Connect with us

Iqtisodiyot

Qoraqalpog‘istonda 7 mlrd dollarlik loyihalar qurilishiga start berildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda hududda tadbirkorlik va investitsiyalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Xususan, 2016-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshiga kelib 54 trillion so‘mdan oshdi. Mahsulot ishlab chiqarishda xususiy sektorning ulushi 66 foizga yetdi. Faol tadbirkorlik subyektlari soni 2,5 barobar ko‘payib, 26,5 mingtani tashkil etdi.

So‘nggi to‘qqiz yilda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish uchun Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritildi. Joriy yil yakuniga qadar xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Hududda faoliyat yuritayotgan xorijiy va qo‘shma korxonalar soni 2018-yilga nisbatan 2,2 barobar oshib, 271 tani tashkil etdi.

Marosim doirasida 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi hamda xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ularning hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Xususan, Qorao‘zak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.

Ishga tushirilgan obyektlar qatorida Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda barpo etilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona bor. Qiymati 27 million dollar bo‘lgan 100 o‘rinli muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda 80 ta ish o‘rni yaratildi. Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi ham hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish va mutaxassislar malakasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Raqamli infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishida Taxiatosh tumanida “Linkwise” korxonasining 150 million dollarlik modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Nukus shahrida jamoat transportini yaxshilashga qaratilgan “SAPSAN TRANS NO‘KIS” korxonasining 20 million dollarlik loyihasi ham ish boshladi. 25 ta avtobus va elektrobus olib kelingan bo‘lib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 75 ta elektrobus keltiriladi. Loyihada 200 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Qurilishi boshlanayotgan loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab olgan.

Qo‘ng‘irot tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 2,6 milliard dollar bo‘lgan 1,5 gigavattli yirik shamol elektr stansiyasini qurish va yagona energetika tizimiga ulash ishlari faol bosqichga o‘tmoqda. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmog‘i tortiladi, 500 kilovoltli uchta podstansiya quriladi va yana ikkitasi modernizatsiya qilinadi.

Chimboy tumanida koreyalik investorlar bilan respublikada ilk bor qizilmiya ildizini qayta ishlash orqali yiliga 3 million kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi boshlandi.

Transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 92 kilometrlik qismida qurilish ishlari boshlandi. Loyiha qiymati 233 million dollarni tashkil etadi. Nukus shahri jamoat transporti uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 112 ta elektrobus xarid qilish va depo tashkil etish loyihasi ham amalga oshiriladi.

Xitoylik hamkorlar bilan Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlarida umumiy qiymati 2 milliard 281 million dollar bo‘lgan raqamli valyuta ishlab chiqarish va sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Taxtako‘pir tumanida ham ma’lumotlar markazi barpo etiladi. Nukus shahrida chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.

Qorao‘zak tumanidagi “Zengibobo” konida oltin qazib olish bo‘yicha 20 million dollarlik korxona barpo etiladi. Amudaryo tumanida esa 15 million dollarlik zamonaviy yirik savdo markazi tashkil qilinadi.

Ijtimoiy sohada hindistonlik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiyot fanlari universiteti va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish shifoxonasi tashkil etilmoqda.

Turkiyalik hamkorlar ishtirokida Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida Toshkentdagi “Seul Mun” namunasi asosida 103 million dollarlik dam olish, ko‘ngilochar va savdo markazi barpo etiladi.

Marosimda xorijiy hamkorlar loyihalarni amalga oshirish va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi. Viloyat hokimlari o‘zlariga biriktirilgan tumanlarda yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘al oilalar daromadini oshirishga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi.

Davlatimiz rahbari nuroniylar, olimlar va keng jamoatchilik vakillarini har bir loyiha ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga chaqirdi. Bunday yondashuv oilalar farovonligini ta’minlash, yoshlar kelajagi va Orolbo‘yining mustahkam iqtisodiy poydevorini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Ramziy tugma bosilib, yangi obyektlar ishga tushirildi va qurilish ishlariga start berildi. Investorlar va hudud faollari bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Shu yerning o‘zida Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivining taqdimoti ham o‘tkazildi. Massiv uchun 270 gektar maydon belgilanib, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlangan. Bu yerda 30 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar, yirik biznes markazlari, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar quriladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Nukusda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilinadi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Coals KS” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Loyihaning umumiy qiymati 16,3 million dollar. Korxonada gazoblok va ohak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Gazoblok ishlab chiqarish uchun “Nukus” erkin iqtisodiy zonasida 4,8 gektar maydon ajratilgan.

Ohak ishlab chiqarish quvvatlari esa Qorao‘zak tumanidagi 4,8 gektar maydonda joylashgan.

Korxona yiliga 300 ming kub metr gazoblok va 165 ming tonna ohak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu ichki bozorga zamonaviy qurilish materiallari yetkazib berish bilan birga eksportni yo‘lga qo‘yish imkonini ham beradi. Mahsulotlarni Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilgan.

Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan xomashyoning 96 foizi mahalliy manbalardan olinadi. Xususan, kvars qumi, sement va gips mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Bu mahsulot tannarxini pasaytirish va ta’minot barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Korxonada tayyorlanayotgan gazobloklar yengilligi, issiqlikni saqlash va tovush izolyasiyasi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular oddiy pishiq g‘ishtga nisbatan 3-4 barobar yengil bo‘lib, qurilish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda korxonada 200 nafar mahalliy aholi mehnat qilmoqda. Korxona tomonidan hozirgacha umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan 5 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Yana 40 million dollarlik 4 ta yangi loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayonlari va mahsulotlar bilan tanishib, korxonaning istiqboldagi rejalari haqidagi axborotni tingladi. Ishchilar bilan samimiy muloqot qildi.

Mahsulot tannarxini pasaytirish bilan birga sifatini yuqori darajada saqlash, ishlab chiqarish hajmi va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xodimlar malakasini muntazam oshirib borish muhimligi ta’kidlandi. Korxona rahbariyati va soha mas’ullariga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Toshkentda moliyaviy xizmatlar hajmi 75 trln so‘mdan oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda 125,8 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.

Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 24,5 foizga ko‘p. Moliyaviy xizmatlarning eng katta hajmi Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bu ko‘rsatkich 75,1 trln so‘mni tashkil etgan. Bu ro‘yxatdagi viloyatlar orasidagi eng yuqori natijadan bir necha barobar ko‘p.

Farg‘ona viloyatida 6 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan. Toshkent viloyatida 5,7 trln so‘m, Andijonda 5,6 trln so‘m qayd etilgan.

Samarqandda xizmatlar hajmi 4,8 trln so‘m, Qashqadaryoda 4,1 trln so‘mni tashkil qilgan. Xorazmda 3,5 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, Surxondaryoda ham bu ko‘rsatkich 3,5 trln so‘m bo‘lgan.

Buxoro viloyatida 3,4 trln so‘m, Namanganda 3,3 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan. Jizzaxda 3 trln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,9 trln so‘m qayd etilgan.

Navoiy viloyatida moliyaviy xizmatlar hajmi 2,8 trln so‘mga yetgan. Sirdaryoda esa 2 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dollar tinimsiz qimmatlab bormoqda

Published

on



Dollar tinimsiz qimmatlab bormoqda



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Ekspertlarning 51 foizi inflyasiya 2027–2028-yillarda 5 foizga tushishini prognoz qilmoqda

Published

on


Avgust oyida moliya sohasi ekspertlarining kelgusi 12 oy uchun inflyasiya bo‘yicha kutilmalari 6,6 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich iyul oyida ham 6,6 foiz bo‘lgan.

Kelgusi uch yil uchun inflyasion kutilmalar ham o‘zgarmadi — 5,2 foiz. Shu bilan birga, ushbu baholar 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga yaqin darajada saqlanib qolgan.

So‘rovda qatnashgan ekspertlarning 51 foizi inflyasiyaning 5 foizlik maqsadiga 2027–2028-yillarda erishilishini kutmoqda. 2027-yilda maqsadga erishilishini kutganlar ulushi iyul oyidagi 20 foizdan avgustda 24 foizga oshgan.

Ekspertlarning 80 foizi kelgusi Markaziy bank boshqaruv yig‘ilishidan so‘ng asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolishini kutmoqda. Iyul oyida bunday fikrdagi ekspertlar ulushi 76 foiz edi.

Kelgusi 12 oydan so‘ng asosiy stavkaning 13,1 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Iyul oyida bu ko‘rsatkich 13 foiz darajasida baholangan.

Banklararo pul bozorida ham stavkalar bo‘yicha kutilmalar yuqorilagan. Ekspertlar kelgusi bir oyda 14 foiz, uch oyda 14,5 foiz, olti oyda 15 foiz va bir yilda 15,4 foiz atrofidagi stavkalarni kutmoqda.

Real YaIM o‘sishi bo‘yicha kutilmalar joriy yil uchun 6,9 foizga yetdi. Iyul oyida ekspertlar bu ko‘rsatkichni 6,7 foiz deb baholagan.

Kelgusi yil uchun real YaIM o‘sishi 6,6 foiz darajasida kutilmoqda. Bu ham iyul oyidagi 6,5 foizlik prognozdan yuqori.

Nominal ish haqi o‘sishi joriy yilda 13,5 foiz, kelgusi yilda 13,3 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Iyul oyida kelgusi yil uchun bu ko‘rsatkich 13,1 foiz darajasida baholangan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda ijara xizmatlari hajmi 9 trln so‘mga yetdi

Published

on


2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda ijara xizmatlari hajmi 9 trln so‘mni tashkil etgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 10,7 foizga oshgan. Ijara xizmatlarining eng katta qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.jumladan, poytaxtda yetti oyda 3,3 trln so‘mlik ijara xizmatlari ko‘rsatilgan.

Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 959,5 mlrd so‘m, Samarqand viloyati — 902,9 mlrd so‘m bilan qayd etilgan. Farg‘ona viloyatida xizmatlar hajmi 575 mlrd so‘m, Qashqadaryoda 518,6 mlrd so‘m, Andijonda esa 477 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Buxoro viloyatida ijara xizmatlari hajmi 463,2 mlrd so‘mga yetgan. Surxondaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 310 mlrd so‘m, Namanganda 306,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 294,3 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida 210,6 mlrd so‘mlik ijara xizmatlari ko‘rsatilgan. Jizzax viloyatida xizmatlar hajmi 163,3 mlrd so‘m, Navoiy viloyatida 153,2 mlrd so‘m, Sirdaryo viloyatida esa 131,2 mlrd so‘mni tashkil etgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.