Connect with us

Jamiyat

Ruslan Jumaniyozov Hazorasp tumani hokimi etib tayinlandi

Published

on


Xorazm viloyati, Hazorasp tumaniga hokim tayinlandi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi xabar berdi. 

Jumaniyozov Ruslan Rustamovich – xalq deputatlari Hazorasp tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Hazorasp tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. 

Ruslan Jumaniyozov bunga qadar Yangibozor tumani hokimi lavozimida faoliyat olib borgan. 

Hazorasp tumaniga avval Maqsudbek Abdullayev rahbarlik qilib kelayotgandi. 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Yomg‘irli ob-havo davom etadimi? Dam olish kunlari uchun ma’lumot

Published

on


Dam olish kunlari ham yomg‘irli ob-havo kuzatilishi mumkin. 

Bugun va dam olish kunlari O‘zbekiston boyicha beqaror ob-havo saqlanib turadi. Respublika hududining katta qismida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yogadi, ba’zi joylarda kuchli jala yomg‘ir yog‘adi. Momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qoraqalpogiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida faqat ayrim joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. 

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘adi, vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi ehtimoli bor. 

Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, 13-18 m/s gacha kuchayadi, shimolda va cho‘l hududlarda va respublika janubida ba’zi joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Havo harorati 22-24-mayda kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 22-27 daraja atrofida bo‘ladi. 

Toshkentda: bugun kunduzi vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 22-24 daraja bo‘ladi. 

Ertaga 23-may kuni asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat kechga tomon biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi harorat 25-27 darajagacha ko‘tariladi. 

24-may, yakshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Harorat kunduzi 22-24 daraja bo‘ladi. Harorat asosan kechalari 15-18 daraja bo‘ladi. Shamol g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10-12 m/s gacha kuchayadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Eski ko‘ylakdagi millioner ayol…

Published

on


Juma kuni tushdan keyin Atlanta markazidagi nufuzli “First National Bank” ancha gavjum edi. Vestibyul nafis kiyingan ishbilarmonlar, telefonlarda gaplashayotgan yosh mutaxassislar va bitimlarning odatiy shovqini bilan to‘lgan.

Xonaga ko‘p yaxshi kunlarga guvoh bo‘lgan oddiy gulli ko‘ylak, ortopedik poyabzal kiygan va uniqqan sumkasini mahkam ushlagan to‘qson yoshlardagi qora tanli ayol – Evelin Tompson xonim kirib keldi. Uning kumush sochlari chiroyli tarzda orqaga turmaklangan va yog‘och hassaga tayangancha ohista odim tashlardi.

Kassirlarda navbat uzoq edi, lekin Evelin o‘z galini sabr bilan kuta boshladi. Uning orqasida shaharda hashamatli mashinalari, dizaynerlik kostyumlari va yorqin shaxsiyati bilan tanilgan ellik yoshli millioner Richard Xarrington turardi. U sabrsizlik bilan “Roleks” – qimmatbaho soatiga qaradi va hamma narsa qanchalik sekin ketayotganidan o‘zicha g‘udrandi. Evelin nihoyat kassirga – Sara ismli yosh ayol ishlayotgan tuynukchaga yetib keldi va unga iliq jilmaygancha g‘ijimlangan eski bank kartasini uzatdi.

– Azizim, – dedi Evelin janubliklarga xos yumshoq ohangda, – men shunchaki balansimni ko‘rmoqchiman.

Sara muloyimlik bilan bosh irg‘adi va kartani oldi. Buni eshitgan Richard o‘zini tutib turolmadi. U biroz oldinga egilib, asta kulib qo‘ydi.
Odmigina kiyingan keksa ayol “shunchaki hisobini tekshirishni” xohlayaptimi? Ehtimol uning bir necha yuz dollari, balki ijtimoiy nafaqasi bordir deb o‘ylardi Richard. Uning fikricha, bu ayolga o‘xshagan odamlarning joyi bankda emas, unaqalar pensiya cheklarini naqd qilib beradigan burchakdagi do‘konga kirsa ham bo‘ladi.

Bu safar u o‘z o‘ylariga baland ovozda kulib, atrofdagilar nigohini o‘ziga qaratdi.

– Xonim, – dedi u o‘zini iltifotli ko‘rsatgandek, – agar sizga faqat balansingizni bilish kerak bo‘lsa, tashqarida bankomat bor. Bu navbat faqat real o‘tkazmalar uchun.

Evelin asta o‘girilib, unga mehrli, ammo qat’iy nigoh bilan boshdan-oyoq razm soldi:

– Yaxshi yigit, odob-axloqingizga e’tiborliroq bo‘ling, – ohista javob berdi u, – bu yerda sizning yoshingizdan ham uzoqroq hisob qaydnomam bor.
Richard ko‘zlarini yumdi va yana xiringladi. Atrofdagi odamlar noqulay vaziyatga tushishdi, lekin hech kim hech narsa demadi. Kassir Sara ko‘zlarini katta-katta ochib ekranga tikilib qoldi. Uning yuzi avval oqarib ketdi, keyin qizara boshladi. U yana bir bor hisob raqamini tekshirdi, keyin Evelinga qaradi.

– Tompson xonim… sizning mavjud balansingiz… 48,762,319,42 dollar.

Zalga o‘lik sukunat cho‘kdi.

Richardning kulgisi bo‘g‘zida qoldi. U qandaydir nosozlik deb o‘ylab, peshtaxta osha ekranga egildi.

– Bunaqa bo‘lishi mumkin emas. Qandaydir xatolik yuz bergandir – ehtimol ortiqcha nol yoki shunga o‘xshash narsa.

Ammo Sara Evelin ko‘rishi uchun monitorni biroz burib, boshini chayqadi.        

– Hech qanday xatolik yo‘q, janob. Va bu bugungi foizlarni hisoblashdan keyingi balans.

Evelin shunchaki xotirjam bosh irg‘adi.

– Rahmat, azizim. Men ham shunday taxmin qilgandim. Marhum erim har doim murakkab foizlar “bemorning eng yaxshi do‘sti”, deb aytardi.

Richardning chakagi tindi. U duduqlanib dedi:

– Qanday qilib… qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin?

Evelin unga yuzlandi, ko‘zlarida sokin donishmandlik porladi.
– Bilasizmi, o‘g‘lim, 1950-yillarda erim bilan men dehqon edik. Biz har bir tiyinni tejadik. 1962-yilda Tulsadan tashqarida hech kimga kerak bo‘lmagan kichikroq yer maydonini sotib oldik – ular buni hech narsaga arzimaydi deyishdi. Biz oddiy yashadik, hech qachon keraksiz narsalarga pul sarflamadik.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu “foydasiz” yer Oklaxomadagi eng katta ochilmagan neft konlaridan birida joylashgan ekan. 1970-yillarga kelib burg‘ulashlar boshlandi. Biz hech qachon katta uyga ko‘chib o‘tmadik yoki qimmatbaho mashinalar sotib olmadik. Biz shunchaki pulning ko‘payishiga qo‘yib berdik… jimgina.

Uch farzandni katta qildik, hammasini kollejga yubordik, hududimizda cherkovlar va maktablar qurishga yordam berdik…

Lekin men haliyam o‘sha bir xil ko‘ylaklarni kiyaman, o‘sha bozorlarda xarid qilaman va bu bankka o‘zim kelaman – chunki pul sizning ichki dunyongizni o‘zgartirmaydi. Bu shunchaki har doim kim bo‘lganingizni ko‘rsatadi.

Richard qizargancha jimib qoldi. Takabburona tabassumi yo‘qoldi.

Evelin chekini oldi, Saraning qo‘lini asta siqib, eshik tomon yo‘l oldi. U

Richard yonidan o‘tar ekan to‘xtadi.

– Hech qachon kitobni muqovasiga qarab baholamang, yaxshi yigit. Badavlat odamlarning ba’zilari hech narsani isbotlashlari shart emas.

U marmar polda hassasini taqqillatgancha butun bankdagilarni hayratda qoldirgan ko‘yi asta-sekin chiqib ketdi. Shov-shuvlar tez tarqaldi. Richard boshqa hech qachon o‘sha bankda o‘z ishlari bilan maqtanmadi.

Evelin Tompson xonim bankning eng yirik sirli xayriyachilaridan biriga aylandi – u kam ta’minlangan oilalar bolalariga stipendiyalar ajratdi, qora tanlilar uchun tarixiy cherkovlarni tikladi va hatto qariyalarni parvarishlash uchun fond tashkil qildi.

Ammo u eski “Byuik”ini haydab, gulli ko‘ylaklarini kiyib, har juma kuni… shunchaki “balansini tekshirish” uchun kelishni kanda qilmadi.

Chunki haqiqiy boylik uni ko‘rsatishdan, maqtanishdan emas, balki uni kamtarlik, sabr-toqat va qalb bilan yaratishdan iborat.

Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi



Source link

Continue Reading

Jamiyat

uning otasiga chora ko‘rilishi mumkin

Published

on


Ota taxminan 8–9 yoshdagi o‘g‘lini “maqsadlariga yetishi” uchun avtomobil shinasiga bog‘lab, jismoniy zo‘riqishga undayapti va “mashg‘ulot” videolarini Instagram’ga joylab bormoqda. Holat tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar bola nosog‘lom sport turiga jalb etilayotganini ta’kidlab, otaga chora ko‘rishni so‘ragan. Bolalar ombudsmani buni “normal amaliyot emas” deya baholab, bola manfaatlarida holatga aniqlik kiritish uchun tegishli idoralarga murojaat qildi.

Farg‘onada ota o‘zining taxminan 8–9 yoshli o‘g‘liga avtomobil shinasini bog‘lab, yugurishga majbur qilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Kadrlarda ota bolani “monstr o‘g‘lim” deya, uni shina bilan jismoniy mashq bajarishga undayotgani ko‘rinadi.

Sahifadagi boshqa videolarda ham bolaga nisbatan jismoniy bosim holatlari aks etgan.

Ota farzandiga “maqsadlariga yetish” haqida gapirgan, lekin qanaqa maqsadlar ekanini biror videoda tilga olmaydi.

Foydalanuvchilarning fikricha, ota farzandini sportda yuqori natijalarga yetkazishni, chempion qilishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin, biroq ko‘rsatilgan mashqlar professional sport tayyorgarligi talablariga mos kelmaydi. Aksincha, bu bolaga nisbatan ortiqcha jismoniy va ruhiy zo‘riqish sifatida baholanishi mumkin.

Izohlarda foydalanuvchilar bola nosog‘lom sport turiga majburlanayotgani va otaga nisbatan chora ko‘rilishini so‘ragan. Jumladan, bir foydalanuvchi quyidagicha izoh qoldirgan:

“Mana shu ‘ota’ga munosabat kutib qolamiz. Farzandiga yetarli ‘pitaniya’siz va sport uchun zarur sharoitlarsiz jismoniy mashqlarga majburlayapti. Sahifasiga kirib ko‘rsangiz, bir qator shunga o‘xshash videolar bor. U bola hozir ilm olishi kerak bo‘lgan yoshda. Ishonchim komil, farzand otasining majburlashi bilan nosog‘lom yuklamalar ostida mashq qilmoqda. Sizlardan iltimos, bu holatga huquqiy baho berib, chora ko‘rishingizni so‘raymiz”, deyiladi izohda.

Bolalar ombudsmani Kun.uz’ga holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, bu normal holat emasligini ta’kidladi.

“Hozirgi kunda bolalarni ijtimoiy tarmoqlar orqali kontent yaratish jarayoniga jalb qilish amaliyoti kengayib bormoqda va bu global muammo sifatida baholanadi. Ko‘p holatlarda ota-onalar farzandlarini ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etish orqali auditoriya yig‘ish yoki turli maqsadlarni ko‘zlashga intilmoqda. Masalaning murakkab jihati shundaki, bu borada aniq huquqiy tartib va cheklovlar yetarlicha belgilanmagan, natijada bolalar o‘z xavfsizligi va huquqlari nuqtai nazaridan yetarlicha himoyalanmagan holda qolmoqda”, deyiladi ombudsman munosabatida.

Idora pozitsiyasiga ko‘ra, bolaning shaxsiy hayotini internetda ommaviy namoyish qilish uning manfaatlariga zid bo‘lib, ota-onalar farzandlarining tobeligi va zaif holatidan foydalanish orqali ularning shaxsiy daxlsizligiga putur yetkazishi mumkin.

Ayni paytda Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida mutasaddi idoralar tomonidan ushbu holat bo‘yicha otaning shaxsini aniqlash va tegishli chora ko‘rish yuzasidan ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Termizda quruvchiga 217 tup daraxtni kesib tashlashda yordamlashgan sobiq mansabdor jazoga tortildi

Published

on


Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs MChJ rahbari bilan til biriktirib, yuzlab daraxtlarni ko‘chirishga uringan. Ammo daraxtlarni ko‘chirish haqidagi murojaat rad qilingan. Shunga qaramay, 217 tup daraxt kesib tashlangan. Sud sobiq mansabdorni ekojinoyatda aybli deb topdi.

Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati

Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi apellyatsiya sudida ko‘rib chiqilgan. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs “Mansur Tekstil Termiz” MChJ rahbari bilan o‘zaro til biriktirgan. Ular shaharning Do‘stlik mahallasida joylashgan yuridik texnikum hududidagi daraxtlarni ko‘chirishga uringan.

Bu maqsadda dastlab 20 mln so‘mlik shartnoma rasmiylashtirilgan. Biroq hududdagi daraxtlar viloyat Ekologiya hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, ularni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat rad etilgan.

Shunga qaramay qurilish hududidagi 61 tup Eldor qarag‘ayi, 36 tup Virgin archasi, 101 tup Sharq biotasi, 16 tup chinor va 4 tup tut – jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 2 mlrd 69 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki sud sobiq mansabdorni Jinoyat kodeksining 198-moddasi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 3-qismi bilan aybli deb topgan. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Uning qamoqda saqlangan muddati chegirib tashlangan holda jazo muddati 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilangan.

Apellyatsiya sudida sobiq mansabdor o‘zini aybsiz deb hisoblab, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. U suddagi ko‘rsatmasida daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylaganini va qurilish tashkilotiga faqat “yordam bergani”ni bildirgan. Ammo apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ekoqo‘mita 10 ming qadam piyoda yurganlarga pul to‘laydigan platforma ishlamayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi

Published

on


Ma’lum qilinishicha, platforma faoliyatini takomillashtirish, nosozliklarni bartaraf etish maqsadida texnik ishlar amalga oshirilmoqda.

Ekologiya qo‘mitasi ecofaolfuqaro.uz platformasi ishlamayotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ayni damda platforma faoliyatini takomillashtirish, nosozliklarni bartaraf etish maqsadida texnik ishlar amalga oshirilmoqda.

“Texnik ishlar tugagach, qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi qo‘mita izohida.

Ma’lumot uchun, «Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida 2026 yil davomida 10 000 qadam piyoda yurish tajribasini qayta tiklash hamda sog‘lom turmush tarziga qaratilgan platforma faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.