Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qurilayotgan pulli yo‘llar. Narx nimaga qarab belgilanadi?
O‘zbekiston hukumati xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida Toshkentdan Samarqand, Andijon va Chorvoqqacha, shuningdek, Urganch–Xiva o‘rtasida pulli yo‘llar qurishni boshlayapti. Xususan, qiymati 2,25 mlrd dolllarga baholanayotgan Toshkent–Samarqand yo‘lining uzunligi 282 kmni tashkil etadi va harakatlanish vaqti 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Rasmiylarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra narxlar 200 km uchun 100 ming so‘m atrofida yoki har bir kilometr uchun 5 sentdan arzonroq bo‘lishi mumkin.
Rivojlangan davlatlar bepul yo‘llarga muqobil tarzda tirbandlikni kamaytirish, aholi va yuk tashuvchi transportlar uchun muhim yo‘nalishlarda vaqt tejash, iqtisodiy faoliyatni tezlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish uchun pulli yo‘llarni tashkil qilgan. O‘zbekistonda ham bu borada bir nechta rejalar bor.
Hukumat xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida Toshkentdan Samarqand, Andijon va Chorvoq yo‘nalishlarida, shuningdek, Urganch–Xiva o‘rtasida pulli yo‘llar qurishni 2026 yildan boshlamoqchi. Bungacha belgilangan muddatlar bir necha marta kechiktirilgandi. Xo‘sh, pulli yo‘llar haqida nimalar ma’lum, narxlar qanday bo‘ladi?
Toshkent–Samarqand yo‘li
Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘li Sergeli tumanidagi Toshkent halqa yo‘lidan boshlanadi va mavjud trassaga parallel tarzda o‘tadi. Bu haqda «Avtoyo‘linvest» agentligi direktori o‘rinbosari Asliddin Isayev ma’lum qilgandi.
Qiymati 2,25 mlrd dollarga baholanayotgan loyihaning umumiy uzunligi 282 kmni tashkil etadi. Avtomagistralda 12 ta kirib-chiqish terminali bo‘lishi, haydovchilarga yo‘lning turli nuqtalarida magistralga kirish va chiqish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.
Yo‘lning texnik xususiyatlari quyidagicha: harakat tasmalari 6 ta, loyihaviy tezlik 150 km/soat, kutilayotgan avtomobil jadalligi sutkasiga 50 mingtagacha, tasmalar kengligi 3,75 metr, qurilish muddati esa 5 yil.
Mazkur avtomobil yo‘li qurilishi natijasida Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan harakat vaqti 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Pulli yo‘ldan foydalanish tarifi hozircha belgilanmagan.
Toshkent–Andijon yo‘li
Joriy yilda Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi Toshkent–Andijon pulli yo‘lini qurish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanishi aytilyapti.
Qayd etilishicha, vodiy viloyatlarini poytaxt bilan bog‘lovchi yo‘lning umumiy uzunligi 314 km bo‘ladi. Dastlabki bosqichda qiymati 3,66 mlrd dollar bo‘lgan 171 km uzunlikdagi Toshkent–Angren–Qamchiq dovoni muqobil yo‘lini qurish rejalashtirilyapti. Bunda 33 km uzunlikdagi 4 qatorli yangi tunnel ham foydalanishga topshiriladi. Yo‘lning yillik to‘lov miqdori 465 mln dollarga baholangan.
Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshiriladi. Tender jarayonlarini to‘liq loyihalashtirish va o‘tkazish uchun Arup xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilingan. Amaliy ishlar joriy yil davomida boshlanishi rejalashtirilgan.
Pulli yo‘l qurilishi natijasida Toshkentdan Andijonga borish vaqti hozirgi 5−5,5 soatdan 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlarida, yomg‘ir va qorda ham avtomobil yo‘li to‘liq foydalanishga tayyor holatda bo‘lishi va’da qilinyapti.
Toshkent–Chorvoq yo‘li
Toshkent–Chorvoq pulli yo‘lini qurishda Qatarning Protocol Group va Janubiy Koreyaning Korea Expressway Corporation kompaniyalari bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan. Yo‘l uch yildan keyin foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Hozirda Toshkentdan Chorvoqqacha bo‘lgan o‘rtacha qatnov vaqti 80 daqiqani tashkil etadi. Yangi yo‘l qurilgandan so‘ng, bu taxminan 35 daqiqagacha qisqaradi. Avtomobil magistralining umumiy uzunligi 52 kmni tashkil etadi.
Urganch–Xiva yo‘li
Joriy yilning fevral oyida Xorazm viloyatida Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydigan pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. 35 kilometrlik yangi magistral – hozirda mavjud 34 km uzunlikdagi yo‘lga muqobil bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati – 120 mln dollar. Pulli yo‘l 4 tasmali, asfaltbeton qoplamadan iborat bo‘ladi va sutkasiga 20 mingta transport vositasini o‘tkaza oladi.
Yangi yo‘l ikki shahar o‘rtasidagi masofa vaqtini 3 barobarga qisqartirib, 1 soatdan 17 daqiqagacha tushiradi. Pulli yo‘lning boshlanish nuqtalarida va o‘rtasida terminallar joylashadi.
Narxlar qanday bo‘ladi?
Hozircha rasmiylar pulli yo‘llarda harakatlanish narxi qancha bo‘lishi haqida aniq raqamlarni ochiqlashmayapti. 2025 yilning oktyabr oyida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov pulli yo‘ldan foydalanishdagi narx hisoblash metodikasi hukumat tomonidan tasdiqlanishini ma’lum qilgandi. Bunda stavkalarning eng yuqori cheklangan miqdorlari belgilab qo‘yilishi va investor yo‘l to‘lovini ana shu eng yuqori miqdordan oshirmasligi talab etiladi.
“Masalan, 100-200 km joyga boradigan bo‘lsa, yo‘lda nechta radarga tushadi. Bitta radarga tushsangiz ham, 200 ming so‘m to‘laysiz. Pulli yo‘lda esa, bugungi xomcho‘tlarimizga ko‘ra, 200 km harakatlanish to‘lovi 100 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Bu hisob-kitoblar hali o‘zgarishi mumkin”, – degandi u.
Noyabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev pulli yo‘llarda yo‘l haqi bir kilometr uchun 5 sentdan kam bo‘lishini bildirgandi. Yakuniy tariflar moliyalashtirish shartlari, xususiy sherik va DXSh loyihasini amalga oshirish muddatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun «Biznes himoya» QR-kodi joriy etiladi
«Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan amaldagi funksiyalariga qo‘shimcha ravishda quyidagi yangi imkoniyatlarga ega «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi:
– tadbirkor faoliyat yuritadigan joydagi tuman (shahar) hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida ma’lumot olish va ularga murojaat qilish (chat) tizimini yaratish;
– o‘tkazilgan tekshiruvlar va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar natijasi bo‘yicha davlat xizmatchisi xatti-harakatlariga baho berish;
– tekshirish huquqi bo‘lmagan yoki tekshiruvga chiqishi belgilanmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida tadbirkorni xabardor qilish va boshqalar.
Quyidagilar 2026 yil 1 avgustdan boshlab joriy etiladi:
– nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari (davlat xizmatchisi) hamda tadbirkorlar o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotni «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida hisobga olish tartibi;
– «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni, shu jumladan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini ro‘yxatga olishni va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga olishni ta’minlovchi «Biznes himoya» QR-kodi.
Iqtisodiyot
Davlat xizmatchisiga tadbirkor bilan yil davomida ikki va undan ortiq marotaba «asossiz muloqot qilish» taqiqlanadi
«Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, davlat xizmatchisi davlat organi nomidan yoki o‘zining xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkor faoliyat yuritadigan binoga nazorat yoki profilaktika tadbirini o‘tkazish maqsadisiz borishi yoxud tadbirkorni boshqa joyga chaqirishi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot (keyingi o‘rinlarda – Muloqot) sifatida baholanadi.
«Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga muloqot haqidagi ma’lumotlarni kiritish davlat xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi va ushbu talabga rioya etmaganlik tegishli tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi uchun asos bo‘ladi.
Bo‘lib o‘tgan muloqotning asosli yoki asossiz ekaniga baho berish tegishli davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi yoki ushbu funksiyani amalga oshirish yuklatilgan bo‘linma yoxud mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
Ayni bir tadbirkorlik sub’yekti bilan 1 yil davomida ikki va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchisiga quyidagi choralar qo‘llanadi:
– davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi;
– ayni shu tadbirkorlik sub’yektida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlariga oxirgi muloqot qayd etilgan sanadan e’tiboran 12 oy davomida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
– mazkur taqiqqa rioya etmaslik tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini tekshirish tartibini buzish hisoblanadi hamda tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma amal qilishining 3 oygacha to‘xtatib turilishiga olib keladi;
– tadbirkor faoliyatini tekshirish va ular bilan muloqot qilish tartibini surunkali tarzda buzuvchi shaxslar 6 oy muddatga Insofsiz tekshiruvchilar reyestriga kiritiladi.
Iqtisodiyot
Dushanbadan xorijiy valyutalar yoppasiga tushadi
Dushanbadan xorijiy valyutalar yoppasiga tushadi
Source link
Iqtisodiyot
Ipak Yuli Bank YeTTB Savdo ko‘maklashuv dasturiga qo‘shildi
2026 yil 13 aprelda Londonda Ipak Yuli Bank Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) bilan Savdo ko‘maklashuv dasturi (Trade Facilitation Programme, TFP) doirasida kelishuv imzoladi. Imzolash natijasida Ipak Yuli Bank tasdiqlovchi bank maqomini oldi.
Dasturga qo‘shilish bank mijozlariga YeTTB ko‘magi bilan hujjatlashtirilgan biznesning zamonaviy vositalaridan — akkreditivlar va bank kafolatlaridan — foydalanish imkonini beradi. Bu xalqaro savdoni moliyalashtirish sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish va bank mijozlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
«YeTTB bilan kelishuv imzolash savdo moliyalashtirishni rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi. Bu bizga mijozlarga xalqaro hisob-kitoblar uchun yanada ishonchli va raqobatbardosh yechimlar taklif etish imkonini beradi», — dedi Ipak Yuli Bank Boshqaruv raisi o‘rinbosari Forrux Isxakov.
Bunday yechimlar qatorida — Tradeloan va faktoring, xalqaro shartnomalar bilan ishlashda va aylanma mablag‘larni muzlatib qo‘ymaslikda biznesga yordam berayotgan savdo moliyalashtirish vositalari mavjud. Tradeloan muayyan shartnoma doirasida xorijiy hamkorlar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilish imkonini beradi, faktoring esa mijozdan to‘lovni kutmasdan — tovar jo‘natilgandan so‘ng darhol hisob summasining 100% gacha olish imkoniyatini taqdim etadi. YeTTB tasdiqlovchi banki maqomi bu vositalarni yanada ishonchli qiladi va biznesga xalqaro savdoning keng imkoniyatlaridan foydalanishga yordam beradi.
Shartlar haqida batafsil Ipak Yuli Bank veb-saytida.
Ipak Yuli Bank haqida
1990 yilda mustaqil O‘zbekistonning birinchi xususiy banki sifatida asos solingan Ipak Yuli Bank bugungi kunda 3,5 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatmoqda. Bank chakana, korporativ va investitsion mahsulotlarning keng doirasini taqdim etadi, 5 milliondan ziyod kartalarni muomalaga chiqargan hamda 950 dan ortiq bankomat va 20 000 POS-terminaldan iborat tarmoqqa ega.
Raqamli transformatsiyaning yetakchilaridan biri sifatida bank mijozlar tajribasini yaxshilash va barqaror rivojlanishga alohida e’tibor qaratadi. Ipak Yuli Bank We-Finance Code tashabbusiga qo‘shilgan, ESG standartlariga amal qiladi va ISO 9001 hamda ISO 14001 xalqaro sertifikatlariga ega. Bank aksiyadorlari qatorida DEG va Triodos Investment Management kabi nufuzli xalqaro moliya institutlari mavjud.
Bankning ishonchliligi xalqaro reytinglar (Fitch — B, Moody’s — B1) va ADB’ning Savdo va Ta’minot Zanjiri Moliya dasturi (TSCFP) doirasidagi Confirming Bank maqomi bilan tasdiqlangan. So‘nggi yillarda Ipak Yuli Bank marketing, raqamli innovatsiyalar, kartalar emissiyasi va barqaror rivojlanish borasidagi yutuqlari uchun Visa, Mastercard, Uzcard va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (EBRD) tomonidan bir qator xalqaro mukofotlarga ega.
Ipak Yuli Bank — katta maqsadlar sari
Reklama huquqi asosida
Iqtisodiyot
To‘rt oy oldin sotilgan Qurilish vazirligi binosi yana qayta auksionga qo‘yildi
Toshkentdagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosi qayta sotuvga chiqarildi. Lotning yangi boshlang‘ich narxi 187 mlrd 238 mln so‘m etib belgilangan. Xaridor obektni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofislar va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ishlatishi kerak bo‘ladi. Sotilgan bino nega yana qayta auksionga chiqarilganining sababi ma’lum emas.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentdagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosini yana sotuvga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion platformasida xabar berildi.
Yetti qavatli bino Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari kesishmasida, O‘rda massivi tomonda joylashgan. Binoning umumiy maydoni 11 725 kvadrat metrni, unga tutash hudud esa 0,48 gektarni tashkil etadi.
Obektda barcha kommunikatsiyalar — elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti va kanalizatsiya mavjud. Xaridor obektni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofislar va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ishlatishi kerak. Lotning yangi boshlang‘ich narxi 187 mlrd 238 mln so‘m etib belgilangan. Auksion 15 may kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi. Obektni xarid qilishda muddatli to‘lov imkoniyati ham mavjud.
Dastlabki xususiylashtirish
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining binosi bundan 4 oy oldin ham xususiylashtirilgandi. 16 dekabr kungi savdo 130,3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan boshlangandi va 8 ta qadamdan iborat bo‘lib, 1 soat-u 7 daqiqa davom etgandi. Yakunda 182,2 mlrd so‘mlik taklif bilan “O‘zshahar qurilish invest” MChJ g‘olib bo‘lgandi.
“O‘zshahar qurilish invest” 2024 yil 26 noyabr holatiga davlatniki bo‘lgan: kompaniyaning 90 foiz ulushiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, 10 foiziga “Qurilish Invest Development” MChJ egalik qilgan. Davaktiv Kun.uz’ning ushbu kompaniyaning qachon va qancha narxga xususiylashtirilgani haqidagi savollarini javobsiz qoldirdi.
Sotilgan bino nega yana qayta auksionga chiqarilganining sabablari ma’lum emas.
Avvalroq Qurilish vazirligi Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi hamda u yerda Transport va Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan bitta yangi binoda joylashishi ma’lum qilingandi.
-
Dunyodan5 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Centrum Air mavsumning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishga tushiradi – Antalyaga kunlik reyslar
-
Siyosat5 days ago
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Mahalliy5 days ago
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Turk dunyosi5 days agoDadam Turkiyadagi dahshatli tish davolash tufayli tishlarini yo’qotib, o’z joniga qasd qiladi
-
Sport4 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
