Iqtisodiyot
Prezident elektrotexnika sanoati bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu yo‘nalishda izchil islohotlar amalga oshirilib, zamonaviy quvvatlar barpo etildi, ishlab chiqarish va eksport hajmlari ortib bormoqda. Masalan, joriy yilning 9 oyida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga o‘sib, 34 trillion so‘mga yetdi. Eksport 970 million dollarni tashkil qildi.
Shu bilan birga, sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Xususan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Ayni vaqtda mis mahsulotlari eksportining atigi 60 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ulushiga to‘g‘ri kelyapti.
Taqdimotda mamlakatimizda chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, misni xarid qilishda chegirma taqdim etish, kredit foizlarining 5 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplash, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berish rejalashtirilgan.
Tarmoqda an’anaviy turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan birga yuqori texnologik turlarini o‘zlashtirish, jumladan, elektronika va yarim o‘tkazgichlar sohasiga kirib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi loyihalar hisobiga kelgusi yillarda yurtimizda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Mutasaddilar ushbu xomashyo bazasidan foydalanib, uning negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar to‘g‘risida axborot berdi. Serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-o‘lchov va avtomatika vositalari, smart-kartalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan. Umuman, bu yo‘nalishda 2,1 milliard dollarlik 157 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ular orqali 14,5 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.
Taqdimotda hududlardagi elektrotexnika texnoparklarining faoliyati ham ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda milliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorlarga chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda. O‘zbekiston standartlar instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasi baholash sxemasiga a’zo organ sifatida qabul qilindi. Bu mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sertifikatlarining 53 davlatda tan olinishini ta’minlaydi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yevropalik hamkorlar bilan muvofiqlikni baholash tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevroittifoq talablariga moslikni tasdiqlovchi “CE” belgisi beriladi. Bu esa Yevropaga eksport hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi.
Davlatimiz rahbari rejalashtirilgan chora-tadbirlar va loyihalar ijrosini jadallashtirish, eksportning o‘sish sur’atlarini saqlab qolib, yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot
21,5 mingta oila ipoteka krediti oldi
2026-yil yanvar–may oylarida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan aholiga 6 trln 583,7 mlrd so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu davrda 21 ming 553 nafar fuqaro ipoteka krediti olgan. Shuningdek, ipoteka dasturlari doirasida 6 ming 929 nafar fuqaroga jami 622,8 mlrd so‘m miqdorida subsidiya to‘lab berilgan.
Subsidiyalarni o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha hududlar reytingida Xorazm viloyati yetakchilik qildi. Viloyatda mazkur ko‘rsatkich 34 foizni tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarni Jizzax viloyati — 31 foiz, Surxondaryo viloyati — 30 foiz, Namangan viloyati — 30 foiz va Andijon viloyati — 29 foiz bilan egalladi.
Hududlar kesimida ipoteka kreditining eng yuqori miqdori 380 mln so‘m, o‘rtacha kredit miqdori esa 296,5 mln so‘mni tashkil etgan. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 480 mln va 352 mln so‘mga teng bo‘lgan.
Subsidiyali ipoteka kreditlari ajratilishi ulushi bo‘yicha «Biznesni rivojlantirish banki» 59 foiz bilan birinchi o‘rinni qayd etdi.
Shuningdek, «Ipotekabank» 54 foiz, «Turonbank» 52 foiz, «Agrobank» 49 foiz va «Aloqabank» 45 foiz ko‘rsatkich bilan eng faol beshlikdan joy oldi.
Iqtisodiyot
Naqdi shirin yoxud naqd pulsiz siyosatning huquqiy tomoni
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsadida 2026 yil 1 apreldan boshlab bir qator tovarlarning chakana oldi-sotdisini naqd pulda amalga oshirish taqiqlandi. Bu esa qonunchilik normalari o‘rtasida bir qator yuridik kolliziyalarni keltirib chiqarmoqda. Huquqshunos O‘ktamjon To‘xtayev Kun.uz’ga taqdim etgan maqolasida ana shu ziddiyatlarni batafsil ko‘rib chiqadi.
Huquqiy davlatning ajralmas asosi sifatida qonun ustuvorligi tamoyili e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 15-moddasida barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning qonunga og‘ishmay bo‘ysunishi shartligi mustahkamlangan bo‘lsa, 16-moddasida birorta ham me’yoriy hujjat Bosh qomusimiz hamda qonunlarga zid kelishi mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan yoki referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinadi”.
Normativ-huquqiy hujjatlar iyerarxiyasida Fuqarolik kodeksi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar bevosita Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan eng barqaror hujjatlar sanaladi. Ular prezident farmonlari va hukumat qarorlaridan farqli o‘laroq, yuridik kuchi jihatidan doimo ustun mavqeni egallaydi.
Shu nuqtayi nazardan yondashganda, 2026 yil 1 apreldan boshlab joriy etilayotgan majburiy naqd pulsiz hisob-kitoblar tartibi milliy qonunchiligimiz amaliyotida yaqqol ko‘zga tashlanadigan hamda ilmiy-amaliy doiralarda jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan huquqiy kolliziyani yuzaga keltirganini ko‘rishimiz mumkin.
“Qonun – karvon, ijro – sarbon” deyilganidek, ijro hokimiyati vakillari joriy etayotgan ushbu cheklovlar amaldagi fundamental qonun hujjatlarining negizini tashkil etuvchi prinsiplar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatga kirishmoqda.
Fuqarolik kodeksining 790-moddasi hisob-kitoblar mexanizmining eng asosiy poydevori sanaladi. Ushbu moddada mustahkamlangan imperativ normaga ko‘ra, fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan o‘zaro hamda ular ishtirokidagi hisob-kitoblar naqd pullar yordamida yoxud naqd pulsiz tartibda, summasi cheklanmagan holda amalga oshirilishi kafolatlangan.
Bunga qo‘shimcha ravishda, pulga bag‘ishlangan Fuqarolik kodeksining dastlabki normalarida, xususan 94-moddada so‘m – o‘zida ko‘rsatilgan qiymat bo‘yicha qabul qilinishi shart bo‘lgan qonuniy to‘lov vositasi ekani, shuningdek, to‘lovlar naqd pulda va naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Mazkur normaning tub mohiyati shundan dalolat beradiki, naqd va naqd pulsiz to‘lov shakllari yuridik jihatdan mutlaqo teng huquqiy maqomga ega.
Shu bilan bir qatorda, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasida ham to‘lovlar mamlakat hududida naqd pul yoxud naqd pulsiz hisob-kitoblar tarzida amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu shuni anglatadiki, Markaziy bank emissiya qiladigan milliy valuta – so‘m butun respublika hududida har qanday miqdorda va har qanday vaziyatda hech bir cheklovsiz qabul qilinishi shart. Qonunosti hujjati hisoblangan PF-246-sonli prezident farmoni qabul qilinishi oqibatida esa ijro hokimiyati miqyosida muayyan tovarlar guruhi (xususan, yonilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari hamda 25 mln so‘mdan oshadigan xaridlar) uchun naqd pulni qabul qilish qat’iyan taqiqlandi.
Yurisprudensiyada bu holatni “Lex superior derogat legi inferiori” (Yuqori yuridik kuchga ega qonun quyi hujjatni bekor qiladi) umum e’tirof etilgan qoidasi bilan talqin qilish mumkin. Aniqroq aytganda, yuqori yuridik maqomga ega qonun naqd pulni qonuniy va cheklovsiz vosita sifatida e’lon qilib turgan bir sharoitda, quyi turuvchi normativ-huquqiy hujjatning uni qabul qilishni man etishi yuridik anomaliyani yuzaga keltirdi.
Mazkur nomutanosiblik o‘zining salbiy oqibatlarini uzoq kuttirmadi. Yangi me’yorlar huquqiy kuchga kirishi bilanoq, bevosita huquqni qo‘llash amaliyotida qator jiddiy muammolar yuzaga kela boshladi. Xususan, savdo tarmoqlarida nazorat-kassa mashinalaridagi “naqd” tugmasi o‘chirib qo‘yilishi oqibatida, xaridorlar o‘zlarining qonuniy to‘lov vositalari yordamida xaridni amalga oshirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishgani hamda iste’molchilar savdo shoxobchalarini xaridsiz tark etishga majbur bo‘lgani, shuningdek, naqd pullarni bankomatlar orqali hisobraqamga kirim qilish jarayonida turli texnik qiyinchiliklar va qo‘shimcha xarajatlarga yuz tutgani kabi holatlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Vaziyatning bunday tus olishi ayrim jamoatchilik faollarining huquqiy himoya izlab sud instansiyalariga murojaat qilishigacha olib keldi.
Shu o‘rinda iqtisodiy munosabatlarni barqarorlashtirishda ustuvor hisoblangan Fuqarolik kodeksining ommaviy shartnomalarga oid normalari (358-modda) xususida ham to‘xtalib o‘tish zarur, chunki ular ham yuqoridagi cheklovlar bilan mantiqiy ziddiyatga kirishmoqda. Ommaviy shartnomaning asosiy qoidalaridan kelib chiqsak, savdo yoxud xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot (tadbirkorlik subekti) o‘ziga murojaat qilgan har qanday shaxsga tovarlarni sotishi yoki xizmatlar ko‘rsatishi bevosita qonun darajasida majburiyat sifatida o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, “tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi” deb ko‘rsatilgan.
Shuningdek, iste’molchi tomonidan tovarlar uchun haq to‘lash naqd pul yoxud naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi huquqi kafolatlanganidan farqli o‘laroq, sotuvchining to‘lov usuliga qarab tovarning ayni bir markasi, shuningdek, bir xil hajmdagi va sifatdagi ishlar yoxud xizmatlar uchun turlicha narxlar belgilashi, shu jumladan, ularni sun’iy ravishda oshirishi yoki pasaytirishi qat’iyan taqiqlanadi.
Masalaning yana bir muammoli qismi uchun qonunning 21-moddasi shunday imperativ norma keltiradi: “sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas”. Hozirgi holatda iste’molchilar bilvosita qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga (bankomatlar orqali naqd pulni naqdsiz ko‘rinishga o‘tkazish) majbur bo‘lmoqda.
Qolaversa, ziddiyatning amaliy ijtimoiy oqibatlari sirasida raqamli tengsizlik fenomeni ham mavjud. Fikrimizcha, o‘zgarishlar kiritishda biroz shoshildik. Besh qo‘l barobar emas deganlaridek, naqdsiz jamiyat modeli faqatgina raqamli savodxonlik to‘liq shakllangan, uzluksiz elektr energiyasi va yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan hududlardagina ideal tarzda ishlashi mumkin. O‘zbekistonning real sharoitida esa olis qishloqlar, chekka tumanlar aholisi (hatto Toshkent shahrining o‘zida ham), shuningdek, axborot texnologiyalaridan yiroq bo‘lgan keksa avlod vakillari uchun majburiy naqdsiz hisob-kitoblar hayotni yengillashtirish o‘rniga, jiddiy qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.
Asrlar silsilasida naqd pul savdo vositasi vazifasini bajarish bilan birga ishonch, shaxsiy mustaqillik va daxlsizlik ramzi sifatida ham alohida o‘rin tutgan. O‘zbek jamiyatida keksa avlod vakillari idrokida elektron pullar hali to‘laqonli va ishonchli to‘lov vositasi ko‘rinishida shakllanib ulgurmadi (fikri ojizimizcha). Shu bois, ularni o‘z xohish-irodasiga zid ravishda to‘liq raqamli tizimlarga majburlash orqali ijtimoiy hayotdan uzilib qolishlariga, texnologik qaramlik hamda doimiy stress holati kelib chiqishiga qo‘yib bermaslik kerak (buni Shvetsiya misolida quyida ko‘rib chiqamiz).
O‘ylab ko‘raylik, to‘lov kartasiga ega bo‘lmagan yoxud undan mustaqil foydalanish ko‘nikmasi yo‘q nafaqaxo‘r qattiq qish chillasida kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni qanday amalga oshiradi? Aslini olganda, bunday yondashuv inson fundamental huquqlarining buzilishi deb ham e’tirof etilishi kerak.
Bunga qo‘shimcha qilib, shaxsiy hayot daxlsizligi masalasini ham ko‘rsatsak bo‘ladi. Ma’lumki, har bir to‘lovning istisnosiz naqd pulsiz ko‘rinishda amalga oshirilishi orqali shaxsning kundalik harakatlari, iste’mol didi, ehtiyojlari, salomatlik holati va umuman harakatlanish trayektoriyasi davlat hamda yirik korporatsiyalar ma’lumotlar bazasida doimiy raqamli iz ko‘rinishida saqlanib qoladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, iste’molchining to‘lov usulini o‘z xohishiga ko‘ra tanlash huquqi uning anonimligini ta’minlash, daxlsizligini kafolatlash kabi uzviy huquqlarining ajralmas qismi sifatida qabul qilinishi kerak.
Tadbirkorning ikki o‘t orasida qolishi
Yuqorida tahlil qilingan iyerarxik to‘qnashuv oqibati, ikkinchi navbatda oddiy tadbirkorlarning zimmasiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda. Mavjud vaziyat tijorat subektlarini o‘ziga xos boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Amaliyotda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan oddiy bir holatni ko‘rib chiqsak. Xaridor maishiy texnika do‘koniga kirib, 26 mln so‘mlik muzlatkich xarid qilish maqsadida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan yuz ming so‘mlik kupyuralarda naqd to‘lovni amalga oshirish niyatida. Tadbirkor bu to‘lovni qabul qilgan taqdirda, soliq ma’muriyatchiligini buzgan va prezident farmoni talablariga rioya etmagan sub’yekt sifatida e’tirof etiladi. Natijada unga nisbatan moliyaviy sanksiyalar, jarimalar qo‘llanilishi ehtimoli paydo bo‘ladi.
Mijoz manfaatini ustun qo‘yuvchi yondashuvdan farqli o‘laroq, tadbirkor uning naqd pulini rad etib, “faqat karta orqali to‘lov qabul qilamiz” degan qarorga kelsa, u bir vaqtning o‘zida Fuqarolik kodeksining 790-moddasi (naqd pullar bilan va naqd pulsiz hisob-kitoblar), 358-moddasi (ommaviy shartnoma) talablari hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 10-, 21-moddalari normalarini buzgan bo‘ladi.
Yuridik nuqtayi nazardan yondashganda, xaridor vakolatli organga shikoyat kiritgan vaziyatda, tadbirkor milliy valutani qabul qilmagani, shartnoma tuzishni asossiz rad etgani va iste’molchi huquqlarini kamsitgani oqibatida fuqarolik va ma’muriy javobgarlikka tortilishi lozim.
“Ijtimoiy shartnoma” qoidalariga ko‘ra, jamiyat a’zolari o‘zlarining ayrim mutlaq erkinliklaridan voz kechishlari natijasida ma’lum huquqlarni davlat boshqaruviga topshirishi, buning evaziga esa davlat fuqarolar xavfsizligini kafolatlash, mulkiy daxlsizlikni munosib himoya qilish, adolatli sud tizimini o‘rnatish hamda umumiy ijtimoiy farovonlikni ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi lozim edi. Mazkur holatda esa hukumat tadbirkorni tavakkalchiliklar xavfi ostida qoldirmoqda.
To‘g‘ri, davlat mexanizmining to‘laqonli ishlashi va ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tizimi kabi ijtimoiy sohalarni ta’minlashi bevosita aholi tomonidan to‘lanadigan soliqlarga tayanar ekan, soliq to‘lash intizomi o‘zaro kelishilgan ijtimoiy shartnomaning negizini tashkil etuvchi asosiy mezonlar qatorida alohida o‘rin tutadi. Lekin Makiavelli aytganidek, “maqsad vositani oqlaydi”mi?
Immanuil Kantning deontologik qarashlari ham bu yondashuvni keskin inkor etgan. Kant ta’limotiga ko‘ra, inson huquqlari va erkinliklari qandaydir ulug‘vor natijalarga erishish yo‘lidagi vosita vazifasini o‘tashi mutlaqo mumkin emas.
Davlat soliq ma’muriyatchiligidagi mavjud kamchiliklar hamda soliq yig‘uvchanligini oshirish borasidagi zaifliklarni xaspo‘slash maqsadida fuqarolarning halol mehnati orqali topgan mablag‘larini qanday ko‘rinishda (naqd yoki raqamli) tasarruf etish huquqini cheklashi – paternalizmga tipik namuna. Paternalistik boshqaruv uslubida davlat o‘z fuqarolariga xuddi ota yosh bolaga munosabatda bo‘lgandek yondashib, “nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanligini o‘zim yaxshiroq bilaman” qabilida ularning iqtisodiy muxtoriyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashadi.
Bunday aralashuv oqibatida insonlar o‘z ixtiyoriga ega bo‘lgan erkin huquq sub’yektlari maqomidan chetlashib, ma’muriy tizimga mutlaq tobe shaxslar darajasiga tushib qolish xavfi mavjud. Konstitutsiyaviy normalar doirasida mulkdor o‘z mol-mulkiga nisbatan istalgan qonuniy harakatni amalga oshirishi kafolatlanganidan farqli o‘laroq, yuqoridagi kabi cheklovchi vositalar shaxsning iqtisodiy mustaqilligini zaiflashtiradi. Buning oqibatida davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch munosabatlariga putur yetishi hamda fuqarolarda soliq madaniyatini ixtiyoriy ravishda shakllantirish amaliyotinining o‘rnini qat’iy ma’muriy majburlov vositalari egallab olishi – xavotirli holat.
Shvetsiya modeli va undan olinadigan saboqlar
O‘zbekiston duch kelayotgan va endi kutilayotgan xatarlarni baholash uchun dunyoda naqdsiz jamiyat barpo etishda eng uzoqqa borgan va beqiyos tajribaga ega davlat – Shvetsiya misolini ko‘rib chiqish kerak. Bu davlat tajribasi yuridik muammolar qanday hal qilinishi va haddan ortiq naqdsizlik oxir-oqibat nimaga olib kelishini o‘rganish uchun nodir darslik sanaladi.
Shvetsiyada 2007 yildan buyon naqd puldan foydalanish hajmi barqaror ravishda pasayib kelmoqda. Bugungi kunda aholi asosan elektron BankID va Swish mobil to‘lov tizimlaridan har kuni foydalanadi. Hatto jamoat transporti va cherkov ehsonlari ham naqdsiz hisob-kitobga o‘tgan.
O‘zbekiston holatidan farqli o‘laroq, Shvetsiya bank qonunchiligi va do‘konlarning naqdsiz ishlash amaliyoti o‘rtasidagi yuridik muammoni davlat farmonlari orqali taqiqlash yo‘lidan bormay, ushbu masalani sivilizatsiyalashgan Fuqarolik huquqi mexanizmlari orqali hal qilgan.
Shvetsiya Markaziy banki qonuniga ko‘ra, xuddi bizdagi kabi, Shvetsiya kronasi qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi va u hamma joyda qabul qilinishi shart. Biroq Shvetsiyaning “Shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, shartnoma erkinligi tamoyili bank sohasidagi ommaviy qonunlardan ustuvor etib belgilangan.
Bu nima degani? Bu shuni anglatadiki, tadbirkor va xaridor – ikki mustaqil shartnoma tarafi o‘zaro kelishuv asosida Markaziy bank qonunidan chekinish huquqiga ega. Agar do‘kon yoki restoran xo‘jayini eshikka “Biz faqat karta qabul qilamiz” yoxud “Naqd pul olinmaydi” degan belgini ilib qo‘ysa, bu yuridik tilda ommaviy oferta (taklif) hisoblanadi. Iste’molchi shu do‘konga qadam bosishi bilan, u ushbu shartnomaga rozi bo‘lgan va o‘zining naqd pul bilan to‘lash huquqidan ixtiyoriy voz kechgan hisoblanadi. Agar xaridor bunga rozi bo‘lmasa, u bemalol boshqa do‘konga ketish ixtiyoriga ega. Ya’ni Shvetsiyada hech bir davlat organi do‘konga naqd pul olmaslikni majburlamaydi, bu – biznesning o‘ziga berilgan ixtiyoriy tanlov.
Paradoksni ko‘ryapsizmi? Shvetsiyada xususiy sektorga erkinlik berilgan bo‘lsa-da, 2015 yilda Shvetsiya Oliy ma’muriy sudi muhim pretsedent qarorini qabul qilgan (ish raqami: HFD 2015 ref. 49). Unga ko‘ra, Kronoberg ma’muriyatining (landsting) o‘z kasalxonalarida naqd pulni bekor qilish va faqat karta orqali to‘lovlarni qabul qilish haqidagi qarori qonunga zid deb topilgan. Sudning izohiga ko‘ra, davlat va ijtimoiy xizmatlar (xususan, sog‘liqni saqlash) ommaviy xarakterga ega bo‘lgani uchun, u yerda davlatning qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan naqd pulni rad etish fuqarolarni kamsitishga olib keladi. Ya’ni xususiy sektor naqd pulni rad etish huquqiga ega bo‘lsa-da, davlat xizmatlari bunday huquqqa ega emas. O‘zbekistonda esa aynan davlat xizmatlari birinchi navbatda naqd pulsiz shaklga o‘tkazib yuborilmoqda.
Eng e’tiborli jihati shundaki, Shvetsiya bugungi kunga kelib naqd pulsiz jamiyatning ekstremal cho‘qqisiga chiqqach, uning og‘ir ijtimoiy va xavfsizlik oqibatlarini tatib ko‘rdi va endi tormozni bosishga majbur bo‘lmoqda. Bunga bir qancha omillar sabab sifatida ko‘rsatiladi.
Birinchidan, ijtimoiy himoyasiz qatlam. Qariyalar, boshpanasiz insonlar va jamiyatning eng zaif qatlamlari deyarli yashash uchun zarur ne’matlarni sotib ololmay, tizimdan mutlaqo siqib chiqarildi. Ular o‘zlarini kamsitilgan va jamiyatga keraksizdek his qila boshlashdi.
Ikkinchidan, xavfsizlik tahdidi. Yevropa Markaziy banki tomonidan yaratilgan TIPS yoki xususiy P27 platformalari orqali xalqaro serverlarga qaramlik oshdi. Agar biror kiberhujum, texnik nosozlik yoki qo‘shni davlatlar bilan ehtimoliy harbiy mojaro yuz bersa, raqamli infratuzilmaning qulashi butun mamlakatning ochlikda qolishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli, 2026 yilda Shvetsiya Markaziy banki parlamentga qator qat’iy tavsiyalar va “Jamoat to‘lovlariga tayyorgarlik” doirasida yangi choralar bilan chiqdi:
1. Har bir xonadondagi balog‘atga yetgan shaxs o‘z uyida favqulodda holatlar uchun kamida 1000 krona naqd pul zaxirasi saqlashi kerakligi e’lon qilindi;
2. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida naqd pul bilan xarid qilishga qisman himoya maqsadida eng yuqori 10 000 krona limit kiritish taklif qilindi. Bu bilan davlat naqd puldan butunlay qutulmasligini tan oldi;
3. Oziq-ovqat, dori-darmon do‘konlari va asosiy energiya ta’minotchilari, xususan yoqilg‘i quyish shoxobchalarini inqiroz vaqtlarida qat’iyan naqd pul qabul qilishga majburlovchi qonunlar qabul qilinishi ilgari surilmoqda. Yirik banklar o‘z mijozlari bo‘lgan korxonalarga naqd pul olib kelish va berish xizmatlarini qayta yo‘lga qo‘yishga majbur qilinmoqda.
Shvetsiyaning bu orqaga qaytishi biz uchun juda katta dars bo‘lishi kerak.
“O‘zganing xatosidan o‘rganish – aqlning belgisi” deydilar. O‘zbekiston xavfsizlik va ijtimoiy reallik nuqtayi nazaridan xalqaro amaliyotdagi bu ehtiyotkorlik signalini inobatga olishi lozim.
To‘xtayev O‘ktamjon Zarifjon o‘g‘li,
TDYuU katta o‘qituvchisi
Iqtisodiyot
Soliq qo‘mitasi bank sirlariga keng miqyosda kirish imkoniyatini olmoqchi
Soliq qo‘mitasi banklarga mijozlari haqidagi ko‘plab axborotlarni uzatib turish majburiyatini yuklovchi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Kartasiga boshqa jismoniy shaxslardan oyiga 206 mln so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar soliq organiga taqdim etib borilishi ilgari surilyapti. Tadbirkorlarning hisobiga naqd yoki terminal orqali har qanday summadagi tushumlar va ularning yirik operatsiyalari haqidagi ma’lumotlar ham soliq organida jamlanishi mumkin.
Foto: Davlat soliq qo’mitasi
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi “Banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari yoki omonatlariga (depozitlariga) oid axborotlarni soliq organiga taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasini (hukumat qarori shaklida) jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyihada “Bank-soliq” nomli avtomatlashtirilgan axborot almashish modulini ishlab chiqish va joriy etish masalasi ilgari surilgan.
Banklarga bu modul orqali mijozlarning muayyan moliyaviy operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organiga taqdim etib borish majburiyatini yuklash taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, jismoniy shaxsning bank kartasiga boshqa jismoniy shaxslarning bank kartalari yoki elektron hamyonlaridan (bundan yaqin qarindoshlar mustasno) kalendar oy davomida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng (206 mln so‘m) yoki undan oshadigan umumiy summada mablag‘lar kelib tushganda, banklar tegishli ma’lumotlarni 1 ish kuni ichida soliq organiga taqdim etadi. Bunda jismoniy shaxsning o‘ziga tegishli kartalar o‘rtasidagi o‘tkazmalar hisobga olinmaydi.
Bundan tashqari, banklar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlariga naqd pul mablag‘lari va to‘lov terminallari orqali tushumlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham tegishli hodisa ro‘y bergan kundan e’tiboran 1 ish kuni ichida soliq organiga taqdim etishi nazarda tutilyapti. Bu yerda gap istalgan summa yoki sondagi tushumlar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin – loyihada biror chegaraviy miqdor ko‘rsatilmagan.
Qolaversa, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan yirik miqdordagi operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham tegishli hodisa ro‘y bergan oyning 10-, 20- va oxirgi kuni sanasida soliq organiga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Bunda:
yuridik shaxslarning operatsiyalari bo‘yicha operatsion kun davomida BHMning 1000 baravari (412 mln so‘m)dan oshgan miqdordagi operatsiyalari;
YaTTlar va o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslarning operatsion kun davomida BHMning 500 baravari (206 mln so‘m)dan oshgan miqdordagi operatsiyalari;
yuridik shaxslar va YaTTlarning operatsion kun davomida BHMning 500 baravaridan oshgan miqdordagi olgan naqd pullari bo‘yicha ma’lumot taqdim etiladi.
Yuridik shaxslar, YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning “yirik miqdordagi operatsiyalari”ni belgilashda quyidagilar istisno qilinadi: davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar, valuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq to‘lovlar, chet el valutasidagi va 232XX-son hisobvaraqlardagi operatsiyalar (naqd pul berish bundan mustasno), budjet tashkilotlarining hisobvaraqlaridan oylik ish haqi berish bilan bog‘liq operatsiyalar.
Hujjat loyihasida quyidagi ma’lumotlarni ham soliq organiga muntazam taqdim etib borish taklif etilgan:
har qanday yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning hisobvarag‘i yoki omonati (depoziti) ochilganligi (yopilganligi), hisobvarag‘i yoki omonati (depoziti) rekvizitlarining o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tegishli hodisa ro‘y bergan kundan e’tiboran 3 kun ichida);
qonun hujjatlariga muvofiq undirilmaydigan maxsus bank hisobvaraqlari bo‘yicha qoldiqlar va aylanmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tegishli hodisa ro‘y bergan oydan keyingi oyning 5-sanasiga qadar);
O‘zbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslariga jismoniy shaxslar tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (shaxsga doir ma’lumotlar ko‘rsatilmagan holda, tegishli hodisa ro‘y bergan oydan keyingi oyning 10-sanasiga qadar).
Loyihada ko‘rsatilishicha, mazkur Nizomda ko‘rsatilgan axborotlar (ma’lumotlar) soliq siri hisoblanadi va undan Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq solish masalalari yuzasidan foydalaniladi, ularning oshkor qilinishi yoki shaxsiy maqsadda yoxud uchinchi shaxslarning manfaatlari yo‘lida foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
“Banklar tomonidan axborotlarni (ma’lumotlarni) taqdim etmaslik, shuningdek, belgilangan muddatni buzgan holda yoki noto‘g‘ri taqdim etishda, shuningdek, soliq organlari tomonidan asossiz, takroriy va noqonuniy so‘rov yuborishda hamda ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar”, – deyilgan hujjat loyihasida.
Hukumat qarori shaklidagi hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 8 iyulgacha davom etadi.
Iqtisodiyot
Import hajmi qariyb 27 foizga oshdi
2026 yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 milliard AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,7 foizga oshdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki to‘rt oyi davomida O‘zbekiston dunyoning 150 dan ortiq davlatidan tovar va xizmatlar import qilgan.
Import hajmi bo‘yicha Xitoy mamlakatning asosiy savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Hisobot davrida Xitoydan import qilingan tovar va xizmatlar qiymati 5,3 milliard dollarni tashkil etgan.
Ikkinchi o‘rinda 3,1 milliard dollar bilan Rossiya qayd etilgan bo‘lsa, Qozog‘iston 1,4 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan uchlikdan joy olgan.
Shuningdek, Koreya Respublikasidan 620,9 million dollar, Turkiyadan 559,2 million dollar, Hindistondan 369,7 million dollarlik mahsulot va xizmatlar import qilingan.
Top-10 import hamkorlar qatoriga Birlashgan Arab Amirliklari (361,1 mln dollar), Germaniya (359,2 mln dollar), Belarus (274,8 mln dollar) va Turkmaniston (262,2 mln dollar) ham kirgan.
Mutaxassislar fikricha, import hajmining o‘sishi mamlakat iqtisodiyotida investitsiya va ishlab chiqarish faolligining oshishi, shuningdek ichki bozorda talab yuqori bo‘lib qolayotgani bilan izohlanadi.
Iqtisodiyot
Qurilishlarning chorak qismi norasmiy sektorga to‘g‘ri keldi
2026-yil yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda norasmiy sektor tomonidan 23,2 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,4 foizga oshgan.
Natijada norasmiy sektorning umumiy qurilish ishlaridagi ulushi 27,5 foizni tashkil etdi. Bu qurilish bozorida rasmiy tashkilotlar bilan bir qatorda norasmiy faoliyat yuritayotgan subyektlar ham sezilarli o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.
Hisobot davrida kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan 39,6 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Bu umumiy hajmning 46,9 foizini tashkil qilib, sektordagi eng yuqori ulush sifatida qayd etildi.
Yirik qurilish tashkilotlari esa 21,6 trln so‘mlik ishlarni amalga oshirgan. Ularning ulushi 25,6 foizga teng bo‘ldi.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston AQSh-Eron bitimiga munosabat bildirdi
-
Siyosat4 days ago
Robaxon Mahmudova Oliy sudga raislik qiladi
-
Jamiyat4 days agoNamanganda qalbaki dollar sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Sport4 days agoNodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Kichik halqa yo‘lida transport harakatiga cheklov joriy etiladi
-
Siyosat3 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
