Jamiyat
Qashqadaryoda hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassis pora bilan ushlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u 1983 yilda tug‘ilgan fuqaroga 2019 yilda shahar hokimligi tomonidan ijara shartnomasi asosida berilgan davlat zaxirasidagi 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur pul mablag‘i shahar hokimligining yetakchi mutaxassisiga berilishi kerakligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, u ham ushbu mablag‘ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni kundalik hayotda shunday qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, idoraning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
«Malika» bozori yaqinida harakatni qayta tashkil etish rejalashtirilmoqda
«Malika» bozori yaqinidagi vaziyat muammo faqat bitta bekat joylashuvi bilan cheklanmasligini ko‘rsatmoqda. Ushbu hududda yuqori intensivlikdagi transport oqimi, jamoat transporti harakati, piyodalar qatnovi, to‘xtash joylari va bozorga kirish yo‘llari bir nuqtada kesishmoqda.
Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish markazi
Shu munosabat bilan, harakatlanish sxemasini to‘liq qayta ko‘rib chiqmasdan amalga oshiriladigan har qanday qisman yechim, jumladan faqat bekatni ko‘chirish, kutilgan samarani bermasligi, aksincha vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari mazkur hududda harakatni tashkil etishning bir nechta variantlari ustida ish olib bormoqda. Xususan, chorraha geometriyasi va yo‘laklarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati tahlil qilinmoqda, svetofor boshqaruvi tizimi samaradorligi baholanmoqda, yo‘l qismidan amaldagi foydalanish holati, jumladan, to‘xtash joylari hisobga olinmoqda. Shuningdek, turli yechimlarning transport va piyodalar oqimiga ta’siri ham modellashtirilmoqda.
Kompleks yondashuv doirasida bekatlar joylashuvini o‘zgartirish ehtimoli, harakatlanish sxemasini tuzatish, svetoforlar ishini optimallashtirish hamda to‘xtash joylarini tartibga solish kabi choralar ko‘rib chiqilyapti.
Qayd etilishicha, asosiy maqsad haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun yangi ziddiyatlar keltirib chiqarmasdan harakatni yaxshilashdan iborat.
Ayni paytda mazkur hudud uchun chuqur tahlillarga asoslangan yechim variantlaridan biri tayyorlangan bo‘lib, u transport tugunidagi yuklamani kamaytirishga qaratilgan yondashuvni namoyon etadi. Shu bilan birga, qaror qabul qilishda aholi fikri muhim omil sifatida qaralayotgani, fuqarolardan konstruktiv taklif va mulohazalar kutilayotgani bildirildi.
Jamiyat
Davlat ishxonalarida har oyda bir marta «Qog‘ozsiz bir kun» aksiyasi o‘tkaziladi
Hukumatning joriy yil 18-martdagi 19-son qarori bilan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyunga qadar:
ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus chiqindi quti (konteyner)lari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
har bir tarkibiy bo‘linmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.
2026-yil 1-maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:
kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
har oyda 1 marotaba «Qog‘ozsiz bir kun» ekoaksiyasi o‘tkaziladi.
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbatda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildilar. Uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga, jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelishi mumkinligi, vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar bilangina tez fursatda yumshatish zarurligi qayd etildi.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Jamiyat
Toshkentda isitish mavsumi bosqichma-bosqich yakunlanadi
Toshkent shahar hokimligi ayni kunlardagi ob-havo sharoitini inobatga olgan holda poytaxtda isitish mavsumini bosqichma-bosqich yakunlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Shu bilan birga, aholi qulayligi uchun kelayotgan bayram kunlari issiqlik ta’minoti saqlab qolinishi, isitish davri rejali yakunlanishi ma’lum qilingan.
Shunga ko‘ra, isitish mavsumini yakunlash 24 martdan boshlanishi rejalashtirilgan. U bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mavsumni yakunlashga o‘tish, shuningdek, kommunal infratuzilmaga tushadigan yuklamani kamaytirishga va resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Hayit va Navro‘z munosabati bilan qo‘shimcha poyezd va avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Ramazon hayiti hamda Navro‘z umumxalq bayrami davrida yo‘lovchilarni o‘z manzillariga xavfsiz yetib borishlarini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, 19 – 25 mart kunlari aholi talabini qondirish uchun jami 25 000 ta qo‘shimcha yo‘lovchi o‘rni yaratiladi.
Qo‘shimcha «Afrosiyob» reyslari:
19 – 21 mart kunlari (6 ta reys)
Toshkent — Samarqand — Toshkent yo‘nalishida;
19, 20, 21, 22, 23 va 25 mart kunlari
Toshkent — Buxoro — Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 19 – 25 – mart kunlari quyidagi yo‘lovchi poyezdlarga 4 tadan qo‘shimcha vagonlar ulanadi:
Toshkent – Xiva – Toshkent
Toshkent – Shovot – Toshkent
Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent
Toshkent – Termiz – Toshkent
Toshkent – Buxoro – Toshkent (Sharq)
Chiptalarni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rasmiy sayti, mobil ilovasi hamda temir yo‘l kassalaridan xarid qilish mumkin.
Shu bilan birga, «Toshkent» avtovokzalidan amaldagi reyslardan tashqari har kuni shaharlararo yo‘nalishlarda 70 dan ortiq qo‘shimcha avtobus qatnovlari ham tashkil etilmoqda.
Qatnovlar «Toshkent» avtovokzalidan Zomin, Samarqand, Jarqo‘rg‘on, Buxoro, Qorako‘l, Mirbozor, Navoiy, Jo‘sh, Nurota, Zarmitan, Zarafshon, Xatirchi, Qiziltepa, Konimex, Uchquduq, Kadan, Payariq, Shahrisabz, Qarshi, G‘uzor, Sherobod, Termiz, Denov, Uzun, Urganch, Xiva, Gurlan, To‘rtko‘l va Nukus shaharlariga amalga oshirilyapti.
Qatnov jadvali va chipta narxlari bilan avtovokzalning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida tanishish mumkin. Chiptalarni esa «Toshkent» avtovokzali chiptaxonalaridan hamda «UzBus» mobil ilovasi orqali onlayn tarzda sotib olish mumkin.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat4 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot5 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
