Jamiyat
Rossiya va Qozog‘istondan noqonuniy olib kelingan 5,3 mlrd so‘mlik dorilar to‘xtatib qolindi
Mamlakatga sifati kafolatlanmagan tovarlarning noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilishiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasidan yurtimizda faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar nomiga yuborilgan tovarlar ortilgan 2 ta “GAZ” rusumli yuk avtotransport vositalari Toshkent viloyatidagi “Yallama” chegara-bojxona postiga “qizil yo‘lak”da kirib kelganlaridan so‘ng, ularni to‘liq bojxona ko‘rigidan o‘tkazish maqsadida bojxona xodimi kuzatuvi ostida, belgilangan manzil bojxona postiga yo‘naltirildi.
Lekin, yarim yo‘lda bojxona xodimi mashinalarni belgilangan manzilgacha kuzatib bormasdan, ularni nazoratsiz qoldirib, erkin harakatlanishlariga zamin yaratgan.
Bundan foydalangan haydovchilar yo‘nalishni o‘zgartirib, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroning xonadoniga borishgan.
So‘ngra Rossiya va Qozog‘istondan kitob, aksessuar va kiyim-kechaklar orasiga yashirgan holda olib kelingan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, “Aktovegin”, “Kleksan”, “Remaksol” kabi 214 nomdagi jami 52 459 dona dori vositalarini yuk mashinasiga o‘rnatilgan bojxona muhrini buzmagan holda xonadonga tushirib, belgilangan manzil bojxona posti tomon yo‘lga chiqqan vaqtlarida ular Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasining shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
Sifati kafolatlanmagan ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 5 mlrd 353 mln so‘mni tashkil etadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan Qozog‘iston fuqarosi mazkur tovarlarni qo‘shni davlatdan mamlakatga o‘tkazib berishlari evaziga yuk avtomashinalari haydovchilariga 2000 AQSh dollari va’da qilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda yuk mashinalari haydovchilari va dori vositalari tushirilgan Yuqori Chirchiq tumanidagi xonadon egasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, xizmat majburiyatini to‘laqonli bajarmay, xorijdan noqonuniy olib kelingan dori vositalarini yuk mashinalaridan tushirib qoldirilishiga zamin yaratgan “Yallama” chegara-bojxona posti inspektorining xatti-harakatlariga nisbatan tergov davomida huquqiy baho beriladi.
Jamiyat
Qashqadaryoda yerfurushlar va firibgarlar qo‘lga olindi
Qashqadaryo viloyatida yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Jinoyatlar DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fosh bo‘ldi.
Kadastr agentligining Qarshi tuman bo‘limi yetakchi inspektori fuqaroning noqonuniy egallab olingan 12 sotix yeri uchun belgilangan 82 mln so‘mlik jarimani mansabdor tanishlari orqali bekor qilib berishni va’da qilgan. Shuningdek, u ushbu yer maydoniga kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 000 AQSh dollari so‘ragan va pulni olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Shahrisabz tumanida esa muqaddam firibgarlik uchun sudlangan 59 yoshli shaxs va Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali xodimi ushlandi. Ular o‘zaro kelishib, dehqon xo‘jaligiga tegishli 9 sotix yerni qurilish firmasi rahbari nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lishgan.
Ular ushbu «xizmat» uchun 7 000 AQSh dollari so‘rashgan va kelishilgan puldan 4 000 dollarini olayotgan vaqtda qo‘llariga kishan solingan.
Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
«Toshkent to‘y oshi» patentlandi
O‘zbekistonda milliy taomlardan biri — «Toshkent to‘y oshi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror mahsulotning kelib chiqishi va o‘ziga xos xususiyatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.
Qayd etilishicha, «Toshkent to‘y oshi» nomi faqat Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos an’anaviy usulda tayyorlangan mahsulotlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, «Toshkent to‘y oshi» oddiy taom emas, balki murakkab texnologik jarayon sifatida baholanadi. U asosan tong saharda, yarimsfera shaklidagi cho‘yan qozonlarda tayyorlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, geografik ko‘rsatkich maqomi mahsulot nomini va uning tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi. Bu orqali mahsulot sifati davlat me’yorlariga muvofiqligi kafolatlanadi hamda soxta mahsulotlarning oldi olinadi.
Jamiyat
Toshkentda odam savdosi bilan bog‘liq holat aniqlandi
Toshkent viloyatida yashovchi ayol yosh qizni xorijga olib chiqib, jinsiy ekspluatatsiya qilishga urinishi vaqtida aeroportda qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari tomonidan olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar davomida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi.
Xususan, DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan ayol Chinoz tumanida istiqomat qiluvchi 2000 yilda tug‘ilgan qizni xorijga olib borib, jinsiy ekspluatatsiya qilishni rejalashtirgani aniqlandi.
Gumonlanuvchi o‘z maqsadiga erishish uchun jabrlanuvchiga aviachipta xarid qilib bergan hamda keyinchalik ishlab topadigan mablag‘ining yarmini doimiy ravishda berishini talab qilgan.
Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida gumonlanuvchi ayol jabrlanuvchi bilan birga Toshkent xalqaro aeroportidan Istanbul shahriga uchib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar odam savdosi inson qadri va erkinligiga qarshi qaratilgan og‘ir jinoyat ekanini eslatib, fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.
Jamiyat
«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi
«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi.
Media va raqamli kontent sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir – World Content Market o‘z ishini boshladi. Joriy yilda O‘zbekiston ushbu yirik media bozorida ilk bor milliy pavilon bilan ishtirok etib, mamlakatning milliy kontent salohiyatini global maydonda keng namoyon etmoqda.
«World Content Market» 2008 yildan buyon televideniye va raqamli kontentni yaratish, tarqatish, monetizatsiya qilish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib kelayotgan yirik media platformalardan biri hisoblanadi. Mazkur tadbir har yili dunyoning turli mamlakatlaridan media industriya vakillarini bir maydonga jamlab, yangi loyihalar, sheriklik tashabbuslari va kontent savdosi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Joriy yilgi tadbirda 20 ga yaqin davlatdan 1500 dan ortiq media sohasi mutaxassislari, 500 dan ziyod kompaniyalar qatnashmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, MDH mamlakatlari, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning milliy ekspozitsiyalari namoyish etilmoqda.
Ishtirokchilar qatoridan 150 dan ortiq televizion kanallar (barcha platformalar bo‘yicha), 40 dan oshiq OTT platformalari va video-portallar, 200 dan ziyod kontent distribyutorlari, 100 dan ortiq prodyuserlar, 100 dan ziyod studiyalar hamda ishlab chiqarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalardan iborat kontent xaridorlari o‘rin olgan.
O‘zbekiston milliy pavilonida 10 dan ortiq xususiy kontent ishlab chiqaruvchilar tomonidan 500 dan ortiq o‘zbek badiiy filmlari va seriallari xalqaro xaridorlar e’tiboriga taqdim etilmoqda.
Kontent markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur pavilon doirasida o‘zbek milliy kontentini xalqaro bozorga olib chiqish, uni xorijiy telekanallar va raqamli platformalarda joylashtirish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
O‘zbekistonning Moskva shahrida o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro media maydonda milliy pavilon bilan ilk bor ishtirok etishi mamlakatda milliy kontent sanoatini rivojlantirish, mahalliy ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek madaniy mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish yo‘lida muhim strategik qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Jamiyat
Qurilish inspeksiyasi ob’yektlarda 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqladi
O‘tgan yili qurilish ob’yektlarida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilik qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan. Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yo‘q.
Shu bois, joriy yil 1-iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPIga bog‘lanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi. Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun ob’yekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ beriladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi.
Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan ob’yektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘rish zarurligi qayd etildi. Loyihachining «Shaffof qurilish»dagi reytingi ham pasaytiriladi.
O‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan ta’minlandi, 1 ming 221 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’yektiga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Endilikda budjetdan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha ob’yektlari, ko‘p qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm ob’yektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi.
Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik bo‘yicha moliyaviy sanksiya joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan 20 milliard dollardan ortiq infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
Lekin kichik va o‘rta quruvchilar uyoqda tursin, hatto yuqori reyting, yetarli mablag‘ va texnikaga ega bo‘lgan mahalliy korxonalarimiz ham ushbu bozorga to‘liq kira olmayotgani, kirgani ham subpudratchi bo‘lib ishlayotgani qayd etildi.
Mutasaddilar, buyurtmachi vazirlik va idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda quruvchilarimiz imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olmayotgani, shartnoma shartlarini belgilashda mahalliy pudratchilar manfaatlarini himoya qilmayotgani, xalqaro tenderlar shartlarini o‘rgatmagani uchun eng arzon narx bergan korxonalarimiz ham tenderda raqobat qila olmayotgani tanqid qilindi.
Shu bois, mahalliy loyihachi, quruvchi va konsultantlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, quruvchilarimiz qo‘shni davlatlardagi xalqaro loyihalarda bosh pudratchi bo‘lib qatnasha boshlagani yuqori baholandi.
Aholini uy-joyga bo‘lgan talabini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda 56 ta «Yangi O‘zbekiston» massivining infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard so‘m mablag‘ berildi. Joriy yil ushbu maqsadlarga yana 1 trillion 400 milliard so‘m ajratilmoqda.
Lekin 2025-yilda Toshkent viloyatida 2,1 mingta, Samarqandda 1,5 mingta, Farg‘onada 1,3 mingta, Toshkent shahrida 1 mingta, Jizzaxda 380 ta xonadon foydalanishga topshirilmagan.
Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qurilishi davom etayotgan massivni kengaytirishga o‘sha hududdagi 85 foiz kvartirani egasiga topshirganidan keyingina ruxsat berilishi belgilandi.
Poytaxt va Samarqand tajribalari asosida investitsiya kompaniyalari tashkil qilindi. Bu kompaniyalar 1 oktyabrdan boshlab, ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auksionga chiqaradi.
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Sport5 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Sport2 days ago
Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar, yevro va funt-sterling pasaydi
-
Jamiyat5 days agoDunyoga «dahshatli darajada» ish o‘rni yetishmovchiligi xavf solmoqda
-
Jamiyat5 days agoBo‘stonliq tumanidagi «noqonuniy chiqindixona» bartaraf etildi
