Iqtisodiyot

O‘zbekistonda qurilayotgan pulli yo‘llar. Narx nimaga qarab belgilanadi?

Published

on


O‘zbekiston hukumati xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida Toshkentdan Samarqand, Andijon va Chorvoqqacha, shuningdek, Urganch–Xiva o‘rtasida pulli yo‘llar qurishni boshlayapti. Xususan, qiymati 2,25 mlrd dolllarga baholanayotgan Toshkent–Samarqand yo‘lining uzunligi 282 kmni tashkil etadi va harakatlanish vaqti 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Rasmiylarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra narxlar 200 km uchun 100 ming so‘m atrofida yoki har bir kilometr uchun 5 sentdan arzonroq bo‘lishi mumkin.

Rivojlangan davlatlar bepul yo‘llarga muqobil tarzda tirbandlikni kamaytirish, aholi va yuk tashuvchi transportlar uchun muhim yo‘nalishlarda vaqt tejash, iqtisodiy faoliyatni tezlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish uchun pulli yo‘llarni tashkil qilgan. O‘zbekistonda ham bu borada bir nechta rejalar bor.

Hukumat xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida Toshkentdan Samarqand, Andijon va Chorvoq yo‘nalishlarida, shuningdek, Urganch–Xiva o‘rtasida pulli yo‘llar qurishni 2026 yildan boshlamoqchi. Bungacha belgilangan muddatlar bir necha marta kechiktirilgandi. Xo‘sh, pulli yo‘llar haqida nimalar ma’lum, narxlar qanday bo‘ladi?

Toshkent–Samarqand yo‘li

Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘li Sergeli tumanidagi Toshkent halqa yo‘lidan boshlanadi va mavjud trassaga parallel tarzda o‘tadi. Bu haqda «Avtoyo‘linvest» agentligi direktori o‘rinbosari Asliddin Isayev ma’lum qilgandi.

Qiymati 2,25 mlrd dollarga baholanayotgan loyihaning umumiy uzunligi 282 kmni tashkil etadi. Avtomagistralda 12 ta kirib-chiqish terminali bo‘lishi, haydovchilarga yo‘lning turli nuqtalarida magistralga kirish va chiqish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.

Yo‘lning texnik xususiyatlari quyidagicha: harakat tasmalari 6 ta, loyihaviy tezlik 150 km/soat, kutilayotgan avtomobil jadalligi sutkasiga 50 mingtagacha, tasmalar kengligi 3,75 metr, qurilish muddati esa 5 yil.

Mazkur avtomobil yo‘li qurilishi natijasida Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan harakat vaqti 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Pulli yo‘ldan foydalanish tarifi hozircha belgilanmagan.

Toshkent–Andijon yo‘li

Joriy yilda Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi Toshkent–Andijon pulli yo‘lini qurish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanishi aytilyapti.

Qayd etilishicha, vodiy viloyatlarini poytaxt bilan bog‘lovchi yo‘lning umumiy uzunligi 314 km bo‘ladi. Dastlabki bosqichda qiymati 3,66 mlrd dollar bo‘lgan 171 km uzunlikdagi Toshkent–Angren–Qamchiq dovoni muqobil yo‘lini qurish rejalashtirilyapti. Bunda 33 km uzunlikdagi 4 qatorli yangi tunnel ham foydalanishga topshiriladi. Yo‘lning yillik to‘lov miqdori 465 mln dollarga baholangan.

Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshiriladi. Tender jarayonlarini to‘liq loyihalashtirish va o‘tkazish uchun Arup xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilingan. Amaliy ishlar joriy yil davomida boshlanishi rejalashtirilgan.

Pulli yo‘l qurilishi natijasida Toshkentdan Andijonga borish vaqti hozirgi 5−5,5 soatdan 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlarida, yomg‘ir va qorda ham avtomobil yo‘li to‘liq foydalanishga tayyor holatda bo‘lishi va’da qilinyapti.

Toshkent–Chorvoq yo‘li

Toshkent–Chorvoq pulli yo‘lini qurishda Qatarning Protocol Group va Janubiy Koreyaning Korea Expressway Corporation kompaniyalari bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan. Yo‘l uch yildan keyin foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirda Toshkentdan Chorvoqqacha bo‘lgan o‘rtacha qatnov vaqti 80 daqiqani tashkil etadi. Yangi yo‘l qurilgandan so‘ng, bu taxminan 35 daqiqagacha qisqaradi. Avtomobil magistralining umumiy uzunligi 52 kmni tashkil etadi.

Urganch–Xiva yo‘li

Joriy yilning fevral oyida Xorazm viloyatida Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydigan pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. 35 kilometrlik yangi magistral – hozirda mavjud 34 km uzunlikdagi yo‘lga muqobil bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati – 120 mln dollar. Pulli yo‘l 4 tasmali, asfaltbeton qoplamadan iborat bo‘ladi va sutkasiga 20 mingta transport vositasini o‘tkaza oladi.

Yangi yo‘l ikki shahar o‘rtasidagi masofa vaqtini 3 barobarga qisqartirib, 1 soatdan 17 daqiqagacha tushiradi. Pulli yo‘lning boshlanish nuqtalarida va o‘rtasida terminallar joylashadi.

Narxlar qanday bo‘ladi?

Hozircha rasmiylar pulli yo‘llarda harakatlanish narxi qancha bo‘lishi haqida aniq raqamlarni ochiqlashmayapti. 2025 yilning oktyabr oyida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov pulli yo‘ldan foydalanishdagi narx hisoblash metodikasi hukumat tomonidan tasdiqlanishini ma’lum qilgandi. Bunda stavkalarning eng yuqori cheklangan miqdorlari belgilab qo‘yilishi va investor yo‘l to‘lovini ana shu eng yuqori miqdordan oshirmasligi talab etiladi.

“Masalan, 100-200 km joyga boradigan bo‘lsa, yo‘lda nechta radarga tushadi. Bitta radarga tushsangiz ham, 200 ming so‘m to‘laysiz. Pulli yo‘lda esa, bugungi xomcho‘tlarimizga ko‘ra, 200 km harakatlanish to‘lovi 100 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Bu hisob-kitoblar hali o‘zgarishi mumkin”, – degandi u.

Noyabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev pulli yo‘llarda yo‘l haqi bir kilometr uchun 5 sentdan kam bo‘lishini bildirgandi. Yakuniy tariflar moliyalashtirish shartlari, xususiy sherik va DXSh loyihasini amalga oshirish muddatlariga bog‘liq bo‘ladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version