Connect with us

Jamiyat

Respublikada ishlayotgan kadastr xodimlarining bir qismi tumanlarga o‘tkaziladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi ikki yilda 1 million 200 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazildi. Natijada qo‘shimcha 16,5 ming gektar yer va 49 million kvadrat metr qurilish maydoni aniqlandi.

Aniqlangan obyektlarning 270 mingtasi kadastr bazasiga kiritilib, budjet uchun yiliga 315 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi. Kadastr xizmatlarining 90 foizi onlayn shaklda ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, sohada aholi va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha 1 milliondan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lsa, ularning 330 mingtasi yoki 30 foizi rad etilgan. Ya’ni amalda har uchta arizadan bittasi qanoatlantirilmagan.

Bunday holatlar fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga, masalasini hal qilish uchun yana boshqa idora yoki shaxslarga murojaat etishiga sabab bo‘lib, korrupsiyaviy xavflarni ham kuchaytirmoqda.

Xizmatlarni raqamlashtirish jarayonida barcha qarorlarni markazlashgan tartibda qabul qilish amaliyoti shakllangani ham aholi uchun ortiqcha to‘siqlarni yuzaga keltirgan.

Xususan, noturar obyekt toifasini o‘zgartirish uchun viloyat yoki respublika darajasidagi tashkilot roziligi talab qilinmoqda. Bitta masalani hal qilish uchun fuqarolardan bir necha marta ariza topshirish va har bir ariza uchun alohida to‘lov qilish so‘ralmoqda.

Masalan, bitta hovlini aka-uka o‘rtasida bo‘lish uchun to‘rtta, bitta merosni uch qismga ajratish uchun esa oltita ariza talab qilinadi. Bitta ariza tuman, viloyat va respublika darajasida 30-50 ta bosqichda ko‘rib chiqilib, jarayon o‘rtacha 15-20 kunga cho‘zilmoqda.

Yer nazorati sohasida jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilgani ijobiy natija berayotgani qayd etildi. Biroq jarimalarni oshirish bilan cheklanmasdan, huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish va fuqarolarni qonuniy faoliyatga qaytarishga qaratilgan mexanizmlarni joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.

Taqdimotda agentlikning boshqaruv tuzilmasi ham tanqidiy tahlil qilindi.

Hozirda tuman va viloyat darajasida Kadastr agentligi hamda Kadastr palatasining alohida hududiy bo‘linmalari mavjud bo‘lib, tizim amalda ikkita rahbar tomonidan boshqarilmoqda.

Tizimdagi xodimlarning 56 foizini rahbar va nazoratchilar, 44 foizini esa bevosita ijrochilar tashkil etadi. Ishga qabul qilish jarayonlarining murakkabligi sababli 700 dan ortiq ish o‘rni vakant qolmoqda. Xodimlarning 40 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamayapti.

Qolaversa, viloyat darajasidagi rahbarlarga tuman bo‘linmalari rahbarlariga nisbatan intizomiy chora ko‘rish vakolati berilmagan. Natijada ijrochi xodimlarning ish yuklamasi ortib, mehnatiga haq to‘lash darajasi pastligicha qolmoqda.

Shu bois, kadastr xizmatlarini bosqichma-bosqich quyi bo‘g‘inga tushirish va hududiy bo‘linmalarning vakolatlarini kengaytirish taklif qilindi.

Respublika darajasida ishlayotgan xodimlarning kamida 30 foizini tumanlarga o‘tkazish, respublika, viloyat va tuman darajasidagi Kadastr palatasi va xizmat ko‘rsatish tuzilmalarini birlashtirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali hududiy bo‘linmalarning mustaqilligi va mas’uliyati oshiriladi, xizmatlar fuqarolarga yaqinlashtiriladi.

Tuzilmaviy o‘zgarishlar jarayonida aholi sarson bo‘lmasligi uchun bir hafta muddatda «Kadastr maslahat burchagi» va «Tezkor kadastr» xizmatlarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.

Agentlik faoliyatini «bitta ariza – bitta to‘lov» tamoyili asosida tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulkka huquq paydo bo‘lganida ariza avtomatik ravishda shakllantirilib, proaktiv xizmat ko‘rsatiladi. Bu orqali bir yilda 1 million 200 ming nafar arizachining vaqti va mablag‘i tejaladi. Kadastrga oid barcha xizmatlarni bitta ariza asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 200 mingta ortiqcha ariza qisqartiriladi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Natijada yiliga 500 mingta arizani amaldagi 10-15 kun o‘rniga bir necha soniyada ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Ma’muriy javobgarlikni maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ham ma’qullandi.

Jumladan, 2018 yilga qadar noqonuniy qurilgan uy-joylar uchun jarima qo‘llamaslik, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish taklif qilindi. Shuningdek, ko‘chmas mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan muddatda ariza berilmagan holatda birinchi marta jarima o‘rniga ogohlantirish berish nazarda tutilmoqda.

Mutasaddilarga xizmatlarni soddalashtirish, ortiqcha bosqich va to‘lovlarni qisqartirish, qaror qabul qilish vakolatlarini quyi bo‘g‘inga tushirish hamda soha xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Uzun o‘rmon xo‘jaligida daraxtlar qo‘porilgan – ishchi guruh vaziyatni o‘rganmoqda

Published

on


Kecha, 3 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani Sangardak mahallasidagi Uzun o‘rmon xo‘jaligiga qarashli yer maydonida daraxtlarni qo‘porish va ularga shikast yetkazish holatlari qayd etilgan.

Ayni damda Ekologiya milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi hamda ekologiya hududiy bosh boshqarmasi vakillaridan iborat ishchi guruh vaziyat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu ishlar hech qanday ruxsatsiz, ekologiya xodimlarining ogohlantirishlariga qaramay amalga oshirilgan.

Ayni damda daraxtlarga yetkazilgan ekologik zarar miqdorini aniqlash, qurilish ishlarining amaldagi ekologik qonunchilik talablariga muvofiqligiga huquqiy baho berish hamda aybdor shaxslarni belgilashga doir o‘rganishlar olib borilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 11 tup qariyb 100 yillik Zarafshon archasi qo‘porilgani aniqlangan. To‘liq o‘rganish natijalaridan so‘ng huquqbuzarlarga nisbatan amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq qat’iy choralar qo‘llanadi hamda bu haqda jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasi joriy etiladi

Published

on


Prezident qaroriga muvofiq, Toshkentda zamonaviy «15 daqiqalik shahar» urbanistik konsepsiyasi amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, poytaxt aholisi uyidan chiqib 15 daqiqa ichida asosiy xizmatlar, yashil hududlar va dam olish maskanlariga piyoda yetib borishi uchun sharoit yaratiladi.

Loyiha doirasida yashil hududlar kengaytiriladi, shahar infratuzilmasi takomillashtiriladi hamda aholi uchun yanada qulay shahar muhiti shakllantiriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda bugun ham 43 darajagacha issiq saqlanib qoladi

Published

on


O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bugun O‘zbekiston hududida havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqdan 7–12 m/s tezlikda shamol esadi, ayrim joylarda shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayishi, ba’zi hududlarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Havo harorati 36–41 daraja, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida 42–43 darajagacha ko‘tariladi.

Toshkent shahrida havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqdan 3–8 m/s tezlikda shamol esadi. Havo harorati 37–39 daraja bo‘ladi.

Respublikaning tog‘li hududlarida havo kam, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqdan 7–12 m/s tezlikda shamol esadi. Havo harorati 28–33 daraja bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Andijonda yerni noqonuniy sotishga uringan bankir va mashinist ushlandi

Published

on


Davlat zaxirasidagi yerni olib berish bilan bog‘liq noqonuniy holat fosh etildi. 

Andijon viloyati Marhamat tumanida faoliyat yurituvchi bank xizmatlari markazlaridan birining boshlig‘i va «Norin-Qoradaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mashinisti o‘zaro til biriktirib, 1989-y.t. fuqaroning ishonchiga kirishgan. Ular Marhamat tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonining go‘yoki turar-joy toifasiga oid hujjatlari borligini aytib, mansabdor tanishlari orqali uni kelgusida mazkur fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 39 ming AQSh dollari talab qilishgan. 

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda mashinist oldindan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

IIV sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ishi sudga oshirildi: tafsilotlar

Published

on


IIV sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudida ko‘riladi. Sud ishi 29-iyul kuniga belgilangan. 

Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Abdullayev Bekmurod Tojimirzayevich Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)ning bir qator qism va bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

Sud ishi jadvaliga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev bilan birga jami 30 kishiga oid ish jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Ularning ko‘pchiligi (167-modda 3-qismi a-bandi v-bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)da ayblanmoqda. Sudlanuvchilar orasida Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov ham bor. U 167-modda 2-qismi a-, b-bandlari, 167-modda 3-qismi a-, v-bandlari hamda 205-modda 2-qismi a-, b-bandlari bilan ayblanmoqda.

Ma’lumki, Bekmurod Abdullayev 2021-yil aprel oyidan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2025-yil 3-noyabr kuni ishdan olingan edi.

2026-yil yanvar oyida u qamoqqa olindi, keyinroq garov evaziga ozod etilgani bo‘yicha xabarlar tarqaldi. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.