Jamiyat
Prezident O‘zbekiston madaniyatini jahonda targ‘ib qilish rejalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’atni rivojlantirish hamda milliy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning noyob arxeologik va amaliy san’at namunalari jahonning yetakchi muzeylarida namoyish etiladi, «Tamerlano» operasi 2027 yilda Nyu-Yorkdagi Karnegi-xoll sahnasida qo‘yiladi, shuningdek, mamlakatda yirik xalqaro madaniy tadbirlarni tashkil etishning yangi tizimi joriy etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni madaniyat va san’atni rivojlantirish, milliy merosimizni asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan loyiha va tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlab nufuzli xorijiy muzey va ko‘rgazma maydonlarida O‘zbekistonning arxeologik va ilmiy merosi, shuningdek, amaliy san’at asarlarini namoyish etish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 2026 yil sentabr oyida Dohadagi Islom san’ati muzeyida “Uzbekistan: Heritage in Motion” ko‘rgazmasini, noyabr oyida esa Milandagi Prada fondida O‘zbekistonning noyob eksponatlari ishtirokida “Global Antiquity” xalqaro arxeologiya ko‘rgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan. 2027 yilda Venetsiyadagi Palatsso Grimani va Yaponiyaning Nara milliy muzeyida O‘zbekistonning bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan tarixini aks ettiruvchi 200 dan ziyod arxeologik topilmalar namoyish etiladi. Milandagi Palatsso Realeda oltin kashtachilik, so‘zana, ikat, zargarlik buyumlari va amaliy san’at asarlaridan iborat 150 dan ortiq eksponat taqdim etiladi.
Florensiyada Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish, shuningdek, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardagi yetakchi madaniy muassasalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari bayon qilindi.
Madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Knyaz Nikolay Romanov saroyida O‘zbekiston davlat san’at muzeyi filialini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bunda majmuaning tarixiy qiyofasi saqlab qolinib, 300 ga yaqin eksponatdan iborat doimiy ekspozitsiya shakllantiriladi.
Muxtor Ashrafiy uy-muzeyida binoning fasadi va tarixiy intererlari restavratsiya qilinib, ekspozitsiya yangilanmoqda. Muzey zamonaviy muhandislik tizimlari, xavfsizlik va iqlim nazorati vositalari, multimedia uskunalari, shuningdek, ovoz yozish studiyasi bilan jihozlanadi.
Taqdimotda “Tamerlano” operasini jahonning nufuzli sahnalarida namoyish etish natijalari va kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda ushbu asar Dubay operasi, Venadagi “Muzikferayn”, Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatri hamda Versal saroyi Qirollik operasi sahnalarida namoyish etildi. Stefano Poda sahnalashtirgan operada Georg Fridrix Gendel musiqasi Kirill Rixter talqinida, o‘zbek milliy cholg‘u asboblaridan foydalanilgan holda ijro etildi. Loyihada O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, xor, xalq cholg‘ulari orkestri va taniqli solistlar ishtirok etdi.
2027 yil mart oyida “Tamerlano” operasini Nyu-Yorkdagi mashhur “Karnegi-xoll” konsert zali sahnasida namoyish etish rejalashtirilgan. Bu o‘zbek opera san’ati va milliy ijrochilik maktabining yuksak salohiyatini xorijiy auditoriyaga keng namoyish etish imkonini beradi.
Yirik konsertlar, festivallar, tanlov va ko‘rgazmalarni tashkil etishning yagona tizimini shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Madaniyat vazirligi huzuridagi “Xalqaro festivallar direksiyasi” davlat muassasasi negizida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida Madaniy loyihalar milliy operatorini tashkil etish taklif qilindi.
Milliy operator yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish va ularni xorijda targ‘ib qilish, taniqli ijrochilar ishtirokidagi konsertlarga buyurtmachi sifatida ish olib borish, shuningdek, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi.
Joriy yil 8 iyun kuni Samarqanddagi Registon maydonida mashhur xonanda Jon Lejyendning konserti o‘tkazildi. Avgust oyida Pekindagi Buyuk Xitoy devorida, sentabr oyida esa Registon maydonida taniqli pianinochi Lang Langning konsertini o‘tkazish rejalashtirilgan. Oktabr oyida Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bastakor Maks Rixterning konserti bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilda Venetsiya va Milan shaharlarida o‘tkazilayotgan yirik xalqaro madaniy tadbirlarda O‘zbekistonning ishtiroki natijalari ham taqdim etildi.
Venetsiyadagi 61-xalqaro san’at biyennalesida O‘zbekiston “The Aural Sea” loyihasi bilan milliy pavilonda ishtirok etmoqda. Loyiha Orol dengizi va Qoraqalpog‘iston mavzusini xotira, afsona va hikoyalar orqali ochib beradi. Pavilonga hozirga qadar 60 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan. Loyihaga bag‘ishlangan materiallarning umumiy media qamrovi 145 milliondan oshgan.
Biyennale doirasida Palatsso Kavalli-Frankettida o‘zbekistonlik rassom Vyacheslav Axunovning “Instrumens of the Mind” shaxsiy ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda rassomning 1970 yillardan bugungi kunga qadar yaratilgan 200 dan ortiq asari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaga 30 dan ziyod mamlakatdan 12 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan.
“Milan Design Week 2026” doirasida tashkil etilgan “O‘rik gullaganda” milliy pavilonida 12 nafar xalqaro dizayner hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondan 12 nafar hunarmandning hamkorlikdagi ishlari namoyish qilindi. O‘zbekiston paviloni “Fuorisalone Award 2026” mukofoti hakamlar hay’atining maxsus e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Uni 18 mingdan ziyod kishi ko‘rdi, loyihaning xalqaro axborot qamrovi 171 millionga yetdi.
Shuningdek, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan tadbir va loyihalari muhokama qilindi.
11-13 sentabr kunlari Nukus shahrida Orol madaniyati sammiti o‘tkaziladi. Madaniyat, ilm-fan, me’morlik, dizayn va ekologiya sohalari vakillari Orolbo‘yini barqaror rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi. 2027 yil yanvar oyida “Aral School” xalqaro dasturining Orol dengizi havzasi iqlimi va landshaftiga bag‘ishlangan yangi mavsumi boshlanadi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri repertuarini yangilash doirasida Jakomo Puchchinining “Turandot” operasi va Pyotr Chaykovskiyning “Shelkunchik” baletini yangicha talqinda sahnalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi. Loyihalarni amalga oshirishga yetakchi mahalliy va xorijiy rejissyorlar, dirijyorlar, xoreograflar va sahnalashtirish bo‘yicha mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilgan.
2027 yilgi Buxoro biyennalesi doirasida madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish, tarixiy hududlar va jamoat makonlarini obodonlashtirish, shuningdek, ko‘rgazma maydonlarini tayyorlash rejalashtirilgan. Biyennalega 50 dan ziyod xorijiy rassom va dizayner hamda mamlakatimiz kreativ industriyalarining 300 dan ortiq vakili jalb etiladi.
Bundan tashqari, “Milan Design Week” va “Art Basel” tadbirlarida ishtirok etish, “Art for Tomorrow” xalqaro anjumanini o‘tkazish, Qatar muzeylari bilan hunarmandchilik va dizayn sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Buxoroda badiiy rezidensiya va xalqaro zargarlik maktabini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari loyihalarni puxta tayyorlash, restavratsiya ishlari sifatini qat’iy nazorat qilish, milliy mazmunni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro madaniy hamkorlikning amaliy natijadorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
