Mahalliy
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
Onam tungi soat uchda uyg‘onardi. Men buni bolaligimda tushunmasdim. Onam nega bunchalik erta turadi? Kiyinib, sumkasini olib, kun yorishmasdan qayerga ketadi? Nega qaytganda oyoqlari og‘riydi, ko‘zlari toliqqan, qo‘lida esa bir parcha qog‘oz. Ulg‘aygach tushundim, u navbat olgani ketar ekan…
Hamon yodimda maktabni tugatgan yilim oliygohga topshirish uchun bir qancha hujjatlar kerak edi. Onam ikkimiz ertalab soat sakkizda pasport stoliga bordik. Navbat ellik oltinchi! Bizdan oldin ellik besh nafar odam bor edi. Hayronman, ular qachon kelib, navbat olishga ulgurishgan. Kimdir ro‘yxat tuzgan, kimdir o‘rnini sotgan.
Biz kun bo‘yi o‘tirdik. O‘rnimizni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun tushlikka ham chiqmadik hatto. Onam do‘kondan suv olib berdi. Men eshik oldidagi kursida o‘tirib kitob o‘qidim. Kechki soat oltida ish vaqti tugadi deyishdi. Ertasiga yana bordik… 3 kun deganda zo‘rg‘a ishimiz hal bo‘lgandi.
Oradan yillar o‘tdi… Bir kuni o‘n ikki yoshli o‘g‘lim shunday dedi: “Dada, qarang men sizning tug‘ilganligingiz haqidagi guvohnomani telefondan topdim.“
Haqiqatan ham, telefon ekranida tug‘ilganligim haqidagi rasmiy hujjat turardi, muhr, raqam, hamma-hammasi o‘sha-o‘sha. O‘g‘limning aytishicha buni olish uchun bor-yo‘g‘i uch daqiqa ketibdi.
Men bir zum jim qoldim. Onam yodimga tushdi. Yarim tunda shirin uyqusidan kechgan, sovuqda uzundan-uzun navbatlar kutgan mushtipar onam…
U butun umri davomida bizning hujjatlarimiz uchun yillab vaqt sarfladi, ha yillab! O‘g‘lim esa uch daqiqada hal qildi.
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
Mahalliy
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
Yoz boshlanishi bilan muzdek ichimliklarga talab oshadi. Ko‘cha-ko‘yda, do‘konlar oldida ustma-ust taxlab qo‘yilgan, quyosh nuri ostida “toblanayotgan” ko‘plab plastik suv bloklarini ko‘ramiz. Iste’molchi sifatida biz ichkariga kirib, muzlatgichdan xuddi shu suvning sovutilganini sotib olamiz va o‘zimizni xavfdan xoli deb o‘ylaymiz. Ammo bu suvlar muzlatgichga qo‘yilishidan oldin kunlab, ba’zan haftalab ochiq havoda, issiq jaziramada va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ultrabinafsha nurlari ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, salqin sharoitda plastik idishlar (PET) barqaror turadi. Ammo harorat ko‘tarilganda va unga quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushganda, polimer zanjiri parchalanishni boshlaydi. Bu jarayon ilm-fanda fotodegradatsiya deb ataladi va natijada plastik tarkibidagi xavfli kimyoviy birikmalar suvga sizib chiqadi.
Rossiyalik shifokor-pediatr Aygyul Israfilovaning “Gazeta.Ru” nashriga ma’lum qilishicha, bu toksinlar organizmga tushganda endokrin (gormonal) tizimiga, reproduktiv (farzand ko‘rish) funksiyasiga hamda umumiy sog‘liq holatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xavfning yomon tomoni, u o‘sha zahoti zaharlamaydi, balki yillar davomida tanada yig‘ilib boradi.
Kola, sharbat va energetiklardagi “kimyoviy urush”
Agar oddiy suv haqidagi faktlar xavotirli bo‘lsa, rangli, gazlangan va tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar, kola, sharbatlar va energetiklar haqida fan yanada dahshatliroq faktlarni keltiradi. Bu ichimliklar tarkibida juda ko‘p miqdorda kislotalar (fosfor yoki limon kislotasi) mavjud. Kislotali muhit esa issiqlik ta’sirida plastik bilan yanada agressiv reaksiyaga kirishadi.
Bu yerda eng katta xavflardan biri Benzoldir. Ko‘plab sharbatlar va limonadlar tarkibida konservant sifatida natriy benzoat (E211) va S vitamini (askorbin kislotasi) bo‘ladi. Yuqori harorat va quyosh nuri ta’sirida bu ikki modda o‘zaro reaksiyaga kirishib, kuchli kanserogen Benzolni hosil qiladi. Benzol esa qon hujayralarini shikastlab, oqqon (leykemiya) xavfini oshirishi tibbiyotda isbotlangan.
1 litr suvda 240 000 ta plastik bo‘lagi!
Yaqinda AQShning Kentukki universiteti Tibbiyot kolleji tadqiqotchisi, doktor Patrik Xannon yozgi jaziramada plastik idishlardan foydalanishning yangi xavflari to‘g‘risida maxsus tibbiy bayonot bilan chiqdi.
Olimning ta’kidlashicha, plastik idishlardagi bisfenol A va ftalatlar molekulalari juda bo‘sh bog‘langan bo‘lib, quyosh nuri va issiq mashina ichidagi yuqori haroratda ular suvga juda tez sizib chiqadi. Bu kimyoviy zaharlar shunchalik kichikki, ular inson tanasining hujayralari va to‘qimalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri singib ketadi.
2024-yilda Milliy fanlar akademiyasi nashrida chop etilgan tadqiqotda, uchta eng ommabop brendlardagi suvlarni tahlil qilishadi va o‘rtacha 1 litr suv tarkibida taxminan 240 000 ta mayda plastik bo‘laklari borligini aniqlashdi! Eng xavflisi, ularning 90 foizi ko‘zga umuman ko‘rinmaydigan, hujayralarni zaharlovchi nanoplastiklardir. Bu avval o‘ylanganidan 10 dan 100 barobargacha ko‘p demakdir. Bu moddalar insonning endokrin (gormonal) tizimini ishdan chiqaradi. Natijada reproduktiv, nevrologik va immunitet kasalliklari kelib chiqadi, bu zaharli ta’sir, ayniqsa, chaqaloqlar va bolalar uchun ikki karra xavfli. Ular vazniga nisbatan ko‘proq suv ichishadi, demak, tanalariga tushadigan nanoplastik dozasi kattalardan ko‘p bo‘ladi.
Homilador ayollarning ham suvga talabi oshishini hisobga olsak, kimyoviy zaharlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri rivojlanayotgan homilaga ta’sir qiladi. Keksa yoshdagilarning immun tizimi zaiflashgani sababli tana kumulyativ (to‘planib boruvchi) zaharlanishga bardosh berolmaydi.
Yarim litrlik idishdagi suvni o‘rtacha 10-15 daqiqada ichish mumkin, ammo chiqindaiga uloqtirilgan oddiy plastik idish tabiatda to‘liq parchalanishi uchun 450 yildan 500 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi. UF nurlari ta’sirida quyoshda kuygan plastik esa yanada tezroq mayda zarrachalarga bo‘linib, tuproq, suv, baliq va chorva go‘shti orqali yana o‘zimizning dasturxonimizga qaytib keladi.
Atrofni plastik bosib ketishini va tanamiz zaharlanishini to‘xtatish uchun har bir inson o‘zidan boshlashi mumkin bo‘lgan oddiy ongli iste’mol qoidalari mavjud. Avvalo, ko‘chadagi bloklardan suv olmang. Do‘konga kirganda sotuvchidan quyosh tig‘ida turmagan, yopiq ombordan olib chiqilgan mahsulotni berishni talab qiling. O‘zingiz bilan ko‘p martalik zanglamaydigan po‘lat yoki shisha idishda suv olib yurishni odat qiling. Sayohatga chiqqanda mashinada unutib qoldirilgan plastik idishdagi suvdan foydalanmang.
Mahalliy
Investorlar uchun keng ko‘lamli tanlov e’lon qilindi
O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim o‘rin tutuvchi IT Park direksiyasi mamlakatimizning texnologik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida majmuaning keyingi bosqichini amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investorlar o‘rtasida oshkora va shaffof tanlov boshlanganini e’lon qiladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-dekabrdagi 965-sonli qarori hamda amaldagi qonunchilik hujjatlariga asoslangan bo‘lib, innovatsion muhitni kengaytirishga qaratilgan.
Tanlovning bosh g‘oyasi IT Park hududida zamonaviy, xalqaro talablarga javob beradigan yuqori samarali infratuzilma obyektlarini bunyod etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishdan iboratdir.
Tanlovda development, muhandislik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yaratishga bel bog‘lagan mahalliy va xalqaro yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Ishtirokchilar O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq faoliyat yurituvchi, moliyaviy barqaror, bankrotlik jarayonida bo‘lmagan hamda soliq va budjet oldidagi majburiyatlarni to‘liq bajargan bo‘lishlari shart. Shuningdek, talabgorlar korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga oid cheklovlarga rioya qilishlari zarur.
Ishtirok etish istagida bo‘lganlar belgilangan tartibda ariza, anketa, loyiha taklifi hamda moliyaviy barqarorlikni tasdiqlovchi ma’lumotnomalardan iborat hujjatlar paketini tayyorlashlari lozim.
Barcha hujjatlar bir nusxada, muhrlangan konvertda taqdim etilishi kerak bo‘lib, konvert sirtida ishtirokchi nomi, loyiha nomi, aloqa ma’lumotlari va «Investorlarni saralash bo‘yicha tanlov uchun» degan yozuv bo‘lishi shart.
Hujjatlar ish kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Tepamasjid ko‘chasi, 4-uy manzilida qabul qilinadi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun: +998 71 209 11 99 (ichki raqam: 1046) telefon raqami yoki info@it-park.uz elektron pochtasi orqali bog‘lanish mumkin.
IT Park direksiyasi taqdim etilgan takliflarni o‘rganish jarayonida qo‘shimcha muzokaralar olib borish, aniqlashtiruvchi hujjatlar so‘rash va yakuniy qarorni Ma’muriy kengash orqali tasdiqlash huquqini o‘zida saqlab qoladi. Bu O‘zbekistonning raqamli kelajagiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan investorlar uchun keng imkoniyatlar eshigidir.
Mahalliy
MyGov nima uchun millionlar tanloviga aylandi?
Toshkentning serqatnov ko‘chalaridan birida, ertalabki tirbandlikda Zafar mashina rulida o‘tirib, xayolan bugungi rejalarini sarhisob qilardi. Uning oldida bir nechta davlat idorasiga kirib chiqish, hujjatlarni rasmiylashtirish va eng muhimi, soatlab navbat kutishdek odatiy yumushlar turardi. U bu ishlar butun kunini olib qo‘yishini bilar, ammo boshqa chorasi yo‘qligiga allaqachon ko‘nikib qolgandi.
Aynan o‘sha paytda do‘stining maslahati bilan telefoniga o‘rnatib qo‘ygan MyGov ilovasi haqida eslab qoldi. Ikkilanibgina bo‘lsa-da, smartfonni qo‘liga oldi va ilovaga kirdi. Bir necha daqiqa ichida hech qayoqqa bormasdan, qog‘ozbozliklarsiz va eng muhimi uzundan-uzun navbatlarsiz o‘z ishlarini hal qildi. O‘sha kuni Zafar nafaqat vaqtini, balki asablarini ham asrab qoldi.
Bugungi kunda millionlab hamyurtlarimiz Zafar kabi aynan shunday tanlovni amalga oshirmoqdalar. Bu shunchaki statistika emas, bu jamiyatimizning raqamli kelajakka bo‘lgan ishonchining isbotidir. May oyi yakunlariga ko‘ra, MyGov ilovasi Google Play va App Store platformalarida eng ko‘p yuklab olingan mahalliy ilovalar orasida birinchi o‘rinni egalladi.
Xo‘sh, bu ilova nimasi bilan odamlarni o‘ziga tortmoqda?
Hammasi bir joyda: Ilova 650 dan ortiq davlat xizmatlarini 24/7 rejimida taqdim etadi. Endi turli idoralar eshigida sarg‘ayadigan vaqtlar o‘tmishda qoldi;
Qulaylik va tejamkorlik: MyGov orqali davlat xizmatlaridan foydalanganda 10 foiz chegirma taqdim etiladi. Bu esa oila budjeti uchun ham, vaqt uchun ham foydali;
Keng qamrovli imkoniyatlar: Raqamli hujjatlardan foydalanish, xarid cheklaridan keshbek olish, abituriyentlar uchun oliygohlarga onlayn hujjat topshirish yoki kundalik hayotda kerak bo‘ladigan turli elektron xabarlarni olish — bularning bari birgina smartfonda jamlangan.
Raqamli xizmatlarning ommalashuvi mamlakatimizda hukumat va xalq o‘rtasidagi masofa yanada qisqarayotganining yorqin ifodasidir.
Siz ham MyGov ilovasini smartfoningizga o‘rnating va vaqtingizni qadrlang. Chunki raqamli qulaylik bugungi hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
Mahalliy
Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxati e’lon qilindi
Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxati belgilandi.
Adliya vazirligi Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3849, 09.06.2026-y.)
Xususan, ushbu ro‘yxatda maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 465 ta pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar belgilandi.
Shu jumladan, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, kichik o‘qituvchi, metodist, tarbiyachi, yo‘riqchi, uslubchi va boshqalar pedagogik lavozimlar hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, «Pedagogning maqomi to‘g‘risida» gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq ta’lim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs pedagogdir.
Avvalroq Pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning bilimlari tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.
Mahalliy
Abituriyentlar uchun muhim yangilik e’lon qilindi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga onlayn hujjat topshirish jarayoni davom etmoqda.
Abituriyentlar o‘z arizalarini uydan chiqmasdan, my.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin.
Joriy yilda qabul jarayonlari ikki bosqichda tashkil etiladi:
1-BOSQICh: 5-iyundan 25-iyungacha (shu kuni ham)
Test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tish;
Topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini belgilash;
Ijodiy (kasbiy) imtihon mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar uchun tegishli OTMni tanlash.
Muhim: 25-iyunga qadar kiritilgan ma’lumotlarni bepul tahrirlash imkoniyati mavjud.
2-BOSQICh: Test sinovlari to‘liq yakunlangach (15 kun ichida)
Oliy ta’lim muassasasini tanlash;
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishini belgilash;
Ta’lim shakli va tanlov ustuvorligi (grant yoki shartnoma)ni tanlash.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lov miqdori — BHMning 50 foizi (206 000 so‘m)ni tashkil etadi.
Kimlar to‘lovdan ozod etiladi?
Joriy o‘quv yilida (2026-yilda) ta’lim muassasalarini bitirganlar;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olinganlar va ularning farzandlari;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar;
To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan shaxslar (yetim bolalar va h.k.).
Natijalar qachon chiqadi?
Test natijalari imtihon topshirilgan kunning ertasigayoq e’lon qilinadi. Yakuniy mandat ikkinchi bosqich (OTM va yo‘nalish tanlovi) yakunlanganidan keyin bir hafta ichida ma’lum bo‘ladi.
-
Dunyodan3 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Iqtisodiyot3 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Jamiyat5 days agoTerrorizmni moliyalashtirgan 8 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi
-
Jamiyat3 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot3 days agoMevalar nega qimmat?
-
Jamiyat4 days agoYo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Yevro keskin «quladi», dollar ham pasaydi
-
Iqtisodiyot3 days ago11:55 Namanganda “chempion” tadbirkorlar va yirik investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi
