Mahalliy
Bloger, auditoriya va mas’uliyat: layklar haqiqat mezoni emas
So‘nggi vaqtlarda blogerlar, ular bilan bog‘liq turli voqealar, turli vaziyatlar, odamlar taqdiri haqida ko‘plab postlarni o‘qidim, ushbu mavzularga doir imkon qadar o‘z fikrimni bildirib bordim. Lekin carhisob qilsam aslida bu maqolalarning barchasi bitta katta mavzu atrofida aylangan ekan: so‘z erkinligi, ta’sir kuchi va mas’uliyat. Bizning jamiyatda blogerlik bugun oddiy shaxsiy sahifa yuritish darajasidan ancha o‘zgardi. Ayrim blogerning auditoriyasi ba’zi gazetalar adadidan, hatto ayrim telekanallar auditoriyasidan ham katta. Bir necha daqiqada yuzlab, minglab odamning fikrlashiga ta’sir qilish mumkin.
Shunday ekan, «men faqat o‘z fikrimni aytdim» degan qarash har doim ham mas’uliyatdan ozod qilmaydi. Chunki omma oldida aytilgan har bir gapning ortida oqibat bor. Bloger mansabdorning, davlat idorasining xatosini ochiq aytishi mumkin. Sud qarorini muhokama qilishi, qonunni tanqid qilishi, jamoatchilik manfaatini himoya qilishi mumkin. Bu tabiiy holat. Lekin tanqid bilan ayblov o‘rtasida katta farq bor. «Menimcha, bu qaror noto‘g‘ri» deyish boshqa, «bu odam jinoyatchi» deb hukm chiqarish boshqa. Ya’ni uning millionta obunachisi bo‘lishi ham uni sudyaga aylantirmaydi. Insonning aybdor yoki aybsizligini layklar, repostlar, izohlar yoki jamoatchilik g‘azabi belgilamaydi. Buning uchun dalil, protsess va sud bor. Xuddi shuningdek, bloger advokat ham emas. Huquqiy muammoga duch kelgan odamning huzuriga borib, kamerani yoqib, «men bu ishni hal qilib beraman», «sud qarorini bekor qildirib beraman», «jamoatchilikka chiqarsak, hammasi o‘zgaradi» deyish oson. Ammo sud qarorini ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, muhokamalar emas, qonunda belgilangan protsessual tartib o‘zgartiradi. Apellyasiya, kassatsiya, taftish bor, qolaversa, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquqiy mexanizmlar bor.
Odamning dardini kontentga aylantirish bilan uni huquqiy jihatdan himoya qilish bir xil narsa emas. Eng xavflisi, ba’zan insonning musibati boshqa birov uchun auditoriya yig‘ish vositasiga aylanadi. Avvaliga shov-shuvli sarlavha, keyin hissiyotga bosim, so‘ng «adolat talab qilamiz» degan chaqiriq va minglab izohlar, yuzlab ulashishlar…
Ammo oradan vaqt o‘tib, voqea qiziqarli bo‘lmay qolgach, o‘sha jabrlangan odam o‘z muammosi bilan yana yolg‘iz qolishi mumkin. Bloger esa navbatdagi mavzuga o‘tib ketadi. Bu yerda yana bir muhim masala bor: ko‘p obunachiga ega bo‘lish insonni avtomatik ravishda huquqshunos, shifokor, iqtisodchi, ekspert yoki siyosatshunos qilib qo‘ymaydi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha teskari manzarani ko‘ramiz. Kimning auditoriyasi katta bo‘lsa, uning gapi haqiqatdek qabul qilinadi. Aslida esa haqiqat ovoz balandligi bilan emas, dalil bilan aniqlanadi. Shuning uchun blogerning muhim vazifalaridan biri faktni fikrdan ajratishi, ya’ni «aniqlandi» bilan «menimcha» o‘rtasidani farqni bilishi lozim bo‘ladi.
«Jinoyat sodir qilgan» bilan «jinoyat sodir qilganlikda gumon qilinmoqda» o‘rtasida ham katta farq bor. Har bir yozayotgan so‘zimiz, fikrimiz, matnimiz bir insonning sha’ni, obro‘si, ishi, oilasi va butun hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu bilan birga, masalani faqat «blogerlar ehtiyot bo‘lsin» degan nuqtaga olib borish ham to‘g‘ri emas. Omma e’tiboridagi bloger mas’uliyatli bo‘lishi kerak, lekin davlat ham qonun doirasida harakat qilishi lozim. So‘z erkinligi blogerga berilgan imtiyoz emas. U jamiyatning davlat ustidan nazorat qilish imkoniyatlaridan biri.
Ko‘pincha provakatsiyalarsiz, baqir-chaqirlarsiz tayyorlangan kontentlar omma e’tiboriga tushishi qiyin bo‘ladi. E’tibor berib qaralsa, u ham xuddi o‘sha masalani ko‘tarmoqda, faqat qattiq ovozsiz. Ya’ni, etikaga rioya qilayotgan jurnalist yoki bloger zaiflik, qo‘rqoqlik qilayotgani yo‘q. Qattiq savolni ham xotirjam tarzda berish mumkin. Mansabdordan javob so‘rashda esa baqir-chaqirdan ko‘ra, aniq fakt va dalillar ko‘proq ta’sir qiladi.
Faktlar joyida bo‘lsa, ba’zan oddiy va xotirjam berilgan bitta savolning o‘zi ancha ko‘p narsani ochib berishi mumkin.
Yana bir gap, professional jurnalist yoki bloger intervyuga tayyorgarlik bilan boradi: mansabdorning vakolatini biladi, hujjatlar bilan tanishadi, raqamlarni tekshiradi, qonunni yaxshi biladi va keyin savol beradi. Ana shunday savoldan qochish qiyin.
Yana bir masala — auditoriya. Ko‘pincha bloger auditoriyaga ta’sir qiladi, deb o‘ylaymiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan auditoriya ham blogerni o‘zgartiradi: qaysi post ko‘proq layk oldi, qaysi gap ko‘proq tarqaldi, qaysi mavzu ko‘proq janjal chiqardi? Algoritm ham shuni rag‘batlantiradi.
Shunda axborot berish bilan e’tibor tortish o‘rtasidagi chegara sekin-asta yo‘qola boshlaydi. Natijada tahlil emas, keskinlik g‘alaba qila boshlaydi. «Ehtimol» degan so‘z auditoriyaga yoqmaydi, «hammasi aniq!» degan gap esa tez tarqaladi. Bloger asta-sekin haqiqatni emas, o‘z auditoriyasi eshitishni xohlagan narsani ayta boshlaydi. Bu esa axborot maydonida o‘ziga xos yopiq doiralarni paydo qiladi. Bir xil fikrdagi odamlar bir-birini tasdiqlaydi. Boshqa fikr dushmanlik sifatida qabul qilinadi. Dalil emas, «bizning odam» yoki «ularning odami» degan qarash ustun keladi.
Bunga siyosiy ta’sir ham qo‘shilishi mumkin. Ayniqsa, chetdan turib keskin chaqiriq qilayotgan odam bilan shu chaqiriq oqibatini mamlakat ichida o‘z tanasida his qiladigan blogerning tavakkali bir xil emas. Chetdan turib post yozayotgan odam javobgarlikka tortilmasligi mumkin, ammo mamlakat ichidagi bloger huquq buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa jinoyat ishi, sud, jarima, qamoq yoki boshqa oqibatga duch keladi. Shu sabab har qanday siyosiy, diniy yoki ijtimoiy chaqiriqni tarqatishdan oldin uning ortida kimning manfaati turganini ham o‘ylash kerak.
Menimcha, bugun muammoni faqat «yaxshi bloger» va «yomon bloger» degan ikki toifaga ajratib bo‘lmaydi. Masala ancha keng. Bloger, uning auditoriyasi, ijtimoiy tarmoq algoritmlari, pul, obro‘, siyosiy, ijtimoiy manfaatlar, inson psixologiyasi — bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq va bir-biriga ta’sir qiladi.
Huquqshunos sifatida blogerlarga munosabatim ularni cheklash kerak, degan qarashdan yiroq. Aksincha, jamiyat rivoji uchun jurnalistlar kabi blogerlar ham kerak. Faqat mustaqil fikr, hokimiyatni tanqid qilish, jamoatchilik nazorati, bularning barchasi faktlarga, kasb etikasiga, huquqiy madaniyatga va shaxsiy mas’uliyatga tayanishi lozim. Aks holda, so‘z erkinligi boshqa insonning huquqini buzish vositasiga aylanishi mumkin.
So‘z erkinligi katta kuch. Shuning uchun bugun biz blogerlarni cheklash haqida emas, axborot tarqatish madaniyati haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Chunki muammo blogerning o‘zida emas, uning qo‘lidagi imkoniyatdan qanday foydalanayotganida. Bir xabarni tekshirmasdan tarqatish, birovni dalilsiz ayblash yoki shaxsiy hayotini ommaga olib chiqish ortida haqiqiy insonning taqdiri turganini unutmaslik kerak.
Ehtiyotkorlik va mas’uliyat faqat blogerlarga tegishli emas. Jurnalist ham, amaldor ham, ijtimoiy tarmoqda o‘z fikrini bildirayotgan oddiy odam ham so‘zi uchun mas’ul. Zero, so‘z erkinligi bor joyda fikrlar xilma-xilligi ham, tanqid ham, bahs ham bo‘ladi. Muhimi, bularning barchasi haqiqatni izlashga xizmat qilsin, birovning huquqini poymol qilishga emas.
Azamat Ashirbayev,
huquqshunos
Mahalliy
O‘qituvchi bolalar qalbiga qanday yo‘l topmoqda?
Oddiy kunlarning biri, navbatda turibman, yonimda o‘tirgan ayol o‘qituvchi ekan va biz biroz uyoq-buyoqdan gaplashdik. Suhbatimiz tabiiyki bolalar tarbiyasiga borib taqaldi.
«O‘quvchilarimga birinchi sinfdanoq birovning haqiga tegmaslikni quruq nasihat bilan emas, hayotiy sinov orqali o‘rgataman. Masalan, stol ustiga hamma ko‘radigan qilib pul qo‘yaman. Agar bolalar tegishmasa — tahsinga sazovor, ularga minnatdorlik bildiraman. Agar kimdir olib qo‘ysa, (axir u qiziquvchan bolada) buni hech qachon ovoza qilmayman, sinfdoshlarining oldida uyaltirmayman. Bolaning o‘zi bilan ohista, hech kim bilmaydigan tarzda suhbatlashaman. Va qarabsizki, keyingi to‘rt yil davomida sinfda bemalol sumkamni ochiq holatda qoldiraveraman, hech kim tegmaydi…»
Ana shu oddiygina hangoma menga o‘qituvchi bilan yaqindan tanishish ishtiyoqini uyg‘otdi. Ba’zan ana shu kutilmagan tanishuv inson qalbini, haqiqiy qahramonni kashf qilishga turtki bo‘ladi. Suhbatdoshim Jumagul Yoqubova asli Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Xo‘sh, endigina 2-sinfga o‘tgan qirq nafar qolaversa, yana uch nafar alohida e’tiborga muhtoj bolajonlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lish — shunchaki oddiy o‘qituvchilik kasbimi yoki bolaning butun keyingi ta’limi va fe’l-atvoriga poydevor qo‘yadigan katta mas’uliyatmi? Suhbatimiz aynan shu haqda kechdi.
— Aytingchi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lish qiyinmi?
— Har kim ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘la olmaydi. Chunki bu kasb faqat bolaga harf tanitish, o‘qish va yozishni o‘rgatish bilan cheklanmaydi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bolaning qalbiga, dunyoqarashiga va kelajagiga ilk yo‘l ko‘rsatadigan yo‘lchi mayoq desak ham bo‘ladi.
Men har bir o‘quvchimga qaraganimda, uning kelajagini tasavvur qilishga harakat qilaman. Chunki bugun oldimda partada o‘tirgan kichkina bola ertaga jamiyatning turli sohalarida o‘z o‘rnini topadigan inson bo‘ladi. Uning ilk bilimlari, maktabga bo‘lgan munosabati, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi aynan boshlang‘ich sinflarda shakllanadi.
Shuning uchun o‘qituvchi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his qilishi kerak. Boshlang‘ich sinfda qo‘yilgan poydevor qanchalik mustahkam bo‘lsa, bolaning keyingi ta’lim bosqichlari ham shunchalik ishonchli bo‘ladi. Men uchun o‘quvchining darsdagi muvaffaqiyati bilan birga, uning inson sifatida shakllanishi ham juda muhim. Har bir bolaning qalbida bir olam bor. O‘qituvchining vazifasi esa ana shu olamni ko‘ra bilishdir.
— Bola maktabga ilk kelgan kuni uning muhitga moslashishiga qanday yordam berasiz?
— Men uchun birinchi navbatda bolaning ko‘zlari muhim. Maktabga ilk qadam qo‘ygan bolalarning nigohlarida turli savollarni ko‘rasiz. Bir bolaning ko‘zlari qiziqish va hayajondan yonib turadi. Boshqasida begona muhitdan qo‘rquv yoki tortinchoqlik, yana birida esa o‘ziga ishonchsizlik seziladi.
Shuning uchun men yangi o‘quvchilarim bilan ilk uchrashuvdayoq ularning nigohiga, o‘zini tutishiga va atrofdagilar bilan munosabatiga e’tibor beraman. Chunki har bir bola qalbiga bir xil kalit bilan yo‘l topib bo‘lmaydi. Kim bilandir ko‘proq suhbatlashish kerak, kimdir biroz vaqt o‘tib o‘zini erkin his qiladi. Ba’zi bolaga ko‘proq rag‘bat, boshqasiga talabchanlik kerak.
Yaxshi o‘qituvchi bolaning faqat daftaridagi yozuvni emas, uning ko‘zidagi savolni ham o‘qiy olishi lozim. Shunda bola o‘zini yaqin tutadi va bilim olish jarayoni ham tabiiy kechadi.
— Bugungi bolalar avvalgi avloddan ajralib turadi. O‘qituvchi telefon, multfilm va internet bilan raqobat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘quvchining diqqatini qanday ushlab turasiz?
— Bugungi bolalarning axborot olamiga kirish imkoniyati juda keng. Ular bizning bolaligimizga qaraganda ancha ko‘p narsani ko‘rishadi, eshitishadi va tez o‘zlashtirishadi. Shu bilan birga, ularning diqqati ham tez chalg‘iydi. Uzoq vaqt bir joyda o‘tirib, faqat tinglab turish ular uchun qiyin.
Shuning uchun o‘qituvchi ham zamon bilan birga o‘zgarishi kerak. Men dars jarayonida turli metodlar, didaktik o‘yinlar, jamoaviy topshiriqlar va kichik bellashuvlardan foydalanaman. Ba’zan bolaning e’tiborini tortish uchun u yaxshi ko‘radigan multfilm qahramonlari yoki zamonaviy texnologiyalarni darsga olib kiraman.
Telefonni faqat «dushman» deb bilish emas, undan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish kerak. Bola texnologiyaga qiziqayotgan bo‘lsa, o‘qituvchi shu qiziqishni ta’lim tomon burib yuborishi mumkin.
Albatta, faqat o‘yin bilan ta’lim berib bo‘lmaydi. Ba’zan talabchanlik va intizom ham kerak. Lekin bu talabchanlik bolaning ko‘nglini sindirish uchun emas, uni tartibga, mas’uliyatga va maqsad sari intilishga o‘rgatish uchun xizmat qilishi lozim.
— Baho bolani rag‘batlantiradimi yoki o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradimi? Siz uchun «yaxshi o‘quvchi» kim?
— Baho bolaning mehnatini ko‘rsatadigan vosita, lekin u ta’limning yagona maqsadi emas. Boshlang‘ich sinfda bolani avvalo o‘qishga qiziqtirish, unda «men ham uddalay olaman» degan ishonchni shakllantirish juda muhim. Shu sababli o‘quvchilarni rag‘bat va kichik sovg‘alar orqali qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman.
Masalan, sinfda o‘quvchilar bilan kichik «bank» tizimini tashkil qilganmiz. Bola yaxshi javob bersa, she’r yod olsa yoki darsda faol bo‘lsa, shartli «pul» yig‘ib boradi. Ma’lum vaqt o‘tgach, ular to‘plagan «mablag‘i» evaziga sovg‘a tanlashlari mumkin. Bu usul bolalarda mehnat va natija o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunishga yordam beradi.
Lekin men uchun «yaxshi o‘quvchi» — faqat hamma fandan a’lo baho oladigan bola emas. Savol beradigan, qiziquvchan, mustaqil fikrlaydigan, xato qilishdan qo‘rqmaydigan va o‘z fikrini ifodalay oladigan bola ham yaxshi o‘quvchidir. Vaqt o‘tishi bilan intilish baho uchun emas, bilim olish va o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishga xizmat qilishi kerak.
— Ota-onalarning farzandi ta’limiga aralashuvi qayergacha yordam, qayerdan boshlab o‘qituvchining ishiga xalaqit berishga aylanadi?
— Ota-ona maktabdan butunlay chetda turmasligi kerak. Chunki bolaning kayfiyati, qiziqishlari va uydagi muhiti haqida ota-onadan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga ega inson kam. O‘qituvchi esa bolaning maktabdagi faoliyati va tengdoshlari bilan munosabatini yaxshi biladi. Shu sababli ota-ona va o‘qituvchi hamkorligi qancha mustahkam bo‘lsa, bolaning rivojlanishi uchun shuncha yaxshi. Lekin bu hamkorlikning chegarasi bo‘lishi kerak. Ota-ona vazifani bolaning o‘rniga bajarib bermasligi, har bir xatosini yashirishga yoki bahosini sun’iy oshirishga urinmasligi lozim. Aks holda bola mas’uliyatni his qilmay qo‘yadi.
Ota-onalarga doimo shuni aytaman: farzandingizning uy vazifasini bajarib berish yordam emas. Ba’zan unga xato qilish, o‘ylash va o‘z kuchi bilan natijaga erishish imkonini berish — eng katta ko‘makdir.
— Bolalar uchun ma’lumot manbalari juda ko‘p. Lekin axborot ko‘pligi hali bilim degani emas. Boshlang‘ich sinfda bolaga nimani ko‘proq o‘rgatish kerak, ko‘p narsani bilishnimi yoki to‘g‘ri fikrlashni?
— Bugungi davrda ma’lumot topish muammo emas, internetdan bir necha soniyada minglab javob chiqadi. Shu sababli zamonaviy maktabning vazifasi faqat «ko‘p narsani biladigan» bolani emas, balki topgan ma’lumotini tushuna oladigan, tahlil qiladigan va undan to‘g‘ri foydalana oladigan shaxsni tarbiyalashdir.
Boshlang‘ich sinfda savodxonlik, matematika, tabiatshunoslik bo‘yicha mustahkam poydevor beriladi. Ammo bilim bilan bir qatorda mustaqil fikrlash, savol berish, jamoada ishlash va o‘z fikrini asoslab berish kabi ko‘nikmalar shakllanishi zarur.
Darslarimda bolalarga tayyor javobni berishdan ko‘ra: «Nima deb o‘ylaysan?», «Nega shunday deb hisoblaysan?», «Boshqa qanday yechim bo‘lishi mumkin?» kabi savollarni ko‘proq beraman. Bola o‘qituvchidan olgan axborotni unutishi mumkin, lekin unda mustaqil fikrlash odati shakllansa, kerakli bilimni ertaga o‘zi izlab topa oladi.
— Sun’iy intellekt bolalar hayotiga ham kirib keldi. Bundan cho‘chish kerakmi yoki to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish mumkinmi?
— Sun’iy intellektni ta’lim uchun foydali vositaga aylantirish mumkin, ammo bunda eng katta mas’uliyat o‘qituvchiga tushadi. Bolaga undan foydalanishni taqiqlashdan ko‘ra, to‘g‘ri ishlatishni o‘rgatish muhim.
O‘quvchilarga sun’iy intellekt ularning «o‘rniga o‘ylaydigan» vosita emas, balki izlanishga yordam beradigan yordamchi ekanini tushuntirish kerak. Masalan, undan mavzuni soddaroq tushuntirishni so‘rash, misollar topish yoki o‘z ishini tekshirtirish mumkin. Lekin tayyor javobni ko‘chirib olish mustaqil fikrlashga zarar yetkazadi. Eng muhimi, bola sun’iy intellekt bergan ma’lumotni tekshirib ko‘rishni ham bilishi lozim.
— Sinfingizda jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilar ham bor ekan. Inklyuziv ta’lim muhitida bolalar bir-birini qanday qabul qiladi?
— Ba’zan bolaning xulqi va tengdoshlariga munosabatidan oiladagi muhit seziladi. Lekin shoshilinch xulosa chiqarmaslik, avvalo bolani tushunishga harakat qilish kerak.
Sinfimdagi jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga kelsak, men ularni boshqalardan aslo ajratmayman. Eng avvalo, bolaga «sen boshqachasan» degan tuyg‘u berilmasligi kerak. Ular uchun zarur sharoit yaratamiz, topshiriqlarni imkoniyatiga moslashtiramiz.
Inklyuziv ta’limning mohiyati ham shunda, har bir bola o‘zini shu sinfning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishi kerak. Buning natijasida sog‘lom bolalar ham juda katta insoniylik sabog‘ini olishadi: sabr, mehr, hamdardlik va boshqalarni qadrlashni o‘rganishadi. Mehr va o‘zaro yordam mavjud bo‘lgan sinfda bola nafaqat bilim oladi, balki chin inson bo‘lib shakllanadi…
Suhbatdoshim bilan xayrlashar ekanman, xayolimdan bir fikr o‘tdi: ba’zan biz ta’limni murakkab dasturlar, zamonaviy texnologiyalar va baholar tizimidan iborat, deb o‘ylaymiz. Vaholanki, aslida hammasi juda oddiy va hammasi bolaning ko‘zlaridagi savolni o‘qiy oladigan, uning xatosini ayblamay, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladigan oddiy muallimning mehridan boshlanadi.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Mahalliy
50 ming dollar — mening oylik maoshim emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli edi…
Ustozlik — inson hayotiga ta’sir o‘tkazish, uning kelajagiga daxldor qarorlarga sababchi bo‘lish demak. Ayniqsa, bu kasbni yillar davomida chekka hududda sidqidildan ado etib, ilmiy izlanishni ham, oilaviy mas’uliyatni ham birdek yelkada ko‘tarib kelayotgan pedagog uchun e’tirofning har qanday shakli ortida katta mehnat va mas’uliyat bor.
Qoraqalpog‘istonlik pedagog, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nigora Allambergenova ana shunday ustozlardan biri. Uning kasbiy faoliyatida maktab, ilm-fan va shogirdlar hayoti bir-biridan ayro tushmaydi. Ustozlik unga oiladan meros bo‘lgan qadriyat bo‘lsa, ilmiy izlanish uning dunyoqarashini boyitgan, shogirdlarining yutuqlari esa mehnatining eng katta mukofotiga aylangan. Ayniqsa, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uning hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi…
— Nigora opa, bugun sizni xalqimiz «Yil o‘qituvchisi» va 616 million so‘mlik mukofot sohibasi sifatida yaxshi taniydi. Ammo bu mukofotlarni bir chetga surib qo‘ysak, o‘zingizni yana qaysi yutuqlaringiz, ta’lim sohasiga qo‘shgan hissangiz bilan kim deb tanishtirgan bo‘lardingiz?
— Avvalo, men o‘zimni oddiy maktab o‘qituvchisi, Qonliko‘l tumanidagi maktabda faoliyat yurituvchi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan pedagog va ilmiy izlanishdan to‘xtamaydigan tadqiqotchi sifatida tanishtirgan bo‘lardim. «Yil o‘qituvchisi» unvoni men uchun katta sharaf, ammo mening eng katta yutug‘im shogirdlarimning natijasi.
— Nega aynan o‘qituvchi bo‘lishni tanlagansiz, kim sababchi bo‘lgan bu sohani tanlab, shu darajaga yetishishingizga?
— Bolalikdan o‘qituvchilik muhitida ulg‘ayganman. Ota-onam, bobom, buvim, amakim va ammalarim ham o‘zbek tili o‘qituvchisi bo‘lgan. Dadam Qurbaneyazov Gulmurza — Ajiniyoz nomidagi NDPI professori, fan doktori. Onam Sobirova Hakima Nukus shahridagi 38-sonli maktabda o‘zbek tili fani o‘qituvchisi. Opam Allambergenova Nodira ham filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent. Ona tomondan katta bobom Xivadagi madrasada xon farzandlariga ta’lim bergan. Shuning uchun oilamizda bu kasbga alohida hurmat bilan qaraladi.
Men juda kichikligimdan ilm muhitida ulg‘ayganman. Olti yoshimdayoq barcha harflarni tanirdim. 1997-yilda dadam fan nomzodi bo‘lgan. Undan oldin ilmiy ishini yozuv mashinasida yozardi. Men esa yonida o‘tirib, kitobdan belgilangan joylarni o‘qib turardim. Aks holda bir vaqtning o‘zida kitobga ham, yozuv mashinasiga ham qarash ko‘p vaqt olardi.
13 yoshimda birinchi kompyuterimizni oldik. Dadam doktorlik ishini qo‘lda yozar, men esa kompyuterda ko‘chirib berardim. Shunday qilib, ilmga kirib kelganman. Institutda ham ustozlarim bilan birdek mulohaza yurita olardim, garchi hali ilmiy darajam bo‘lmasa ham.
— Bugungi Nigora Allambergenova o‘zi o‘quvchilik yillaridagi Nigora bilan uchrashsa, unga birinchi navbatda nima degan bo‘lardi?
— «Sen to‘g‘ri ketyapsan, faqat to‘xtama», derdim. Chunki inson o‘z yo‘liga ishonch bilan borsa, natija albatta bo‘ladi. Balki o‘sha paytda bugungi kunlarimni tasavvur ham qilmagandirman. Lekin orzu qilishdan va harakat qilishdan to‘xtamagan bo‘lardim.
— Qonliko‘lda ishlashning shaharda o‘qituvchilik qilishdan farqi nimada, deb o‘ylaysiz? Bu hududda pedagog bo‘lishning siz aytmagan, faqat o‘zingiz biladigan qiyin va o‘ziga xos tomoni nimada?
— Qishloqda o‘qituvchini nafaqat o‘quvchisi, balki uning ota-onasi, mahallasi ham taniydi. Shuning uchun siz har bir harakatingiz bilan o‘quvchiga ham, jamiyatga ham namuna bo‘lasiz. Qishloqda o‘qituvchilar juda qadrlanadi. O‘quvchilar bilan samimiy munosabat o‘rnatish imkoniyati bor. Ammo imkoniyatlar o‘quvchilarga shahardagi bolalar bilan teng bilim berish uchun o‘qituvchidan yanada ko‘proq izlanish talab etiladi.
— Sizni ishdan ketish yoki boshqa kasb tanlash haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilgan voqea bo‘lganmi?
— Jiddiy ravishda kasbimni tashlash haqida o‘ylagan davrim bo‘lmagan. Albatta, har bir kasbda qiyinchiliklar bo‘ladi. Lekin o‘quvchining bir og‘iz yaxshi gapi yoki kichik yutug‘i ham insonga yana kuch beradi. Ba’zida o‘quvchilar «Maylimi siz bilan do‘stona gaplashsam», deb kelishadi. Ularni tinglab, meni o‘ziga yaqin olayotganliklaridan quvonaman. Sizni o‘z idealidagi inson sifatida ko‘ra olsa, har qanday o‘quvchi sizga ergashadi.
— Olis hududda ishlayotgan o‘qituvchi uchun eng katta muammo — maosh, sharoit, kadrlar, o‘quvchilar imkoniyati yoki boshqa narsami?
— Menimcha, bitta muammoni ajratib ko‘rsatish qiyin. Sharoit, kadrlar, o‘quvchining imkoniyati — bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq. Lekin eng muhimi yaxshi mutaxassisni hududda ushlab qolish. Chunki aksariyat bilimli va yaxshi kadrlar doim markazga intiladi.
— Sizda «shu bolaning hayoti o‘zgarsa, mening mehnatim bekor ketmabdi», degan hisni uyg‘otgan o‘quvchingiz bormi?
— Albatta, bunday o‘quvchilar bor. O‘quvchining siz bergan bilimdan foydalanib, o‘z yo‘lini topganini ko‘rish — o‘qituvchi uchun eng katta mukofot.
Bir oilada faqat qiz bolalar edi. Dadasi qizlarini «o‘g‘il emas», deb ba’zan xafa bo‘lardi. O‘sha qiz juda yaxshi o‘qib, tanlovlarda qatnashdi. O‘qishga kirdi va o‘zining hech bir o‘g‘ildan kam emasligini isbotladi.
— O‘quvchilaringiz sizning «Yil o‘qituvchisi» bo‘lganingizni qanday qabul qildi? Ular orasida sizga aytilgan eng ta’sirli gap qaysi?
— Juda samimiy qabul qilishdi. Ayniqsa, kichik yoshdagi o‘quvchilarning munosabati menga juda ta’sir qildi.
2024-yilda davlatimiz rahbari bilan ilk muloqotimni 2-sinf o‘quvchisi ko‘rgan ekan. Keyin menga: «Ustoz, Prezident bilan telefonda gaplashgandingizmi?» deb so‘radi. «Ha, gaplashdim», desam, «sizda ularning raqami bormi», deydi. Bu oqko‘ngillik va samimiyat to‘la ko‘zlarni sira unutmasam kerak. Men o‘shanda unga «Hozircha yo‘q, nasib shunday kunlar kelib qolar» deb javob bergandim.
— Prezident bilan muloqotda siz «50 ming dollar olyapman», dedingiz. Bu jumla jamoatchilikda turlicha talqin qilindi. Aniqlik kiritadigan bo‘lsak, 50 ming dollar — sizning oylik maoshingiz emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli, shundaymi?
— Ha, bu hayajonga to‘la so‘zlar edi. Bu mening oylik maoshim emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli edi. Yaratilgan imkoniyatlar uchun yurtboshimizga o‘z minnatdorchiligimni aytmoqchi edim. Avvalgi muloqotda «4 ming dollar maosh oling», deb aytganlarini eslab, bugun ham izlanishdaman, sizning oldingizdagi va’damni bajardim, demoqchi edim aslida. Bu tushunmovchilik uchun barchadan uzr so‘rayman.
— Ikki yil avval muhtaram Prezidentimiz bilan suhbatda 2 ming dollar maosh olishingizni aytganingizda, ular maoshingiz 4 ming dollarga yetishiga umid qilgandilar. Sir bo‘lmasa, hozirgi oylik maoshingiz qancha? 616 millionlik mukofotdan keyin doimiy oylik daromadingiz o‘zgarganmi?
— Hozirgi oylik daromadim 26 million so‘m. Bundan tashqari, uch yildan buyon «Vazir ustamasi»ni ham olyapman. 24 soat darsim bor, 300 foiz ustama egasiman.
— O‘sha kuni Prezidentga «50 ming dollar olyapman», deganingizda, bu gapingiz qanday tushunilishi haqida o‘yladingizmi yoki o‘sha lahzada hissiyot ustun keldimi?
— O‘sha lahzada hissiyot ustun kelgan. Men oddiy maktab o‘qituvchisiman va so‘zlarim yurakdan chiqdi. Videomuloqot bo‘lsa ham, Prezident bilan muloqotning o‘zi insonda katta hayajon uyg‘otar ekan, salobatlari bosar ekan.
— Ijtimoiy tarmoqlarda tushunmovchilik sabab negativlar juda ko‘paydi, ularni o‘qib ko‘nglingizdan nimalar o‘tdi?
— Albatta, og‘ir ta’sir qildi. O‘quvchilarim, ota-onam, farzandlarim o‘qiganidan juda uyaldim. Bu tanlovda qatnashish 3 bosqichdan iborat edi. Farzandlar, oila, ro‘zg‘or va maktabdan bo‘sh vaqtimda necha tunlar bedorlikda tayyorgarlik ko‘rdim. Ustozlarimdan maslahat oldim. Huddi Martin Iden kabi uyqu vaqtini 4 soat qilib belgilab oldim. Insonni noto‘g‘ri tushunishlari, aytmagan ma’noni gapiga yuklashlarini qabul qilish oson emas.
— Prezidentning siz aytgan gapga munosabatini eshitgan paytingizda nimani his qildingiz?
— U kishining xursand bo‘lib ketganlarini ko‘rib, o‘zim ham juda hayajonlanib ketdim. Ularning maqtovlarini «qani endi dadam ham eshitsalar», degan o‘y eng birinchi hayolimga keldi. Chunki ilm yo‘lidagi ilk ustozim — bu dadam.
— 616 million so‘mlik mukofot puli qo‘lingizga tekkan ilk daqiqada birinchi bo‘lib nimani o‘yladingiz?
— Avvalo, Allohga shukurlar aytdim. Buni ta’riflash qiyin. Shu bilan birga, bu mukofot menga yanada katta mas’uliyat yuklaganini his qildim. Attestatsiya sinoviga kirayotganimda juda istagan edim. «Allohim, shu mukofotni menga nasib qilgin», deb juda niyat qilgan edim.
— Sizningcha, o‘qituvchi mehnatini katta pul mukofoti bilan rag‘batlantirish pedagoglarning kasbga munosabatiga qanday ta’sir qiladi?
— Bu, avvalo, o‘qituvchi mehnati jamiyat tomonidan qadrlanayotganini ko‘rsatadi. Moddiy rag‘bat insonga katta motivatsiya beradi. Lekin o‘qituvchilikni faqat pul uchun tanlab bo‘lmaydi. Chunki har kuni bola bilan ishlash, uning muammosini tushunish, o‘z ustida ishlash uchun kasbga mehr ham kerak.
— Mukofot puli olganingizdan keyin odamlarning sizga munosabati o‘zgardimi, hamkasblaringiz buni qanday qabul qildi?
— Hamkasblarim juda yaxshi qabul qilishdi. «Siz bunga loyiqsiz», «Sizga ishonar edik», «Halolingiz bo‘lsin», degan gaplarni aytishdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar sabab, o‘zimni juda yomon his qildim. Lekin jamoam meni doimo qo‘llab-quvvatladi. Bu men uchun juda muhim. Ahil jamoamga har doim rahmat aytaman.
— Prezident bilan ikki marta muloqot qilgan inson sifatida ayta olasizmi, birinchi uchrashuvingizdagi Nigora bilan bugungi Nigora o‘rtasida qanday farq bor? Keyingi galgi uchrashuv nima munosabat bilan bo‘lishini istardingiz?
— Bundan oldingi muloqotda eng chekka hududda yashasam ham, oddiy maktab o‘qituvchisi bo‘lsam ham, inson qadriga sadoqat bilan xizmat qilsa, «mo‘jizalar» yuz berishini his qildim. Keyingi gal Prezidentimiz bilan Qo‘rako‘lda uchrashishni istar edim.
— Ko‘pincha muvaffaqiyatli inson haqida gapirganda uning ortidagi oila a’zolarining ham mehnatini unutib qo‘yamiz. Sizning yutug‘ingiz ortida kimlarning mehnati bor?
— Bu yutuq ortida, birinchi navbatda, oilam bor. Meni hamisha tushunib, qo‘llab-quvvatlaydigan yaqinlarim boriga shukur. Shu fursatdan foydalanib, turmush o‘rtog‘im, qaynonam va farzandlarimga rahmat aytaman.
— Ish, ilmiy izlanishlar va oilaviy hayot o‘rtasida muvozanatni qanday saqlaysiz?
— Oson emas. Kunduzi oddiy ona, uy bekasi va ustozman. Ilmiy ishlarim bilan asosan tunda yoki tongda shug‘ullanaman.
— Filolog-tadqiqotchi sifatida o‘zbek va qoraqalpoq tillarining frazeologiyasi bo‘yicha tadqiqot olib borgan ekansiz, PhD dissertatsiyasini himoya qildingizmi? Tadqiqot ishingiz orqali qanday yangilik qila oldingiz yoki endi qilmoqchisiz?
— Ha, 2023-yil 18-martda ilmiy ishimni himoya qilganman. Ilmiy rahbarim — Xudayarova Muhabbat bilan tadqiqotimizda o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi nutq ma’noli frazemalarni qiyoslab, ma’nolarini tahlil qildik. Bu qoraqalpoq grammatikasida o‘rganilmagan yo‘nalish edi.
— Ilmiy izlanishlaringizda o‘rgangan narsalaringiz dars berish uslubingizni o‘zgartirganmi?
— Albatta, chunki ta’lim jarayoni qoraqalpoq tilida bo‘lgan maktabda dars beraman. Ilmiy ish sabab bu tilni ham mukammal o‘rganib, o‘quvchilarimga mavzularni ikki tilda solishtirib, o‘rgata olyapman.
— Sizning eng katta tanqidchingiz kim — o‘zingizmi, yaqinlaringiz yoki hamkasblaringizmi?
— Ham tanqidchim, ham ustozim — dadam. Ular eng yaqin maslahatchim.
— Uyga charchab qaytgan kuningizda ham ertangi dars haqida o‘ylaysizmi? Yoki ishni maktabda qoldirib ketishni o‘rganganmisiz?
— Hech qachon ishim maktabda qolmaydi, menimcha. Ko‘pincha o‘qituvchilar farzandidan ham ko‘proq o‘quvchilarini o‘ylab yashaydilar. Men ham doimo o‘quvchilarimni o‘ylab yuraman. Ularning kichik yutug‘i ham meni quvontiradi.
— Ota-onangiz bugungi yutug‘ingizni ko‘rib, sizga nima dedi? Ularning qaysi gapi siz uchun eng ta’sirli bo‘ldi?
— «Qizim, Sirojiddin Sayyid boshqa hech qaysi Nigora ustoz haqida she’r yozmagan. Sen yurtboshimizning yodida qolgansan. Bu o‘qituvchi uchun eng katta sharaf» deyishdi.
— Agar bugungi mukofot, Prezident bilan muloqot va «Yil o‘qituvchisi» unvoni hamda hozirgidek yuqori maoshingiz bo‘lmaganida ham, ertaga yana maktabga borishga sizni nima undardi?
— Hayotim mazmuniga aylangan jonajon maktabim, o‘quvchilarim. Bir kun bormay qolsam, sog‘inib qolaman.
— O‘qituvchi uchun yaxshi maosh muhimmi yoki jamiyatdagi hurmat?
— Hurmat va e’tibor muhim.
— Bugungi bolalarni o‘qitish qiyinlashdimi yoki fanlar avvalgidan qiyinlashdimi? Balki biz, kattalar, hozirgi zumerlarni tushunishga harakat qilmayotgandirmiz?
— Bolalar nimani bilishini, qaysi fanni o‘rganishni, qaysi mavzuga qiziqishini bilmasangiz, yaxshi o‘qituvchi bo‘la olmaysiz. Ularni qalban his qila olsangizgina sizni hurmat qilishadi.
— O‘quvchining bahosi past bo‘lsa, siz birinchi navbatda bolani ayblaysizmi yoki «men bu bolaga bilimni boshqacha usulda tushuntirishim kerak», deb o‘ylaysizmi?
— Avvalo, o‘zimni ayblayman. «Nega o‘zlashtira olmayapti?», deb o‘ylayman. Keyingi darsimda o‘sha o‘quvchimga ko‘proq e’tibor beraman.
— Bugungi kunda davlat maktablari avvalgidek dars bermayotgandek, puli bor inson iloji boricha farzandini xususiy maktabga berishga intiladi. Bunga o‘qituvchilar aybdormi yoki maoshlar kamligi sababmi?
— Jamiyatda shunday fikr shakllanib qolgan. Aslida hali ham fidoyi hamkasblarimiz bor. Ularning shogirdlari tushdan keyin maktabga kelib to‘garaklarda qatnashib, hatto qo‘shimcha ishlab ham turli sertifikatlarni olayotganlar bor. Lekin ota-onalar ko‘p hollarda repetitorni afzal ko‘rishadi.
— Siz o‘quvchilarni faqat fan bo‘yicha o‘qitasizmi yoki uni hayotga tayyorlashni ham o‘z vazifangiz deb bilasizmi?
— Faqat fanni emas, hayotni ham o‘rgatish kerak, deb bilaman. O‘quvchilarga to‘g‘rilik, halollik, do‘stlikni qadrlash, mehnat qilish va insonni hurmat qilishni o‘rgatishga harakat qilaman. Chunki maktab faqat bilim beradigan emas, inson shaxsi shakllanadigan muhit.
— Hayotingizda hech kim bilmaydigan, lekin bugungi Nigora bo‘lishingizga sabab bo‘lgan bir qiyin davr bo‘lganmi?
— Hayotimda bir farzandimni baxtsiz hodisa sabab yo‘qotganman. Bu og‘riqni so‘z bilan ifodalash qiyin. Lekin bu voqeadan olgan eng katta sabog‘im boladan qadrli hech bir ne’mat yo‘q. Shuning uchun har bir o‘quvchimga kimningdir jondek aziz farzandi sifatida qarayman. Unga shunday munosabatda bo‘lish kerakki, ertaga qilgan ishingizdan afsus chekmasligingiz kerak.
— Siz uchun eng katta qo‘rquv nima — muvaffaqiyatsizlikmi yoki muvaffaqiyatdan keyin unga mos bo‘la olmaslikmi?
— Muvaffaqiyatga munosib bo‘la olish eng qiyini.
— Bugun minglab o‘qituvchilar sizga havas bilan qarashadi. Sizning ularga aytar gapingiz?
— Har bir o‘quvchingizni o‘z farzandingizdek ko‘ring. Ulardagi imkoniyatni ko‘rishga harakat qiling va o‘zingizda bor bilimni berishga erinmang. Doimo o‘qing, o‘rganing, o‘z faningizdagi yangiliklarni kuzatib boring. Eng muhimi, kasbingizni seving!
— Kun kelib o‘quvchilaringiz xotirasida qaysi gapingiz bilan qolishini istar edingiz?
— Faqat yaxshi xotiralar bilan eslashlarini xohlardim.
— Bugun sizga «Yil o‘qituvchisi» degan unvon berildi. Ammo o‘zingiz uchun hali olinmagan eng katta unvon yoki erishilmagan eng katta maqsad nima?
— «Xalq o‘qituvchisi» bo‘lish!
Yana bir katta maqsadim o‘quvchilarimni asosiy olimpiadaning respublika bosqichida g‘olib qilish. Chunki shogirdlarning muvaffaqqiyati — ustozning eng katta yutug‘idir!
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi
Mahalliy
g‘oliblarga oliy ta’limga kirishda imtiyoz beriladi
O‘zbekistonda o‘quvchilar o‘rtasida «Jadidlar izidan» tanlovining yangi mavsumi boshlanmoqda. Tanlovda jadid ma’rifatparvarlarining hayoti va ijodini o‘rganish, asarlaridagi g‘oyalarni tahlil qilishga qiziqqan 6-8 hamda 9-10-sinf o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
Respublika «Kelajak» markazi tomonidan tashkil etilayotgan tanlovning tuman va shahar bosqichlari oktyabr oyida, hududiy bosqichi noyabrda, respublika bosqichi esa dekabr oyida o‘tkaziladi.
Dastlab o‘quvchilar jadidlar hayoti va ijodiga oid test hamda og‘zaki savollarga javob beradi. Keyingi bosqichda boshqotirma yechish, belgilangan asarlarni tahlil qilish va insho yozish vazifalari beriladi.
Finalga yo‘llanma olgan ishtirokchilar jadidlar haqidagi bilimlarini namoyish etish bilan birga, o‘zlari tanlagan mavzu bo‘yicha loyiha taqdim etadi. Loyihalar maktab, milliy ta’lim, xorijiy ta’lim tajribasi, til, ekologiya, teatr, tarix, kasb-hunar, matbuot, milliy qadriyatlar va xotin-qizlar kabi yo‘nalishlarda tayyorlanishi mumkin.
Tanlovga tayyorgarlikni maktablardagi «Jadidlar izidan» klublaridan boshlash mumkin. Prezidentning 2026 yil yanvardagi qaroriga muvofiq, klub a’zolari o‘qigan kitoblarini muhokama qiladi va yil davomida kamida 20 ta asar mutolaa qiladi. Eng faol klub a’zolarini har chorakda rag‘batlantirish belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, tanlovning o‘tgan yilgi mavsumida 656 171 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. G‘oliblar Germaniyadagi Berlin va Gamburg universitetlari bilan tanishgan.
Joriy mavsumda ham eng yuqori natija ko‘rsatgan 14 nafar o‘quvchi xorijiy ta’lim sayohatiga yuboriladi.
Respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan bitiruvchilarga oliy ta’lim muassasalaridagi kasbiy (ijodiy) imtihonda eng yuqori ball ajratilgan fandan maksimal ball olish imtiyozi beriladi. Ushbu imtiyozdan tanlov o‘tkazilgan kundan boshlab bir yil davomida foydalanish mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar 15 oktyabrga qadar «jadidlarizidan.uz» platformasi orqali qabul qilinadi. Saytda 6-8 va 9-10-sinf o‘quvchilari uchun alohida ro‘yxatdan o‘tish shakllari mavjud.
Mahalliy
Bilim va malaka — taraqqiyotning asosiy kapitali
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan ta’lim tizimiga, xususan yoshlarning zamonaviy bilimlarini oshirish, intellektual salohiyatini boyitish, ularning zamon bilan hamnafas, yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi uchun berilayotgan e’tibor yurtimiz taraqqiyotiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli sarmoya sifatida katta ahamiyat kasb etib bormoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 28-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan 7 ta milliy dasturni ilgari surdi.
Ularning dastlabki va strategik yo‘nalishlaridan biri — bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdir. Zero, zamonaviy dunyoda raqobat nafaqat tabiiy boyliklar yoki moliyaviy resurslar, balki bilimli, malakali, yangilikka intiluvchan va yuksak salohiyatli insonlar uchun ham kechmoqda.
Shu nuqtai nazardan, ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, har bir bolaga munosib ta’lim olish imkoniyatini yaratish, o‘qituvchi va pedagoglarning maqomi hamda kasbiy salohiyatini yuksaltirish — mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biridir.
Ayniqsa, Davlatimiz rahbari boshchiligida so‘nggi o‘n yilda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilgan transformatsiya sohani butunlay yangi qiyofa va yangi bosqichga olib chiqdi, desak xato bo‘lmaydi.
Buning natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2016-yilda 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 78 foizni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga joriy yil davomida 811 ming nafardan ortiq 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlovga jalb qilish natijasida qamrov ko‘rsatkichini 99,3 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrovini oshirishda yana bir katta ahamiyatga ega bo‘lib borayotgan «Aqlvoy» loyihasi doirasida olis va chekka hududlarga qadar ushbu ta’lim turi yetib borayotganligi yurtdoshlarimizga katta manzur bo‘lib borayotganligi ham sir emas.
Ayni vaqtga qadar mamlakatimizdagi shu kabi olis hududlarda joylashgan 216 ta mahallada 648 ta ko‘chma mobil guruhlari tashkil etildi hamda 10 ming nafardan ortiq bolalar maktabgacha ta’limga qamrab olindi.
Maktabgacha ta’lim sohasidagi pedagoglar soni va ularning malaka darajasi ham yildan yilga ortib bormoqda. Misol uchun, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi jami pedagoglar soni 58,4 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 179,5 ming nafarga yetdi.
Birgina 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida 118 ta DXSh asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida 13 779 ta, 1 100 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida 42 790 ta, jami 56 569 ta yangi bola o‘rni yaratildi.
Ta’lim jarayonlarini izchil davom ettirish hamda o‘quvchilarga munosib shart-sharoitlarni yaratib berishda ta’lim sohasi infratuzilmasini doimiy rivojlantirib borish zarur va bu boradagi ishlar ham davlatimiz tomonidan muntazam olib borilmoqda.
Xususan, 2024-2025 yillarda jami 1 379 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan bo‘lib, buning natijasida umumta’lim maktablarida jami 400,7 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi va ushbu ishlarga qariyb 6,9 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Joriy yilda ham barcha dasturlar doirasida 768 ta maktabda qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur maqsadlar uchun budjetdan 5,9 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Yurtimizning kelajagi bo‘lgan yigit-qizlarni har tomonlama yetuk va bilimli shaxslar etib tarbiyalash, ularning intellektual salohiyatini xalqaro minbarlarga olib chiqish bugun har qachongidan ham muhim va dolzarb bo‘lib borayotganligini ta’kidlashni istardim.
Bu borada O‘zbekistonda fan olimpiadalariga qaratilayotgan katta e’tibor va yaratilgan shaffof tizim katta yutuqlarimizga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, mamlakatimiz yoshlarining joriy yilda 5 ta nufuzli xalqaro olimpiadada 20 ta — 1 ta oltin, 8 ta kumush va 11 ta bronza medalni qo‘lga kiritishganligini aytishning o‘zi yetarli.
2026 yilda iqtidorli o‘quvchilarimiz tomonidan 28 ta nufuzli xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda jami 228 ta — 38 ta oltin, 82 ta kumush va 108 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.
Bu natijalar mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tizimli tayyorlash, g‘olib o‘quvchilar hamda ularning ustozlarini munosib rag‘batlantirish sharoitlari o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi izchil va uzluksiz islohotlarning bosh maqsadi maktablarimizda ta’lim sifatini oshirish hamda farzandlarimizning yuqori bilim va malakaga ega bo‘lishidir.
Shu maqsadda vazirlik tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga xorijiy tillarni o‘qitish maqsadida 2023-2026-o‘quv yillari davomida umumiy hisobda 2200 nafarga yaqin xorijiy mutaxassis jalb qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son farmoniga muvofiq, 2026-2027 o‘quv yili davomida umumta’lim muassasalariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar sonini 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Maktablarda chet tili fanini o‘qitish sifatini yanada yaxshilash maqsadida Toshkent shahrida joriy etilgan «Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi ham bugungi kunda o‘z ijobiy samarasini berayotganligi quvonarli hol.
2025-2026 o‘quv yili davomida mazkur loyiha doirasida Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida xorijiy til bilish ko‘nikmalari bo‘yicha baholash jarayonlari tashkil etildi va unda 10 ming nafardan ortiq o‘quvchilar B1 va undan yuqori natijalarni qayd etishdi.
Shu o‘rinda ta’lim tizimining yana bir muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatiga to‘xtalib o‘tishni xohlardim.
2019-yilda tashkil etilgan mazkur tizimda dastlab 16 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 15 baravarga oshib, 249 taga yetdi.
Ayni vaqtda mazkur maktablarda 88 mingga yaqin o‘quvchiga 9 mingdan ziyod pedagog tomonidan zamonaviy ta’lim dasturlari asosida ta’lim-tarbiya berilmoqda. Shuningdek, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda STEM fanlarini bosqichma-bosqich ingliz tilida o‘qitish amaliyoti kengaytirilmoqda.
Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlashga qaratilgan “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi yo‘lga qo‘yilib, dastur doirasida 3 000 nafar o‘quvchi maxsus tayyorgarlikka jalb etilgan.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘quvchilarning xalqaro maydondagi yutuqlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025-yil davomida Agentlik tizimi o‘quvchilari nufuzli xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 127 ta — 24 ta oltin, 46 ta kumush va 57 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
2025-2026 o‘quv yilida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 34 nafar 11-sinf o‘quvchisi dunyoning TOP-300 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalariga 100 foizlik grant asosida muddatidan oldin qabul qilindi.
Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatov Massachusetts Institute of Technology — MIT universitetiga, Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Dilafro‘z Sobirova esa Garvard universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilindi.
Umuman olganda, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida olib borilayotgan keng va hayotiy islohotlar bugun tom ma’noda o‘z samarasini ko‘rsatyapti, desam adashmayman.
Davlatimiz rahbarining mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va unda muhim dasturlardan biri sifatida belgilangan bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish — chinakam ma’noda bugun katta va ezgu maqsadimizga aylanib borayotganligi bor gap.
Bu hayotiy tashabbuslar esa har bir yurtdoshimiz hayoti va turmush tarzining o‘zgarishi, yoshlarimizning kelajakda munosib barkamol avlod bo‘lib kamol topishida muhim asos bo‘lib xizmat qilishi, tabiiy.
E’zoza Karimova,
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
Mahalliy
O‘zbekistonda Amir Temur nomli davlat stipendiyasini joriy etish taklif qilinmoqda
O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlarining iqtidorli talabalari uchun Amir Temur nomli davlat stipendiyasini joriy etish taklif etilmoqda.
Bu Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasida belgilangan.
Loyihaga ko‘ra, Amir Temur nomli davlat stipendiyasi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarining oxirgi ikki kursida tahsil olayotgan talabalarga berilishi mumkin.
Har bir oliy ta’lim tashkiloti uchun mazkur stipendiya soni bittadan belgilanishi taklif qilinmoqda.
Talabgor a’lo o‘qishi, ilmiy yoki ijodiy ishlar bilan shug‘ullanishi, konferensiya va tanlovlarda ishtirok etishi, O‘zbekiston tarixi, davlat tili hamda kamida bitta xorijiy tilni bilishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, Amir Temur nomli stipendiyaga da’vogarning bitiruv malakaviy ishi Amir Temur va temuriylar merosiga bag‘ishlangan bo‘lishi yoki shu yo‘nalishda kamida ikkita ilmiy ishi e’lon qilingan bo‘lishi taklif etilgan.
Loyihaga muvofiq, tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilgan talabgorlar hujjatlarini har yili 5–15 sentyabr kunlari my.edu.uz tizimiga yuklaydi. Stipendiya tayinlash bo‘yicha tavsiyanomalar esa 5–25 oktyabr kunlari ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalarni bakalavriatni tugatgandan keyin bir yil ichida magistraturaning kunduzgi ta’lim shakliga tanlovsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish taklif qilinmoqda.
-
Jamiyat4 days ago
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
-
Jamiyat3 days ago
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
-
Jamiyat4 days ago
Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
-
Jamiyat4 days ago
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
