Iqtisodiyot
Rossiyadan O‘zbekistonga yirik va mayda shoxli qoramollar yetkazib beriladi
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Buryatiya Respublikasi hukumati raisi o‘rinbosari – qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Amgalan Darmayev raisligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda ishtirok etdi.
Buryatiya hukumati raisi o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Amgalan Darmayev O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, ayniqsa, dehqonchilik va chorvachilik sohasida rivojlantirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.
Vazir Amgalan Darmayev O‘zbekiston buryatiyalik fermerlar uchun istiqbolli bozor ekanini, chorvachilik, shuningdek, go‘sht mahsulotlari eksportini ko‘paytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu Buryatiya fermerlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi va ikki mamlakat hududlari, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muloqotning asosiy mavzusi agrosanoat sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi.
O‘zbekiston bosh konsuli mamlakatdan Buryatiyaga va undan keyin Uzoq Sharq mintaqalariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, shuningdek, Buryatiyadan O‘zbekistonga yirik va mayda shoxli qoramollar hamda ot yetkazib berishni ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
O‘tgan yilning may oyida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va Buryatiya hukumati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani ko‘p qirrali hamkorlikni, jumladan, naslli chorvachilikni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgani ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, Buryatiyaga O‘zbekiston sabzavot va mevalarini yetkazib berishni tashkil etish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston tomoni meva-sabzavot mahsulotlarini import qilish uchun Buryatiyada Ulgurji tarqatish markazini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Toshkent va Ulan-Ude shaharlaridagi ta’lim muassasalarida, jumladan, musiqa maktablarida tahsil olayotgan maktab o‘quvchilarining ta’lim almashinuvini kengaytirish bo‘yicha tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Buryatiya Rosselxoznadzori vakillari ishtirokida O‘zbekistonga yirik va mayda shoxli qoramollarni yetkazib berish, shuningdek, mamlakatdan Buryatiyaga mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha ulgurji tarqatish markazini tashkil etish masalalari bilan shug‘ullanuvchi qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
Fermer va klasterga har bir tonna paxta uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksport logistikasi xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilandi.
Paxtani birja orqali sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya berish belgilandi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanadi. Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar ham belgilandi.
«Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarish qilinib, aholiga tayyor holda taklif etiladi.
Bu maqsadlarga 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish ishlariga esa 200 mlrd so‘m ajratiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 16 foizdan 30 foizga yetkazish va eksportni 500 mln dollarga oshirish vazifasi ham qo‘yildi.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish belgilandi. Kichik qayta ishlash uskunalarini aholiga lizing asosida berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchi tumanida 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona loyihasini respublika bo‘ylab ommalashtirish belgilandi. Bu maqsadga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijon uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.
