Sport
«Paxtakor-79». To‘lagan Isoqov va Dmitriy Anning xotiralari
Bugun o‘zbek futboli tarixidagi eng mudhish sana. 1979 yilda «Paxtakor» Minsk yo‘lida aviahalokatga uchragandi. Qirq olti yil o‘tgan bo‘lsa-da, bir futbol muxlisi uchun unutish ilojsiz bo‘lgan voqea, haligicha bu fojiaga guvoh bo‘lgan kishilar o‘sha dardni qayta-qayta his qilishi shubhasiz.
Ishonmasangiz, bugun bir aylanib Botkin qabristoniga boring – bugungi davr uchun biroz begona bo‘lgan manzaraga guvoh bo‘lasiz. Bir-birini tanimaydigan insonlar bir maqsad uchun tashrif buyurishadi, umumiy tanishlari, aniqrog‘i, suyuklilarini xotirlashadi, bir-birlariga hamdard bo‘lishadi. Riyo yo‘q, rasmga olib, internetga qo‘yish-ku xayollariga ham kelmaydi, chunki tasavvurda ular ancha eski davrga ko‘chib bo‘lishgan, o‘sha «Paxtakor» yigitlarini birma-bir ko‘z oldidan o‘tkazayotgan bo‘lishadi.
Qarangki, bu halokatdan 46 yil o‘tgan bo‘lsa, o‘sha reysda uchganlarning eng yoshi kattasi ham shu yoshda bo‘lgan ekan. Qaysidir ma’noda bir avlod davri o‘tibdi allaqachon.
***
Sergey Pokatilov 1975 yilda og‘ir jarohat oladi. Ammo uning irodasi va qat’iyligi ortga chekinishga yo‘l qo‘ymaydi hamda oradan uch yil o‘tib, 1978 yilgi chempionatning ikkinchi davrasida asosiy tarkibdagi o‘rnini qaytarib oladi. 28 yoshda edi.
Toshkentga kelishidan oldin shifokorlar Yuriy Zagumennixning hayotini bazo‘r saqlab qolishgandi. Ammo bu hayot nogironlik tamg‘asi ostida o‘tishi kerakligi qat’iy talab qilinadi. Futbolchining aql bovar qilmas irodasi natijasida u katta futbolga qaytadi. 32 yoshda bo‘lgan.
Vladimir Makarov futbol o‘ynashni Dushanbeda boshlagan, «Paxtakor»ga har jihatdan mos kelgandi, u jamoaviy futbolchi edi va bu jamoadoshlari bilan tezda til topishida va jamoaning ajralmas bo‘lagi bo‘lib qolishida muhim ahamiyat kasb etgandi. U ham 32 yosh.
Olim Ashirov fojia kuni 24 yosh bo‘lgan, u «Paxtakor»ga 17 yoshida kelgandi va himoya markazidan joy olgandi. Ampluasiga qaramay, u hujumga ham tez-tez qo‘shilar, bir necha muhim gollar muallifiga aylangandi.
Nikolay Kulikov futboldagi ilk qadamlarini Moskvada qo‘ygan, 1974 yilda esa O‘zbekistonga kelib, «Xonqa», «Yangiyer» kabi jamoalarda o‘zini ko‘rsatgan. 1977 yilda «Paxtakor»ga taklif qilinadi va jamoaning oliy ligaga qaytishida hissa qo‘shadi.
Ravil Agishev futbolchi sifatida Buxoroda tarbiya topadi, 16 yoshida «Paxtakor»ning o‘rinbosarlar tarkibida maydonga tusha boshlaydi. 1978 yildan asosiy tarkib o‘yinlarida maydonga tushgan. Endigina 20 yoshga to‘lgandi.
Shuhrat Eshbo‘tayev 1978 yilgi o‘rinbosarlar tarkibidagi sermahsul o‘yinlari orqali murabbiylar nazariga tushgandi. Asosiy tarkibda ham yo‘qolib qolmadi, asosan zaxiradan maydonga tushganiga qaramay, uchta gol muallifiga aylangandi. U ham 20 yosh.
Vladimir Sobirovni o‘sha paytlarda Xorazmning «Xonqa» jamoasining bosh murabbiyi Sergey Dotsenko tavsiya qilgandi. «Paxtakor»da ham u yo‘qolib qolmaydi, asta-sekin asosiy tarkibga kirib borayotgandi. 21 yosh.
Sirojiddin Bozorov atigi 18 yosh bo‘lgan, balki Minskda o‘zining asosiy tarkibdagi ilk uchrashuvini o‘tkazishi mumkin edi.
Viktor Churkin 28 yoshli hujumchi, 1976 yilda tarkibga qo‘shilgan va asosiy tarkibning barqaror o‘yinchilaridan biriga aylandi.
Konstantin Bakanov «Paxtakor»dagi ilk o‘yinini 1972 yilda, 18 yoshida o‘tkazgandi. Iste’dodli futbolchi, futbol maktabida uning ilk ustozi «Paxtakor»ning 60-yillardagi himoyachisi Akmal Azizxo‘jayev edi.
Aleksandr Korchenov jamoa yetakchilaridan biri, qiyin vaziyatlarda o‘zida kuch topish va jamoani oldinga boshlash qobiliyatiga ega edi. U «Paxtakor» tarkibida 200 ga yaqin o‘yinda maydonga tushgan. Yoshi 30 da bo‘lgan.
Mixail An butun mamlakatda tan olingan, nom qozongan futbolchi edi. U sobiq ittifoq yoshlar jamoasiga jalb etilgandi va jamoa sardori sifatida Yevropa chempionatida zafar quchgandi. 26 yosh.
Vladimir Fyodorov «Paxtakor»da o‘ynagan o‘yinchilar orasida terma jamoaga eng ko‘p jalb qilingan futbolchi edi. Toshkentliklar 1-ligaga tushib ketganida ham, Lobanovskiy uni termaga chaqirishni to‘xtatmagandi. 23 yosh.
Idgay Tezitdinov (46 yosh) futbolchilikni tugatgach, murabbiylik sohasida ishlay boshladi va nimadir uni «Paxtakor»ga doim tortardi. U jamoaga qaytdi va ikkinchi murabbiy sifatida ishlay boshladi. Shuningdek, jamoa administratori Mansur Tolibjonov va vrach Vladimir Chumakov o‘sha mudhish aviahalokat qurboniga aylangandi.
Bir necha yil oldin rossiyalik jurnalist Igor Rabiner O‘zbekistonga tashrif buyurgan va o‘sha fojiani o‘z tanasidan o‘tkazgan insonlar bilan suhbatlashib, maqola tayyorlagandi. Quyida «Paxtakor 79» a’zolaridan biri bo‘lgan va safar o‘yiniga olib ketilmagani uchun omon qolgan To‘lagan Isoqov, shuningdek, Mixail Anning o‘g‘li Dmitriy Anning xotiralarini o‘qishingiz mumkin.
«Ikki marta o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘lganman» (To‘lagan Isoqov)
To‘lagan Isoqov
1979 yilning 27 mayi mening ikkinchi tug‘ilgan kunim bo‘lgan. O‘sha kuni «Paxtakor» Moskvada «Dinamo»ga qarshi o‘ynagan va raqibning Avtogen laqabli himoyachisi Aleksandr Novikov meni og‘ir jarohatlagandi. O‘yindagi oddiy holat, ataylab qilgan deb o‘ylamayman. Ammo Novikovdan jiddiy jahlim chiqqandi. O‘shandayoq qasos rejalarini tuza boshlagan, javob o‘yinida albatta hech qachon esdan chiqmaydigan qilib saboq berishni niyat qilgandim. Ammo qarangki, o‘sha jarohat mening hayotimni saqlab qoldi. Sababi, 11 avgustga qadar tiklanib ulgurmadim va o‘sha mudhish reysga chiqmadim.
O‘sha yilning 16 noyabr kuni «Dinamo» ikkinchi davra o‘yini uchun Toshkentga keldi. Mamlakatdagi hamma klublardan yig‘ilgan yangi «Paxtakor» ishtirokini davom ettirayotgan, lekin men hali biror marta ham maydonga tushmagandim. O‘sha halokatdan keyin umuman futbolni yakunlash haqida o‘ylab yurgandim.
O‘yin tugagach otamning qat’iy iltimosiga binoan Novikovning oldiga bordim va uyga taklif qildim.
«Otam sen bilan uchrashmoqchi», – dedim. «Dinamo» ertasi kuni uchib ketishi kerak, shuning uchun buning iloji bor edi. Uyga keldik. Otam darhol Aleksandrga to‘n kiydirdi. Novikov hayron.
«Otam hayotimni saqlab qolganing uchun minnatdorchilik bildiryapti», – deya tushuntirdim men.
O‘tirdik, ozgina ichdik, u paytlarda busiz iloji yo‘q edi. Osh qildik. Bizda oshning 28 turi bor, otam Farg‘ona vodiysida tug‘ilgan, farg‘onacha osh qilib berdi.
O‘sha mavsum boshlarida, aprel oyida bo‘lajak chempion «Spartak» bilan o‘ynagan edik. Esimda, o‘yin Moskvada emas, negadir boshqa shaharda bo‘lib o‘tgandi. 1:1 hisobida tugagan. «Spartak»dan Oleg Romansev gol urgan, bizdan men. Maydonda ham u bilan qarama-qarshi bo‘lganmiz – u qanot himoyachisi, men esa qanot hujumchisi edim. O‘sha gol mening futboldagi oxirgi golim bo‘lib qoldi. O‘sha kuni to‘p surgan 13 «paxtakorchi»dan atigi 4 nafari to‘rt oy o‘tib Minskka uchmadi va tirik qolgandi.
Jamoa sardori Mixail An ham o‘shanda jarohatda edi, ammo shunchaki yigitlarga dalda bo‘lib turish uchun samolyotga o‘tirgandi. Aviahalokatdan oldin biz qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba qozongandik – asosiy maqsad bu seriyani davom ettirish edi. An ajoyib yigit edi, maydonni juda yaxshi ko‘rardi.
Yodimda, faoliyatini endi boshlagan paytlarda tanaffusda butsasini uloqtirib, «bunaqa issiqda qanday futbol o‘ynash mumkin?» deb jig‘ibiyron bo‘lgandi. Lekin keyin ko‘nikib ketdi, mamlakatda u kabi texnikali futbolchilar barmoq bilan sanarli bo‘lgan – Volodya Gutsayev, David Kapiani… An deyarli yulduz edi, ammo negadir terma jamoaga chaqirishavermasdi.
Fyodorov ham zo‘r futbolchi, An bilan yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni bo‘lishgan. Terma jamoaga ham muntazam chaqirilar, Monrealdagi 1976 yilgi olimpiadada bronza medal ham olgan. Butun tarkib kiyevliklardan tashkil topgan va faqat u. Ammo «Paxtakor»ga juda sodiq edi. Axir aynan uni kiyevliklarga qo‘shish bejiz emasdi, «Dinamo»ga juda ko‘p chaqirishgan. Unga ko‘p aytishgan – bu yerda nima bor senga, Kiyevga o‘t, chempion bo‘lasan, Yevropa kuboklarida o‘ynaysan?
«Paxtakor» chempion bo‘lmaguncha bu yerdan ketmayman», – derdi doim u.
Rostan ham ketmadi.
Men ham An kabi yigitlarga qo‘shilib, Minskka uchishim mumkinmidi? Ha. Yana omadim kelgandi.
8 avgust kuni «Paxtakor» uyda «Zarya» ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Men o‘yindan keyin kiyim almashtirish xonasiga kirib, bolalarni tabrikladim, 9 avgust kuni esa Moskvaga, mashhur jarroh Zoya Mironovada davolanish uchun uchdim. Amaliyotni Toshkentda qilishgandi, Mironova meni ko‘rib shunday dedi: – Nahotki sizlarda ham shunaqa kuchli jarrohlar bor? Zo‘r hammasi. Davolanish ham shunaqa o‘tsinmi?
– Agar uyda ham iloji bo‘lsa, bu yerda yotmasam ham bo‘lar?
– O‘zingiz bilasiz, istasangiz yoting, istasangiz uyga ketavering.
«Zarya» bilan o‘yindan keyin yigitlar «Oqsoqol, tezroq qayt» deb qolishgandi, shuni esladim va uyga, rafiqamga telefon qildim. U Sport qo‘mitasi bilan gaplashib, menga ularning ko‘rsatmasini aytdi:
– Qaytavering, ertaga jamoa Minskka uchar ekan. Siz ular bilan borib, o‘sha yerdan Kurganga, professor Ilizarovga borar ekansiz.
O‘sha paytlarda sobiq murabbiyimiz Vyacheslav Solovyov ittifoq futbol federatsiyasida ishlar edi. Unga aytdim.
– Shundoq ham mavsum oxirigacha o‘ynay olmaysan. Olti soat uchib kelding. Ikki-uch kun Moskvada dam ol, keyin ketaverasan, – dedi Solovyov.
Shu bilan men qoldim. Nafaqat Novikov, shuningdek, Solovyov ham mening hayotimni qutqarib qolgan bo‘lib chiqyapti. Halokatdan keyin Solovyovning xotini menga telefon qilib, «sen ikkinchi Vsevolod Bobrov bo‘lding» degandi. Avvaliga tushunmadim. Keyin bilishimcha, Bobrov ham 1950 yilda halokatga uchragan hokkey jamoasi tarkibida bo‘lgan, ammo uchmagan ekan.
Bosh murabbiy Oleg Bazilevich ham qutulib qolgan. U Sochiga, rafiqasining oldiga avvalroq uchib ketgan, o‘sha yerdan Minskka borishni rejalashtirgandi. U ham menga o‘xshab juda qiynalgan, hech qabul qila olmagandi. Tez-tez kapitan kemani oxirgi bo‘lib tark etishi kerakligini, o‘sha kuni esa kapitan kemada bo‘lmaganini takrorlardi. O‘zini ayblardi. Nima ham qila olardi? Mavsum oxirigacha ishlab, keyin ketdi.
Ancha kuchli jamoa yig‘ilgandi. Asosan mahalliy tarbiyalanuvchilar, yuqori maqsadlar qo‘yilgan. Raqobat kuchli edi, «Paxtakor» a’zosi bo‘lish oson ish emasdi. Axir qatorasiga to‘rt g‘alaba ham tasodif emas.
Yomon tomoni, har yili murabbiy almashardi. Meni Mixail Yakushin topgan. O‘zim o‘ynagan 13 yilda u va Vyacheslav Solovyov jamoa uchun eng yaxshi ishlashgandi. Qancha murabbiylarni ko‘rdim – Arkadev, Yeliseyev, Krasnitskiy, Bashashkin… So‘nggi mavsum oldidan Korchetkov o‘rniga Bazilevich tayinlangandi. O‘z uslubini olib kirishni boshlagan, o‘z vaqtida Kiyevda Lobanovskiy bilan birga qurilgan agressiv, pressingga asoslangan futbolni.
Aytgancha, Bazilevich va Lobanovskiy boshqargan «Dinamo»ni biz Solovyov bilan 5:0 yutgandik. Men va Misha An dubl qilganmiz. Bu oktyabrda bo‘lgandi, iyunda Kiyevdagi uchrashuvda ham 1:0 ga yutganmiz, yagona golni men urganman. Bir yarim oy oldin «Ferensvarosh»ni yengib, kubok egalari kubogi sohibi bo‘lgan, Yevropa Superkubogida esa «Bavariya»ni yutgan «Dinamo»ni yirik hisobda yutganmiz. Bazilevich albatta, bularni yaxshi eslardi, menga juda yaxshi munosabatda bo‘lgan. O‘ttiz yoshimda futbol o‘ynamay qo‘yganimda ham murabbiylar shtabida meni olib yurgandi.
O‘zbek futboli afsonalaridan biri Birodar Abduraimov ham 1978 yilda murabbiylar shtabida bo‘lgan. Ammo keyingi yili ikkinchi liga jamoasiga murabbiy bo‘lib ketdi va u ham halokatdan qutulib qoldi. Xuddi shunday, Sasha Yanovskiyning ham omadi kelgan. O‘sha yili u «Paxtakor»ga kelgan va asosiy darvozabon edi, ammo raqobatda Pokatilovga yutqazib qo‘ydi. Natijada o‘rinbosarlar tarkibi bilan bir kun oldin Minskka uchgandi. Bu ham taqdir.
O‘sha lahzada hech kim necha kishi vafot etganini bilmasdi. Qo‘rqqanimiz, aslida ancha ko‘p bo‘lishi mumkin edi, zero odatda asosiy tarkib o‘rinbosarlar bilan birga uchardi. Aynan o‘sha kuni alohida ketilgan. Aka-uka Eshbo‘tayevlardan biri o‘rinbosarlar bilan uchgan. Jamoa massajchisi Anatoliy Dvornikov va jurnalist Oleg Yakubov birga aylanib, reysga kech qolishdi, degan gaplar bo‘lardi. Noto‘g‘ri, aslida ular ulgurgan. Shunchaki, ichib olishgani uchun bortga chiqarishmagan. Dvornikovni-ku, darhol jamoadan haydashgan. Bu borada qoidalar qattiq edi, futbolchilar ham agar rejimni buzishsa, qattiq jazolanishardi.
«Paxtakor halokati siri» degan film ham chiqdi. U yerdagi bir versiyaga ko‘ra, samolyot qanaqadir harbiy obekt ustidan uchayotganda urib tushirishgan. Ishonmayman. Go‘yoki, o‘sha paytdagi Ukraina rahbari Sherbitskiy bilan Sharof Rashidov o‘rtasida ziddiyat bo‘lganmish. Ularning oddiy samolyotlarni urib tushirishdan boshqa ishi yo‘qmi?
Ta’ziya marosimi oradan bir hafta o‘tib, 18 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. 17 yuk mashinasi, 17 tobut. Ertalab soat oltida aeroportda motam mitingi bo‘ldi, keyin shahar bo‘ylab mashinalar o‘tayotganda yo‘l bo‘yiga ikki yuz mingga yaqin odam chiqqan. Hamma yig‘lagandi.
Besh kishini Toshkentga, mana shu Botkin qabristoniga ko‘mishdi. Samarqandga Bozorovni ko‘mishga bordim, Navoiyga Eshbo‘tayevni, Buxoroga Sobirovni qo‘ydik. Albatta, janjallar ham bo‘lgan, tobutni ochmoqchi ham bo‘lishgan. Lekin ruxsat yo‘q, askarlar tomonidan qo‘riqlangandi. Nimaniyam ko‘rish mumkin u yerda, axir ikki samolyot to‘qnashgan, qancha balandlikdan qulagan.
Bozorov, 18 yoshli yigitcha, umuman o‘sha reysda bo‘lishi kerakmas edi, u o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynardi. Bir kun oldin otasi ko‘rgani kelgan, tug‘ilgan kuni bo‘lgani uchun ertasiga uchishni rahbarlardan so‘ragan. Ruxsat olgan…
Tiklangach, men o‘sha mavsumda ham maydonga tushishim mumkin edi. Katta rahbarlar ham, Bazilevich ham qaytishimni iltimos qilishgan. Ammo rad etdim. Buning iloji yo‘q edi. Bazaga borsang-u, u yerda shuncha yil birga yo‘l bosib o‘tgan yigitlarni uchratmasang? Uxlay ham olmasdim, doim yigitlar tushimga kirishardi. Futbolni tashladim. Uchishdan hozirchaga qo‘rqaman, samolyotga ko‘p chiqmayman.
Ammo murabbiy bo‘lib ishlashda davom etdim. Oila boqish, ishlash kerak axir. Bazilevich ketgach, meni murabbiylar oliy maktabiga o‘qishga jo‘natishdi. Hozirgidek qisqa o‘qish emas, ikki yil davom etgan.
Futbol federatsiyasi «Paxtakor» qanday o‘rin olsa ham uch yil oliy ligadan tushmasligi haqida qaror chiqardi. O‘shanda men mamlakatdagi quyi ligalardan yoshlarni yig‘ishimiz kerakligi, u yerda iste’dodli futbolchilar ko‘pligini aytdim. Ammo rahbariyat boshqa qarorga keldi, boshqa klublardan tajribali futbolchilarni yig‘ib olishdi. Har bir klubdan bittadan futbolchi so‘rashdi.
«Paxtakor»ning fojiadan keyingi yangi tarkibi
Nima bo‘lganda ham, chetdan kelgan futbolchi shunchaki o‘ynamaydi. Tabiiyki, o‘z shartlarini aytadi. Ko‘pchiligi masalan, mashina so‘ragan. Ularni ham ayblash qiyin, hammaning ham o‘z hayoti bor. Lekin bunaqa qilib qanday jamoa tuzish mumkin?
O‘zbekistonda «Paxtakor-79» xotirasini doim o‘rniga qo‘yib kelishadi. Har yili avgustda xotirlash marosimi, bolalar, faxriylar ishtirokida xalqaro turnirlar tashkil qilamiz.
Alla Tazetdinovaga ham qoyil qolish kerak. Aviahalokatda vafot etgan yordamchi murabbiy Idgay Tazetdinovning rafiqasi. Voqeadan keyin butun hayotini Alla Sergeyevna «Paxtakor-79» xotirasi uchun bag‘ishladi. Barcha futbolchilarning ayollari bilan do‘stlashib, bir maqsad yo‘lida birlashtirdi, barcha xotira marosimlarini tashkil qilish, film va kitoblar chop etilishining boshida turdi. Hatto voqea sodir bo‘lgan Kurilovka qishlog‘idagi yodgorlik ham aynan uning sayi-harakatlari bilan amalga oshgandi.
O‘sha avariya sodir bo‘lishda aybdor bo‘lgan dispetcherlardan biri Jukovskiy keyinchalik qamoqda o‘zini o‘ldirgan, deyishadi. Bu haqiqatdan yiroq. Berilgan muddatni o‘tagan, keyin o‘z ajali bilan vafot etgan.
Men hozir ancha xotirjam gapirib beryapman, chunki shuncha yil o‘tdi, ko‘zda yosh ham qolmadi. Ammo o‘sha paytlarda qanday holatda bo‘lganimni tasavvur ham qila olmaysiz. Ikki marta o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘lganman, aytdim-ku, yigitlar tinimsiz tushimga kirishardi, men ham ular bilan bo‘lgim kelgan. O‘zimni osishga sal qolganda, otam meni uydan haydab solgan. To‘rt devor orasida o‘tirishimni istamagan. Aynan otam futbol o‘ynamasligim kerakligini aytganda, unga quloq soldim. Aslida jismoniy holatim bilan yana bir necha yil o‘ynashim mumkin edi».
«Bir o‘zbek halokat bo‘lgan joyga velosipedda borib, Ukraina tuprog‘idan olib kelib otamning qabri ustiga sepgandi» (Dmitriy An)
«Otam o‘sha mash’um reysda Minskka uchmasligi lozim edi aslida. U jarohatlangandi. Shunday bo‘ladiki, u «Paxtakor»ni kuzatgani aeroportga chiqadi. Jamoa oddiy yo‘lovchi samolyotda uchayotgani uchun kerakli o‘rinlar band qilingan, ammo bittasi bo‘sh qolgandi. Birinchidan, Oleg Bazilevich ertaroq uchib ketgan, ikkinchidan, futbolchilardan biri ham kela olmagandi.
Haligacha, nega otam jamoa bilan ketganini tushuna olmaymiz. Axir u ham, onam ham samolyotda uchishdan qo‘rqar, noqulaylik his qilishardi. Juda bir fobiya emasku, lekin qo‘rquv doim bo‘lgan. Balki shunchaki yigitlarni qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgandir, axir u sardor edi. O‘sha «Paxtakor» esa juda ahil bo‘lgan – hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun.
Mudhish xabar tarqalgan kuni onam bilan Sochida dam olayotgandik. Men aniq eslay olmayman, lekin qo‘lida meni ko‘tarib uyoqdan buyoqqa yugurib yurgani elas-elas yodimda. Bolada stress bo‘lganda, bunaqa lahzalarni eslab qolsa kerak. Nazarimda, darhol mehmonxonadan chiqib, Toshkentga uchganmiz.
Hamma otamning juda yaxshi inson bo‘lganini aytadi. Sport internatida mendan yuqoriroq sinfda o‘qigan o‘rtog‘im bor, uning xolasi bir voqeani aytib bergandi. U O‘zbekiston velosport federatsiyasida ishlagan va bir kuni «Paxtakor» ham tashrif buyurgan shaharda bo‘lishgan. Nimadir bo‘ladi-yu, ikki kishiga qaytishga chipta qolmaydi va shunda otam Vladimir Fyodorov bilan o‘z chiptasini o‘sha ayolga berib, o‘zlari mehmonxonaga ketishgan va bir kun keyin uchishgan ekan. U paytda otam ham, Fyodorov ham yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni bo‘lib ulgurishgan, hamma taniydigan sport ustasi edi. Ammo hech qachon kibrga berilmagan, oddiy inson bo‘lib qolishgan.
Otam vafot etganda men besh yoshda edim. Ancha yosh bo‘lganim uchun ko‘p narsani xotirlay olmayman. Toshkent aeroportiga onam bilan jamoani kutib olgani chiqqanimiz esimda. Ular AQShdagi bir turnedan kelishgan, otamning qo‘lida Genri Kissinjyer tomonidan eng yaxshi futbolchi uchun berilgan sovrin bor edi. O‘sha sovrin haligacha uyimizda turadi. Shuningdek, ba’zi safarlardan menga olib kelgan o‘yinchoqlarni eslayman. U paytlarda onam Moskvada o‘qir, men buvim bilan turardim.
Singlim otamni umuman ko‘rmagan, u o‘sha yil noyabrida dunyoga kelgan. Shunday bo‘lsa ham, u otamni juda yaxshi ko‘radi. Onam 23 yoshda bo‘lgan, ammalarim hatto bolani oldirib tashlashni ham maslahat berishgan ekan. Lekin onam qat’iy turib olgan. U otamni juda yaxshi ko‘rardi, keyin hech kimga turmushga chiqmadi, hech kim bilan munosabatga ham kirishmadi.
«Paxtakor» maktabida men Valeriy Kechinov bilan bir sinfda o‘qiganman. Hozir ham ba’zida gaplashib turamiz. Yana bir sinfdoshimiz Kolya (Nikolay) Shirshov, terma jamoada uzoq yillar o‘ynadi, «Paxtakor»da, «Rostov»da to‘p surdi. Afsuski, vafot etdi.
Olmaning tagiga olma tushadi, deyishadi, tabiiyki, futbolchi sifatida iqtidorim yo‘q emasdi. Lekin yetarlicha rivojlantira olmadim. Afsuski, ko‘p o‘ynash nasib qilmadi. Ikkinchi liga jamoasida to‘p surdim, ittifoq tarqagach, O‘zbekiston chempionati oliy ligasida «Umid» jamoasida o‘ynadim. Tizzamda doimiy og‘riq tufayli, bor imkoniyatimni ishga sola olmasdim. Juda yaxshi bilaman, agar bor kuchingni bermasang, natija bo‘lmaydi, nari borsa, o‘rtacha futbolchi bo‘lish mumkin.
Yaqinda Qurbon Berdiyev bilan uchrashdim, amaliyot uchun undan o‘rganishim kerak edi. Bakiyevich avvaliga meni Mixail An bilan familiyadosh deb o‘ylabdi, lekin o‘g‘li ekanimni bilganidan so‘ng, quchoqlab oldi. Bir necha daqiqa gaplashishni dilimga tukkandim, to‘rt yarim soat birga o‘tirdik, choy ichdik.
Berdiyev otam bilan tengdosh, 1952 yilda tug‘ilgan. Menga turli hikoyalarni aytib berdi. Aytishicha, o‘sha mavsumdan oldin u ham «Paxtakor»ga o‘tishiga sal qolgan ekan. Lekin Ashxobodda arizasini qabul qilishmagan va u harbiy xizmatga, Rostovning SKA jamoasiga ketgan.
Mixail Anning o‘g‘li ekanim menga yordam berganmi yoki xalaqit? Ko‘proq yordam bergan. Shu ma’nodaki, men doim, har qanday vaziyatda inson bo‘lib qolishga urindim. Axir baribir meni taqqoslashadi, gapirishadi. O‘ngga yurasan, chapga yurasan, darrov aytishadi – «otasi bunday qilmagan bo‘lardi». O‘zimdan yomon xotira qoldirishni istamayman, zero otamdan faqat yaxshi gaplar qolgan. Haligacha odamlar meni ko‘rganda otam haqida qandaydir yaxshi voqeani aytib berishadi.
Toshkentda «Paxtakor»ning aviahalokat qurboni bo‘lgan futbolchilari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik
Foto: Igor Rabiner, «SE»
Har yili 11 avgust kuni «Paxtakor-79» halokatga uchragan kunni yodga olamiz. Men «Paxtakor» akademiyasi tizimida ishlaganim uchun bilaman, klub bu sanaga alohida tayyorgarlik ko‘radi, jiddiy e’tibor qaratadi. Bugungi o‘yinchilaridan tortib, rahbariyat, xodimlar, hammasi avval «Paxtakor» stadionidagi yodgorlikka, keyin Botkin qabristoniga tashrif buyurishadi. Kim rahbar bo‘lishidan qat’i nazar klubdagi bu an’ana doim saqlanib kelgan.
Aksariyat futbolchilarning tobuti boshqa qabristonlarga qo‘yilgan. O‘rta Chirchiq tumanida koreyslar diasporasining o‘z markazi bor. Otam o‘sha yerda, Sverdlov kolxozida tug‘ilgan, ulg‘aygan va o‘sha yerga ko‘milgan. Yilda ikki marta otamning qabrini ziyorat qilaman. Bahorda qabrni bo‘yash kerak, kuzda ham qarab qo‘yishga to‘g‘ri keladi.
Ukrainaning Kurilovka qishlog‘ida, o‘sha samolyotlar to‘qnashgan joyga hech bormaganman. Ammo bir kuni o‘sha yerdan kelgan bir odam bilan gaplashgandim. Ular o‘sha yerda «Paxtakor» uchun yodgorlik o‘rnatishibdi. Halokat qanday sodir bo‘lganini, samolyot qismlari yerga qanaqa sochilganini aytib berishgandi.
Aviahalokat ro‘y bergan joyda futbolchilarga o‘rnatilgan yodgorlik.
Wikimedia Commons
Bir o‘zbek muxlisi esa Kurilovkaga velosipedda boribdi. U yerning tuprog‘ini olib kelib, otamning qabriga sepgan, vafot etgan har bir futbolchining oilasiga bir hovuchdan tuproq bergandi. U aynan shuning uchun Ukrainaga borgan ekan».
Qahramon Aslanov tayyorladi
Sport
Mbappe – mojaro markazida. U klasikoga tayyorlanish o‘rniga ta’tilga ketdi va jamoadoshlarini g‘azablantirdi
Uni muxlislar ham tanqid qilishmoqda. «Real» rahbariyatidan Mbappeni ketkazish talab qilingan petitsiyani 14 milliondan ortiq kishi imzolagan.
«Real» hujumchisi Kilian Mbappe klasiko arafasida Italiyaga ketib qolgani uchun keskin tanqidga uchradi, deb yozmoqda Ispaniya va Fransiyadagi nashrlar. Ushbu forvard jarohatlangan va bo‘sh vaqtida ta’tilga yo‘l olgandi, ammo bu uni ta’na-dashnomlardan qutqara olmadi – jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa uni himoya qilib chiqishiga to‘g‘ri keldi.
Bahslarga sabab bo‘lgan safar
Mbappe 24 aprel kuni «Betis»ga qarshi kechgan o‘yinda (1:1) tizza osti payini shikastlab olgandi. Klubdagilar 27 yoshli forvard qachon safga qaytishini ma’lum qilmagan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u mavsum oxirigacha maydonga tusha olmasligi mumkin, boshqa manbalar esa unda «Barselona»ga qarshi 10 may kuni o‘tkaziladigan klasikoda o‘ynash imkoniyati borligini aytishgan.
Ammo fransuz futbolchisi, aftidan, jarohati haqida unchalik jiddiy qayg‘urmayapti – u ko‘nglini yozishga qaror qildi va sevgilisi, aktrisa Ester Ekspozito bilan Kalyariga yo‘l oldi.
Marca va L’Equipe nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda fransiyalik yulduzning ayrim jamoadoshlari, jumladan, Vinisius Junior bilan munosabatlari yomonlashgan. Va klub uchun qiyin pallada Italiyaga ketib qolishi uning kiyim almashtirish xonasidagi holatini yanada yomonlashtirgan. «Real»dagilar uning klasikogacha jarohatidan tuzalish imkoniyati bo‘lganidan kelib chiqib, tiklanish vaqtida bunday yo‘l tutishni yaxshi g‘oya deb hisoblashmayapti.
Forvardni fanatlar ham tanqid qilishmoqda. Italiyaga sayohat haqidagi yangiliklar fonida madridliklar klubi himoyachisi Fran Garsiyaning fransuz jamoadoshi haqida aytgan so‘zlari yana keng aylanmoqda.
«Bilasizki, bugun bitta futbolchi mashq qilmasligi, to‘p ortidan yugurmasligi mumkin. Ammo bir vaqtning o‘zida bir necha o‘yinchi bu bilan shug‘ullanmasa, bu chempionatda, Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish imkoniyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘ylaymanki, agar Kilian ter to‘kib ishlasa, u jamoaning qolgan a’zolariga katta yordam bergan bo‘ladi», – degandi Garsiya yanvar oyidayoq El Camino de Mario kanaliga.
Himoyachi intervyusida Mbappe haqida boshqa ko‘p iliq so‘zlar aytgan bo‘lsa-da, muxlislar tushunarli sababga ko‘ra aynan shu iqtibosni eslab qolgandi. Hozir esa bu gaplar yana dolzarblashdi va ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqalmoqda.
Fanatlar «Real» rahbariyatidan Mbappedan qutulish talab qilingna petitsiya ochishgan. Ikki kun ichida uni allaqachon 14 milliondan ortiq kishi imzolagan.
Shu bilan birga, jamoa ixtiyoriga qaytganidan keyin forvard o‘ziga dam olish kunlari olmagan. AS xabariga ko‘ra, u boshqa futbolchilarga dam berilgan vaqtda fizioterapevt va tiklanish bo‘yicha mutaxassislar bilan ishlash uchun «Real» bazasiga kelgan.
Yaqin vaqtlar ichida Kilian MRT tekshiruvidan o‘tadi va shundan keyin uning «Barselona»ga qarshi o‘yindagi ishtirokiga oydinlik kiritiladi.
Bu vaqtda esa futbolchining tarafdorlar uning «Real»da qolishi haqida petitsiya boshlagan va uni ham 10 milliondan ortiq kishi imzolagan.
«Sadoqatiga shubha qilmayman»
«Real» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa yulduzli futbolchisiga qaratilgan tanqidlarga munosabat bildirdi.
«Mbappe boshqa har qanday futbolchi kabi bo‘sh vaqtida xohlagan ishini qilishi mumkin. Men bunga aralasholmayman. Vinisiusning sadoqati unikidan kuchliroqmi? Taqqoslab o‘tirmayman. Menimcha, bizga hamma kerak. Men murabbiylik kursisini egallaganimdan beri doim shuni aytaman: har qanday o‘yinda g‘alaba qozonish uchun har bir futbolchining fidoyiligi kerak.
«Real» smokingda maydonga tushadigan o‘yinchilar bilan emas, balki ter va loyga botgan futbolkalarda o‘yinni yakunlaydigan o‘yinchilar bilan yaratilgan. Bu ajoyib klubda ekanimiz hammamizning omadimiz kelgani. «Real»dan muhimroq futbolchi yo‘q. Lekin men o‘z shogirdlarimning sadoqatiga shubha qilmayman», – deya Arbeloaning so‘zlarini keltirgan Diario AS.
Ispaniyalik mutaxassis Mbappening «Barselona» bilan o‘yindagi ishtiroki hozircha so‘roq ostida ekanini qo‘shimcha qilgan.
«Kilian o‘ynaydimi? Ko‘ramiz, u o‘zini qanday his qilarkan. O‘tgan haftadagi testlar tiklanish jarayoni ko‘proq vaqtni olishini ko‘rsatgandi», – degan mutaxassis.
Mbappe jarohatini davolayotgan mahalda «Real» natijalari uchun butun mas’uliyat yuki Vinisiusning zimmasiga tushmoqda. Va braziliyalik vinger ham uyaltirmayapti – u o‘tgan turda «Espanyol» bilan o‘yinda dubl muallifi bo‘ldi (2:0) va murabbiydan katta maqtov eshitdi. Arbeloa o‘yindan keyin uning jamoaga ta’siri ortib borayotganini e’tirof etdi.
Shunday pallada yana bir qiziqarli yangilik paydo bo‘ldi: jurnalist Fransua Gallardoning ma’lumotiga ko‘ra, Kilianning onasi va agenti hisoblangan Fayza Lamari go‘yoki Madrid klubi prezidenti Florentino Peresga ultimatum qo‘ygan va yozda Vinisiusni sotib yuborishni talab qilgan.
Chempionat yakuniga to‘rt tur qolganida «Real» turnir jadvalida 77 ochko bilan ikkinchi o‘rinda joylashgan va «Barselona»dan 11 ochkoga ortda qolmoqda. Chempionlik masalasi klasikoda uzil-kesil hal bo‘lishi mumkin.
Sport
O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshladi
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro Toshkent yig‘ini uchun kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi.
O‘zbekiston milliy jamoasi 6−26-may kunlari Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi. Bu JCh-2026 uchun tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro Toshkent yig‘ini uchun kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi.
Yig‘in Milliy futbol markazida bo‘lib o‘tadi va uning doirasida jamoa Superliga klublariga qarshi yopiq nazorat o‘yinlarini o‘tkazishi rejalashtirilgan.
JCh-2026 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston milliy jamoasi tarixda birinchi marta unda ishtirok etadi.
Sport
«Arsenal» finalga chiqdi
«Atletiko» javob o‘yinida londonliklarni hayron qoldira olmadi.
«Arsenal» – «Atletiko» 1:0
Gol: Saka, 45 (1:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafori (Inkapiye, 58), Uayt, Rays, Lyuis-Skelli (Subimendi, 74), Eze (Edegor, 58), Trossar (Martinelli, 83), Saka (Madueke, 58), Yokeresh
«Atletiko»: Oblak, Gansko, Le Norman (Molina, 57), Rudjyeri, Pubil, Koke, Liorente, Lukman (Kardozo, 57), Simeone (Syorlot, 57), Grizmann (Baena, 66), Alvares (Almada, 66)
Ogohlantirishlar: Arrisabalaga, 90 – Pubil, 81. Koke, 90
Mavsum arafasida «Arsenal» yoki «Atletiko» Chempionlar ligasi yarimfinalida o‘ynashini deyarli hech kim tasavvur qila olmasdi. Ammo vaziyat shuni taqozo qildiki, ikki jamoa yarimfinalgacha yetib keldi va ulardan biri finalda o‘ynaydigan bo‘ldi. Madridda bo‘lib o‘tgan birinchi o‘yindagi durangdan keyin «Arsenal» favorit deb hisoblanayotgandi va amalda ham shunday bo‘lib chiqdi va Arteta shogirdlari bosh sovrin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
APLning o‘tgan turida «Fulhem»ga qarshi o‘yinda chap qanot himoyachisi Lyuis-Skelli yarimhimoyada tushirilishini ko‘pchilik «Atletiko»ga qarshi muhim o‘yin oldidan asosiy tarkib futbolchisi Martin Subimendiga dam berilgani bilan bog‘lagandi. Ammo yosh ingliz futbolchisi o‘sha o‘yinda shu qadar yorqin o‘yin ko‘rsatdiki, Arteta bu tajribani davom ettirishga qaror qildi. Shuningdek, jarohatidan tuzalib safga qaytgan Saka va Kalafiori yana boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi.
Shuningdek, ko‘pchilik madridliklar himoyadan o‘ynashini taxmin qilgandi. Amalda esa har ikki jamoa ham ilk daqiqalardan yuqori chiziqda pressing uyushtirdi. Natijada londonliklar yarimhimoyachisi Rays ko‘pincha mezbonlar son jihatdan ustunlikka erishishi uchun orqaga qaytishiga to‘g‘ri keldi.
O‘yindagi ilk xavfli vaziyatlar ham mehmonlarda yuzaga keldi, ammo 8-daqiqada qarshi hujumda yuzaga kelgan vaziyatdan Alvares foydalana olmadi. Keyingi vaziyatda esa Juliano Grizmanning uzatmasini golga aylantira olmadi.
Birinchi bo‘limning ikkinchi yarmidan tashabbus mezbonlar qo‘liga o‘ta boshladi. Madridliklar esa to‘pni topshirishdi va ko‘pchilik bo‘lib himoyalanishga o‘tdi. O‘z-o‘zidan «Arsenal»da ham golli vaziyat yuzaga keldi. Avvaliga Lyuis-Skelli va Bukayo Saka xavfli zarbalar yo‘lladi.
Bo‘lim golsiz yakunlanishiga qarab ketayotganida esa mehmonlar darvozaboni Oblak yo‘q joydan muammo yaratdi. 45-daqiqada Uayt o‘ng qanotdan himoyachilar oralatib uzun uzatma berdi, to‘pga esa Yokeresh darvozabondan oldinroq yetib bordi va jarima maydoni markaziga uzatma oshirdi, u yerda turgan himoyachi to‘pni uzoqlashtira olmadi va to‘p Trossarga yetib bordi. Belgiyalik vinger esa raqiblar qurshovida turganiga qaramay kuchli zarba berdi, bu vaqtda o‘z joyiga qaytishga ulgurgan slovakiyalik posbon to‘pni to‘sdi, ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Saka yetib keldi va aniq harakat qildi – 1:0.
Voqealarning bunday rivojidan keyin Simeone B rejaga o‘tdi. Tanaffusdan keyin «Atletiko» bosimni oshirdi. Vaziyatlardan birida Saliba to‘pni bosh bilan o‘z darvozaboniga yetkazishga urinib, noaniq harakat qildi va Juliano Simeoneda hisobni tenglashtirish uchun ajoyib imkoniyat yuzaga keldi. Murabbiyning o‘g‘li darvozabonni aldab o‘tdi, ammo Gabriel unga faol qarshilik ko‘rsatdi va aniq zarba berishiga yo‘l qo‘ymadi. Biroz o‘tib Rayya Grizmanning xavfli zarbasini qaytardi.
57-daqiqada mehmonlarda uchtalik almashtirish amalga oshirildi. Arteta ham bunga uchtalik almashtirish bilan javob qaytardi. U hali sport formasini to‘liq tiklashga ulgurmagan futbolchilari – Rikkardo Kalafiori va Sakani, shuningdek, asosiy ijodkor Eberechi Ezeni maydondan oldi. Eze o‘rniga Edegor tushirilishi maydon markazini egallash va himoya chizig‘iga bo‘layotgan yuklamani kamaytirishga qaratilgandi.
Shu bilan birga, «Arsenal» hujumkorlikni kamaytirmadi. 66-daqiqada Viktor Yokereshda o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yish uchun juda yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. Kalafiori o‘rniga chap qanotda tushgan Inkapiye ideal uzatma berdi, ammo shvetsiyalik hujumchi to‘pga bir teginishda aniq zarba berolmadi.
Natijada «Emireyts»da yig‘ilgan muxbirlar o‘yinni oxirgi daqiqalargacha hayajon ichida kuzatib o‘tirishga majbur bo‘lishdi.
Ikkinchi bo‘limda «Atletiko» to‘pga ko‘proq vaqt davomida egalik qildi va ko‘proq zarba berdi. O‘yin oxirlarida Aleksandr Syorlot juda qulay imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo u qaysi oyog‘ida zarba berishni aniqlab ololmadi va vaziyatni qo‘ldan boy berdi.
Qolgan vaqt mobaynida «Atletiko»da boshqa vaziyatlar bo‘lmadi. Aniqrog‘i, mezbonlar boshqa imkon qoldirishmadi. «Arsenal» qo‘shimcha daqiqalarda to‘pni uzoqlashtirish bilan band bo‘ldi va raqib aut ijro etishiga ham xalaqit berdi, ammo o‘z maqsadiga erishdi.
«Arsenal» 20 yil o‘tib Chempionlar ligasi finaliga qaytdi va 30 may kuni Budapeshtda Yevropaning asosiy sovrini uchun maydonga tushadi. Finalda Arteta shogirdlarini «Bavariya» va «PSJ» juftligi g‘olibiga qarshi bahs kutadi.
Sport
«Real» muxlislari Mbappening ketishi uchun deyarli 1,5 mln imzo to‘pladi
Ular fransuz hujumchisining ketishini zarur o‘zgarishlarga bog‘lamoqda.
«Real» muxlislari petitsiyani yaratib, unda fransiyalik hujumchi Kilian Mbappening Madrid klubini tark etishini talab qilmoqda. Ushbu xabar yozilgan paytda uni qariyb 1,5 mln kishi imzolagan.
«Real» muxlislari, fikr bildiring! Agar o‘zgarishlar zarur deb hisoblasangiz, jim turmang – ushbu petitsiyani imzolang va klub va uning kelajagi uchun eng yaxshi deb hisoblagan narsangizni himoya qiling», deyiladi matnda.
Avvalroq jurnalist Fransua Gallardo Mbappening onasi Fayza Lamari «Real» prezidenti Florentino Peresga ultimatum qo‘yib, jamoadoshi Vinisius Juniorning ketishini talab qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edi. Qayd etilishicha, Mbappe «Vinisius va klubning boshqa futbolchilari tomonidan o‘ziga xiyonat qilinganini his qilmoqda».
Fransuz futbolchisi 2024 yildan buyon «Real» safida to‘p tepyapti. Joriy mavsumda 27 yoshli Mbappe klub safida 41 ta o‘yinda 41 ta gol urdi.
«Real» bu mavsumda chempionlikni boy berish arafasida turibdi. Asosiy raqib «Barselona» keyingi 4 o‘yinda 2 ochko jamg‘arsa Ispaniya chempioni bo‘ladi. Shuningdek, madridliklar Ispaniya Kubogi va Chempionlar Ligasida ham muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi.
Sport
11:38 «Siti» poygada qoqildi
11:38
«Siti» poygada qoqildi
Source link
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonning ikki qo‘shnisi bilan tutashgan chegarasida «Tinchlik parki» tashkil etilishi mumkin
-
Dunyodan3 days ago
Sudya Terranovaning o’ldirilishi
-
Sport5 days ago
FIDE reytingi yangilandi: ikki o‘zbekistonlik «top-5»talikda!
-
Jamiyat5 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich
-
Jamiyat5 days agoDiyetolog qarishning asosiy «dushmani»ni ma’lum qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
qaysi modellar ko‘p ishlab chiqarilmoqda?
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston tashqi savdosi o‘sdi. Qaysi davlatlar asosiy hamkorlar?
