Jamiyat
O‘zbekistonda yangi moliyaviy piramida avj oldi. Uni “organ” xodimlari targ‘ib qilmoqda
O‘zbekistonda shakli va uslubi oldingilaridan mutlaqo farq qilmaydigan XCM moliyaviy piramidasi tobora ommalashib bormoqda. Achinarlisi, bu cho‘pchakka uning oldini olishi kerak bo‘lgan xizmatlar xodimlari ham ishonishyapti. Hatto ayrim xodimlar XCM targ‘ibotiga qo‘shilib, u “ishonchli ekani”ni aytmoqda. Ushbu moliyaviy piramidaga pul tikayotgan minglab fuqarolar aldanib qolish arafasida.
O‘zbekistonda XCM nomi ostida navbatdagi moliyaviy piramida avj oldi. U boshqa shu kabi moliyaviy piramidalardan farqli ravishda mehnat jamoalari, hatto ichki ishlar tizimiga ham faol kirib boryapti: xodimlar bilib-bilmasdan XCM targ‘ibotiga, demak ko‘proq odam aldanishiga “hissa” qo‘shmoqda.
XCM nima?
O‘tgan bir yilda video ko‘rish orqali pul topishni targ‘ib qilgan HNK, Whats va Aif kabi moliyaviy piramidalar to‘riga ko‘plab o‘zbekistonliklar ilindi. Hatto ushbu loyihalarga bankdan kredit olib yoki yoki biror mulkini sotib pul tikish orqali bor-budidan ayrilganlar ham bo‘ldi. XCM shakl va uslub jihatdan ana shu moliyaviy piramidalarning “ukasi”: bunda ham aldov nuqtasi videolarga like bosish va izoh yozishga asoslangan.
XCM, ya’ni X Connection Media Avstraliyada tashkil etilgan onlayn media kompaniyasi ekani, 2024 yil 4 avgustda tashkil qilingani va sertifikat olgani aytiladi. Internetda reklama va onlayn marketing loyihaning maqsadi sifatida qayd etilgan.
“Ishga olish” niqobi
XCM faoliyatiga rasmiy tus berish maqsadida “ishga olish” niqobidan foydalanilgan. Faqat boshqa moliyaviy piramidalardan farqli ravishda buning uchun talablar ishlab chiqilgan. Ya’ni ishga qabul qilinuvchilar 18-60 yosh orasida bo‘lishi, muloqot qobiliyati muhimligi, vaqtni boshqara olishi zarurligi belgilangan.
Ammo bu shunchaki niqob bo‘lib, XCM’ga ishonchni oshirish uchun o‘ylab topilganini sezish qiyin emas.
Depozit – ilmoq
XCM moliyaviy piramida ekaniga oddiy dalil – bu unga qo‘shilish uchun depozit qo‘yish, ya’ni pul to‘lash majburiyati borligidadir. Depozit qo‘yish majburiyati “xavfsiz hamkorlik muhiti yaratishga yordam berishi” bilan izohlangan.
“Blog maxfiyligini himoya qilish va hamkorlikning xavfsizligi va muvaffaqiyatini ta’minlash maqsadida biz oddiy xodimlar uchun depozit to‘lov tizimini joriy qildik. Biz maxfiylikni himoya qilishga juda jiddiy qaraymiz va blogerlar duch keladigan maxfiylik xavflarini to‘liq tushunamiz. Ushbu chora xavfsiz hamkorlik muhitini yaratishga yordam beradi. Biz haqiqatan ham biz bilan ishlashni va o‘z ishiga jiddiy yondashishni, ishonchli munosabatlar o‘rnatishni hamda xavf va potensial mojarolarni kamaytirishni xohlaydiganlarni tekshiramiz. Shunday qilib, biz resurslarni yaxshiroq rejalashtirishimiz va bloglarning platformada barqaror daromad va imkoniyatlar olishini ta’minlashimiz mumkin”, deyiladi XCM platformasida.
Aslida ana shu izohning o‘ziyoq XCM moliyaviy piramida ekanini bildirib turibdi. Negaki, xavfsiz hamkorlik muhiti pul to‘lovi bilan emas, odatda huquqiy asoslar bilan yaratiladi. Aksincha, biror bir qonuniy asosga ega bo‘lmagan va kelib chiqishining tayini bo‘lmagan kelishuv bilan depozitga pul qo‘yish muqarrar aldanib qolish degani.
Shuningdek, XCMga “ishga olingan” xodimlarga majburiyatlar ham qo‘yilgan. Bu salbiy izohlar yozmaslik, boshqa xodimlarni kamsitmaslik bilan bog‘liq.
XCM faoliyati ham boshqa moliyaviy piramidalar kabi “pul tiking va daromad ko‘ring” qoidasiga asoslangan. Buning uchun 7 ta daraja bosqichi ishlab chiqilgan. Masalan, X-C2 darajadan boshlash uchun 460 USDT (kriptovaluta, odatda 1 USDT 1 dollar qiymatga ega bo‘ladi) to‘lash kerak bo‘ladi. Bu darajada kuniga 5 ta vazifa beriladi. Har bir vazifa 2,6, kunlik daromad 13 USDT. Xullas, depozitga qo‘yilgan 460 USDT’ni 4745 USDT’ga aylantirish mumkinligi va’da qilingan.
Daraja yuqorilagani sari depozitga qo‘yiladigan pul va ko‘riladigan daromad miqdori oshirib borilgan. X-C8 darajasi uchun 40 ming USDT qo‘yish kerak bo‘ladi. Bu 40 ming dollar degani. Shunchaki kuniga 80 ta videoni ko‘rib, layk bosib turilsa bu pul bir yilda 414 640 dollarga aylanarmish go‘yo. Bu ming foizdan yuqoriroqni tashkil etadi. Aslida, ushbu raqamlarning o‘ziyoq eng sodda odamni ham shubhaga qo‘yishi kerak. Biroq bunga ishonayotganlar afsuski, bor va ular ko‘pchilik.
“Targ‘ibotchi” IIB
XCM’da imkon qadar ko‘proq odamni depozit qo‘yishga chorlash maqsadida boshqalarni taklif qilganlik uchun alohida pul to‘lash tizimi taklif etilgan. Oqibatda do‘st-u qarindoshlar, mehnat jamoalari orasida uni targ‘ib qilish holatlari ko‘payib, moliyaviy piramida o‘z domiga ko‘proq odamni tortib ketmoqda.
Hatto aslida ushbu holatning oldini olishi kerak bo‘lgan IIB xodimlari ham XCM’ga ishonib, uning targ‘ibotiga kirishgan. Shulardan biri Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani IIB profilaktika inspektori.
“Haqiqatan ham bu jamoa bilan ishlab, ko‘p bonuslar, undan tashqari, topshiriqlar bajarish orqali yuqori sarmoyaga ega bo‘lyapman. Bu to‘g‘risida o‘z hamkasblarimga ham ma’lumot berib, ularga ham a’zo bo‘lishga taklif qildim. Ko‘pchilik ijobiy fikr bildirib, a’zo bo‘lmoqda”, degan profilaktika inspektori.
XCM guruhlarida e’lon qilingan suratlarga qaraganda ushbu moliyaviy piramida targ‘ibotiga qo‘shilgan IIB xodimlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu loyiha ortida turgan firibgarlar “mana, bizga hatto IIB xodimlarining o‘zi ishonch bildirgan”, deya ko‘proq odamni chuv tushirishiga xizmat qilmoqda.
Harbiy akademiyada o‘qituvlik qilishi aytilgan mayor Zuhriddin Toyirov ham ushbu moliyaviy piramidaga qo‘shilganini bildirgan:
“Men XCM firmasiga qo‘shildim. Kelajakda bu kompaniyaga omad tilayman. Kelajakda oila a’zolarimni ham, jamoamni ham qo‘shib, kengaytirishga harakat qilaman”, degan u.
Bot bilan suhbat
O‘zbekistonda XCM moliyaviy piramidasining bir nechta guruh va kanallari faol ishlamoqda. Faqat ular yopiq bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri a’zo bo‘lish imkonsiz: a’zolik so‘rovi jo‘natilganidan so‘ng qabul qilinishingiz yoki rad etilishingiz mumkin.
Ushbu guruhlarda asosan Westin Noah ismli admin siz bilan savol-javob qilishi mumkin. Ko‘pchilik kompaniya menejeri deb o‘ylaydigan Westin Noah aslida shaxs emas, Telegram-bot. Messenjerni biroz tushunadigan odam buni anglab olishi qiyin emas.
So‘nggi 2-3 yilda O‘zbekistonda turli moliyaviy piramidalar avj oldi: powerbank ijarasini taklif etgan “Parker”, video ko‘rish orqali pul topishni targ‘ib qilgan HNK, Whats va Aif, tabiat g‘amxo‘ri niqobidagi “Blue culture”, sovg‘a ulashuvchi “Dari poluchay” kabi moliyaviy piramidalarga minglab odamlar aldandi.
Biri yo‘qolsa, boshqasi paydo bo‘layotgan bu kabi moliyaviy piramidalar hamon ko‘plab vatandoshlarimizni o‘z domiga tortmoqda. Ularning tegirmoniga hatto ichki ishlar xodimlari ham suv quya boshlagani vaziyat ancha jiddiy nuqtaga yetib kelganini ko‘rsatadi.
Kun.uz yurtdoshlarimizni ogoh bo‘lishga, turli platformalarga ishonmaslikka hamda o‘z mablag‘larini shubhali loyihalarga tikmaslikka chaqiradi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat1 day ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days ago
Davlat aktivlarini sotib olishda 25 foizgacha chegirma beriladi
-
Siyosat2 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
