Connect with us

Jamiyat

Namanganda IIB tergovchisi nomusga tegish jinoyatini “yopib” yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Published

on


Davlatobod tumani IIB tergovchisi ish yurituvida bo‘lgan nomusga tegish jinoyatini hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish va imzolarni qalbakilashtirish orqali qasddan yashirgan. Oqibatda gumondor yigit oradan ko‘p o‘tmay yana shu turdagi jinoyatlarga qo‘l urgan.

Namanganda nomusga tegish jinoyatini yashirgan IIB tergovchisi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Nima bo‘lgan?

Sud hukmiga ko‘ra, D.O. Davlatobod tumani IIBda katta tergovchi vazifasida ishlagan.

Fuqaro D.K. 2025 yil 14 mart kuni Davlatobod tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, bir kun avval Abduvali ismli shaxs aviakassa binosida zo‘rlik ishlatib, majburlagan holda jinsiy aloqa qilganini bildirgan. Keyinchalik Abduvali ismli shaxs aslida V.V. ekani aniqlangan.

D.O. holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish jarayonida o‘z vakolat doirasidan chetga chiqib, ushbu jinoyatni sodir etgan V.V. nomidan o‘zi tushuntirish xati tayyorlagan. U tushuntirish xatiga jabrlanuvchi “jinsiy aloqani o‘z ixtiyori bilan qilgani” haqida soxta ma’lumotlar kiritgan. So‘ngra V.V.ning imzosini qalbakilashtirib, tushuntirish xatiga qo‘ygan.

Tergovchi bu harakati bilan yaqqol nomusga tegish jinoyatini qasddan yashirgan hamda V.V.ning qilmishida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi asosi bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilgan. Shundan keyin ushbu qarori go‘yoki Davlatobod tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilgani haqida tuman prokuraturasi hujjatini rasmiylashtirib, unga prokuror o‘rinbosari imzosini elektron shaklda qo‘yib yuborgan.

Namangan shahar IIB ekspert kriminalistika bo‘limi xulosasida V.V. nomidan yozilgan tushuntirish xatidagi imzo boshqa shaxs tomonidan bajarilgani ko‘rsatilgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, V.V.ga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qaror tuman prokurori o‘rinbosari tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, bekor qilingan hamda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun yuborish haqidagi qaror qabul chiqarilgan. Ammo, tergovchi D.O. ushbu hujjatlarni tuman prokuraturasidan o‘zi olib chiqib ketgan va qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormaslik maqsadida qasddan nobud qilgan.

Yigit yana jinoyat qildi

Oradan ko‘p o‘tmay V.V. yana shu turdagi jinoyatga qo‘l urgan. U 2025 yil 29 iyunda voyaga yetmagan qizni qo‘rqitib, zo‘rlik ishlatgan holda jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirgan.

2025 yil 30 iyulda esa o‘ldirish bilan qo‘rqitgan holda 20 yoshli qizning nomusiga tekkan.

Ushbu holatlar yuzasidan V.V.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 2-qismi “b, g” bandlari hamda 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

JIB Namangan shahar sudining 2026 yil 23 yanvardagi hukmi bilan V.V. nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlarida aybli deb topilgan. Unga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

“Aybimga iqror emasman”

Tergovchi sudda aybiga iqrorlik bildirmagan. U V.V. imzosini soxtalashtirmaganini, tushuntirish xatini uning o‘zi yozganini aytgan.

“D.K. arizasida Abduvali deb aytgan shaxs 2007 yilda tug‘ilgan V.V. ekani ma’lum bo‘ldi. Uni xizmat xonamga chaqirib, holat yuzasidan tushuntirish xati oldim. To‘plangan hujjatlar bo‘yicha D.K.ga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinladim.

Ekspertiza xulosasini olganimdan so‘ng u bilan tanishib chiqdim. Xulosada D.K.ning qizlik pardasi butunligi buzilgani, badanida qontalash jarohatlari borligi, ushbu jarohatlar sud-tibbiy ko‘rikkacha 1-2 sutka muddat atrofiga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgandi. Ekspert mutaxassisidan holatga oydinlik kiritish maqsadida tushuntirish xati oldim.

D.K. voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik holatida zo‘rlash alomatlari bo‘lmagan, deb jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildim”, degan D.O. o‘z ko‘rsatuvida.

Shuningdek, tergovchi V.V.dan elektron shaklda tushuntirish xati olganini, ya’ni uning ko‘rsatuvlarini kompyuterda yozib olib, so‘ngra imzolatganini bildirgan.

“Don-don ziki o‘ynaymiz dedi”

Sudda D.K. guvoh sifatida so‘ralgan. Ma’lum bo‘lishicha, u V.V.ga tegishli paynet shoxobchasida ishlagan.

“2025 yil 13 mart kuni soat 19:00 larga qadar ishxonada ishladim. Bu vaqtda mijozlar kelishi to‘xtab qolgani sababli boshlig‘im Abduvali akaga (V.V.ga) telefon orqali xabar yozib, ketishga ruxsat so‘radim. U Davlatobod tumani Davlatobod mahallasida joylashgan aviakassaga borishimni, o‘sha yerda birga ovqatlanishni, keyin uyimga ketaverishimni tushuntirdi.

Rozi bo‘lib, manzilga bordim. Ichkariga kirib, biroz gaplashib o‘tirdik. U menga kallaga chertishdan “don-don-ziki” o‘ynashni taklif qildi”, degan qiz ko‘rsatmasida.

Shundan so‘ng qarshilik ko‘rsatganiga qaramay V.V. nomusiga tekkanini aytgan.

D.K.ning opasi esa o‘sha kuni singlisining ustida bo‘lgan kiyimlarni daliliy ashyo sifatida tergovchi D.O.ga xizmat xonasida berganini ma’lum qilgan. Biroq sudlanuvchi D.O. buni o‘z ko‘rsatmasida rad qilgan.

Jazo

D.O.ning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan deb hisoblangan.

JIB Namangan shahar sudining 2026 yil 30 martdagi hukmi bilan D.O. Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 230-1-moddasi (dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 3-qismi bilan aybdor deb topilgan. Unga 3 yil ichki ishlar idoralari tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

D.O. sud zalidan qamoqqa olingan.

Apellyatsiya sudining 2026 yil 12 iyundagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirilgan. Ya’ni, D.O. ayblovidan mansab soxtakorligi jinoyati chiqarilgan hamda ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil 25 kunga tushirilgan.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi

Published

on


Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.

Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin

Published

on


Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.

Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.

Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.

Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.

Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.

O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi

Published

on


Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.

Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.

Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.

Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.

Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.

Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi

Published

on


Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.

Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.

Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.

Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.