Siyosat
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, shuningdek, bu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasini yangi bosqichga olib chiqish, ehtiyojmand fuqarolarga davlat ko‘magini manzilli va shaffof tarzda yetkazish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda ularni proaktiv shaklda taqdim etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalar, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar hamda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Taqdimotda ruhiy holatida buzilishlari mavjud nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, bu borada asosiy maqsad – ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oila muhitiga yaqin sharoitda kompleks xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, parvarish bilan band bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Xususan, 2026-yil 1-iyunga qadar 0-3 yoshda rivojlanishida nuqsonlar aniqlangan bolalar uchun ilk bor «Erta aralashuv» xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ushbu xizmat orqali maxsus pedagoglar va davolovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchilari ishtirokida bolalarga korreksion-pedagogik yordam, nutq va jismoniy rivojlantirish mashg‘ulotlari ko‘rsatiladi. Xizmat nodavlat tashkilotlar tomonidan maxsus elektron reyestr asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, anatomik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarning qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham 2026-yil davomida bosqichma-bosqich yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. «Yangi kun» kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida qarab turish xizmati, kichik hajmli «Madad» uyi xizmati va «Ijtimoiy ta’til» qisqa muddatli joylashtirish xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu xizmatlar qarab turish va parvarish qilish, kundalik hayot ko‘nikmalarini shakllantirish, maishiy ishlarga o‘rgatish, kasb va moliyaviy hisob-kitob ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘ladi.
Mazkur yangi xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida moakaga ega bo‘lgan va zarur talablarga javob beradigan nodavlat tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi. Bu orqali 2026-yilda 8,3 ming nafar ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxsni yangi xizmatlar bilan qamrab olish, 600 tagacha nodavlat tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlarni ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga jalb etish rejalashtirilgan. Yangi xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya shaklida qoplab beriladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab 18 yoshdan katta chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakillar uchun har oylik yangi parvarishlash nafaqasi joriy etiladi.
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari vakolatlari ham kengaytiriladi. 2026-yil 1-iyundan boshlab ularning xodimlari tuman va shahar hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga kiritiladi. Shuningdek, ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxslarga tayinlangan vasiy va homiylar tomonidan majburiyatlarning bajarilishi, ushbu shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari, mol-mulkining muhofazasi, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari muntazam monitoring qilib boriladi.
Internat muassasalarini transformatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Takliflarga ko‘ra, «Muruvvat» internat uylari bosqichma-bosqich «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi. Endi mazkur muassasalar asosan tibbiy-ijtimoiy emas, balki ijtimoiy yondashuv asosida ishlaydigan, shaxsni jamiyatga moslashtirishga qaratilgan markazlar sifatida faoliyat yuritadi. U yerda yashovchilarni sport, ijodiy, ergoterapiya, mehnat va ijtimoiy-ma’naviy terapiyaga jalb qilish, «murabbiy kuzatuvida» mustaqil yashash xizmati orqali hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, oilaviy muhitga yaqin kichik hajmli uylar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda ijtimoiy himoya sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi tashabbuslar ham muhokama qilindi. Xususan, shaxsni nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish uchun javobgarlikni kuchaytirish, sud qarorlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maqbul shaklda taqdim etish, ijtimoiy xizmat va kafolatlarni yagona Ijtimoiy reyestr asosida manzilli yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.
Kunduzgi parvarish xizmatlarini rivojlantirish ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi. 3-18 yoshgacha nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatiga bergan ota-onalar uchun ushbu xizmatga har oyda to‘lanadigan 3 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni daromad solig‘idan, davlat-xususiy sheriklik asosida nogiron bolalarga kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni esa 2030 yilgacha soliqlardan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda. Bugungi kunda bunday xizmatlar 396 ta tadbirkor tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular 4,4 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bolaga xizmat ko‘rsatmoqda.
Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqiga ega toifalarni kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, I guruh nogironi bo‘lgan shaxslar va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga, shuningdek, 1941-1945-yillardagi urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga mazkur huquqni tatbiq etish taklif qilinmoqda.
Taqdimotda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlar ham muhokama qilindi. Xususan, ularni alohida murojaatsiz, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olish, ishga joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish va natijalar bo‘yicha tezkor axborot almashish tartibini joriy etish rejalashtirilgan.
Bolalar huquqlarini himoya qilish va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikning ayrim shakllariga qarshi kurashish sohasida ham qonunchilikni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Ularga ko‘ra, voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik materiallarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlikni belgilash, shu kabi huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jinoiy javobgarlikni qo‘llash, internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan. Voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik mahsulotlarni tarqatish maqsadida respublikaga olib kirganlik, bunday mahsulotni tayyorlaganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoki voyaga yetmaganni pornografik harakat ijrochisi sifatida jalb etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularning qonuniy vakili instituti joriy etilmoqda va so‘roq qilishning aniq vaqt me’yorlari belgilanmoqda.
Taqdimotda Jizzax viloyatida «islohotlar shtabi» tomonidan mahallalarning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan loyihalar to‘g‘risida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya sohasidagi yangi mexanizm va takliflarni ma’qullab, tegishli qonun hujjatlarini imzoladi.
Siyosat
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan so‘zlagan tabrigidan asosiy fikrlar:
Buyuk istiqlolimizning ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi;
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi;
Bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz;
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz;
Islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik;
«Paxta qulligi», «majburiy mehnat va bolalar mehnati», «konvertatsiya cheklovi», «propiska» kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik;
Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etish uchun keyingi 10 yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik. O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik;
2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz;
Bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilandi;
Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari talabalarining yarmidan ko‘pini qizlar va ayollar tashkil etadi. Bilimli qizlar — bilimli oila, bilimli avlod, ma’rifatli jamiyat deganidir;
Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz;
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir;
Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi;
Kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz;
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi;
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi;
2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi;
To‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi;
Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz;
Mahalla jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiriladi;
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz;
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz;
Xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q;
Matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Siyosat
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar» xalqaro media forumida nutq so‘zladi.
Forumda Sherzod Asadov zamonaviy jurnalistika oldida turgan tahdidlar, sun’iy intellekt, so‘z erkinligi, milliy media va jurnalistning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
«Bugun axborot chegara bilmaydi. Bir voqea haqidagi xabar sanoqli soniyalarda millionlab odamlarga yetib boradi. Biroq axborot bilan birga yolg‘on, manipulyasiya, feyk xabarlar va axborot xurujlari ham tez tarqalmoqda. Shuning uchun bugun jurnalistika oldidagi eng muhim vazifalardan biri — ishonchli axborotni ta’minlashdir», — dedi u.
Sherzod Asadov sun’iy intellektning jurnalistikaga jadal kirib kelayotganiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt jurnalistning o‘rnini bosmaydi, aksincha, uning imkoniyatlarini kengaytiradi.
«Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, jurnalistikaning asosiy mezonlari — haqiqat, xolislik, vijdon va inson manfaatiga xizmat qilish tamoyillari o‘zgarmasligi kerak», — dedi Prezident matbuot kotibi.
U, shuningdek, zamonaviy jurnalistikaning bugungi global muammolardan biri sifatida haqiqiy so‘z erkinligi inqirozi masalasini ko‘tardi. Ayrim hollarda so‘z erkinligining siyosiy bosim vositasiga aylanishi jurnalistikaning xolisligi va ishonchliligiga putur yetkazayotganini qayd etdi.
Sh.Asadovga ko‘ra, milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas. Aksincha, bu — faktlarga tayanish, voqealarni xolis tahlil qilish va jamiyat bilan ochiq muloqot o‘rnatishdir.
Prezident matbuot kotibi jurnalistning vazifasi faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasligini ham ta’kidladi. Jurnalist odamlarning dardu tashvishini eshitadi, muammolarini ko‘taradi va jamoatchilik ovozining davlat idoralariga yetib borishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, Sherzod Asadov forumning Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu maskan xalqimizning ko‘p ming yillik ilmiy va ma’naviy merosini jahonga tanitishga xizmat qiladi.
Uning ta’kidlashicha, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar merosi butun bashariyatning bebaho boyligidir. Xorazmiy nomi bugun «algoritm» atamasida yashab kelayotgani ham ajdodlarimiz merosi zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Sh.Asadov milliy merosni faqat muzey va kitoblarda saqlash bilan cheklanmasdan, uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va jahon jamoatchiligiga xolis yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Siyosat
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
Давлатимиз раҳбари Шавкат Мирзиёев ва Озарбайжон Президенти Илҳом Алиев рафиқалари ҳамроҳлигида Бухоронинг жаҳонга машҳур тарихий обидалари – Сомонийлар мақбараси, Арк қўрғони, Пойи Калон ва Лаби Ҳовуз мажмуалари, Кўкалдош мадрасасини зиёрат қилдилар.
Олий мартабали меҳмонларга ушбу ноёб обидаларнинг тарихи, меъморий хусусиятлари ҳамда Шарқда илм-фан, маданият ва шаҳарсозлик ривожидаги аҳамияти ҳақида батафсил маълумот берилди.
Ташриф Исмоил Сомоний томонидан барпо этилган Сомонийлар мақбарасидан бошланди. Ушбу обида 1993 йилда ЮНЕСКОнинг Умумжаҳон мероси рўйхатига киритилган.
Шундан сўнг етакчилар кўп асрлар давомида Бухоронинг сиёсий ва маъмурий маркази бўлиб келган қадимий Арк қалъасига ташриф буюрдилар. Археологик ва тарихий маълумотларга кўра, қалъа узоқ давр мобайнида шаклланиб келган ва яқин ўтмишдан бошлаб Бухоро ҳукмдорларининг қароргоҳи вазифасини бажарган. Бугунги кунда Арк шаҳарнинг энг машҳур обидаларидан бири ва Бухоро тарихий марказининг муҳим қисми ҳисобланади.
Пойи Калон мажмуаси – Марказий Осиёнинг энг салобатли меъморий мажмуаларидан бири. 1127 йилда бунёд этилган машҳур Калон минораси мажмуанинг энг эътиборли иншооти бўлиб, асрлар давомида нафақат Бухоро меъморчилиги намунаси, балки шаҳарнинг ҳақиқий “ташриф қоғози” бўлиб хизмат қилиб келмоқда.
Ансамбл таркибига XVI аср бошларига оид Калон масжиди ва Мир Араб мадрасаси ҳам киради. Ушбу мажмуа ҳақли равишда Шайбонийлар давридаги тарихий Бухоронинг дурдоналаридан бири ҳисобланади.
Олий мартабали меҳмонларда Лаби Ҳовуз мажмуаси ҳам катта таассурот қолдирди. У қадимий ҳовуз атрофида қурилган ва эски Бухородаги энг машҳур жамоат масканларидан бири ҳисобланади.
Бу ерда Кўкалдош мадрасаси, Нодир Девонбеги мадрасаси ва хонақоҳи жойлашган. Шаҳарнинг ушбу гўшаси асрлар давомида аҳоли, сайёҳлар ва илм аҳлини ўзига жалб қилувчи маскан бўлиб келган ҳамда ўрта асрлардаги Бухоронинг бетакрор муҳитини бугунги кунгача сақлаб қолган.
Ташриф давомида халқ ҳунармандчилиги намуналари ҳамда тарихий обидаларга туширилган бадиий безакларнинг хусусиятлари ҳам намойиш этилди.
Озарбайжонлик меҳмонларга Бухоронинг Буюк Ипак йўлидаги ислом цивилизациясининг энг йирик илм-фан, таълим ва савдо марказларидан бири сифатидаги кўп асрлик тарихи ҳақида сўзлаб берилди.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida amerikalik qonun chiqaruvchilar O‘zbekiston Prezidenti va xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy qutladilar.
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama munosabatlarda ijobiy sur’at kuzatilayotgani, siyosiy muloqot yuqori darajada ekani, aloqalar va o‘zaro tashriflar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat yetakchilari yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot chog‘ida strategik sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshdi. Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalarida yirik loyihalarni boshlash va amalga oshirishni nazarda tutuvchi uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni ilgari surishda AQSh Kongressining muhim o‘rni qayd etildi.
Hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. AQSh delegatsiyasi a’zolari vakillik qilayotgan Missuri, Shimoliy Karolina, Texas va Gavayi shtatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ishbilarmonlik missiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Siyosat
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
Кўксарой қароргоҳида мамлакатимизга давлат ташрифи билан келган Озарбайжон Республикаси Президенти Илҳом Алиевни тантанали кутиб олиш маросими бўлди.
Икки давлат байроқлари билан безатилган майдонда Озарбайжон Президенти шарафига фахрий қоровул саф тортди.
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев олий мартабали меҳмонни самимий кутиб олиб, шоҳсупага таклиф қилди. Ўзбекистон ва Озарбайжон давлат мадҳиялари янгради.
Етакчилар фахрий қоровул сафи олдидан ўтиб, расмий делегациялар аъзоларини қутладилар.
Биргаликда суратга тушилгандан сўнг олий даражадаги музокаралар бошланди.
Кўксарой қароргоҳида Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев ва Озарбайжон Республикаси Президенти Илҳом Алиев тор доирада учрашув ҳамда Олий давлатлараро кенгашнинг учинчи йиғилишини ўтказдилар.
Музокараларда Ўзбекистон – Озарбайжон стратегик шериклик ва иттифоқчилик муносабатларини янада ривожлантириш масалалари кўриб чиқилди.
Давлатимиз раҳбари Озарбайжон Республикаси Президентининг бу галги давлат ташрифи тарихий воқеа эканини алоҳида таъкидлади.
– Саммит якунида Абадий дўстлик тўғрисидаги шартноманинг имзоланиши бунинг тасдиғи бўлади. Энг муҳими, стратегик шериклик ва иттифоқчилигимизнинг ҳар бир банди аниқ натижалар ва амалий ҳаракатларда ўз ифодасини топади, – деди Шавкат Мирзиёев.
Етакчилар икки томонлама алоқалар жадал ривожланиб бораётганини қайд этдилар. Парламентлар, ҳукуматлар ва тармоқлар ўртасида мунтазам мулоқот йўлга қўйилган.
Ташрифга тайёргарлик доирасида Ҳукуматлараро комиссия, Ишбилармонлар кенгаши йиғилишлари ва Ҳудудлар форуми муваффақиятли ўтказилди.
Сўнгги беш йилда ўзаро товар айирбошлаш ҳажми 3 баробарга ортди. Энергетика, кимё, кончилик, тўқимачилик, қишлоқ хўжалиги, шаҳарсозлик ва бошқа йўналишларда кооперация лойиҳалари амалга оширилмоқда.
Товар айирбошлаш ҳажмини 1 миллиард долларга етказиш имкониятлари мавжудлиги қайд этилди. Аниқ чора-тадбирларни ўз ичига олган дастур қабул қилинаётгани мазкур муҳим маррага эришиш учун мустаҳкам замин яратади.
Йиғилиш доирасида янги кооперация лойиҳаларини бажаришга старт берилади. Бундай ташаббусларни қўллаб-қувватлаш мақсадида Қўшма инвестиция компанияси маблағларини фаол жалб этиш муҳимлиги таъкидланди.
Икки мамлакат ўртасидаги ўзаро боғлиқликни кучайтириш, Ўрта йўлакни биргаликда ривожлантириш зарурлиги кўрсатиб ўтилди.
Етакчилар маданият, таълим, ёшлар сиёсати ва спорт соҳаларидаги фаол алмашинувларни давом эттиришга келишиб олдилар.
Бугун Низомий Ганжавий номидаги Миллий педагогика университетининг янги биноси очилади ҳамда Янги Тошкентда “Озарбайжон” боғини барпо этиш ишлари бошланади.
Икки халқни янада яқинлаштириш мақсадида “Низомий Ганжавий ва Алишер Навоий ўртасидаги адабий кўприк” мавзусида қўшма кинофильм яратиш таклиф этилди.
Жорий йилнинг кузида Озарбайжонда етакчи олий таълим муассасалари ректорларининг иккинчи форуми бўлиб ўтади.
2027 йилда мамлакатларимизда муҳим спорт воқеаси – футбол бўйича ёшлар ўртасидаги жаҳон чемпионати бўлиб ўтади. Бу борада қўшма спорт, маданият ва ёшларга оид тадбирларни ўтказишни назарда тутувчи кенг кўламли “Икки мамлакат – бир чемпионат” дастури ишлаб чиқилади.
Давлат раҳбарлари халқаро ва минтақавий кун тартибидаги долзарб масалалар юзасидан ҳам фикр алмашдилар.
Йиғилишда Ҳукуматлараро комиссия ҳамраисларининг ахборотлари тингланди.
Эришилган келишувларни ўз вақтида ва сифатли амалга оширишга қаратилган “йўл харитаси”ни қабул қилишга қарор қилинди.
Якунда банк-молия, қурилиш материаллари, таълим, нефть-газ, туризм, уй-жой қурилиши, тоғ-кон саноати ва қишлоқ хўжалиги соҳаларидаги қўшма лойиҳаларни амалга оширишга старт берилди
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat11 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
