchi xalqaro maqomdagi professional media tashkilot bo‘lib, uning tarmog‘i Turkiyaning 81 viloyati va dunyoning 25 mamlakatidagi hamkorlik aloqalarini qamrab oladi. Tashkilot tarmog‘iga 800 dan ortiq media tashkiloti va 1000 dan ziyod axborot platformalari kiradi.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi TİMBİR bilan hamkorlik doirasida raqamli jurnalistika, internet media, jurnalistlar malakasini oshirish, media savodxonlik, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ta’lim dasturlari, seminar va treninglar orqali media xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli muhitda axborot ishonchliligi va jurnalistik etika masalalarida tajriba almashishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Balikesirdagi hamkorlik kelishuvlarini ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasida yangi muloqot maydonini shakllantiruvchi muhim tashabbus, yangi tajriba va yangi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadam sifatida baholash mumkin. Bu hamkorlik O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni axborot makonida yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Jamiyat
399,3 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi
Raqobat qo‘mitasiga 2023-yildan 2026-yilning iyul oyiga qadar iste’molchilardan uy-joy kommunal va transport xizmatlari, aloqa, moliya, ijtimoiy xizmatlar hamda reklama masalalari bo‘yicha 137 785 ta murojaat kelib tushgan.
Yillar kesimida murojaatlar soni 2023-yilda 20 691 ta, 2024-yilda 30 070 ta, 2025-yilda 53 670 ta, 2026-yilning dastlabki yetti oyida esa 33 354 tani tashkil etgan.
Murojaatlarning 68 326 tasi uy-joy kommunal va transport xizmatlari, 39 397 tasi savdo va umumiy ovqatlanish, 25 965 tasi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlarga to‘g‘ri kelgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlar sonining ortishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining ishlayotgani va aholining faolligi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishni soddalashtirish maqsadida «Iste’molchi murojaati» elektron platformasi orqali murojaat yuborish imkoniyati yaratilgan.
O‘tgan uch yarim yildan ortiq davrda kelib tushgan murojaatlarning 116 105 tasi, ya’ni 86,7 foizi ijobiy hal etilgan. Ularning 73 foizi qanoatlantirilgan, 25 foizi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan, 2 foizi esa vakolatli organlarga yuborilgan.
Bundan tashqari, kommunal, tibbiyot va farmatsevtika, savdo va maishiy xizmat, telekommunikatsiya, sug‘urta hamda moliyaviy xizmatlar kabi 20 dan ortiq yo‘nalishda o‘rganishlar o‘tkazilgan.
Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan ayrim subyektlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.
Qo‘mita ko‘rgan choralar natijasida 11,7 mln nafar iste’molchidan ortiqcha olingan 399,3 mlrd so‘m mablag‘ni ular foydasiga qayta hisob-kitob qilish ta’minlangan.
Jamiyat
Bo‘ka tumaniga yangi hokim tasdiqlandi
Bo‘ka tumaniga yangi hokim tayiinlandi.
Xalq deputatlari Bo‘ka tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi maqsad va vazifalarning ijrosi yuzasidan tahliliy ma’ruza qildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Bo‘ka tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Sardor Isoqulov avvalroq boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan mazkur lavozimdan ozod etilgan edi.
Zoyir Mirzayev Bo‘ka tumani hokimi lavozimiga ayni paytda «Agrobank» ATB Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Abdazimov Murod Ilhomovich nomzodini tavsiya qildi.
Xalq deputatlari Bo‘ka tumani Kengashi M.Abdazimovni tuman hokimi etib tasdiqladi.
Jamiyat
Toshkent va Farg‘onada Umraga jo‘natishni va’da qilganlar ushlandi
Umra ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Toshkent shahrida yashovchi, 1981 y.t. shaxs tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, o‘zini Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berilgan turfirmaning go‘yoki vakili sifatida tanishtirib, 3 nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga Umra safariga yuborish va muqaddas amallarni to‘liq bajarishlarini ta’minlab berish evaziga jami 3450 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs 3400 dollar va 600 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Farg‘ona shahrida kuzatilgan holatda esa 1998 y.t. shaxs o‘zining tanishlari orqali 4 nafar fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, jami 4200 AQSh dollari talab qilgan.
Lekin, so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda aholining 574 mln so‘mdan oshiq pulini qo‘lga kiritganlar ushlandi
Uchtepa tumanida fuqarolarning 574,6 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslar fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda fuqarolar A.B. va M.B. o‘zlarini go‘yoki «Vatanparvar» MFY hududidagi 29-sonli uyning boshqaruv organi rahbari sifatida ko‘rsatib, mazkur uydagi xonadonlarda yashovchi fuqarolardan 574,6 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Iqtisodiyot4 days agoХоразмда бугуннинг ўзида 176 млн долларлик лойиҳалар ишга туширилди
-
Jamiyat5 days ago
Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti to‘liq tiklandi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston avtomobil bozorida pasayish kuzatilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoIjtimoiy tadbirkorlik uchun davlat ko‘magi beriladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Muddatli to‘lov operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
-
Siyosat4 days ago
Prezident bugun Xorazm viloyatiga boradi
-
Mahalliy3 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Mahalliy5 days ago
Dadamning bir gaplari…
