Iqtisodiyot
o‘zbekning hayot tarzini belgilaydigan mahsulot
Go‘sht narxining oshishi oxirgi yillarda o‘zbekistonliklarni eng ko‘p qiynayotgan muammolardan biri. Albatta, mulozimlar, amaldorlar, serdaromad aholi qatlami uchun narx oshishi sezilmasa kerak, men aytayotgan gaplar mamlakatning asosiy qismi — o‘rta qatlam haqida. Quyida go‘sh narxi oshishi nega og‘riqli muammo ekani, bu o‘zbeklar hayot tarzini belgilab beruvchi eng asosiy yegulik ekani haqida.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
«Eng arzon go‘sht bizda…»
Hozir sizlarga parallel olamdagi bir xabarni aytib beraman, mish-mish emas, davlat idorasi tomonidan berilgan rasmiy xabar. Qishloq xo‘jaligi vazirligi deb atalmish siz-u bizning soliqlarimiz evaziga tuzilgan davlat tashkilotining may oyidagi xabarida aytilishicha, Toshkent bozorlaridagi «arzonlashtirilgan rastalarda» qo‘y va mol go‘shti bir kg uchun 65-75 ming so‘mdan sotilayotgan ekan. Savdo rastalarida 90-95 ming so‘mdan, savdo markazlarida 95-100 ming so‘mdan go‘sh sotilarkan. Va dunyodagi eng arzon go‘sht sotiladigan davlatlardan biri biz ekanmiz. Aytib qo‘yay, may oyidan beri go‘sht narxida ko‘p o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.
Men Toshkentga ko‘p bormayman, lekin poytaxtliklar ham «arzonlashtirilgan go‘sht rastalari» degan so‘zdan hayron qolishsa kerak. O‘zbekistonning oddiy fuqarosi sifatida biladiganim shuki, Toshkentda istalgan narsa boshqa joylardan qimmatroq, bunaqa bo‘lishi tabiiy, poytaxtda pul ko‘p, narx ham balandroq «yuradi». Toshkentdagi go‘sht narxi bizning qishloqdagi go‘sht narxidan ikki baravar arzon bo‘lishi aqlga sig‘adigan ish emas kamida.
Va boyagi xabarida Qishloq xo‘jaligi vazirligi negadir Rossiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda go‘sht narxi bizdan qimmat ekanini sanab ketgan. Janoblar, biz o‘zimizga javob beraylik, shvedlar qayerdan go‘sht topib yeyishni o‘zi hal qilib oladi.
Albatta, barchamiz bu narxlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bilamiz. Bizda vazirliklar negadir qaysidir muammo haqida gapirganda uni hal qilishni emas, «bu muammo boshqa joyda bizdan ham yomonroq ekanini» gapirishga intiladi. Energetika vazirligi ham Amerikaning qaysidir shtatidagi blekautlar haqida yozib yuradi. Odamlar qayerda go‘sht, elektr necha pul ekanini internetdan, o‘sha davlatdagi tanishlaridan bilib olaveradi, vazirlikning vazifasi muammoni hal qilish, boshqa davlatlar haqida ma’lumot berish emas.
Go‘sht narxi qoramolga beriladigan ozuqa narxi qimmatligi sabab oshib borayotgani kunday ravshan. Mas’ul tashkilotlar mana shu muammoni hal qilishi kerak. Men mol boqib katta bo‘lgan yigitman, yoshligimizda qishloqdagi uylar molsiz bo‘lmasdi, hamma mol boqardi. Chunki somon arzon edi, yem ham. Bolalar dashtda yetaklab mol boqardi. Hozir na mol boqadigan joy qoldi, na arzon yem. Lekin shu turishda ham qishloqlar o‘zini o‘zi eplayapti, go‘sht do‘konlar qishloqning o‘zidan chiqqan mollarning go‘shti bilan to‘la. Agar odamlar narx-navo baland, deb mol boqmay qo‘ysa, vaziyat chidab bo‘lmas darajaga chiqadi.
Qurg‘oqchilik, falon, piston, deb bahona qilib o‘tiraversa, hech narsa o‘zgarmaydi. Bug‘doy o‘zimizdan chiqadi, paxta ham. Nima qilib bo‘lsa ham, ushbu ikki mahsulot qoldig‘idan olinadigan yem narxini tushirish kerak. Aks holda go‘sht narxi tushishidan umid uzsa ham bo‘ladi. O‘zi bizda narx hech qachon tushmagan, oshmay turishi ham katta gap.
«Strategik mahsulot»
Men go‘shtga o‘zbekning strategik mahsuloti deb ta’rif bergan bo‘lardim. Boshqa davlatlarni bilmadim, bizda aynan go‘sht narxi odamlarning hayot tarzini belgilab beradi, azaldan shunaqa bo‘lgan. To‘yga yaqinlar falon kilo go‘shtni hisoblab pul yig‘adi, boshqa oziq-ovqat narxi ham go‘shtga bog‘lab hisoblanadi, ro‘zg‘or qiladigan erkak ko‘chada nimadir yeyishdan tiyilib «Bu pulga falon kilo go‘sht beradi», deydi. Taksistga nega narx oshdi desangiz, «Bir kilo go‘sht 150 ming so‘m bo‘ldi», deydi. Go‘sht narxi oshsa, osh narxi oshadi, somsa yeyish xursandchilikka aylanadi. Boshqa hech qaysi davlatda go‘sht kabi bizdagi hamma narsaga ta’sir qiladigan mahsulot bo‘lmasa kerak.
Yoshligimizda bolalar kimningdir ro‘zg‘origa havas qilsa, «Falonchalar har kuni go‘sht olarkan», deyishardi. Bu yosh bolalarning ko‘chadagi o‘yin orasida aytgan gapi qanchalik jiddiy gap bo‘lganini mana endi tushunib yetyapman. Shu uchun vazirliklar, idoralar, bilmadim, go‘sht narxiga ta’sir qila oladigan kim bo‘lsa ham «Ha, narx oshyapti, nima qilaylik, hamma yerda shunaqa», deb og‘zini ochib o‘tirishi kerak emas. Biz «hamma yerda» emas, O‘zbekistonda yashaymiz! Go‘shtdek juda muhim mahsulot narxi odamlar qozoniga og‘irlik qiladigan darajada bo‘lib ketishining oldini olish shart.
Go‘sht do‘konga kirganimda kichkina bolachalar «20 mingga go‘sht bering, 30 mingga go‘sht bering», deyishini eshitib, ularning oldida o‘zimni aybdor his qilaman. Ko‘z o‘ngimda millatdoshlarim go‘sht yeyishga qiynalayotganini ko‘rish juda og‘ir. Onalar o‘zlari buncha oz pulga go‘sht olishga uyalib bolalarini qassobxonaga yuborishadi.
Mulozimlar xalqning qozonida nima qaynayotganini bilarmikin? Odamlar grammlab go‘sht olayotganini-chi? Janob, Aktam Haitov, o‘rta qatlamdagi xalqimiz ko‘p go‘sht yemayapti, yeyolmayapti…
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot23 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
