Iqtisodiyot
O‘zbekistonning oltin eksporti qariyb 5 mlrd dollarga kamaydi
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonning jami eksporti 15,86 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,8 foizga kamaygan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, nonometar oltin eksporti 2025-yilning birinchi yarmidagi 6,49 mlrd dollardan 2026-yilning shu davrida 1,50 mlrd dollarga tushgan. Ya’ni oltin eksporti hajmi qariyb 5 mlrd AQSh dollariga qisqargan.
Shu bilan birga, oltin hisobga olinmagan holda tovarlar eksporti ijobiy o‘sishni namoyon qildi. Uning hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga oshib, 8,2 mlrd AQSh dollariga yetdi.
Yarim yillik yakunlariga ko‘ra, xizmatlar eksporti 6,20 mlrd dollarga yetib, umumiy eksportning 39,1 foizini tashkil qildi. Bu o‘tgan yilgi 26,3 foizlik ulushdan ancha yuqori ko‘rsatkichdir.
Sanoat tovarlari eksporti 2,41 mlrd dollarga yetib, umumiy eksportdagi ulushi 15,2 foizga chiqdi. Kimyoviy mahsulotlar eksporti 1,28 mlrd dollar, turli tayyor buyumlar eksporti esa 1,36 mlrd dollarni tashkil qildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti 1,32 mlrd dollarga yetdi. Mashina va transport uskunalari eksporti ham o‘sib, 632,9 million dollarni tashkil etdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston hamda Qozog‘iston hamkorligidagi turizm yangi bosqichda
«Kelajak o‘yinlari» xalqaro musobaqasining ochilish kunida «Arda Xiva» turistik majmuasi hamda FlyArystan aviakompaniyasi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam tashladi. Shu munosabat bilan Olmaota shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston turoperatorlari ishtirokida yangi xalqaro Olmaota – Urganch – Olmaota aviaqatnovining ochilishiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida «Arda Xiva» majmuasi vakillari ishtirokchilarni Xorazm viloyatining boy turistik salohiyati hamda FlyArystan yo‘lovchilari uchun ishlab chiqilgan maxsus turistik paketlar bilan tanishtirdi. FlyArystan aviakompaniyasi esa yangi aviaqatnovning imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Turistik paketlar mehmonxonada joylashish va ekskursiya dasturlarini o‘z ichiga oladi.
Urganch shahri qadimiy Xiva shahridan atigi 30 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, uning tarixiy markazi — Ichan-Qal’a YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Tomonlar, shuningdek, Qozog‘istonning yetakchi turoperatorlari va blogerlari uchun 7–10 avgust kunlari tanishuv infoturini tashkil etishga kelishib oldi. Ushbu infotur Xorazmda o‘tkaziladigan «Oltin qovun» festivali doirasida tashkil etiladi.
Infotur dasturidan Xivaning tarixiy markazi — Ichan-Qal’aga ekskursiya, «Arda Xiva» majmuasi infratuzilmasi bilan tanishish, festival tadbirlarida ishtirok etish hamda mintaqa turizm sohasi vakillari bilan B2B uchrashuvlari o‘rin olgan. Ishtirokchilar Xorazmning turistik imkoniyatlarini shaxsan baholash va qozog‘istonlik sayyohlar uchun yangi jozibador turistik takliflarni shakllantirish imkoniga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy oy boshida «Arda Xiva» va FlyArystan o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. Olmaotada bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv ushbu memorandumni amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Olmaota – Urganch – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar 3 sentyabrdan boshlanadi va haftasiga ikki marta — payshanba hamda yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Aviachiptalar FlyArystan mobil ilovasi, aviakompaniyaning rasmiy sayti va boshqa sotuv kanallari orqali xarid qilish uchun allaqachon mavjud.
«Arda Xiva» majmuasi haqida
«Arda Xiva» turistik majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan. Ko‘p tarmoqli turistik klaster G‘ovuko‘l sohilidagi 25 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi ko‘magida madaniy-tarixiy, sport hamda ko‘ngilochar tadbirlarni keng ko‘lamda tashkil etib kelmoqda.
Majmua infratuzilmasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– 1000 o‘rinli 6 ta mehmonxona;
– ochiq akvapark va yopiq suzish havzasi;
– 3000 o‘rinli amfiteatr;
– 11 ta hunarmandchilik uyi, «Qadimiy Urganch» muzeyi, rassomlik galereyasi va zargarlik markazi;
– umumiy uzunligi 2 kilometr bo‘lgan gondolalar uchun suv kanallari;
– 10 dan ortiq kafe va restoranlar, sharqona bozor;
– mintaqadagi eng yirik bolalar markazi, sport inshootlari hamda SPA majmuasi.
Majmuani boshqarish O‘zbekistonning HotelPro va Rossiyaning Kronwell kompaniyalari xalqaro konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi.
FlyArystan haqida:
FlyArystan — Qozog‘istonning loukost aviakompaniyasi bo‘lib, Air Astana kompaniyalar guruhining 100% sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. U o‘z faoliyatini 2019 yil may oyida boshlagan. Aviakompaniya keng yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi va zamonaviy Airbus A320 samolyotlari parkiga ega.
Uning asosiy bazalari Olmaota, Ostona va Aqtau shaharlarida joylashgan. FlyArystan marshrutlar tarmog‘i ichki va xalqaro muntazam reyslar, shuningdek charter yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston Quvayt va Suriyaga yangi yo‘nalishlar orqali mahsulot yetkazmoqda — nimalar eksport qilinyapti?
O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi milliy mahsulotlarni Quvayt va Suriya bozorlariga barqaror hamda tezkor yetkazib berish maqsadida yangi transport-logistika yo‘laklarini shakllantirish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatida ishlab chiqarilgan gilam mahsulotlari Quvaytning «Montreal House Wholesale Co» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma doirasida yangi xalqaro logistika yo‘nalishi orqali muvaffaqiyatli yetkazib berilgan.
Qayd etilishicha, eksport jarayonida avval foydalanib kelingan Eronning Bandar Abbos porti ishlatilmagan. Logistika operatori bo‘lgan Turkiyaning «Gulf Cargo» kompaniyasi yangi yo‘nalishni xavfsiz va istiqbolli deb baholab, kelgusida yuklarni 15–20 kun ichida yetkazib berish mumkinligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi Iroq orqali Quvaytga mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda. Shu maqsadda Iroq Savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi hamda Kurdiston mintaqasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, Fors ko‘rfazidagi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Eron hududi orqali muqobil logistika yo‘nalishlaridan foydalanish imkoniyatlari ham tahlil qilinmoqda.
Suriya yo‘nalishida ham ilk natijalar qayd etilgan. Joriy yil may oyida Halab shahrida O‘zbekiston savdo uyi va distribyutorlik markazi ish boshlagach, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan yangi eksport shartnomalari imzolangan.
Natijada O‘zbekistondan Suriyaga ilk bor o‘simlik yog‘i, kir yuvish vositalari hamda maishiy elektr jihozlarining dastlabki partiyalari eksport qilindi. Importyorlar ma’lumotiga ko‘ra, mahsulotlarni Turkiya orqali Suriyaga yetkazib berish muddati 10–15 kunni tashkil etmoqda.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, yangi transport-logistika yo‘laklari milliy mahsulotlarni Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga uzluksiz va raqobatbardosh sharoitlarda yetkazib berishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chakana savdo yarim yilda 252 trln so‘mga yetdi
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda chakana savdo tovar aylanmasi 251,8 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,2 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1-iyul holatiga respublikada chakana savdo sohasida 89 ming 861 ta tijorat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Bu ichki iste’mol bozorida tadbirkorlik faolligi saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Shu davrda ulgurji savdo tovar aylanmasi ham ijobiy dinamikani namoyon qildi. Uning hajmi 283,3 trln so‘mga yetib, 2025-yilning yanvar–iyun oylariga nisbatan 16,5 foizga o‘sdi.
Ma’lumot o‘rnida, 1-iyul holatida ulgurji savdo sohasida 56 ming 363 ta tijorat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston avtomobil bozorida iyun oyida o‘sish kuzatildi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida O‘zbekistonda avtotransport vositalari savdosi 80,2 mingtadan oshib, may oyiga nisbatan 18 foizga ko‘paydi.
Hududlar kesimida savdo faolligi deyarli barcha viloyatlarda o‘sdi. Pasayish faqat Jizzax viloyatida qayd etildi va u 2,2 foizni tashkil qildi. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida 33,7 foiz, Xorazm viloyatida 32,6 foiz va Sirdaryo viloyatida 29 foiz darajasida kuzatildi. Shuningdek, Samarqand, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida ham yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi.
Toshkent shahri mamlakat avtomobil bozorida yetakchilikni saqlab qoldi. Iyun oyida poytaxtda 17,9 mingta avtotransport vositasi sotilib, may oyiga nisbatan savdo hajmi 9 foizga oshdi. Bu respublika bo‘yicha umumiy savdoning 22,3 foiziga to‘g‘ri keldi.
Iyun oyida yengil avtomobillar savdosi 61,4 mingtani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 14 foizga o‘sdi. Yangi yengil avtomobillar savdosi 24 mingtaga yetdi va oylik o‘sish 11 foizni tashkil qildi.
Birlamchi bozorda mahalliy ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar savdosi 12 foizga oshib, 18,8 mingtaga yetdi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi esa 5,1 mingtani tashkil qildi va may oyiga nisbatan qariyb 7 foizga ko‘paydi.
Ikkilamchi bozor ham faol o‘sishni namoyon qildi. Foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi iyun oyida 16 foizdan ortiq oshib, 37,1 mingtaga yetdi. Shu bilan birga, yilning birinchi yarmida ikkilamchi bozordagi savdo o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga kamayib, qariyb 240 mingtani tashkil etdi.
Iyun oyida elektromobillar bozori eng yuqori o‘sish sur’atlarini qayd etdi. Birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 8,4 mingta elektromobil sotilib, may oyiga nisbatan savdo 63,5 foizga oshdi.
Yilning birinchi yarmida respublikada 40 mingdan ortiq elektromobil sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga ko‘pdir. Elektromobillar savdosining asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, iyun oyida poytaxtda 5,3 mingta elektromobil sotildi. Bu umumiy bozor hajmining qariyb 63 foizini tashkil etdi.
Iqtisodiyot
31-iyul kuni dollar qiymati qanchaga yetadi?
31-iyul kuni dollar qiymati qanchaga yetadi?
Source link
-
Iqtisodiyot4 days ago
Bank depozitlari bir yilda 118 trln so‘mga ko‘paydi
-
Dunyodan5 days ago
Yaponiyalik ayollar 41 marta rekord o’rnatdilar
-
Iqtisodiyot5 days ago
Energetika vazirligi va uning quyi bo‘g‘inlari jiddiy tanqid ostiga olindi
-
Mahalliy4 days ago
Qashqadaryoda 63 yoshli ayol universitetni muvaffaqiyatli tamomladi
-
Jamiyat5 days ago
Tavallud ayyomingiz muborak bo‘lsin, Yangi O‘zbekiston bunyodkori!
-
Jamiyat3 days ago
Davlat organlari formasiga o‘xshash kiyimlardan foydalanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Isroil falastinlik mahbuslarni himoya qilish uchun timsohlardan foydalanmoqchi
-
Dunyodan3 days ago
Rossiyada muhojirlar uchun patent olish va ularni uzaytirish uchun yangi shartlar belgilandi.
