Jamiyat
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonova vafot etdi
Aktrisa 90-yillarda «Bozor ko‘rmagan yigit» kinonovellasidagi roli bilan tanilgan, shuningdek, 2000-yillardagi «Chol va nabira», «Tilim qursin» kabi filmlar orqali mashhurlikka erishgandi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonova 15 aprel kuni 80 yoshda vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston davlat drama teatri xabar berdi.
Dono Boboxonova (Danisiya Dayanovna Boboxonova)1946 yil 20 noyabrda Qozog‘iston hududida tug‘ilgan. 1970 yilda Toshkent teatr va rassomlik institutini (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at instituti) tamomlagan.
Aktyorlik faoliyatini 1968 yilda «Yosh gvardiyachilar» (hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi o‘zbek davlat drama teatri) teatrida boshlagan. 1990-yillardan kino sohasiga kirib kelgan. Xususan, «Bechora odamlar» (1992) filmida, shuningdek «Bozor ko‘rmagan yigit» va «Arazlasang, o‘laman» kabi kinonovellalarda rol o‘ynagan.
O‘zbek kino ixlosmandlari uni ko‘proq «Ulfatlar-2» (2008), «Chol va nabira» (2009), «Tilla buva» (2012), «Dadamning sovg‘asi» (2012), «Tilim qursin» (2013), «Vafodorim» (2013), «Kuch birlikda» (2013-2014), «Berlin-Oqqo‘rg‘on» (2018) kabi filmlardagi rollari orqali eslab qolishgan.
«Tilim qursin» filmidan
Dono Boboxonova to‘qqiz nabira va to‘rt evaraning buvisi edi.
U aktrisalik faoliyatidan tashqari she’r yozish bilan shug‘ullangan va 20 dan ortiq she’riy to‘plamlari, bir qancha roman va hikoyalari bosilgan.
1996 yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Jamiyat
Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos bo‘lgan, o‘zbek pazandachilik san’atining durdonasi bo‘lmish Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Adliya vazirligi xabariga ilova qilingan surat
Tarixiy va etnografik manbalarga ko‘ra, Toshkent vohasida palov tayyorlash madaniyati asrlar davomida shakllangan. To‘y oshi asosan tong saharda, qalin devorli cho‘yan qozonlarda pishiriladi.
Vazirlikning qayd etishicha, geografik ko‘rsatkich maqomi – Toshkent to‘y oshining nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi hamda mahsulot sifatining davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi.
“Toshkent to‘y oshi – ajdodlar merosi, milliy qadriyatlar va xalq ruhining yorqin ifodasi bo‘lib, bugun gastronomik turizmni rivojlantirish hamda milliy brendni xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda”, – deyiladi adliya axborotida.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – mahsulotning muayyan hududga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obektidir.
Jamiyat
Toshkentda yirik grant dasturi g‘oliblari e’lon qilindi
1 milliard so‘m — ayollar g‘oyalari uchun: Toshkentda yirik grant dasturi g‘oliblari e’lon qilindi.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yirik grant dasturi g‘oliblari taqdirlandi. Tashabbus Uzum va Hamroh hamkorligida amalga oshirildi.
Tadbir davlat, biznes va ekspert doiralarini birlashtirib, amaliy muloqot va yangi imkoniyatlar maydoniga aylandi. Unda Zulayxo Mahkamova, Dilfuza Nurmatova hamda Svetlana Xe ishtirok etib, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va yangi imkoniyatlarga to‘xtaldilar.
Dastur doirasida 20 nafar g‘olib ayol tadbirkor aniqlandi. Umumiy 1 milliard so‘mlik grant mablag‘lari uchta yo‘nalish — mentorlik, axborot texnologiyalari va «yashil» energetika bo‘yicha taqsimlandi.
Tanlovga taqdim etilgan loyihalar texnologik yechimlardan tortib mahalliy ishlab chiqarish va ta’lim tashabbuslarigacha bo‘lgan keng sohalarni qamrab oldi.
Tadbir davomida g‘olibalar o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, biznesni yo‘lga qo‘yish jarayonidagi qiyinchiliklar, qabul qilingan qarorlar va shaxsiy o‘sish yo‘li haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, tashkil etilgan ko‘rgazmada ishtirokchilarning mahsulotlari va loyihalari namoyish etildi.
Mazkur tashabbus davlat va xususiy sektor hamkorligi asosida ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda zamonaviy tadbirkorlik muhitini shakllantirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Jamiyat
Bo‘stonliqdagi noqonuniy chiqindixona yuzasidan bayonot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliq tumani «Yangi hayot» MFY hududida noqonuniy chiqindixona yuzaga kelgani aks etgan videomaterial tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ishchi guruhi tomonidan joyiga tezkor chiqilib, vaziyat atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida chiqindilar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilanmagan joylarga tashlangani natijasida to‘planib qolgani aniqlandi. Hudud sanitar tozalash korxonalari xizmat ko‘rsatish joriy reja-grafik ishlariga kiritilmaganiga qaramay, Agentlik tomonidan zarur choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, Agentlik huzuridagi kuzatuv kameralaridan foydalanish va nazorat qilish bo‘limi tomonidan hududga 24/7 rejimda ishlovchi zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur kameralar orqali belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning oldini olish hamda qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur holatga befarq bo‘lmay, atrof-muhit tozaligi masalalariga e’tibor qaratgan jamoatchilik faollariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz, deyiladi agentlik xabarida.
Jamiyat
Qo‘qonga yo‘l olgan «xavfli yuk» to‘xtatildi
Farg‘ona viloyatida DXX, bojxona va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘qon shahriga yo‘l olgan «xavfli yuk» to‘xtatib qolindi.
Aniqlanishicha, qo‘qonlik ikki nafar shaxs (1994 va 2002-y.t.) qo‘shtepalik tanishining (2001-y.t.) «Gentra» avtomashinasida Farg‘ona tumaniga borib, qo‘shni davlatdan noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 11 650 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini qabul qilib olishgan.
Guruh a’zolari ortga qaytayotgan vaqtda Uchko‘prik tumanida to‘xtatilgan. Shu paytda ular dori vositalarini mashinadan uloqtirib, voqea joyidan qochishga urinishgan, biroq tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dorilarni Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida sotish rejalashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Turkiyada o‘zbekistonliklar qurgan «Buxoro» masjidi ochildi
Turkiyada o‘zbekistonliklar qurgan «Buxoro» masjidi ochildi
Source link
-
Dunyodan5 days agoArablar Putindan g’azablanishdi – nima uchun biz bilamiz
-
Sport4 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Iqtisodiyot5 days ago
Keyingi haftada ham dollar pasayadi
-
Dunyodan4 days ago
Kim Chen In Janubiy Koreya prezidentining kechirim so‘rashiga javob berdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron rahbarlari AQSh va Isroildan tovon puli talab qilmoqda
-
Dunyodan3 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
-
Sport2 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Siyosat5 days agoAQShning Toshkentdagi elchixonasi JCh-2026 muxlislari uchun ustuvor vizalar jadvalini e’lon qildi
