Iqtisodiyot
So‘nggi besh yilda auksionda yer sotish orqali budjetga qancha pul tushgani aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi besh yilda mamlakatimizda yer munosabatlarini isloh qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yer ajratish vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish tartibi joriy etildi. Shu davrda 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratildi, budjetga 1,4 trillion so‘m tushum ta’minlandi.
Eng muhimi, yerning haqiqiy egasi paydo bo‘lishi natijasida har bir gektardan olinayotgan daromad 3 karra oshib, 50-60 million so‘mga yetgan. Bugun ushbu yerlarda har yili 539 trillion so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 2,1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, yerlar auksion orqali ajratilayotgan bo‘lsa-da, ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi.
Shu bois qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning yangi tizimini joriy etish, joriy yilda yana 100 ming gektar yerni yangi tartib asosida auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada, ayniqsa, yerdan foydalanishda iqtisodiy rag‘batlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘tgan yili vodiy viloyatlari, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda sotilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish bo‘yicha joriy etilgan tajriba yaxshi samara bergani ta’kidlandi. Xususan, 2025-yilda 20 ming gektar yerning 16 ming gektarida tadbirkorlar o‘zlari tanlagan yuqori daromadli va eksportbop ekinlarni ekib, 150 million dollarlik eksport uchun zamin yaratgan. Endi ushbu tajribani kengaytirish, yerdan foydalanuvchilarga yanada ko‘proq iqtisodiy erkinlik berish muhimligi qayd etildi.
Sanoatlashgan plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 50 gektardan 500 gektargacha yer uchastkalarini auksionga chiqarish, shu asosida joriy yilning o‘zida har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik loyihalarni boshlash belgilandi. Ushbu loyihalar uchun suv va elektr ta’minoti xarajatlarini qoplab berish, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha arzon kreditlar ajratish, kredit foiz stavkalarini kompensatsiya qilib berish, yetishtirilgan mahsulotni qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismini subsidiyalash kabi qator moliyaviy qo‘llab-quvvatlash joriy etilishi ta’kidlandi.
Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilg‘or xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.
Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini olish bo‘yicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi ta’kidlandi. Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon fondi yerlari faqat mamlakatimiz fuqarolariga beriladi. Ayni paytda yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.
Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning ijara muddati tugagan. Shu munosabat bilan tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish bo‘yicha qulay va shaffof tartib joriy etish zarurligini bildirmoqda. Taqdimotda bu jarayonni davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq xo‘jaligi va adliya tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, e’tirozlar bo‘lmagan taqdirda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi. Soliq yoki ijara to‘lovidan qarzdorlik, sud nizosi yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.
Shuningdek, yer toifasini o‘zgartirish va nobudgarchilik to‘lovlarini hisoblash bilan bog‘liq jarayonlar haligacha qog‘oz shaklida yuritilayotgani tanqid qilindi. Bu esa kelishuv va qaror qabul qilish muddatining cho‘zilishiga, investorlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois barcha jarayonlarni raqamlashtirish, yerdan maqsadli foydalanish, suv samaradorligi va tuproq sifati kabi mezonlar asosida yerdan foydalanish samaradorligini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Yerga bo‘lgan ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengaytirish, uni nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va bank kafolatini olish uchun ham garovga qo‘yish imkoniyatini yaratish zarurligi qayd etildi. Yer uchastkasini bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish, yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish mumkinligini aniq belgilash, shundan kelib chiqib yer oldi-sotdisiga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.
Shu bilan birga, yer nazorati yo‘nalishida javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish uchun javobgarlikni faqat sug‘oriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
Temir yo‘llari, avtomobil yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya ob’yektlari, suv inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovidan ozod qilish, yer jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganida to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlarini soliqqa tortmaslik bo‘yicha takliflar bildirildi.
Kelgusida qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyalari orqali xizmat ko‘rsatilishi, ushbu tashkilotlar o‘z yo‘nalishlarida davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida «ko‘prik» vazifasini bajarishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yanada ochiq va tushunarli tizim yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
