Jamiyat
Turkiyada o‘ldirilgan o‘zbek ayollari: fojia qayerda boshlanyapti?
2026 yil boshidan Turkiyada o‘zbekistonlik ayollar bilan bog‘liq ketma-ket fojialar jamoatchilikni larzaga soldi. Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva fojiali o‘ldirildi, Dilafruz Cho‘lliyevaning jasadi esa daraxtzordan topildi. Hakimova va Ergashaliyevlar ishi bo‘yicha ayblov xulosasi e’lon qilinib, sud jarayonlari boshlanmoqda. Cho‘lliyeva ishida tergov davom etmoqda.
Bu voqealar o‘zbek migrant ayollarining xorijda xavfli sharoitlarda qolayotgani, ularni himoya qilish tizimidagi kamchiliklar yuzasidan savollarni vujudga keltiradi. Kun.uz Turkiyadagi O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati, Migratsiya agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va marhumalarning yaqinlarini shu savollar atrofida bir joyga to‘pladi.
«Farzandim o‘qisin deb ketadi»
Turkiyadagi O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati rahbari Ozoda Islomova migratsiyaga ketgan ayollarning aksariyati tirikchilik tashvishida ketayotganini ta’kidladi.
“O‘zbek ayollarimiz asosan o‘sha iqtisodiy qiyinchilik tufayli, oilaviy sharoiti tufayli, yaxshi hayotni orzu qilgani uchun, farzandlarni o‘qitish uchun, to‘y-hasham qilish uchun, uy olish uchun O‘zbekistondan bu yerga kelishadi. Ayollarimiz bilan, ko‘pchiligi bilan har doimgi suhbatlarimiz natijasi shuni ko‘rsatadiki, bizning o‘zbek ayollarimiz hammasi mehnatsevar ayollar. Ishdan qochmaydi, yaxshi hayotimiz bo‘lsin deydi, farzandimga chiroyli bir hayot, kelajakni ta’minlaylik deydi va shu sabab ular O‘zbekistondan bu yerga keladi. O‘qitaylik deydi, farzandlarini o‘qitish uchun kontraktini to‘lash maqsadida keladi”, deydi u.
«Singlim avtobusdan tushganidan keyin yo‘qoldi»
Afsuski muammolar davom etyapti, jizzaxlik Dilnoza Shaymanova Turkiyada bedarak yo‘qolgan. Ayni paytda uni topish maqsadida Turkiyada bo‘lib turgan singlisi gapirib berdi.
“Singlim Shaymanova Dilnoza ishlash maqsadida Turkiyaga keldi. Anqara shahrida bir kampirga qarab ishladi bir oy. Bir oyda bu uyda muammo bo‘lgani uchun qaytishga majbur bo‘ldi. Qaytib ketayotganda avtobusda qaytdi Istanbulga. Avtobusdan tushgandan keyin “koronavirusga analiz topshiraman, undan keyin bilet olaman, qaytaman” degandan keyin yo‘q bo‘ldi. Yo‘q bo‘lib, to‘rtinchi kuni telefon qilyapti soat ikkilarda Turkiyaning vaqti bilan. Dengizning yonida ko‘ryapman uni. Dengizning yonida qandaydir bir qo‘rquv bilan turibdi. Atrofni ko‘rsat desam ko‘rsatmadi. Shundan telefoni o‘chdi, boshqa gaplashmadik. Telefon qildik boshqa bir odam, bir ayol kishi ko‘tarib bizni qo‘rqitdi, bu bizdan qarz deb har xil gaplar gapirdi bizga. Shundan beri singlim dom-daraksiz yo‘q, topolmayapmiz. Sizlardan iltimos, shu topib berishingizni so‘rab iltimos qilib keldim”, deydi Dilnozaning singlisi.
Bir oyda uch fojia
O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati rahbari Ozoda Islomovaning ta’kidlashicha, 2026 yilning dastlabki oylarida kuzatilgan holatlar hatto tajribali huquq himoyachilarini ham larzaga solgan. E’tiborlisi, qurbonlarning hayot tarzi ham, Turkiyaga kelish maqsadlari ham turlicha bo‘lgan:
“Bunaqa murojaatlar juda ham ko‘p. Ammo 2026 yil boshidan juda ham mana shunaqa bizni xafa qiladigan, hammamizning qalbimiz og‘rigan fojiali voqealar birin-ketin bo‘lgani, ya’ni bir oyning ichida insonlarning o‘limi bilan bog‘liq uchta eng og‘ir fojia yuz berdi. Bularni ko‘rganimizda birisi, masalan, bu yerda doimiy yashab turgan Dilfuza Cho‘lliyeva ishlagani kelgan, bir yil davomida bu yerda ishlagan. Sayyora qizimiz faqatgina bu yerda ma’lum bir muddat uchun kelgan. O‘zining pulini olish maqsadida kelgan. Ya’ni uchalasi uchta voqea: birisi yashab turgan, birisi bu yerda ishlash uchun kelgan, birisi sayohat, ya’ni uch oy davomida o‘z maqsadlari uchun kelishgan. Dilfuza Cho‘lliyevani ham farzandlari bilan gaplashganda “bizning oilamizda ya’ni uy olish maqsadida chiqib ketgandilar oyim va O‘zbekistonda uy qilamiz, joy qilamiz deb ketgandilar” deyapti. Sayyoraxonni ham ikkita farzandi O‘zbekistonda, oilasi O‘zbekistonda, ota-onasi hajda bo‘lgan paytda kelyapti bu qizimiz. Bu xavf-xatarda yolg‘iz o‘zini chorasini ko‘ra olaman deb ko‘zlab kelgan qizlarimizda bo‘lyapti bu voqealar. Albatta, agar ular ijtimoiy yordam olishlarini bilishsa edi, shunaqa bir markazlar bor, konsulliklarimiz bor, migratsiya vakilliklari bor, vazirliklarimiz bor, Xotin-qizlar qo‘mitasi bor, kimga qayerga murojaat qilishni bilganida edi bu qizlarimiz, balkim bunday og‘ir vaziyatlarga duch kelmasdi”.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakili Nigora Latipovaning ta’kidlashicha, ular vatanga tekinga qaytariladi.
“O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati bilan biz muntazam ravishda aloqada bo‘lamiz va o‘sha og‘ir ahvolga tushib qolgan ayollar bizga xohlagan paytlarida qo‘ng‘iroq qilishadi yoki yozma ravishda ariza topshirib murojaat qilishadi va ularning murojaatlarini biz tegishli tarzda o‘sha mutasaddi vazirlik idoralari bilan o‘rganamiz. Bundan tashqari, o‘sha xotin-qizlar xoh mehnat migranti bo‘lsin, xoh mehnat migranti bo‘lmasin, u ayolmi va uning bolasi og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushdimi xorijda, ularning qaytish istagida bo‘lganligini o‘sha elchixona vakillariga yoki mutasaddi vazirliklarga yoki Xotin-qizlar qo‘mitasiga bildirsa, biz ularning holatlarini o‘rganamiz va ularni tekinga, ya’ni ikki kunga ham bormasdan iloji boricha tezroq biletlarni xarid qilib olib, vatanga qaytarish choralarini ko‘ramiz. Bu ham ayollarimizga befarq emaslik, ayollarimiz tashlab qo‘yilmaganligining yaqqol misoli”.
«Muammo Turkiyada emas, O‘zbekistonda boshlanyapti»
O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati rahbari Ozoda Islomova:
“5 yildan beri Turkiyada mana shu jamiyatimiz qoshida 10 mingdan ziyod ayollarimizni eng og‘ir vaziyatlardagi holatlari bilan yuzma-yuz bo‘ldik. Ularni eshitdik, tingladik, kerakli tashkilotlar bilan bog‘lanib muammosining yechimini topishga harakat qilyapmiz. Har payshanba qabulimiz bor. Qabulimizda kelgan vatandoshlarimiz bilan yuzma-yuz bo‘lganda ulardan kelib chiqqan muammolarning tahliliga ko‘ra bizni bugun mana shu jamiyatimizdagi vatandoshlarimiz, ya’ni chet elga chiqqan vatandoshlarimizning muammolarini albatta O‘zbekistondagi davlat vakillari bilan chambarchas ravishda olib borilgan bir mexanizm kerak deb o‘ylayman. Chunki biz bu yerda muammo bo‘lib o‘tgandan keyin yechimini qilishni harakat qilyapmiz. Ammo u yoqdan kelishdan oldin qanaqa muammo bor va nimaga O‘zbekistondan chiqib ketyapti? Qanaqa muammo bo‘ldiki chiqib ketyapti va qaysi muammoni hal qilish uchun chiqib ketyapti? Biz buni avvalo o‘zaro bir mexanizmini ishlab topishimiz kerak va bu uchun men o‘ylayman, hurmatli Saida Shavkatovnaning o‘zlarining nazoratlari ostida bo‘lsa biz nafaqat Turkiya, butun dunyodagi migratsiya ayollarimiz uchun juda chiroyli bir ham sxema, ham mexanizm qila olamiz deb o‘ylayman. Chunki bugun bizga Isroildan turib vatandoshlarimiz murojaat qilyapti, Meksikaning chegarasida qolgan o‘zbek ayol vatandoshlarimiz murojaat qilyapti, Rossiyadagi o‘zbek ayollarimiz murojaat qilyapti. Biz bu murojaatlarni o‘rgangan holatda davlat vakolatli organlari bilan aloqaga chiqyapmiz. Ammo bizning o‘sha kuchli davlatimizni haqiqatan shu mexanizmni o‘zlari agar qo‘llab-quvvatlasalar butun dunyodagi o‘zbek ayollarimizni yolg‘iz qoldirmaymiz. Barchasi davlatning himoyasida ekanligini bildira olamiz. Yaqinda o‘zbekistonlik bir ayolimizning Turkiya ommaviy axborot vositalaridagi chiqishini hamma ko‘rdi va bu ayolimizning o‘sha yerda yolg‘iz qolgan holatini ko‘rishdi. O‘sha studiyadan nohaq ayblov bilan olib qamoqxonaga olib borildi, 20 kundan ziyod qamoqxonada ushlashdi. Ammo advokatlarimiz bilan birgalikda berilgan shikoyat arizalarimiz orqali shu ayolni qamoqxonadan chiqardik. Ammo sudi hali davom etyapti. Sudi davom etgandan keyin undan chiqqan hukmga ko‘ra nima bo‘lishini endi ko‘ramiz. Chunki hozir O‘zbekistonga ketaman desa ham ketish izni yo‘q, ruxsati yo‘q. Shuning uchun biz bu holatlar bilan nafaqat o‘sha bitta vatandoshimiz, balki minglab ayollarimizni himoya qilish masalasini ko‘ryapmiz”.
Migratsiya agentligi: «O‘zbekiston o‘z fuqarosini tashlab qo‘ymaydi»
Migratsiya agentligi axborot xizmati mutaxassisi Gulruh Tulayeva:
”Xorijda ishlamoqchi bo‘lgan ayollar nimalarga e’tibor bersin dedingiz. E’tibor beradigan jihatlar juda ham ko‘p. Agar xorijda ishlash istaklari bo‘lsa, albatta o‘sha davlatda qonuniy maqomda bo‘lishni birinchi o‘ringa qo‘yishlari kerak. Ikkinchidan, har bitta yurgan yo‘limizda yaqinlarimizga lokatsiya tashlab yurishni unutmaylik, bu oddiy hayotiy qonuniyat. Chunki biz xorijdamiz, agar qandaydir jinoyat bo‘lsa ham jinoyat ishini, izini ochishda bu juda muhim omil hisoblanadi. Har bir yurgan yo‘lida qayerga ketyapsiz, qanday mashinaga chiqdingiz, kim bilan ko‘rishgani, nima maqsadda ketyapsiz yaqinlaringizga telegram orqali aytib o‘tishingiz kerak buni va lokatsiyalarni ham albatta tashlab yurish kerak. Chunki u begona yurt, begona odamlar. Vaholanki bu holat o‘zimizning hamyurtlarimiz bilan jinoyat sodir bo‘lyapti. Yuqorida Dilafruz Cho‘lliyevani opalari ham aytib o‘tdi “kontrakt asosida kelganman, mening huquqlarim bu yerda himoyalangan, sug‘urtam, hamma narsam bor” dedilar. Bu mana tashkillashtirilgan migratsiyaning qanchalik to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatib turibdi. Iloji boricha tashkillashtirilgan migratsiyani tanlaganimiz muhim. Siz aytib o‘tdingiz “bu qiyin bo‘lgani uchun odamlar yakka tartibda ketadi” deb, to‘g‘ri, qiyin, lekin to‘g‘ri yo‘l, qonuniy yo‘l, rasmiy yo‘l har doim qiyin bo‘lgan. Sababi barcha bosqichlarni bosib o‘tgan odam huquqlari ham himoyalanganligini biladi, to‘g‘ri yo‘ldaligini, qayerda ishlayotganini, kim bilan ko‘rishishini, nechagacha ishda-yu, nechadan keyin uyda bo‘lishi hammasi aniq bo‘ladi. Kontraktida ham aniq yozilgan bo‘ladi. Yuqoridagi vaziyatlarda ayollarimiz bittalari turist viza bilan borishgan, bittalari ancha yildan beri ana shu yerda yashashyapti, bittalari vaqtincha mehnat faoliyatini olib borishgan. Lekin barchasi ham O‘zbekiston fuqarosi. Bu masalada xoh u yakka tartibda ketdimi, xoh tashkillashtirilgan tartibda ketdimi – O‘zbekiston o‘z fuqarosini hech qachon tashlab qo‘ymaydi og‘ir vaziyatda. Xoh u zo‘ravonlikka uchradimi, majburiy mehnatga uchradimi, huquqlari poymol bo‘lyaptimi, mehnat munosabatlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmayaptimi 1282 qisqa raqam orqali Migratsiya agentligiga yoki “Huquqiy yordam uz bot” telegram boti orqali Migratsiya agentligiga 24 ga 7 murojaat qilishsin. Biz ularga bo‘lib turgan davlatlarda buzilayotgan mehnat munosabatlariga oid huquqlari buzilsa, 3 yarim ming dollargacha advokatlik yordami beriladi migratsiya jamg‘armasi hisobidan. Bu ham muhim ma’lumot. Mazalari qochib qolgan bo‘lsa bu yerdan doktorlarni yuborgan holatda olib kelinadi. Eng og‘ir holatlarda ham qaysidir blogerga, qaysidir yaqiningizga “shu masalada yordam ber men olib kelishim kerak jasadini yo boshqasini” degan og‘ir holatlarda ham faqat Migratsiya agentligiga murojaat qilish kerak bo‘ladi. U migrantmi yoki migrant emasmi, faqat O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa bo‘ldi, xorijda vaqtincha faoliyat olib boryaptimi rasmiymi-norasmiymi qo‘rqish kerak emas. O‘zbekiston vatanga qaytaradi o‘z fuqarosini. Va yagona aytadigan so‘zimiz bizda iloji boricha ketayotgan davlatlarga taxminan borsam nimadir qilarman deb ketishmasin. Oldin O‘zbekistondagi sharoit bilan u yerdagi sharoitni yaxshilab o‘rganib chiqsin. Har doim ham chet elda yaxshi oylik bo‘ladi degan fikr yo‘q hozir. O‘zbekistonda qancha topishi mumkin-u, u yerda qancha topishi mumkin? Tavakkal qilgani, uyidagilarni tashlab ketgani, u yerda mumkin bo‘lgan qandaydir taxminiy fojialarning oldini olishga bo‘lgan o‘sha topgan pul shunga arziydimi yo‘qmi?”
Turkiyadagi so‘nggi voqealar bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatdi: muammo faqat xorijdagi jinoyatlarda emas. Ayollar nega ketyapti? Nega ular xavf-xatarlarga qaramay noma’lum odamlar bilan ishlashga rozi bo‘lyapti? Nega muammo yuz berganda kimga murojaat qilishni bilmaydi? Bu savollarga javob topilmas ekan, Durdona, Sayyora va Dilafruzlar haqidagi xabarlar takrorlanish xavfi saqlanib qolaveradi.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot9 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat5 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat4 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
