Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qurilayotgan pulli yo‘llar. Narx nimaga qarab belgilanadi?
O‘zbekiston hukumati xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida Toshkentdan Samarqand, Andijon va Chorvoqqacha, shuningdek, Urganch–Xiva o‘rtasida pulli yo‘llar qurishni boshlayapti. Xususan, qiymati 2,25 mlrd dolllarga baholanayotgan Toshkent–Samarqand yo‘lining uzunligi 282 kmni tashkil etadi va harakatlanish vaqti 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Rasmiylarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra narxlar 200 km uchun 100 ming so‘m atrofida yoki har bir kilometr uchun 5 sentdan arzonroq bo‘lishi mumkin.
Rivojlangan davlatlar bepul yo‘llarga muqobil tarzda tirbandlikni kamaytirish, aholi va yuk tashuvchi transportlar uchun muhim yo‘nalishlarda vaqt tejash, iqtisodiy faoliyatni tezlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish uchun pulli yo‘llarni tashkil qilgan. O‘zbekistonda ham bu borada bir nechta rejalar bor.
Hukumat xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida Toshkentdan Samarqand, Andijon va Chorvoq yo‘nalishlarida, shuningdek, Urganch–Xiva o‘rtasida pulli yo‘llar qurishni 2026 yildan boshlamoqchi. Bungacha belgilangan muddatlar bir necha marta kechiktirilgandi. Xo‘sh, pulli yo‘llar haqida nimalar ma’lum, narxlar qanday bo‘ladi?
Toshkent–Samarqand yo‘li
Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘li Sergeli tumanidagi Toshkent halqa yo‘lidan boshlanadi va mavjud trassaga parallel tarzda o‘tadi. Bu haqda «Avtoyo‘linvest» agentligi direktori o‘rinbosari Asliddin Isayev ma’lum qilgandi.
Qiymati 2,25 mlrd dollarga baholanayotgan loyihaning umumiy uzunligi 282 kmni tashkil etadi. Avtomagistralda 12 ta kirib-chiqish terminali bo‘lishi, haydovchilarga yo‘lning turli nuqtalarida magistralga kirish va chiqish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.
Yo‘lning texnik xususiyatlari quyidagicha: harakat tasmalari 6 ta, loyihaviy tezlik 150 km/soat, kutilayotgan avtomobil jadalligi sutkasiga 50 mingtagacha, tasmalar kengligi 3,75 metr, qurilish muddati esa 5 yil.
Mazkur avtomobil yo‘li qurilishi natijasida Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan harakat vaqti 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Pulli yo‘ldan foydalanish tarifi hozircha belgilanmagan.
Toshkent–Andijon yo‘li
Joriy yilda Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi Toshkent–Andijon pulli yo‘lini qurish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanishi aytilyapti.
Qayd etilishicha, vodiy viloyatlarini poytaxt bilan bog‘lovchi yo‘lning umumiy uzunligi 314 km bo‘ladi. Dastlabki bosqichda qiymati 3,66 mlrd dollar bo‘lgan 171 km uzunlikdagi Toshkent–Angren–Qamchiq dovoni muqobil yo‘lini qurish rejalashtirilyapti. Bunda 33 km uzunlikdagi 4 qatorli yangi tunnel ham foydalanishga topshiriladi. Yo‘lning yillik to‘lov miqdori 465 mln dollarga baholangan.
Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshiriladi. Tender jarayonlarini to‘liq loyihalashtirish va o‘tkazish uchun Arup xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilingan. Amaliy ishlar joriy yil davomida boshlanishi rejalashtirilgan.
Pulli yo‘l qurilishi natijasida Toshkentdan Andijonga borish vaqti hozirgi 5−5,5 soatdan 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlarida, yomg‘ir va qorda ham avtomobil yo‘li to‘liq foydalanishga tayyor holatda bo‘lishi va’da qilinyapti.
Toshkent–Chorvoq yo‘li
Toshkent–Chorvoq pulli yo‘lini qurishda Qatarning Protocol Group va Janubiy Koreyaning Korea Expressway Corporation kompaniyalari bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan. Yo‘l uch yildan keyin foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Hozirda Toshkentdan Chorvoqqacha bo‘lgan o‘rtacha qatnov vaqti 80 daqiqani tashkil etadi. Yangi yo‘l qurilgandan so‘ng, bu taxminan 35 daqiqagacha qisqaradi. Avtomobil magistralining umumiy uzunligi 52 kmni tashkil etadi.
Urganch–Xiva yo‘li
Joriy yilning fevral oyida Xorazm viloyatida Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydigan pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. 35 kilometrlik yangi magistral – hozirda mavjud 34 km uzunlikdagi yo‘lga muqobil bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati – 120 mln dollar. Pulli yo‘l 4 tasmali, asfaltbeton qoplamadan iborat bo‘ladi va sutkasiga 20 mingta transport vositasini o‘tkaza oladi.
Yangi yo‘l ikki shahar o‘rtasidagi masofa vaqtini 3 barobarga qisqartirib, 1 soatdan 17 daqiqagacha tushiradi. Pulli yo‘lning boshlanish nuqtalarida va o‘rtasida terminallar joylashadi.
Narxlar qanday bo‘ladi?
Hozircha rasmiylar pulli yo‘llarda harakatlanish narxi qancha bo‘lishi haqida aniq raqamlarni ochiqlashmayapti. 2025 yilning oktyabr oyida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov pulli yo‘ldan foydalanishdagi narx hisoblash metodikasi hukumat tomonidan tasdiqlanishini ma’lum qilgandi. Bunda stavkalarning eng yuqori cheklangan miqdorlari belgilab qo‘yilishi va investor yo‘l to‘lovini ana shu eng yuqori miqdordan oshirmasligi talab etiladi.
“Masalan, 100-200 km joyga boradigan bo‘lsa, yo‘lda nechta radarga tushadi. Bitta radarga tushsangiz ham, 200 ming so‘m to‘laysiz. Pulli yo‘lda esa, bugungi xomcho‘tlarimizga ko‘ra, 200 km harakatlanish to‘lovi 100 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Bu hisob-kitoblar hali o‘zgarishi mumkin”, – degandi u.
Noyabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev pulli yo‘llarda yo‘l haqi bir kilometr uchun 5 sentdan kam bo‘lishini bildirgandi. Yakuniy tariflar moliyalashtirish shartlari, xususiy sherik va DXSh loyihasini amalga oshirish muddatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
