Siyosat
O‘zbekiston 2032-yilgacha 5,67 MVt gidroenergetika quvvatiga ega bo‘lishni maqsad qilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni imzolagan farmonga ko‘ra, O‘zbekiston 2032-yilgacha gidroenergetika quvvatini 5,67 gigavattgacha oshirishni rejalashtirmoqda.Hujjatda gidroenergetika tarmog‘ini kengaytirish va “Uzbek Hydro Energy” davlat energetika kompaniyasini qayta qurish bo‘yicha kompleks yo‘l xaritasi belgilangan.
Joriy yilda gidroenergetika quvvati 2515 MVt, jumladan, yangi ishga tushirilgan elektr stansiyalari hisobidan 114 MVtga yetishi kutilmoqda. 2032 yil oxiriga kelib, umumiy energiya ishlab chiqarish quvvati 5668 MVtgacha oshishi kutilmoqda. Bunga tarmoq barqarorligini yaxshilash uchun mo’ljallangan 1,4 GVt quvvatga ega nasosli saqlash omborlari kiradi.
Hukumat, shuningdek, gidroenergetika ishlab chiqarishda xususiy ishtirokni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Umumiy quvvati 10 MVt boʻlgan xususiy elektr stansiyalari joriy yilda ishga tushirilishi kutilmoqda, kelasi besh yil ichida umumiy xususiy gidroenergetika quvvati esa 130 MVtga yetishi kutilmoqda.
Farmonda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini milliy elektr tarmog‘ining balanslash operatoriga aylantirish nazarda tutilgan. Rasmiylar investitsiya loyihalarida mahalliy ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanishni oshirish va kompaniyaning mintaqaviy energetika tashabbuslarida rolini kengaytirishni maqsad qilgan. Hukumat, shuningdek, operatsion samaradorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirish va moliyaviy nazoratni kuchaytirish, jumladan, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo’yicha chora-tadbirlar ko’rishni buyurdi.
Shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtiradi va gidroenergetika inshootlarida avariyalarning oldini olish uchun sun’iy intellekt texnologiyasini joriy qiladi. Rivojlanishni soddalashtirish uchun Farmon kompaniyaga yo‘llar, elektr uzatish liniyalari va kapital loyihalar bilan bog‘liq boshqa infratuzilma ob’ektlarini tanlov savdolari orqali tanlangan pudratchilar bilan soddalashtirilgan loyihalash tartibida moliyalashtirish va qurish huquqini beradi.
Ushbu texnologik yutuqlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Hydroproject” va “Uzusbroiha” injiniring kompaniyalariga infratuzilmaga ega boʻlmagan chekka hududlarda oʻlchash va loyihalash ishlari uchun dronlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Yakunda Idoralararo Tarif qo‘mitasiga ikki hafta muddatda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasini xarid qilish tarifini operatsion xarajatlar, qarz va investisiya ehtiyojlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Shuningdek, rasmiylarga yashil energiya sertifikatlarini sotishni tezlashtirish bo’yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
