Sport
O‘zbek futbolining global kuchi: kimlar xorij klublarida porlamoqda?
Yevropa futbol xaritasi O‘zbekiston bayrog‘i bilan tobora ko‘proq bezalmoqda. Bugungi kunda o‘zbek futbolchilari o‘z klublarining ajralmas qismiga aylanib, chempionlik poygalariga ta’sir ko‘rsatmoqdalar. Ularning muvaffaqiyatlari sport yangiliklarining bugungi kun tartibidan tushmayapti.. Har birining shaxsiy yo‘li «Oq bo‘rilar» uchun yangi va shijoatli sahifa ochyapti.
Xo‘sh, futbolchilarimizning Yevropadagi kelajagi qanaqa? Tribuna.uz aynan shu masalaga batafsil to‘xtaladi.
Kutilayotgan Istanbul tandemi
2025 yilning yozi O‘zbekistonning eng yorqin ikki yulduzi – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevning «Bashakshexir»ga o‘tishi bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Istanbul klubi ular uchun yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Shomurodov Italiyada qimmatli, ammo unchalik ham barqaror bo‘lmagan davrini o‘tkazdi. Endilikda u o‘z klubida yetakchilikni zimmasiga olish imkoniga ega bo‘ladi. Tan olish lozim, Eldorda bunday imkoniyat na Rossiyada va na Italiyada bo‘lgan. Garchi u «Roma» bilan UYeFA Konferensiyalar Ligasida g‘alaba qozongan bo‘lsada, klubdagi yetakchilik roli boshqalarda edi. Eldor hali biror marta o‘z klubida sardorlik bog‘ichini bilagiga taqmagan va “Bashakshexir” unga shunday imkoniyatni taqdim etishi mumkin. Hammasi Shomurodovning o‘z qo‘lida.
«SSKA»ning kreativ dvigateli sifatida Yevropa sahnasiga kirib kelgan Fayzullayev esa bu transfer orqali sezilarli darajada oldinga qadam tashlaydi. Rossiya chempionati bizda qanchalik qiziqish bilan kuzatilmasin, Yevropa uchun shunchaki o‘rtamiyonalar qatorida turardi xolos. Rus klublari yevrokuboklardan chetda qolgani esa ularning qadrini yanada tushirib yubordi. Ahvol shu ketishda davom etsa, Abbos “SSKA”da yiliga 30 ta gol ursa ham kuchli beshlikka o‘tishi qiyin edi. Konfederatsiyalar ligasida qatnashadigan “Bashakshexir” bilan esa bu ish karrasiga oson bo‘lishi mumkin.
Bu ikki futbolchining terma jamoada shakllangan hamkorligi Turkiya Superligasida ham namoyon bo‘lsa, istiqbolda katta shov-shuv ko‘tarishi tayin.
Manchesterdagi o‘zbek qo‘rg‘oni: Abduqodir Husanov
O‘zbek futboli yuksalib borayotganining eng muhim belgisi, shubhasiz, Abduqodir Husanovning “Manchester Siti” tarkibida ekani bo‘lsa kerak. Dunyoning eng yulduzli himoya chiziqlaridan biriga kirish ulkan vazifa – Husanov shunchaki u yerda bo‘lib turishi futbolimiz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Yosh markaziy himoyachi o‘tgan mavsum o‘rtasida yangi klubga o‘tgan bo‘lsada, qisqa vaqt ichida o‘zini ko‘rsatib, yoshiga xos bo‘lmagan maqtovlarga sazovor bo‘ldi. Dunyoning eng yaxshi murabbiylari qo‘l ostida Husanov shunchaki rivojlanmayapti, u yaqin kelajakda o‘zbek himoyachilarining keyingi avlodi uchun o‘ziga xos etalonga aylanmoqda. Bizga aynan shunaqa futbolchi kerak edi!
Qit’a bo‘ylab boshqa iste’dodlar
O‘zbek futboli mudom iste’dodlarga boy bo‘lgan, ammo hali hech qachon bu qadar e’tirofga sazovor bo‘lmagan edi. Bir vaqtlar Azamat Abduraimov Malayziyada o‘ynagani gazetalarda shov-shuv qilingan bo‘lsa, bugun janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida qancha futbolchimiz to‘p surayotganini aniq bilmasak ham kerak. Keling, shuning uchun e’tiborimiz markazini terma jamoadagi yetakchi futbolchilarga qaratamiz:
Xusniddin Aliqulov («Rizespor», Turkiya): Ishonchli va qat’iyatli markaziy himoyachi, Turkiya chempionatida o‘z jamoasi himoya chizig‘ining tayanchiga tezda aylandi.
Oston O‘runov («Persepolis», Eron): Eron chempionatida o‘z klubi uchun dominant kuch bo‘lib, faoliyatida qayta yuksalishga erishgan hujumkor yarim himoyachi.
Jaloliddin Masharipov («Istiqlol», Eron): Mahoratli vinger Eron chempionatida texnik qudrat va yetakchilik manbai bo‘lib qolmoqda.
O‘tkir Yusupov («Fulad», Eron): Tajribali darvozabon Eron birinchiligida o‘ljasiga tashlanayotgan burgutga qiyoslanadi.
Futbolchilarimizning muvaffaqiyati shunchaki shaxsiy yutuq emas, balki undanda ko‘proq ma’no kasb etadi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘taylik, futbolimiz tarixida bugungidan ko‘ra iste’dodliroq avlod bo‘lgandir, ammo yurt jamoasiga, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bu qadar sadoqatli tarkib bo‘lmagan. Shomurodov bo‘lsin, Fayzullayev yoki Xusanov, har biri mudom terma jamoani klubidan ustun quygan va buni ochiq, baralla aytishdan tortinmagan.
Bu esa millatning orzu-umidlarini yuksaklarga ko‘tarayotgan, umidlarni yirik turnirlarda aniq natijalarga aylantiradigan katta kuchdir. Nasib qilsa, yaqin kelajakda o‘zbek yigitlari katta turnirlarda sovrinlarni boshi uzra ko‘tarayotganini ko‘ramiz.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
