Iqtisodiyot
Samarqand avtomobil zavodi 80 mln dollarga sotildi
Xaridor – Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi. U xarid qiymatidan tashqari, 12-18 metrli avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 80 mln dollar investitsiya kiritish majburiyatini ham olgan. Anadolu Isuzu’ni o‘z ichiga oluvchi Anadolu Group 2021 yilda Coca-Cola Uzbekistan’ni 252 mln dollarga sotib olgandi. O‘zbekistondagi eng yirik avtozavod – UzAuto Motors ham xususiylashtirilishi belgilangan.
Samarqand avtomobil zavodidagi ulushlarning nazorat paketi Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasiga sotildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, kompaniyaning 75,2 foiz ulushi uchun xaridor davlatga 80 mln dollar to‘laydi va yana 80 mln dollar investitsiya kiritadi.
Qo‘shma korxonaning Yaponiyadagi ishtirokchilari – Itochu Corp va Isuzu Motors (har ikkisi 12,4 foizdan ulushga ega) davlat ulushining Anadolu Isuzu’ga sotilishini qo‘llab-quvvatlagan.
Ushbu xususiylashtirish bo‘yicha Turkiya kompaniyasi bilan 2024 yil iyun oyida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Hozirga kelib, yakuniy kelishuvni O‘zbekiston hukumatining xususiylashtirish bo‘yicha komissiyasi ma’qullagan. Bitim Turkiya regulyatori ruxsat berganidan keyin yakunlanadi.
Davaktiv xabarida aytilishicha, xaridorning 80 mln dollarlik investitsiya majburiyati doirasida O‘zbekistonda katta sig‘imli (12–18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat bo‘ylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish hamda avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
“Investorning narx taklifi moliyaviy konsultant KPMG tomonidan SamAuto’dagi davlat ulushini sotish mumkin bo‘lgan narxlar oralig‘ida joylashgan va xalqaro mustaqil baholovchi “PwC” xalqaro kompaniyasi tomonidan aniqlangan qiymatga muvofiq”, – deyiladi rasmiy relizda.
Jarayonda yuridik konsultant sifatida Dentons qatnashgan.
SamAuto haqida
Samarqand avtomobil zavodi 1996 yilda “AvtoVAZagregat” zavodi negizida, Turkiyaning Coç Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Zavodning dastlabki nomi “SamKochAvto” bo‘lgan va unda UzOtoyol brendi ostida avtobuslar ishlab chiqarilgan.
Bugungi kunda zavod Isuzu brendi ostida yuk mashinalari va avtobuslar, shuningdek, Isuzu D-Max pikaplarini ishlab chiqaradi.
“O‘zavtosanoat” ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida Samarqand avtomobil zavodida 309 ta avtomobil ishlab chiqarilgan.
Xaridor haqida
Ma’lumot uchun, Anadolu Isuzu kompaniyasi – 1965 yilda Anadolu Group (Çelik Montaj) kompaniyalar guruhi tarkibida tashkil etilgan.
Anadolu Group 2021 yilda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan” MChJ ustav kapitalidagi 57,1 foiz davlat ulushini 252,2 mln dollarga sotib olgan va o‘tgan davrda 250 mln dollar investitsiya (2 ta yirik zavod qurilishi va 1 ta zavod modernizatsiya ishlari) kiritilgan.
UzAuto Motors ham sotiladi
O‘zbekiston avtosanoatidagi eng yirik va monopol mavqega ega korxona – Asaka avtomobil zavodi va boshqa aktivlarga egalik qiluvchi UzAuto Motors ham xususiylashtirilishi kutilmoqda.
2025 yil aprel oyida imzolangan prezident farmoniga asosan, 2025 yil 4-choragida UzAuto Motors’ni sotish uchun konsultant jalb etilishi, 2026 yil 1-choragida ommaviy savdo e’lon qilinishi kerak.
Shuningdek, Toshkent motor zavodi – UzAuto Motors Powertrain’dagi davlat ulushini xususiylashtirish uchun 2025 yil 3-choragida konsultant jalb etilishi kerak edi, ammo hozirgacha bu haqda xabar berilmadi. Ommaviy savdoni e’lon qilish 2025 yil 4-choragiga belgilangan.
Iqtisodiyot
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Source link
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
-
Sport3 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat3 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Jamiyat2 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Iqtisodiyot2 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
-
Jamiyat13 hours ago
Asadjon Xodjayev Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi
