Jamiyat
Prezident avtobuslarda harakat xavfsizligi va xizmat madaniyatini kuchaytirish vazifasini qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transportini yanada yaxshilash va bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda aholiga qulay, xavfsiz va ekologik toza jamoat transporti xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobuslar olib kelindi. Brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yo‘nalish yo‘lga qo‘yildi.
Natijada har kuni yo‘nalishga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetdi. Kunlik qatnovlar soni 2022 yildagi 18 mingtadan 45,2 mingtaga, yo‘lovchilar oqimi esa 900 ming nafardan 2,3 million nafarga oshdi. Shu orqali 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Taqdimotda jamoat transportini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar ko‘rib chiqildi. Urbanizatsiya jarayonlari tezlashayotgani, poytaxt va viloyat markazlariga tutash hududlarda aholi harakati keskin ko‘paygani sababli shaharlarga kirishda qatnovlar 30 foizga oshgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan shahar jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish taklif qilindi. Bunda shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarga qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari ham brutto-shartnoma tizimi bilan qamrab olinadi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Nazarbek, Shifobaxsh suvlar va Uch Qahramon hududlarini poytaxt bilan bog‘lash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Umuman, poytaxtda 19 ta, viloyat markazlarida 79 ta shunday yo‘nalish tashkil etish rejalashtirilgan.
Poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarini o‘zaro bog‘lash maqsadida «elektropoyezd – avtobus»,«elektropoyezd – metro» kabi qulay tariflarni joriy etish taklif qilindi.
Qolaversa, viloyat markazlarida jamoat transporti harakat tarkibini yangilash zarurligi ta’kidlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hududlarda yana 1,5 mingta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslarga ehtiyoj bor. Shu bois, zamonaviy avtobuslar olib kelishni rag‘batlantirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish, kredit liniyalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jumladan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish muddatini yana 2 yilga uzaytirish taklif qilindi.
Taqdimotda avtobus haydovchilari uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda ayrim haydovchilar me’yordan ortiq ishlayotgani xizmat sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. O‘tgan yili poytaxtning o‘zida haydovchilarning xatti-harakatlari va muomalasi yuzasidan aholidan 1 ming 670 ta shikoyat kelib tushgan. Avtobuslar ishtirokida 109 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Shu munosabat bilan brutto-shartnoma tizimini takomillashtirish, bir avtobusga to‘g‘ri keladigan haydovchilar sonini 2 nafardan 3 nafarga oshirish, harakat xavfsizligi va xizmat madaniyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Jamoat transportida bajarilgan ish hajmi va sifatini baholash uchun har bir viloyatda dispetcherlik markazlari tashkil etilgan. Buning natijasida harakat jadvaliga muvofiq bajarilayotgan qatnovlar ulushi 90 foizga yetdi.
Endi ushbu tizimlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali yo‘lovchilar oqimiga mos ravishda avtobuslar harakatini tashkil qilish taklif etilmoqda. Bu bir yo‘lovchini tashish tannarxini 10-15 foizga qisqartirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari jamoat transportini rivojlantirishda aholi soni ko‘p shaharlar bilan birga turizm markazlarini ham qamrab olish zarurligini ta’kidladi.
Samarqand va Namanganni aholisi bir millionlik shaharlarga aylantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlardan kelib chiqib, mazkur hududlarda aholi va sayyohlar uchun zamonaviy «yashil transport» yo‘nalishlarini ko‘paytirish bo‘yicha aniq master-rejalar ishlab chiqish topshirildi.
Oxirgi yillarda Xiva shahriga turistlar oqimi 3 karra ko‘paygani, bu esa qulay jamoat transportiga ehtiyojni keskin oshirgani qayd etildi. Shu bois, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon kabi yirik turizm maskanlarida ham jamoat transportini rivojlantirish dasturini boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz jamoat transporti aholi kundalik hayoti sifati, shaharlardagi harakat madaniyati, ekologiya va iqtisodiy faollik bilan bevosita bog‘liq muhim soha ekanini ta’kidlab, mutasaddilarga transport xizmatlari qulayligi va xavfsizligini oshirish, yo‘nalishlarni aglomeratsiya tamoyili asosida kengaytirish, sohada raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport4 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Jamiyat5 days ago
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
