Jamiyat
Ko‘p qavatli “dom”larda hisoblagich o‘rnatmasdan gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
Qarshi shahrida ko‘p qavatli turar joy binolarda hisoblagich o‘rnatmasdan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Foto: O‘zenergoinspeksiya
«O‘zenergoinspeksiya» Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat departamenti va «Hududgaz Qashqadaryo» bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida Qarshi shahrida joylashgan «U. B. T.» MChJga qarashli ko‘p qavatli turar joy binolari gaz hisoblagich o‘rnatmasdan tabiiy gaz quvuriga ulanib, noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga 1 milliard 86 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Otaning ismini bolaga familiya qilib berish mumkin bo‘ladi
Senatning 18-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish bo‘yicha o‘zgartirish kiritilmoqda.
Amalda bolaning familiyasi ota-onasining familiyasiga qarab belgilanadi. Ota yoki ona xohishiga ko‘ra, milliy an’analar asosida boboning ismi ham familiya sifatida berilishi mumkin.
Senatorlar otaning ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining qonunchilikda belgilab qo‘yilishi fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratishi, milliy va diniy an’analarga muvofiq xohish-istaklarini amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunda «Biznesga litsenziyasiz kirish» maxsus rejimi yangi huquqiy institut sifatida mustahkamlanmoqda. Ushbu institutni qonunchilikka kiritish orqali kelgusida ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.
Buning natijasida tadbirkorlik subyektlari litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan, elektron tarzda vakolatli organni xabardor qilish orqali o‘z faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda ularga litsenziya yoki ruxsatnoma talablariga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt, shuningdek, faoliyatini sinov tariqasida boshlab, uning iqtisodiy samaradorligini baholash imkoniyati beriladi.
Ushbu o‘zgarish tadbirkorlik faoliyatini boshlashni yengillashtirish, vaqt va xarajatlarni tejash hamda yangi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun bilan «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi Qonunga arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini aniqlashtiruvchi, nodavlat va elektron arxivlarni tashkil etishga doir qoidalarni hamda arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlarini belgilaydigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Jamiyat
«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» milliy tanlovi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi (foto)
Bugun «Humo Arena» majmuasida mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan Prezident sovrini uchun «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» kasbiy mahorat milliy tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Shavkat Mirziyoyevning tanlov g‘oliblariga tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Tanlovning tuman va shahar bosqichida 124 ming nafardan ziyod yoshlar o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etdi. Tanlov ko‘plab maktab bitiruvchilari hayotida yangi sahifa ochib, 22 ming nafar yigit-qiz uchun ishlash, ta’lim olish yoki mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini yaratdi. Yakunlarga ko‘ra, o‘nta kasb yo‘nalishida eng yuqori natijaga erishgan 120 nafar ishtirokchi g‘olib va sovrindor deb topildi.
Tabrikda tanlov g‘oliblari va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirib, ularni «WorldSkills International» xalqaro kasbiy mahorat musobaqasida munosib ishtirok etishga tayyorlashni hozirdan boshlash zarurligi qayd etildi. Bu maqsadda eng kuchli mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etish, jamoani zamonaviy uskunalar va o‘quv-mashq bazasi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbarining qutlovida butun O‘zbekiston yoshlariga xalqimizning yuksak ishonchini oqlash uchun doimo izlanish, yangi bilim va texnologiyalarni egallash, xorijiy tillarni o‘rganish hamda o‘z kasbining eng ilg‘or mutaxassisi bo‘lib yetishish da’vati yangradi.
Ular o‘z mehnati, bilimi va ko‘nikmalari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, Yangi O‘zbekistonni bunyod etadigan oltin avlod bo‘lib yetishishiga ishonch bildirildi.
Jamiyat
Prezident quruvchilarni bayram bilan tabrikladi
Avgustning 2-yakshanbasi — qurilish sohasi xodimlari kuni. Toshkentdagi O‘zbekiston xalqaro forumlar saroyida quruvchilar, me’morlar, muhandislar, loyihachilar va soha faxriylari uchun bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Sana munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Tabrikning to‘liq matni:
Hurmatli quruvchilar, me’mor va ustalar, muhandis va loyihachilar, mashinist va mexaniklar, muhtaram soha faxriylari!
Siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz — Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga samimiy va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Bugungi kunda qurilish sohasi Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini belgilaydigan g‘oyat muhim tarmoqqa aylanib borayotganini ushbu quvonchli ayyomda alohida e’tirof etishimiz tabiiy, albatta. Chunki mamlakatimizda barpo etilayotgan, sizlarning fidokorona mehnatingiz, bilim va mahoratingiz mujassami bo‘lgan obod shaharlar, qishloq va mahallalar, yangi uy-joylar, yirik strategik obyektlar, zamonaviy korxonalar, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalarni qurilish sohasi ishtirokisiz tasavvur etolmaymiz.
Keyingi yillarda sohani tubdan isloh qilish, uni iqtisodiyotning drayverlaridan biriga aylantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik va raqamli boshqaruv tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirayotgan ulkan ishlarimiz ijobiy natijalar bermoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, so‘nggi 9 yilda yurtimizda 210 million kvadrat metrdan ziyod bino va inshootlar, jumladan, 647 mingta, o‘tgan yilning o‘zida esa 135 mingta kvartiraga ega bo‘lgan uy-joylar barpo etilganini ta’kidlash lozim. Joriy yilda yana 140 mingta yangi kvartira foydalanishga topshiriladi. 2040-yilgacha mamlakatimizda quriladigan uy-joylar sonini yiliga 280 mingtaga yetkazish, «Yangi O‘zbekiston» massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirishni reja qilganmiz.
Bu yil O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Burhoniddin Marg‘inoniy turizm markazi kabi noyob madaniy-ma’rifiy inshootlarda qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazishda fidokor quruvchilarimizning hissasi beqiyos bo‘ldi.
Poytaxtimizdagi Yangi Toshkent, Toshkent viloyatidagi Nurafshon, Andijon viloyatidagi Bobur, Samarqanddagi Shirin, Xorazmdagi Al Xorazmiy shaharlari kabi megaloyihalar mutlaqo yangi muhandislik yechimlari, “yashil” qurilish tamoyillari bilan mamlakatimizning bunyodkorlik tarixida yorqin sahifa ochmoqda.
Qadrli do‘stlar!
Hozirgi kunda 3 million 500 mingdan ziyod kishi mehnat qilayotgan qurilish, qurilish materiallari sanoati va ularga yondosh sohalarda g‘oyat muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Keyingi paytda qurilishga ruxsat berish bosqichlari 3 barobar, muddatlari esa 4 karra qisqartirildi. «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi asosida 24 ta zamonaviy elektron platforma ishga tushirilib, asosiy boshqaruv jarayonlari raqamlashtirildi. Barcha nazorat jarayonlari raqamli formatga o‘tkazildi.
Davlat xaridlari tizimida elektron tender platformasi yo‘lga qo‘yilgani ham shaffoflikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Tarmoqda sun’iy intellekt texnologiyalari faol joriy etilmoqda.
Bularning barchasi sohada inson omilini qisqartirish, korrupsiya bilan bog‘liq xavf-xatarlarni bartaraf etish va qabul qilinayotgan qarorlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan e’tiborlidir.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bugungi kunda barcha sohalar qatori qurilish borasidagi faoliyatni rivojlantirish, qurilish ishlari sifatini oshirish bo‘yicha ham oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirishda o‘z hayotini el-yurtimizni obod va farovon qilishdek ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgan soha xodimlarining bilim va tajribasi, kasb mahoratini oshirish, ularning mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish bundan buyon ham diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Sizlar o‘z burchingizni chuqur anglagan holda, xalqimiz uchun xavfsiz, qulay va farovon hayot muhitini yaratishga qaratilgan sharafli faoliyatingizni hamisha yuksak sifat va mas’uliyat bilan ado etasizlar, deb ishonaman.
Barchangizni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, ishlaringizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
Jamiyat
Vetnamga safar qilayotgan o‘zbekistonliklar ko‘paydi
2026-yilning yanvar–iyun oylarida jami 23 409 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda Vetnamga safar qildi, deb xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 ming nafarga yoki 44,7 foizga oshgan.
Ularning safar maqsadlari bo‘yicha soni quyidagicha:
sayohat — 22 030 nafar;
qarindoshlarni yo‘qlash — 1 212 nafar;
davolanish — 157 nafar;
xizmat yuzasidan — 10 nafar.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda havo harorati yanada ko‘tarilishi kutilmoqda
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 35-40 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 41-42 darajagacha bo‘ladi.
Toshkentda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat 37-39 daraja bo‘ladi.
Tog‘li hududlarda ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 9-14 m/s tezlikda esadi. Harorat 26-31 daraja bo‘ladi.
-
Jamiyat2 days ago
Namanganda katta miqdorda sifati noma’lum dorilar aniqlandi
-
Jamiyat4 days ago
Xotira va miya holatini yaxshilovchi meva nomi aytildi
-
Iqtisodiyot1 day ago
Senat «Enterprise Uzbekistan» markazining huquqiy asoslari bo‘yicha qonunni ma’qulladi
-
Sport2 days ago
Lionel Messining otasi vafot etdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Iyun oyida cheklari eng ko‘p o‘tkazilgan korxonalar ma’lum qilindi
-
Jamiyat2 days ago
Uning jinoyat ishi 12 ming 192 varaqni tashkil etgan – Usmon Nosir qanday shaxs bo‘lgan?
-
Jamiyat1 day ago
Bugun O‘zbekistonda havo harorati yanada ko‘tarilishi kutilmoqda
-
Iqtisodiyot1 day ago
Dollar kursida yana pasayish yuz berdi
