Iqtisodiyot
Bayram arafasida dollar kursi tushadi
Markaziy bank 2025-yil 5-iyundan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 25,54 so‘mga tushib, 12 831,81 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 66,36 so‘mga oshdi va 14 606,45 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 17 370,42 so‘m (-6,29).
Rossiya rubli 163,75 so‘m etib belgilandi (+0,30).
Qozog‘iston tengesi 25,12 so‘m bo‘ldi (+0,03).
Iqtisodiyot
Issiqlik ta’minotida avans evaziga eski tarifning saqlanib qolish muddati 2 oyga tushirildi
O‘zbekistonda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshirilganda aholi uchun avans to‘lovlari doirasida eski tariflarning amal qilishi endi 12 oygacha emas, 2 oygacha davom etadi. Mazkur 2 oylik muddat tarif oshgan sanadan emas, to‘lov amalga oshirilgan sanadan boshlab hisoblanadi. Eski tarifning avans evaziga bir muddat saqlanib qolishi yuridik shaxslar uchun ko‘zda tutilmagan.
Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxs issiqlik ta’minoti tariflari oshgan taqdirda, avans to‘lovlari doirasida ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lov kunidan boshlab 2 oydan oshmaydigan davrga qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etiladi. Bungacha mazkur davr 12 oyni tashkil etgan.
Veolia Energy kompaniyasining 11 iyun kungi xabariga ko‘ra, bu tartib ham isitish, ham issiq suv xizmatlariga tegishli.
Xabarda aytilishicha, Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga tegishli o‘zgarishlar kiritilgan.
Kun.uz’ning e’tibor qaratishicha, Vazirlar Mahkamasining mazkur o‘zgarishga oid 212-sonli qarori 2026 yil 29 aprelda qabul qilingan. Ammo bu qarorni Lex.uz’dan topishning imkoni bo‘lmadi.
Gaz va elektrdagi shunga o‘xshash tartibdan farqi nimada?
Tariflar oshganda avans to‘lovi hisobiga muayyan muddat eski tariflarning amal qilishiga oid tartib elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotida ham bor, biroq issiqlik ta’minotidagi bu norma biroz farq qiladi.
Ma’lumki, elektr energiyasi va tabiiy gazning oshirilgan tariflari kuchga kirgan kundan e’tiboran, abonentlar bilan balansidagi mablag‘ doirasida 2 oygacha eski tariflar asosida hisob-kitob qilinadi. Bunda avans to‘lovi yangi tariflar kuchga kirishidan oldin to‘langan bo‘lsa kifoya.
Issiqlik ta’minotida esa avans to‘lovi aynan qaysi kuni to‘langani muhim ahamiyatga ega. Chunki tarif oshganida eski tarif saqlanib qoladigan 2 oylik muddatning boshlanish sanasi bo‘lib yangi tarif kuchga kirgan sana emas, avans to‘langan kun hisoblanadi.
Shu sababli issiqlik ta’minoti iste’molchilari uchun tarif oshishidan faqat 1 kun oldin to‘lov qilib qo‘yish manfaatliroq, ana shundagina vaqtincha eski tarif amal qiladigan 2 oylik muddatdan to‘liq foydalanish imkoniyati bo‘ladi.
Bundan tashqari, gaz-svet va issiqlik ta’minoti uchun avans to‘lovlarida yana bir farq bor. Gaz va svet tariflari oshganda avans to‘lovi doirasida eski tarifning amal qilishi jismoniy shaxslar uchun 2 oygacha, yuridik shaxslar uchun esa 1 oygacha davom etadi. Issiqlik ta’minotida esa yuridik shaxslar uchun bunday davr ko‘zda tutilmagan; 2 oylik muddat faqat jismoniy shaxslarga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida issiqlik va issiq suv ta’minoti tariflari oxirgi marta 2025 yil noyabrda oshgan edi. O‘shanda narxlar aholi uchun 15 foizga, yuridik shaxslar uchun 40 foizga ko‘tarilgandi.
Iqtisodiyot
Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni rad etdi
Senatorlarga ko‘ra, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yilayotgan talablarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Bu sudning har qanday xalqaro arbitrajga oid ishni va ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rishi hamda Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish vakolatlarini aniqlashtirish ham talab etiladi. Qonunni quyi palataga qaytarish va deputatlar bilan kelishuv komissiyasini tuzishga qaror qilindi.
Foto: Senat matbuot xizmati
Oliy Majlis Senati bugun, 13 iyun kungi yalpi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni ko‘rib chiqib, uni rad etdi.
Qonunda Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, boshqaruv tizimi, rezident-investorlar uchun huquqiy barqarorlik va ishonchli sud himoyasini ta’minlashga qaratilgan normalar hamda qator imtiyozlar o‘z aksini topgan.
Senat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, senatorlar qonunning bir qator jihatlarini e’tirof etish bilan birga, ayrim normalarni takomillashtirish kerakligini aytgan.
Senat a’zolariga ko‘ra, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yilayotgan talablarni qayta ko‘rib chiqish, Toshkent xalqaro tijorat sudining har qanday xalqaro arbitrajga oid ishni, ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish hamda Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish vakolatlarini aniqlashtirish lozim.
“Mazkur takliflarni inobatga olgan holda ushbu Qonun ustida yanada puxta ishlash investorlar huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda Toshkent xalqaro moliya markazining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi”, – deyiladi xabarda.
Majlisda qonunni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga yuborish, senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda uni qayta ishlash maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro moliya markazi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, mazkur konstitutsiyaviy qonunga va moliya markazining qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi va sud pretsedentlari amal qilishi ko‘zda tutilgan. Markaz ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolarni Toshkent xalqaro tijorat sudi mustaqil ravishda ko‘rib chiqadi.
Markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valutalarda hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, 5 yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi beriladi. Markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari amal qiladi.
Iqtisodiyot
Quyosh panellari egalariga subsidiya to‘lash kechikmoqda
Quyosh panellarida ishlab chiqarilib, umumiy elektr tarmoqlariga uzatilgan energiya uchun fuqarolarga subsidiyalar vaqtida to‘lab berilmayapti. Kun.uz’ga kelib tushgan murojaatlarda ayrim holatlarda hisoblangan mablag‘lar bir necha oydan buyon to‘lanmayotgani aytiladi. Energetika vazirligi bu masala Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatida ekanini ma’lum qildi. IMVga ko‘ra, masala yuzasidan tegishli ishlar olib borilyapti va yaqin vaqt ichida rasmiy ma’lumot beriladi.
O‘zbekistonda 2023 yil 1 apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra, umumiy quvvati 50 kWh’gacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga o‘z ehtiyojidan ortib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har 1 kWh elektr energiyasi uchun 1 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi hajmi hisoblagichlar orqali qayd etiladi, hisoblangan mablag‘lar esa “Soliq” mobil ilovasida aks ettiriladi. Fuqarolar orasida ushbu mablag‘lar ko‘pincha “keshbek” nomi bilan tilga olinayotgan bo‘lsa-da, amaldagi tartibda ular subsidiya sifatida belgilangan.
Kun.uz’ga yo‘llangan murojaatda qayd etilishicha, ayrim quyosh paneli egalari eksport qilingan elektr energiyasi uchun hisoblangan subsidiyalarni o‘z vaqtida ololmayotganidan shikoyat qilgan. Murojaat mualliflari to‘lovlarning kechikish sabablari, muammo vaqtinchalik yoki tizimli ekani, shuningdek, mablag‘lar qachon to‘lab berilishi yuzasidan izoh so‘ragan.
So‘nggi bir hafta ichida tahririyat subsidiyalar to‘lanmayotgani haqida bir nechta murojaatni qabul qildi. Yana bir murojaatda shunday deyiladi: “Men Farg‘onadanman, subsidiya 25 maydan buyon to‘lab berilmayapti. Bu savol hozirgi kunda butun respublikada dolzarb. Nima uchun to‘lovlar kechikayotgani shaxsan o‘zim uchun ham qiziq”, – deydi murojaatchi.
Kun.uz Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bog‘landi.
Energetika vazirligi matbuot kotibi Kun.uz’ga bergan izohida ushbu subsidiyalar davlat budjetidan moliyalashtirilishi, mablag‘larni ajratish va to‘lash bilan bog‘liq masalalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatiga kirishini ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati esa masala yuzasidan tegishli ishlar olib borilayotgani, yaqin vaqt ichida rasmiy ma’lumot taqdim etilishini bildirdi.
Avvalroq, o‘zbekistonliklarning quyosh elektr energiyasini sotishdan olgan daromadi 9 barobarga oshgani ma’lum qilingandi.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning I choragida 45,2 ming nafar jismoniy shaxs quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotib, 73,9 mlrd so‘mdan ortiq daromad olgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda, subsidiya oluvchilar soni 3,5 barobarga, to‘langan mablag‘ hajmi esa 9 barobarga oshgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi korxonalar 14 mingdan oshdi
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni sezilarli darajada oshdi. 2026-yil 1-may holatiga ushbu tarmoqda jami 14 732 ta korxona va tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 2,4 mingtaga ko‘paygan.
Hududlar kesimida eng ko‘p sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish subyektlari Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda bu sohada 2 439 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda.
Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati 1 590 ta, Samarqand viloyati 1 546 ta va Andijon viloyati 1 264 ta korxona bilan joylashgan. Toshkent viloyatida esa mazkur ko‘rsatkich 1 132 tani tashkil etgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 1 107 ta, Buxoro viloyatida 1 028 ta va Namangan viloyatida 989 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Reytingning quyi qismida Sirdaryo viloyati 323 ta, Jizzax viloyati 463 ta va Navoiy viloyati 533 ta korxona bilan qayd etilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 727 ta, Surxondaryo viloyatida esa 751 ta tashkilot faoliyat olib bormoqda.
Iqtisodiyot
Mevalar nega qimmat?
Joriy yil 10–12 mart kunlari ayrim hududlarda havo harorati minus 6 daraja atrofida kuzatilgan edi. O‘shanda sovuq erta pishar mevalar hosiliga ta’sir qilishi aytilgandi. Oradan 3 oy o‘tib, bozor rastalari mavsumiy mevalar bilan to‘la boshladi. Xo‘sh buy il meva narxlari qanday bo‘lyapti? Kun.uz muxbiri Chorsu bozorida bo‘ldi.
Kun.uz Chorsu bozorida mevalar narx-navosini o‘rgandi. Narxlar sotuvchilarning o‘zidan so‘raldi va ular narxlarni aytayotgan payt videoga olindi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, bozorda shaftoli 50 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha sotilmoqda. O‘rik narxi 55 ming so‘mdan boshlanadi. Gilos 90 ming so‘mdan 110 ming so‘mgacha, nok esa 80 ming so‘m atrofida taklif qilinmoqda. Qulupnay narxi 200 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha aytildi. Olma esa 35 ming so‘mdan sotilmoqda.
Bozorda meva bor. Tanlov ham bor. Ammo narxlar ko‘pchilik xaridor uchun hali ham baland. Ayniqsa, gilos, o‘rik va shaftoli kabi mavsumiy mevalarning narxi oddiy oila budjeti uchun yengil emas. Bir kilogramm gilos 100 ming so‘m atrofida bo‘lsa, bu ko‘pchilik uchun kundalik xarid emas, balki o‘ylab qilinadigan xarajatga aylanadi.
Taqqoslash uchun, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 10 iyun kuni ayrim turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ulgurji bozor narxlari haqida ma’lumot e’lon qilgan edi. Vazirlik ma’lumotida Qo‘yliq ulgurji dehqon bozorida olma narxi 7 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha, nok 13 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha ko‘rsatilgan.
Chorsu bozoridagi kuzatuvlarda esa olma 35 ming so‘mdan, nok 80 ming so‘m atrofida sotilmoqda. Bu yerda bir muhim farq bor: vazirlik ma’lumotlari ulgurji bozor narxlari, Chorsudagi narxlar esa chakana savdodagi real holat asosida olingan. Shunday bo‘lsa-da, rasmiy jadvaldagi raqamlar bilan xaridor duch kelayotgan narxlar o‘rtasidagi tafovut sezilarli.
Vazirlik shuningdek, “Eski juva” — “Chorsu” dehqon bozorida mol va qo‘y go‘shti narxlari bo‘yicha ma’lumotlar kechki soat 22:00 dan tungi 2:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida to‘planishini bildirgan.
Mart oyidagi sovuq hosilga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo bugungi narxlarni faqat sovuq bilan izohlab bo‘lmaydi. Narxga hosil hajmi, yetkazib berish xarajatlari, ulgurji va chakana savdo o‘rtasidagi farq, mavsum boshidagi talab va bozordagi umumiy narx muhiti ham ta’sir qiladi.
Hozircha Chorsu rastalarida meva ko‘p, ammo narxlar ko‘pchilik xaridorning cho‘ntagiga mos emas. Bozordagi asosiy manzara shunday: meva pishgan, lekin narxlar hali ham balandligicha qolmoqda.
-
Iqtisodiyot1 day agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan2 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
-
Jamiyat3 days agoTerrorizmni moliyalashtirgan 8 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi
-
Sport4 days agoNiderlandiya bilan o‘yin ishonch berdi: O‘zbekiston JChga tayyor ekan!
-
Sport4 days agoJahon chempionati hakami AQShga kiritilmadi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston va Senegal vakillari AQShda qattiq tekshiruvdan o‘tkazildi
-
Dunyodan4 days ago
Ray-Ban aqlli ko’zoynaklari texnologik mo’jizami yoki shaxsiy hayotga tahdidmi?
