Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
Fermer va klasterga har bir tonna paxta uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksport logistikasi xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilandi.
Paxtani birja orqali sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya berish belgilandi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanadi. Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar ham belgilandi.
«Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarish qilinib, aholiga tayyor holda taklif etiladi.
Bu maqsadlarga 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish ishlariga esa 200 mlrd so‘m ajratiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 16 foizdan 30 foizga yetkazish va eksportni 500 mln dollarga oshirish vazifasi ham qo‘yildi.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish belgilandi. Kichik qayta ishlash uskunalarini aholiga lizing asosida berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchi tumanida 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona loyihasini respublika bo‘ylab ommalashtirish belgilandi. Bu maqsadga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijon uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.
Iqtisodiyot
Endi 500 million so‘mgacha kreditlar uchun biznes-reja talab etilmaydi
Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat banklarini mijozlar biznesini o‘stirish tamoyili asosida transformatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.
Yil boshidan beri garov yoki kafil topa olmagan 35 ming kishiga kredit berilmagan. Banklar an’anaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi kreditlashda real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, debitorlik qarzi, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga asoslangan kompleks moliyaviy mahsulotlar keng joriy qilinadi.
Kichik tadbirkorlarning lider korxona yoki yirik buyurtmachi bilan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi.
500 million so‘mgacha bo‘lgan loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi. Kredit garovga emas, pul oqimiga qarab ajratiladi.
Eksportbop mahsulot uchun xomashyo sotib olish kreditlarida esa sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi. Bu tartibda kredit ajratishda tadbirkorning amaldagi pul oqimi, shartnomalari va tovar aylanmasi kabi ko‘rsatkichlar asos qilib olinadi.
To‘qqizta davlat bankiga bir oyda biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi qo‘yildi. Mahalla bankirlari yangi xizmatlarni aholi va tadbirkorlarga tushuntirib boradi.
Iqtisodiyot
25-sentyabrdan dollar yana oshadi: tafsilotlar
Markaziy bank 2026-yil 25-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,82 so‘mga oshib, 11 830,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 31,67 so‘mga tushdi va 13 450,52 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 643,96 so‘mni tashkil qildi (-45,1).
Rossiya rubli 139,27 so‘m etib belgilandi (-0,66).
Iqtisodiyot
Har yili 2 milliard 100 million kub metr suv isrof bo‘lmoqda
Qoraqalpog‘istondagi 417 ming gektar ekin yerini sug‘orishga 5 milliard 700 million kub metr suv sarflanmoqda. Yo‘qotishlar esa 38 foizni — 2 milliard 100 million kub metrni tashkil etmoqda.
To‘rtko‘ldagi «Yonbosh» kanalidan yiliga o‘tadigan 115 million kub metr suvning 44 millioni yo‘qotiladi. Kanal to‘liq betonlansa, yana 9 ming gektarga suv yetkazish va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.
Bo‘zatovdagi «Erkindaryo» kanalining 8 kilometrini betonlash hisobiga foydalaniladigan yer 3 ming gektarga ko‘payadi, 15 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. 3 ta suv inshooti va 22 ta artezian quduq barpo etilishi yana 5 ming gektar ozuqa maydonini yaratish imkonini beradi.
Ushbu ishlarga jami 135 milliard so‘m ajratish, ikki kanalni 1 martgacha betonlash topshirildi.
To‘rtko‘l va Bo‘zatovda kelasi yil 17 ming gektarda ozuqa ekib, 2 ming odamni daromadli qilish vazifasi belgilandi.
Suv obyektlarini modernizatsiya qilish uchun Yaponiyadan 4,5 million dollar grant jalb qilingani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi. Kelasi yil bunday grantlarni 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
O‘tgan yili 30 milliard so‘m hisobiga 276 ta suv nasosi energiya tejamkoriga almashtirilib, yiliga 16 million kilovatt-soat elektr tejalmoqda. 1 aprelgacha Qoraqalpog‘istondagi 59 ta, qolgan viloyatlardagi yana 200 ta nasos yangilanadi.
-
Sport4 days ago
O‘zbekiston shaxmat olimpiadasida AQShni mag‘lub etdi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
-
Siyosat4 days ago
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
-
Jamiyat4 days ago
Qirg‘iziston bilan «Keskanyor» chegara posti ochiladi
-
Sport4 days ago
O‘zbekiston Eron ustidan g‘alabadan so‘ng FIFA reytingida yuqoriladi
-
Sport3 days ago
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
-
Jamiyat3 days ago
Prezident turizm sohasi xodimlarini tabrikladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Endi 500 million so‘mgacha kreditlar uchun biznes-reja talab etilmaydi
