Connect with us

Jamiyat

Prezident avtobuslarda harakat xavfsizligi va xizmat madaniyatini kuchaytirish vazifasini qo‘ydi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transportini yanada yaxshilash va bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda aholiga qulay, xavfsiz va ekologik toza jamoat transporti xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobuslar olib kelindi. Brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yo‘nalish yo‘lga qo‘yildi.

Natijada har kuni yo‘nalishga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetdi. Kunlik qatnovlar soni 2022 yildagi 18 mingtadan 45,2 mingtaga, yo‘lovchilar oqimi esa 900 ming nafardan 2,3 million nafarga oshdi. Shu orqali 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Taqdimotda jamoat transportini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar ko‘rib chiqildi. Urbanizatsiya jarayonlari tezlashayotgani, poytaxt va viloyat markazlariga tutash hududlarda aholi harakati keskin ko‘paygani sababli shaharlarga kirishda qatnovlar 30 foizga oshgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan shahar jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish taklif qilindi. Bunda shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarga qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari ham brutto-shartnoma tizimi bilan qamrab olinadi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Nazarbek, Shifobaxsh suvlar va Uch Qahramon hududlarini poytaxt bilan bog‘lash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Umuman, poytaxtda 19 ta, viloyat markazlarida 79 ta shunday yo‘nalish tashkil etish rejalashtirilgan.

Poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarini o‘zaro bog‘lash maqsadida «elektropoyezd – avtobus»,«elektropoyezd – metro» kabi qulay tariflarni joriy etish taklif qilindi.

Qolaversa, viloyat markazlarida jamoat transporti harakat tarkibini yangilash zarurligi ta’kidlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hududlarda yana 1,5 mingta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslarga ehtiyoj bor. Shu bois, zamonaviy avtobuslar olib kelishni rag‘batlantirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish, kredit liniyalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jumladan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish muddatini yana 2 yilga uzaytirish taklif qilindi.

Taqdimotda avtobus haydovchilari uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda ayrim haydovchilar me’yordan ortiq ishlayotgani xizmat sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. O‘tgan yili poytaxtning o‘zida haydovchilarning xatti-harakatlari va muomalasi yuzasidan aholidan 1 ming 670 ta shikoyat kelib tushgan. Avtobuslar ishtirokida 109 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Shu munosabat bilan brutto-shartnoma tizimini takomillashtirish, bir avtobusga to‘g‘ri keladigan haydovchilar sonini 2 nafardan 3 nafarga oshirish, harakat xavfsizligi va xizmat madaniyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Jamoat transportida bajarilgan ish hajmi va sifatini baholash uchun har bir viloyatda dispetcherlik markazlari tashkil etilgan. Buning natijasida harakat jadvaliga muvofiq bajarilayotgan qatnovlar ulushi 90 foizga yetdi.

Endi ushbu tizimlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali yo‘lovchilar oqimiga mos ravishda avtobuslar harakatini tashkil qilish taklif etilmoqda. Bu bir yo‘lovchini tashish tannarxini 10-15 foizga qisqartirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari jamoat transportini rivojlantirishda aholi soni ko‘p shaharlar bilan birga turizm markazlarini ham qamrab olish zarurligini ta’kidladi.

Samarqand va Namanganni aholisi bir millionlik shaharlarga aylantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlardan kelib chiqib, mazkur hududlarda aholi va sayyohlar uchun zamonaviy «yashil transport» yo‘nalishlarini ko‘paytirish bo‘yicha aniq master-rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Oxirgi yillarda Xiva shahriga turistlar oqimi 3 karra ko‘paygani, bu esa qulay jamoat transportiga ehtiyojni keskin oshirgani qayd etildi. Shu bois, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon kabi yirik turizm maskanlarida ham jamoat transportini rivojlantirish dasturini boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezidentimiz jamoat transporti aholi kundalik hayoti sifati, shaharlardagi harakat madaniyati, ekologiya va iqtisodiy faollik bilan bevosita bog‘liq muhim soha ekanini ta’kidlab, mutasaddilarga transport xizmatlari qulayligi va xavfsizligini oshirish, yo‘nalishlarni aglomeratsiya tamoyili asosida kengaytirish, sohada raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi

Published

on


U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.

Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.

Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.

Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.

Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Namanganda 381 ming dollarga 50 sotix yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilganlar ushlandi

Published

on


Ikki fuqaro 5 000 AQSh dollarini, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va M.B. kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali 381 000 AQSh dollari evaziga fermer xo‘jaligi balansidagi 50 sotix yer maydonining hujjatlarini fuqaro A.S.ning nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini aytib, shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Farg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi

Published

on


Viloyat FVB xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, hech kim tan jarohati olmagan.

27 iyun kuni soat 19:00 larda Farg‘ona shahridagi AGTKSh hududida avtobus tom qismiga o‘rnatilgan gaz ballonlariga gaz to‘ldirish vaqtida gaz ballonlaridan birida yorilish paydo bo‘lgan.

Viloyat FVBning xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, tan jarohati olganlar yo‘q.

Voqea joyiga viloyat FVB boshlig‘i va huquqni muhofaza qilish organlari hamda tegishli xizmat vakillari chiqqan.

Yorilish sababi vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda aniqlanmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

“Hokimiyatdan kelgan topshiriqni deb, bolamga kuyib o‘tiribman” – o‘lim bilan tugagan “Andijon polkasi” tafsilotlari

Published

on


23 iyun kuni “Andijon polkasi” Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi: viloyat markaziy stadionida 20 ming odam bir vaqtda raqsga tushdi.

Raqsga tushganlar orasida Asaka tumanidagi 14-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Farrux Ne’matov ham bor edi.

U o‘sha kuni tadbirdan qaytishda o‘zi o‘qiydigan maktab direktori boshqaruvidagi Damas’da avtohalokatga uchrab, shifoxonada vafot etdi.

Tafsilotlar – Kun.uz muxbiri reportajida.

Surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, “Andijon polkasi”ni Ginnes rekordlar kitobiga kirishi uchun stadionda katta tadbir uyushtirilgan va bunga maktab o‘quvchilari jalb qilingan. 23 iyun kuni boshqa maktablar qatori Asaka tumanidagi 14-maktabning o‘quvchilari ham tadbirda qatnashgan. O‘sha kuni YTH oqibatida vafot etgan 8-sinf o‘quvchisi Ne’matov Farrux ham maxsus avtobuslarda stadionga borgan. Tadbir tugagach u 5 nafar sinfdoshlari bilan maktab direktorining “Damas” avtomashinasiga o‘tirib uyga qaytayotgan bo‘lgan.


YTH sodir bo‘lgan chorraha

Maktab o‘quvchilari mingan mashina asosiy yo‘ldan kelib chapga qayrilmoqchi bo‘lgan paytda qarama qarshi tomondan kelayotgan “ZIL” yuk mashinasi “Damas”ning orqasiga kelib urilgan. Oqibatda “Damas” ag‘darilib ketgan.

“Sog‘lom o‘g‘limni o‘ldirib berishdi”…

“Bir kun avval o‘g‘limning sinf rahbari telefon qilib ertaga “Andijon polkasi” tadbiriga Farruxni jo‘nating iltimos deb qayta-qayta tayinladi. Xo‘p dedim. 15 yoshga kirib pul topadigan bo‘lib qolgandi o‘g‘lim. Chiroyli qilib kiyintirib maktabiga jo‘natdik. Chorsilarni beliga tugib xursand bo‘lib do‘sti bilan uydan chiqib ketdi.


marhum Farrux Ne’matov

Bir payt qo‘shnim yugurib kirdi. Durdonaxon, bolalarimiz “avariyaga” uchrabdi, qolgan bolalar yaxshi ekan, bitta sizning bolangizni boshi yorilibdi, tikishyapti ekan dedi. Viloyat shifoxonasiga qarab ketdik. Farruxbek besh-olti soatda chiqdi operatsiyadan. Amaliyot juda uzoq cho‘zildi.

O‘qituvchilarning o‘zi qon berdi o‘g‘limga. Ichki a’zolari majaqlanib ketgan ekan. O‘ziga kelmadi o‘sha kuni kechasi bilan ham. Ertasi kuni 24 iyunda joni uzildi-da bolamni. Farruxbek o‘g‘lim katta farzandim edi. Uydan soppa-sog‘ chiqib ketgan edi.

Aslida tadbirni tashkillagan tashkilotlar, hokimiyat o‘quvchilarni maxsus avtobusda olib borib, olib kelib qo‘yishlari kerak edi. O‘zboshimchalik bilan avtobusga chiqmay “Damas”ga chiqqan deb, endi aybni o‘g‘limga ag‘darib qo‘yishyapti. Aybdorlar qonun oldida javob bersin. Guldek o‘g‘limdan ayrildim”, deydi marhum Farrux Ne’matovning onasi Durdona Qosimova.


Durdona Qosimova, marhumning onasi

Avtobus ketib qolgach, direktorning “Damas”iga chiqishgan ekan…

“Jiyanim do‘stlari bilan tadbirga avtobusda borgan. Tadbirdan keyin bolalar ust-boshlarini almashtirib chiqqunicha, avtobus ketib qolgan ekan. Ko‘chada qolgan bolalar bizni olib ketinglar deb, domlasiga telefon qilgan. Shundan keyin maktab direktori o‘zining “Damas” mashinasida bolalarni olib ketayotgan bo‘lgan. Chorrahaga yetganlarida baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda.

Jiyanim Muhammadrizo Qambarovning holati og‘ir edi, endi hozir “operatsiyadan” keyin ancha o‘ziga kelib qoldi. “Damas”da 2011 yilda tug‘ilgan 6 nafar sinfdosh do‘stlar bo‘lgan”, deydi YTH oqibatida shifoxonaga tushib qolgan Muhammadrizo Qambarovning tog‘asi Oybek Ibragimov.


Oybek Ibragimov

2 o‘quvchi shifoxonada, qolganiga ruxsat berdik…

“23 iyun kuni Andijon-Asaka avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga olti nafar jabrlangan o‘quvchi olib kelindi. Olti nafardan biri o‘ta og‘ir holatda kelgan. Ertasi kuni o‘sha og‘ir bemor vafot etgan. Qolgan besh nafar bemor turli jarohatlar bilan davolangan. Ulardan uch nafariga holati yaxshilanganidan keyin uyiga ruxsat berildi. Hozirda ikki nafari shifoxonada davolanyapti” – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali direktori o‘rinbosari Abdumutalib Akbaraliyev.


Abdumutalib Akbaraliyev

Kun.uz muxbiri bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha tegishli idoralardan izoh olmoqchi bo‘ldi. Ammo biror bir tashkilot xodimi holatga munosabat bildirishni istamadi.

Ayni paytda YTH yuzasidan Asaka tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilyapti.

Ma’lumot o‘rnida, 24 iyun kuni Andijon viloyati markazidagi stadionda «Andijon polkasi» raqsiga tushish orqali rekord o‘rnatildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim muassasasi top-1000 talik ro‘yxatga kiritildi

Published

on


Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti eng yuqori – 101–200 o‘rinlar bandida qayd etildi.

Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi tomonidan “THE Sustainability Impact Ratings -2026” (avvalgi THE Impact Ratings) natijalari e’lon qilindi.

2026 yilgi reytingga O‘zbekistonning 50 ta oliy ta’lim tashkiloti kiritildi va ularning 24 tasi dunyoning top-1000 talik oliy ta’lim tashkilotlari qatoridan o‘rin oldi. 

Ular orasidan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti eng yuqori — 101–200 o‘rinlar bandida qayd etildi.

O‘zbekiston Milliy universiteti va «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti – 201-300-o‘rinlar bandiga kiritilgan bo‘lsa, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti 301-400-o‘rinlar bandidan joy oldi.


Foto: gov.uz

Shuningdek, top-1000 talikka Farg‘ona davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Termiz davlat universiteti, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti (401-600-o‘rinlar), International School of Finance Technology and Science, Navoiy davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (601-800-o‘rinlar), Farg‘ona davlat universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Toshkent farmatsevtika instituti (801-1000-o‘rinlar) kiritildi.

2021 yilda THE Impact Ratings reytingida O‘zbekistonning 12 ta, 2022 yilda 30 ta, 2023 yilda 47 ta, 2024 yilda 53 ta, 2025 yilda 59 ta oliy ta’lim tashkiloti o‘rin egallagan edi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.