Connect with us

Iqtisodiyot

Qirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi

Published

on


Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston ikkimaqsadli tovarlarni Rossiyaga reeksport qilishning tizimli kanaliga aylanganini va Bishkek bilan texnik muzokaralar chegaralarda nazoratni kuchaytirishga olib kelmaganini ta’kidlamoqda.

Yevropa Ittifoqi elchilari 22 aprel kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ma’qulladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Dastlab Yevrokomissiya 20-paketni fevral oyida qabul qilishni rejalashtirgan edi, biroq uni kelishish Vengriya va Slovakiya qarshiligi tufayli kechikdi.

Yangi sanksiyalar paketi Rossiya energiya daromadlarini yanada qisqartirish va uning harbiy-sanoat majmuasini cheklashga qaratilgan. Xususan, chora-tadbirlar dronlar ishlab chiqarish, «soya floti»ga ta’sir qiladi, Rossiya suyultirilgan tabiiy gazi bilan bog‘liq xizmatlarni bosqichma-bosqich taqiqlaydi.

Yangi paketda uchinchi davlatlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Yevropa Ittifoqi birinchi marta Qirg‘izistonga nisbatan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi maxsus mexanizmni qo‘llamoqda.

Qarorga ko‘ra, bir qator ikkimaqsadli tovarlarni Yevropadan respublikaga yetkazib berishga taqiq joriy etildi. Cheklovlar quyidagilarga ta’sir qiladi:

– yuqori aniqlikdagi metall kesish stanoklari, shu jumladan raqamli dasturiy boshqaruvga (RDB) ega uskunalar;

– aloqa uskunalari – modemlar, routerlar, radiostansiyalar va boshqa ma’lumot uzatish qurilmalari.

Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston ushbu tovarlarni Rossiyaga reeksport qilishning tizimli kanaliga aylanganini va Bishkek bilan texnik muzokaralar chegaralarda nazoratni kuchaytirishga olib kelmaganini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, Qirg‘izistonning bir qator logistika kompaniyalari Yevropa Ittifoqining transport infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilindi.

Shu paytgacha Yevropa Ittifoqi faqat uchinchi davlatlardagi (masalan, Xitoy, O‘zbekiston yoki Qirg‘izistonning o‘zida) aniq kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan. Endi esa cheklovlar davlat bilan butun bir savdo yo‘nalishi darajasida joriy etilmoqda.

Avvalroq, Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda gumonlar tufayli Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonning bir necha bankiga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan edi. Masalan, Markaziy Osiyo Kapital Banki, Tolubay, Yevroosiyo jamg‘arma banki, Kapital Bank, Keremet Bank va boshqalar.

Qirg‘iziston banklarga qarshi sanksiyalar asossiz ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Prezident Sadir Japarov 2025 yilda BMT minbaridan G‘arbni respublikaga nisbatan cheklovlari uchun tanqid qilgan edi. U asossiz sanksiyalarni mamlakat ichki ishlariga aralashish va endigina shakllanayotgan iqtisodiyotning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi bosim deb atadi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Bond omborlari ochiladi: smartfonlar va kiyim-kechaklar arzonlaydimi?

Published

on


1 iyuldan bond omborlari tashkil qilishga ruxsat berilmoqda. Xo‘sh, bu o‘zi qanaqa ombor, uni kimlar ocha oladi, bu yangilikning narx-navoga ta’siri qanaqa bo‘ladi? Kun.uz savollariga Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Komronbek Muhammadiyev javob berdi.

O‘zbekistonda 2026 yil 1 iyuldan e’tiboran ikki yillik huquqiy eksperiment boshlanadi: yangi turdagi erkin ombor – bond omborlari tashkil etishga ruxsat berilmoqda.

Bond omborlari – jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyojlari uchun sotiladigan import tovarlarni vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan. U yerdagi tovarlar faqat marketpleyslar orqali sotiladi.

Bond omboriga joylanadigan tovarlar ikki guruhga ajratilgan. Birinchi guruhdagi tovarlar: smartfon, noutbuk, planshet va boshqa ayrim yarim elektronika tovarlari jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarilganda, bojsiz olib kirish normalari tatbiq etilmaydi va amaldagi bojxona to‘lovlari o‘rniga ularning sotish qiymatidan 5 foiz yagona bojxona to‘lovi undiriladi. QQS undirilmaydi.

Ikkinchi guruh tovarlarga xalqaro miqyosda brend bo‘lmagan kiyim-kechak va poyabzallar kiradi. Ularni sotishda QQS va 3 foiz bojxona boji undiriladi.

Komronbek Muhammadiyevning so‘zlariga ko‘ra, bu tartib elektron tijorat sohasini rivojlantirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish imkonini beradi.

— Bond omborlari faoliyati O‘zbekistonda birinchi marta eksperiment tariqasida yo‘lga qo‘yilyapti. Bond omborlari nima, u yerga tovarlar qanday joylashtiriladi va bojlar qanday bo‘ladi?

— Elektron tijorat sohasi O‘zbekistonda jadal rivojlanyapti, lekin chakana savdoda ulushi hozirgi kunda ham dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar bo‘yicha baribir past. Bizda elektron tijorat ulushi salkam 5 foizni tashkil etadi, dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich esa 15-20 foiz.

Ikkinchi masala, hammamiz hozir ko‘rib turibmiz, barcha davlat organlari birlashib, xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashishni asosiy maqsad deb belgilab qo‘ygan. Shu maqsadni bajarish borasida bizga vazifa qo‘yildi. Bond omborlari orqali tovarlarni, ya’ni elektron savdo platformalari, oddiy qilib aytganda marketpleyslar orqali sotishni yo‘lga qo‘yish. Bundan asosiy maqsad nima? Birinchidan, ochiq-oydin aytish kerak, har xil yo‘llar bilan – kargo deymizmi yo kurer jo‘natmalari orqalimi – tadbirkorlar tovarlarni olib kirib kelyapti. Va buning natijasida ko‘pgina aylanma, pul mablag‘lari kulrang zonada qolyapti. Bond omborlari orqali esa tadbirkor chet eldan tovarlarni import qilayotganda, ikkita ro‘yxatga kiruvchi tovarlarni pasaytirilgan bojlarda olib kiradi.

Birinchi ro‘yxat – bu beshta turdagi tovarlar. Ularga smartfonlar, planshetlar va hokazo elektronika tovarlari kiradi. Ularga barcha bojxona va soliq to‘lovlari o‘rniga yagona bojxona to‘lovi joriy etildi. Bugungi kunda smartfonlarning bojxona boji 5 foizni tashkil etadi, lekin bunga qo‘shimcha yana qo‘shilgan qiymat solig‘i ham bor. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shib olib kiradigan bo‘lsak, byujdetga to‘lovlar 17 foizdan oshadi. Bizning eksperimentimizda esa bu smartfonlarning sotilayotgan qiymatidan 5 foiz yagona bojxona to‘lovi undiriladi, QQS yo‘q.

Ikkinchi ro‘yxatga o‘tadigan bo‘lsak, u yerda 30 ta pozitsiya belgilangan. Asosiysi, ko‘p ishlatiladigan tovarlar – kiyim-kechak, poyabzal va hokazolar kiritilgan. Ularga barcha bojxona va soliq to‘lovlari o‘rniga 3 foiz bojxona to‘lovi va 12 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilnyapti. Ya’ni o‘rtacha oladigan bo‘lsak, trikotaj, tekstil, kiyim-kechaklarga bizda bojlar haligacha baland – 20 foiz boj. Bu bojdan tashqari qo‘shilgan qiymat solig‘i ham bor, bojxona rasmiylashtiruvi va hokazo… O‘rtacha shu 30 foizgacha ham chiqib keladi narx.

Endi buni ham tushunishimiz kerak, ichki bozorni qo‘llab-quvvatlash, deyishadi. Lekin biz JSTga kirmoqchimiz. Tashkilotga kirishdan maqsad – shu raqobat muhitini tenglashtirish. Tadbirkorlarimiz ham ushbu yangi qoidalarga ko‘nikishi kerak, tushunishi kerak, sekin-sekin o‘rganishi kerak. Mana shu bond omborlari orqali tovar olib kirilayotganda, qo‘shimcha raqobat muhiti ham yaratiladi.

Bunaqa mexanizm chakana savdoni o‘ldirmaydimi degan savol o‘rtaga chiqyapti. Chunki hamma bond omborlari orqali olib kirishni boshlaydi, do‘kon va boshqa savdo nuqtalari o‘zini qoplamay, yopilib ketadi degan xavotirlar bor. Biz bu yerda ko‘rsatib o‘tgan mexanizmimizda olib kirilayotgan tovarlar faqatgina elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyoji uchun realizatsiya qilinishi belgilangan. Ya’ni bond omboridan xarid qilingan tovarlarni tijoriy maqsadda ikkilamchi chakana savdoga chiqarish man etilgan. Buni nazorat qilish Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, bond ombori operatori va maxsus elektron savdo platformasi operatoriga yuklatilgan. Ya’ni bu huquqiy eksperiment, shuning uchun bu qattiq nazoratda bo‘ladi. Agar har xil xavf-xatarlar paydo bo‘ladigan bo‘lsa, bu yerda preventiv mexanizmlar kuchga kiradi.

— Bond ombori litsenziyasi kimlarga beriladi? Ma’lum tadbirkorlargagina berilmaydimi bu huquq? Raqobat nuqtayi nazaridan ishlar qanday tashkil qilinadi?

— Qarorda belgilaganidek, uch oy muddatda biz Vazirlar Mahkamasi qarorini ishlab chiqishimiz kerak. Bu qaror bilan ikkita vaqtinchalik nizom tasdiqlanadi. Birinchi nizom – bond omborlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha, ikkinchi nizom – maxsus elektron savdo platformalari orqali shu bond omborlarda joylashtirilgan tovarlarni sotish tartibini belgilaydi.

Birinchisida bond omborlari uchun barcha talablar yozib chiqiladi, ya’ni bond omborlari reyestri, reyestrga kiritilishi uchun qanday talablarni bajarishi shartligi. Ikkinchisida maxsus elektron savdo platformalari uchun xuddi shunday talablar belgilanadi va ushbu talablar ochiq-oydin, yaqqol Vazirlar Mahkamasi qarorida ko‘rinadi. Barcha u bilan tanishib chiqadi va ushbu reyestrga kirish uchun arizalar o‘rnatilgan tartibda qabul qilinadi. Arizaga javob berish muddati yo 10 kun, yo 30 kun bo‘ladi, ya’ni qonunchilik hujjatlarida belgilangandek.

Bu nega vaqtinchalik nizom? Chunki bu huquqiy eksperiment bo‘lyapti va ikki yilga mo‘ljallangan. Muddat yakunlanishi bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bizning agentlik tegishli takliflar kiritishi kerak. Ya’ni ushbu tartibni yo to‘laqonli bizning qonunchiligimizga implementatsiya qilish bo‘yicha yoki agar yaxshi samara bermasa, tugatish bo‘yicha. Bizning tahlillarimizga qaraganda, o‘zini juda ham yaxshi ko‘rsatishi kerak.

Ochiq-oydin aytaman, O‘zbekistonda hozir sal logistika bilan, omborlar bilan va boshqa-boshqa savdo uchun juda muhim infratuzilma bilan katta muammolar bor. Iqtisodiyotimiz jadal sur’atlar bilan o‘sayotgan paytda, infratuzilmada yetishmovchiliklar bor. Shuning uchun nima maqsad qo‘yganmiz? Bond omborlariga talablar juda kuchli bo‘ladi.

Biz institutsional o‘yinchilarni kutyapmiz, ya’ni bizning iqtisodiyotimizga, shu logistika infratuzilmasiga, bond omborlari, tarqatish punktlariga katta-katta investitsiya kiritadigan o‘yinchilarni kutamiz. Chunki agar kichkina-kichkina o‘yinchilarga beriladigan bo‘lsa, birinchidan, ular bond ombori uchun talablarni bajarishi qiyinroq bo‘ladi. Agar kichkina o‘yinchilar ushbu tartib orqali ishlamoqchi bo‘lsa, ular birlashishi mumkin. Ya’ni birlashib, bitta yagona marketpleys yoki bond ombori operatorini yaratib, o‘rnatilgan tartibda arizaga topshirishi mumkin.

— O‘zbekistonda bunday omborlar shu paytgacha bo‘lmagan, umuman bojxona omborlari bor. Qanaqa bo‘ladi? Mavjud bojxona omborlari bond omborlarga aylantiriladimi yoki ular noldan quriladimi?

— Endi har xil ssenariylar bor. Bizda omborlar bor, lekin ular hozirgi talablarga yetarli emas. Bizda mahalliy o‘yinchilardan biri juda ham katta ombor qurgan. Bu faqatgina ombor emas, ya’ni u juda ko‘p funksiyalarni o‘ziga jamlab olgan. U yerda tegishli tovarlar taqsimlanib ham chiqiladi, avtomatik tarzda ko‘p operatsiyalar amalga oshiriladi. Hozir bunday olib qaraydigan bo‘lsak, hisob-kitob qilib chiqdik, agar 100 ming kvadrat metrlik multifunksional ombor qurmoqchi bo‘lsa, 100 million dollar sarflanishi kerak ekan.

Institutsional o‘yinchilar ushbu tartib bilan ishlay oladi. Chunki bu yerda o‘zi omborning funksiyalaridan kelib chiqqan holda, ancha-muncha xodimlar ishlaydi, ularning bond omboriga talablari kuchli bo‘ladi.

To‘liq suhbat bilan video orqali tanishishingiz mumkin.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

“Necha marta sarson bo‘lib pulini to‘ladik, tasdiq kelmadi”

Published

on


Umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda peshlavhalar muammosi ko‘tarildi. Tadbirkor hali dizayn kod kuchga kirmay turib, peshlavhalar olib tashlanayotgani, biroq yechim berilmayotganiga e’tiroz bildirdi. “Necha marta borib sarson bo‘lib topshirganmiz, pulini ham to‘lab keldik. Tasdiq hali kelmaydi, biz hali o‘zimiz hal qilib olganimiz yo‘q deyishdi”, dedi u.

Illyustrativ foto: Yunusobod tumani hokimligi matbuot xizmati

21 aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasidagi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, biznes ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘runov va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Muloqotda tadbirkorlardan biri Toshkent shahrida peshlavhalar olib tashlanayotgani haqida e’tirozlarini bildirdi.

“Hammani qiynab yuborgan peshlavhalar masalasi. Hali o‘zlari “guide book” qilishmagan, topshirsangiz, tasdiq kelmaydi. Biz o‘zimiz hali qilmaganmiz, deyishadi. Siz endi peshlavhangizni olib tashlashingiz kerak, nomsiz ishlashingiz kerak. Yunusobodda ham, Chilonzorda ham bo‘ldi. Necha marta borib, sarson bo‘lib topshirganmiz, pulini ham to‘lab keldik. Oxiri aytishdiki, tasdiq hali kelmaydi, biz hali o‘zimiz hal qilib olganimiz yo‘q, deyishadi.


Hamma peshlavhalarni olib tashlaymiz-da, keyin bo‘sh binolar rasmiga qarab dizayn kod qilib chiqamiz, deyishyapti. Bitta knopka bilan qilsa bo‘ladigan narsani qilish imkoni yo‘q ekan”, – dedi tadbirkor.

SSP raisi Davron Vahobov tadbirkorlardan peshlavhalar bo‘yicha aniq takliflar berishni so‘radi.

“Bir tarafdan bu narsa qaysidir ma’noda to‘g‘ri. Sababi biz Toshkentning yuzimiz. Shaharga chiqinglar… Men yaqinda Belarusga bordim, hammasi bir xil yozilgan. Birlashib, o‘zimizning fikrimizni olib chiqaylik”, – dedi Vahobov.


Farrux Po‘latov va Davron Vahobov

Tadbirkor fikricha, avval dizayn kod chiqarilib, keyin tadbirkorlarga peshlavhalar uchun tavsiya berilishi kerak.

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov ayrim peshlavhalar “Angrendan ko‘rinishi”ga urg‘u berib, bir xil dizayn kod bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Avvalroq mashhur umumiy ovqatlanish tarmoqlari – Dodo Pizza, Belissimo Pizza, Evos, Feed Up, KFC va Papa Johns peshlavhalar olib tashlanayotgani bo‘yicha jamoaviy murojaat bilan chiqqan edi.

Ular bu amaliyot belgilangan tartib va protsessual talablarga zid ekanini, ayrim hollarda esa ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilariga ham ta’sir qilib, biznes identifikatsiyasi va intellektual mulk huquqlarini cheklayotganini qayd etgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi

Published

on


Markaziy bank 2026-yil 24-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 26,53 so‘mga tushib, 12 015,96 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 96,06 so‘mga tushdi va 14 051,46 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 222,75 so‘m bo‘ldi (-59,90).

Rossiya rubli 160,30 so‘m etib belgilandi (-0,25).

 

 



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Qarzdorning kartasidan avtomatik pul yechilganda kamida 1,2 mln so‘m pul qolishi shart bo‘ldi

Published

on


O‘zbekistonda “kartamga pul tashlasam, kreditga yechib oladi” deya, naqd pulni afzal ko‘ruvchilar talaygina. Yangi tartibga ko‘ra, endi kreditlar, bo‘lib to‘lash va boshqa majburiyatlar doirasida shaxsning kartasidan avtomatik ravishda pul yechib olinganida, karta hisobida kamida 3 BHM (1 mln 236 ming so‘m) mablag‘ qolishi shart. Kartadagi pul shu miqdordan kam bo‘lsa, avtomatik yechib olish ro‘y bermaydi.

Uzcard to‘lov tizimi bank kartalaridan avtomatik (aksepsiz) mablag‘ yechib olishda minimal kamaytirilmaydigan qoldiq joriy etilganini e’lon qildi.

2026 yil 15 apreldan boshlab, banklar va boshqa tashkilotlar kreditlar, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va boshqa majburiyatlar yuzasidan shaxsning Uzcard kartasidan avtomatik mablag‘ yechib olganida, balans nolga tushib qolmaydi.

Bu operatsiyalardan keyin karta hisobida kamida 3 BHM (1 mln 236 ming so‘m) mablag‘ qolishi shart bo‘ladi. Avtomatik yechib olishlar ana shu chegaradan ortiq mablag‘ doirasida ro‘y beradi.

Lekin agar mijozning o‘zi ikkinchi tomonga karta rekvizitlarini taqdim etsa va to‘lovni bir martalik kod (OTP) bilan tasdiqlasa, mazkur qoida tatbiq etilmaydi, bunday holatlarda karta hisobidagi mablag‘ to‘liqligicha yechib olinishi mumkin.

“Bank va mijoz” kanalining yozishicha, tez orada Humo to‘lov tizimi ham shunday tartib haqida xabar berishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1 apreldan boshlab yoqilg‘i va alkogol kabi bir qator tovar va xizmatlarni naqd pulga sotish to‘xtatilgan edi. Kun.uz muxbiri Farg‘onadagi AYoQShlarda bu yangilik qanday ishlayotganini o‘rganarkan, aholining muayyan qismi kredit qarzdorligi tufayli o‘zining nomidagi bank kartasiga pul tashlamasligi masalasi ham o‘rtaga chiqqan edi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Naqdsiz savdo bo‘yicha yangi talablar yumshatilishi mumkin

Published

on


Lekin bu yumshatish benzin yoki gaz quyish bilan bog‘liq emas, faqat kafe-restoran va mehmonxonalarda sotiladigan spirtli ichimliklarga taalluqli bo‘lishi ehtimoli bor. 21 aprel kungi ochiq muloqotda tadbirkor alkogolni faqat naqdsiz sotish tartibi kuchga kirgach, turistlar bilan ishlash qiyinlashganini aytdi. Bunga javoban Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov “yaqin kunlarda yechim taqdim etish”ga va’da berdi.

Toshkentdagi do‘kon oynasiga yopishtirilgan e’lon

O‘zbekistonda kafe-restoranlar va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun naqd pulda to‘lov qilishga ruxsat berilishi kutilmoqda.

Bu haqda 21 aprel kuni umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

Muloqotda so‘z olgan tadbirkor alkogol mahsulotlarini faqat naqdsiz sotish tartibi kuchga kirgach, turistlar bilan ishlash qiyinlashganini aytdi.

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov bunga javoban yaqin kunlarda masalaga yechim berilishini ma’lum qildi.

“Bu – bizning aybimiz, e’tiborsizligimiz. Bu bo‘yicha ishlayapmiz va yaqin kunlarda yechim taqdim etamiz – to‘g‘rilab beramiz”, – dedi u.


Farrux Po‘latov va Davron Vahobov

Po‘latovning ta’kidlashicha, amaldagi tizimda mijozlar noqulay vaziyatga tushib qolmoqda – masalan, ovqat uchun naqd pul to‘lash mumkin, biroq alkogol uchun alohida karta orqali to‘lov qilish talab etiladi.

Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun ham naqd, ham naqdsiz to‘lov imkoniyatini joriy etish rejalashtirilmoqda. Hozirda loyiha manfaatdor idoralar bilan kelishuv bosqichida.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham amaldagi tartib sayyohlar uchun jiddiy to‘siq bo‘layotganini qayd etdi:

“Agar xorijiy sayyoh mehmonxonada spirtli ichimliklarni naqd pulga sotib olmoqchi bo‘lsa, u Uzcard yoki Humo kartasini ochish uchun bankka borishiga to‘g‘ri keladi. Natijada ichishni xohlagan sayyoh ichgisi ham kelmay qolib, samolyotga o‘tirib, orqasiga qaytib ketyapti”.

Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda bir qator tovarlar, xususan alkogol va tamaki mahsulotlarini ham naqd pulga sotish taqiqlangan edi. Bunday xaridlar faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangan.

Mazkur tartib doirasida benzin va dizel, metan va propan kabi yoqilg‘ilarni ham naqd pulga sotish to‘xtatilgani ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.