Iqtisodiyot
O‘zbekistonda islomiy moliya joriy qilish boshlandi, maxsus qonun parlament tasdig‘idan o‘tdi
O‘zbekistonda islomiy moliya faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy asosni yaratishga qaratilgan uzoq kutilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. Bu muhim qadam mamlakat moliya tizimida yangi sahifa ochib, mavjud an’anaviy banklar va bo‘lajak moliya institutlariga islomiy bank xizmatlarini taklif etish imkoniyatini yaratadi. Kun.uz muxbiri mazkur qonun mohiyati yuzasidan Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis Iskandar Tursunov bilan suhbatlashdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Sh.Sharipov: Uzoq kutilgan qonun loyihasi quyi palataning tasdig‘idan o‘tdi. Nima sodir bo‘ldi? Bu qonunning mohiyati nimada?
I.Tursunov: Bu O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yuritish uchun huquqiy asos. Ya’ni bu huquqiy asosning yaratilishi O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan an’anaviy banklarga yoki kelgusida paydo bo‘ladigan banklarga islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun imkoniyat.
Sh.Sharipov: Birinchi qadam, demak, tashlandi?
I.Tursunov: Birinchi qadam tashlandi. Hozir shu qonun loyihasi agar Senat tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullansa, keyin davlatimiz rahbari, prezidentimiz tomonidan tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi. Tabiiyki, qonun kuchga kirgandan keyin qonunosti hujjatlar bor hali. Ular Markaziy bank tomonidan tayyorlanadi.
Sh.Sharipov: Soha yangi. Endi banklar bunga tayyormi hozir, o‘zgarishlarga?
I.Tursunov: O‘zbekistonda islom moliyasi amaliyoti mikromoliya tashkilotlari hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida, boshqa ba’zi tashkilotlar o‘rtasida anchadan beri mavjud. Ya’ni islom moliyasidan xabardorlik darajasi asta-sekin ortib bormoqda. Shu bilan birgalikda, moliyaviy institutlarda ham bunga tayyorgarlik bosqichlari boshlangan. So‘nggi yillarda o‘zlarining mavjud kadrlarini islom moliyasi yo‘nalishida o‘qitish, ularning malakasini oshirish, kerak bo‘lsa, islom moliyasi rivojlangan davlatlarga ularni olib borib, tajribasini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, islomiy banklar ertaga islom moliyasi tamoyiliga muvofiq ishlashi uchun ularda Shariat kengashlari mavjud bo‘lishi kerak. Islom moliyasi kengashida islom moliyasi huquqini yaxshi biladigan, tajribali, nufuzli olimlar bo‘lishi kerak.
Sh.Sharipov: Banklar uchun bu ixtiyoriy-a?
I.Tursunov: Hozirgi qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida mavjud bo‘lgan banklar, agar xohlasa, islomiy bank xizmatini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, Markaziy bank tomonidan hozirda tayyorlangan qonun loyihasida ko‘rsatilgan shartlar asosida hujjatlar taqdim etib, islom moliyasi operatsiyalari, xizmatini ko‘rsatish uchun litsenziya olishi mumkin. Bu litsenziyani an’anaviy banklar o‘z an’anaviy faoliyatini ko‘rsatib turgan holda qo‘shimcha islomiy bank xizmatini ko‘rsatish uchun ham alohida litsenziya olishi mumkin yoki tubdan to‘liq islomiy bank faoliyatini ko‘rsatish uchun ham litsenziya olishi mumkin. Ya’ni bu yerda islomiy bank faoliyatini ko‘rsatish uchun litsenziya beriladi.
Sh.Sharipov: Demak, bank butkul shaklini o‘zgartirib, islomiyga aylanib olishi ham mumkin, shunaqa demoqchimisiz?
I.Tursunov: Ha.
Sh.Sharipov: Biz siz bilan sal oldin bir maqola chiqardik, o‘tlab ketmaslik uchun qanaqa instrumentlar bor deb. Biz o‘sha yerda bu savolga javob beryapmiz: Shariat kengashlari. Maqolani hamma ham o‘qimagan bo‘lishi mumkin, shu yerda yana to‘xtalishimiz kerak bo‘ladi. Shariat kengashi, bu Markaziy bankning qoshida bo‘ladi, to‘g‘rimi?
I.Tursunov: To‘g‘ri. Umuman, islomiy bank mahsulotlarining an’anaviy bank mahsulotlaridan asosiy, tubdan farq qiladigan narsasi bu o‘sha moliyaviy mahsulotlarning islom moliyasi tamoyillariga muvofiqligi. Agar shu muvofiqlik tamoyili buziladigan bo‘lsa, bu demak, islom moliyasi qoidalariga, huquqiga zid bo‘lgan xizmatlarga sabab bo‘ladi. Bu esa islomiy banklarga xos bo‘lmagan holat. Endi buni kim nazorat qiladi? Tabiiyki, bu jahon amaliyotida ham bor. Bu amaliyotdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ham qonun loyihasida buni hisobga olgan. Tabiiyki, bu narsa Markaziy shariat kengashi nomi bilan emas, balki Markaziy bank Islomiy moliya kengashi nomi bilan nomlangan. Qanaqa nomlanishi farq o‘ynamaydi, asosiysi ishning qanday tashkil qilinishida.
Sh.Sharipov: Kengashda kim a’zo bo‘ladi?
I.Tursunov: Qonun loyihasida ko‘rsatilgandek, Markaziy islomiy moliya kengashida kamida beshta islom moliyasi va islom huquqi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, nufuzli, tajribali shariat olimlari a’zo bo‘ladi.
Sh.Sharipov: Fuqaroligi ahamiyatlimi?
I.Tursunov: Deylik, beshta olim bo‘ladigan bo‘lsa, uning uchtasi mahalliy olimlar bo‘lishi mumkin, ikkitasi xorijdan jalb qilingan ekspertlar bo‘lishi mumkin. Yoki beshta mahalliy olimlarning o‘zi bo‘lib, qo‘shimcha yana Markaziy bank tomonidan ikkita, uchta xorijlik ekspert jalb qilinishi mumkin. Chunki O‘zbekistonda islomiy bankchilik tajribasi mavjud emas. Shu bois tashqaridan xalqaro ekspertlarni jalb qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu borada Markaziy bank nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan kelishuvlar olib bormoqda.
Sh.Sharipov: Kengash doimiy faoliyat yuritadimi?
I.Tursunov: Kengash doimiy faoliyat yuritadi, ammo Markaziy bankda doimiy ishchi yoki tarkib bo‘lib turmaydi. Ular o‘zining asosiy ishlari, mashg‘ulotlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. Markaziy bankning ichida bo‘ladigan Markaziy kengashning ishchi guruhi bo‘ladi. Bu ishchi guruh Shariat kengashi a’zolarining ma’lum bir muddatda uchrashishini ta’minlaydi. Masalan, ikki oyda bir marta, kvartalda bir marta, ishning hajmidan kelib chiqqan holda.
Sh.Sharipov: Shartnoma asosida.
I.Tursunov: Ha, shartnoma asosida jalb qilinadi ular. Ishchi guruh Shariat kengashi ko‘rib chiqishi kerak bo‘lgan mahsulotlar, ishlarni, jarayonlarni tayyorlaydi – Shariat kengashi a’zolari yig‘iladigan kunga bu hujjatlarni tayyorlab qo‘yishadi. Shariat kengashi a’zolari kelib, yig‘ilishda o‘tirganda, kun tartibida bo‘lgan barcha masalalar ko‘rib chiqiladi, o‘zlarining xulosalarini beradi, tasdiqlaydigan joylari bo‘lsa, tasdiqlashadi yoki to‘g‘rilashlar kerak bo‘ladigan bo‘lsa, tavsiyalar beriladi yoki to‘xtatilishi kerak bo‘ladigan jarayonlar bo‘lsa, o‘zlarining fikrlarini bildirishadi. Ya’ni Markaziy shariat kengashining asosiy vazifasi butun tarmoq, respublikadagi islomiy moliyaning, islom moliyasi huquqi asosida, shariatga asosan muvofiqlashishini nazorat qiladigan bir markaz.
Sh.Sharipov: Tushunib turibmiz, vaziyat har xil bo‘lishi mumkin, qaysidir bankda qandaydir qoida o‘zgarib qolishi mumkin. Shularning nazoratini olib borib, hammasini unifikatsiya qiladi, shunaqami?
I.Tursunov: Ha, shunday. Qonun loyihasida ko‘zda tutilgan yana bir narsa, har bir islomiy bank faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lib, litsenziya olgan banklarda kamida uchtadan islom moliyasi kengashi a’zolari bo‘ladi. Bu islom moliyasi kengashi a’zolari ham islom huquqi va islom moliyasida ma’lumotga ega, tajribaga ega mutaxassislar bo‘ladi. Odatda ular o‘sha islomiy bank ko‘rsatmoqchi bo‘lgan tovarlar va xizmatlarga oid bo‘lgan jarayonlarni oldin o‘zlari ko‘rib chiqishadi, tasdiqlashadi va umumiy kelishuv uchun buni markaziy kengashga, Markaziy bankka yuborishadi.
Sh.Sharipov: Demak, banklarning o‘zining ham Shariat kengashlari bo‘ladi?
I.Tursunov: Shunday.
Sh.Sharipov: Hozirgi kunda banklarga nima tavsiya bergan bo‘lardingiz, birinchi qadamlarni tashlash uchun?
I.Tursunov: Birinchi bo‘lib maslahat beradigan narsamiz, tijorat banklari ertaga islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, kadrlarini o‘qitishni doimiy ravishda kuchaytirib borishi kerak. Undan tashqari, islomiy bank ochish bo‘yicha talab va yo‘riqnomalar bor, xalqaro yoki ichki. Qonun loyihasida ham qonun kuchga kirgandan keyin islomiy moliya, islomiy bank faoliyatini yuritish uchun litsenziya olishda qanday talablar bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan. Mana shu talablarni bajara oladigan shartlardan boshlash kerak. Chunki bu jarayon vaqt talab qiladigan jarayon, tezda bo‘ladigan masala emas. Bu yerda kadrlar tayyorlash bor, bankning ichki operatsiyalarini tartibga solish bor. Islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish reputatsion risklarni yuzaga keltiradi.
Islomiy bank litsenziyasini olib, faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan bank xizmatlarini ko‘rsatayotganda shariatga muvofiqligini ta’minlash uchun ularda alohida buxgalteriya hisobi yuritilishi kerak, Shariat kengashi har bir operatsiyani kuzatib boradi, shariat auditi tomonidan doimiy ravishda nazorat olib boriladi va bu operatsiyalarning barchasi Markaziy bank tomonidan belgilab berilgan qat’iy intizom asosida yuritiladi. Bu barchasi vaqt oladigan jarayon bo‘lgani uchun hozirdan banklar bu ishlarni boshlashi kerak va bunga jiddiy e’tibor berishi kerak. Ham mahalliy, ham xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishni to‘g‘ri tashkil qilish kerak.
Sh.Sharipov: Ya’ni Markaziy bank javobgar-da, a, to‘g‘rimi? Amal qilinyaptimi islomiy moliya tamoyillariga yo yo‘qmi, shunaqami?
I.Tursunov: Regulyator sifatida Markaziy bankning bu sohaga javobgarligi katta, chunki bu yerda reputatsion risk bor. Bu tizimning barqaror va doimiy, uzluksiz ishlab ketishi uchun har bir bank islom moliyasi huquqi asoslariga qat’iy amal qilgan holda ishini yuritishi kerak bo‘ladi. Biror joyda kimdir o‘zining shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib qasddan shariatga muvofiq jarayonlarni buzadigan bo‘lsa, bu nafaqat o‘sha bankka ta’sir qiladi, balki jamiyatdagi islomiy moliya xizmatlari, islomiy bank tizimi, moliyaviy sektor uchun xavf tug‘diradi. Shuning uchun Markaziy bank bunga juda jiddiy qaraydi.
Sh.Sharipov: Demak, iste’molchi o‘ylanib qolmasligi kerak, an’anaviy bankda ochilgan islomiy darchaga boraymi yoki to‘laqonli islomiy bankka boraymi, qoidalar bir xil.
I.Tursunov: Hech qanaqa shubha bo‘lishi kerak emas. Xoh u to‘liq 100 foizlik islomiy bank bo‘lsin, xoh u an’anaviy bank, qattiq nazoratda faoliyat yuritadi.
Sh.Sharipov: Ya’ni unisi ham, bunisi ham shu Markaziy bankning nazorati ostida?
I.Tursunov: Unisi ham, bunisi ham bir xil operatsiyani bajaradi.
Sh.Sharipov: Parallel ravishda faoliyat yuritadi.
I.Tursunov: Xuddi shunaqa. Alohida hisobraqamlar, alohida pul oqimlari. Islom moliyasiga ajratilgan resurslar alohida saqlanadi. Ya’ni bu yerda hech qanaqa shubha bo‘lmasligi kerakki, an’anaviy bankda islomiy bank darchasi yoki islomiy bank xizmatlari ko‘rsatilayotgan ekan, bular aralashib ketadi yoki boshqa degan yuzaki qarashlar bo‘lishi kerak emas. Agarda bank shariatga muvofiq bo‘lmagan, islom moliyasi huquqiga muvofiq bo‘lmagan biror bir amaliyotni bajarib qo‘yadigan bo‘lsa, bu unga juda qimmatga tushadi. Markaziy bank uni katta jarimaga tortadi yoki bo‘lmasa jazolaydi, kerak bo‘lsa litsenziyasini olib qo‘yadi. Malayziyada agarda biror bir bank qasddan aholining qadriyati va ishonchidan foydalangan holda foyda topish maqsadida islom moliyasi huquqiga to‘g‘ri kelmaydigan operatsiyani amalga oshiradigan bo‘lsa, unga sakkiz yilgacha qamoq jazosi yoki besh million dollar miqdorida jarima yoki har ikkalasi qo‘llanadi. Bu juda jiddiy masala va u hazillashadigan narsa emas.
Sh.Sharipov: Ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar yangrayapti. Ba’zisiga munosabat bildirish majburiyatidamiz, deb hisoblayman. Fikrlarning ichida shunaqa bir fikr aytildiki, “Shundoq ham o‘zi korrupsiyalashgan bu tizim – moliyaviy tizimimizga yana islomiy moliya ham kirib kelsa, battar bo‘ladi”. Nima deb javob bersak bo‘ladi?
I.Tursunov: Amaliyotda o‘zini ko‘rsatgan yaxshi bir moliyaviy tizimga nisbatan, uning qanaqa ishlashini bilmay turib, salbiy baho berish kerak emas. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, buning tagida katta reputatsion risk yotibdi. Yana ham bo‘lganda, bu Islom moliyasi. Bankning o‘zida shariat kengashi bor. Ularning asosiy qiladigan vazifasi mana shu kunlik operatsiyalarni kuzatib, nazorat qilib borish.
To‘g‘ri, har bir ishda o‘ziga yarasha kamchiliklar bo‘lishi tabiiy, hamma risoladagidek ishlay olmaydi. Lekin asosiy kutilayotgan narsa shuki, Islom moliyasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, jamiyat uchun, xalq uchun, davlat uchun manfaatli bo‘ladi.
Sh.Sharipov: Farazan, ishlar o‘sha munosabatdagidek bo‘lsa, judayam bir korrupsiyalashgan muhitga Islom moliyasi kelsa, menimcha, bu holatda ham bu sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Chunki bu qanaqadir xaotik bir narsa emas – Islom moliyasi. Strukturalashgan, tajribadan o‘tgan va iyerarxiyasi bor, ya’ni nazorat iyerarxiyasi.
I.Tursunov: An’anaviy moliyaviy tizim – bitta moliyaviy tizim. Endi uning yoniga alternativ, muqobil bo‘lgan ikkinchi moliyaviy tizim kelsa, o‘rtada nima paydo bo‘ladi? Raqobat.
Raqobat esa xizmatlar sifati yaxshilanishiga sabab bo‘ladi, narxlar arzonlashishiga sabab bo‘ladi. Bitta an’anaviy moliyaviy tizim bilan cheklanganimiz yaxshimi yoki yoniga islomiy moliya kirib kelgani yaxshimi? Buning salbiydan ko‘ra ijobiy faktorlari ko‘proq: bozorda o‘yinchilar ko‘payadi, resurslar arzonlashadi.
Ertaga Islom moliyasi o‘zida mavjud bo‘lgan resurslarni bozorga safarbar qilgandan keyin resurslar tannarxi arzonlashishi evaziga xizmat narxlari tushadi. Hozir ustamalar, o‘sha “hozir ol, keyin to‘la”ning ustamasi 40%, 45%, kerak bo‘lsa 70% gacha bo‘lib turgan bir paytda islomiy banklar o‘zining resursi bilan bozorga kirsa bu ustamalar pasayadi.
Sh.Sharipov: Eng katta yaxshiliklardan biri – iqtisodiyot hajmi kengayadi. O‘zbekiston ichidagi pulni saqlab o‘tirgan odamlar pulni sarflay boshlaydi, bankdan aylantira boshlaydi. Boshqa tomondan chet eldan investitsiya kirib keladi va umumiy natija sifatida iqtisodiyot hajmi yiriklashadi.
I.Tursunov: Hozir moliyaviy tizimning unchalik yaxshi rivojlanmaganligi uchun aholi qo‘lida turgan bo‘sh pul mablag‘larini ko‘proq ko‘chmas mulkka, uy-joy sotib olishga yoki mashina sotib olishga safarbar qilyapti, Shokir aka. Agar oddiyroq qilib gapiradigan bo‘lsak, bu nimaga sabab bo‘lyapti? Uy-joylar narxi ortib ketishiga, mashina narxlari ko‘tarilishiga.
Agar ertaga O‘zbekistonda moliyaviy bozor rivojlansa, kapital bozori rivojlansa, aholi tabiiyki, o‘zining pulini faqat ko‘chmas mulkka yoki mashinaga safarbar qilmaydi. Ular yanada manfaatli bo‘lgan biznes loyihalariga, Islom moliyasiga muvofiq ishlaydigan bizneslarga, aksiyalarga, boshqalarga safarbar qilgandan keyin, tabiiyki, bozordagi uylarning narxi tushadi, avtomashinalar narxi tushadi. Hamda boshqa moliyaviy bozorlar rivojlanishiga yo‘l ochadi. Buning ijobiy natijalarini ko‘p narsalarda ko‘rsatishimiz mumkin, agar bu tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa.
Sh.Sharipov: Birinchi xorijiy investitsiyalar kirib kelishini qachon kutsak bo‘ladi, islomiy moliya tarafidan?
I.Tursunov: O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni chetdan kuzatib turishibdi. Ular O‘zbekistonda talab borligini, bozor borligini, islom moliyasiga chanqoq bo‘lgan aholi va investorlar borligini bilishadi. Ular ayni paytda ham ba’zi bir O‘zbekistondagi mavjud bo‘lgan an’anaviy banklar bilan kelishuvlarni olib borishmoqda.
Sh.Sharipov: Chunki gap real daromad haqida ketyapti!
I.Tursunov: Albatta. Qonun kuchga kirsa, keyin kelamiz degan yondashuv bilan ishlamaydi biznes. Ular hozir banklar, investorlar bilan hamkorlikni boshlashgan. Ular qonun chiqqandan keyin ishga tushib ketadigan jarayonlarni tayyorlash arafasida. O‘ylaymanki, qonun kuchga kirib, qonunosti nizomlari tayyor bo‘lishi bilan 2026 yilda O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar kirib kelishini katta ko‘rsatkichlarda kuzatishimiz mumkin bo‘ladi.
Sh.Sharipov: Siz intervyu oldidan tushuntirish ishlari yetarli bo‘lmayapti deb aytdingiz. Odamlar qanchalik yaxshi tushunsa, shuncha yaxshi. O‘sha tushunmaslikdan ham ko‘p har xil nojo‘ya ishlar bo‘ladi-da.
I.Tursunov: O‘zi shundoq ham O‘zbekistonda moliyaviy savodxonlik yaxshi shakllanmagan. Endi bunga islomiy moliya qo‘shilgandan keyin u yana ham ortdi. Islom moliyasi haqida aholi to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishi kerak. Islomiy banklarga litsenziya asosida savdo qilish, sherikchilikka qo‘shilish uchun ruxsat berilyapti. Savdoning asl mohiyati nima? Siz nimanidir oldin o‘zingiz sotib olasiz, ustiga o‘zingizning foydangiz, ustamangizni qo‘yasiz, keyin kimgadir sotasiz.
Banklar bunda nima qiladi? Masalan, banklar oldin ehtiyojingizga kerak bo‘lgan narsani avval o‘zi sotib oladi, egalik qiladi. Undan keyin sizga, sizda hozir yetarli mablag‘ bo‘lmagani uchun, ustiga o‘zining foydasini qo‘yib, bo‘lib to‘lashga sotadi. Bu Islom moliyasiga muvofiq keladigan savdo.
Ba’zi kishilarda “islomiy bank ochilsa, menga foizsiz qarz berar ekan, foizsiz resurs berar ekan, foizsiz moliyalashtirar ekan” degan tushunchalar bor. Lekin islomiy bankda turgan mablag‘lar bu aholining pul mablag‘lari, depozitga olib kelgan aholi mablag‘lari yoki aksiyadorlarning pullari. Ularning bu qo‘ygan pulidan maqsad nima? Foyda olish.
Sh.Sharipov: Xayriya qilish emas.
I.Tursunov: Albatta. Bu foyda qaysi usul bilan olinyapti? Islom moliyasi xizmatlarini ko‘rsatish bilan. Faqatgina bu yerda Islom moliyasi tamoyillariga muvofiq ish yuritiladi. Lekin o‘sha tijorat, o‘sha ustama yoki bo‘lmasa foyda ko‘rish masalalari o‘zgarmasdan qoladi.
Sh.Sharipov: Foyda ko‘rishni hech kim bekor qilmagan.
I.Tursunov: Albatta.
Shokir Sharipov tayyorladi
Iqtisodiyot
So‘nggi besh yilda auksionda yer sotish orqali budjetga qancha pul tushgani aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi besh yilda mamlakatimizda yer munosabatlarini isloh qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yer ajratish vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish tartibi joriy etildi. Shu davrda 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratildi, budjetga 1,4 trillion so‘m tushum ta’minlandi.
Eng muhimi, yerning haqiqiy egasi paydo bo‘lishi natijasida har bir gektardan olinayotgan daromad 3 karra oshib, 50-60 million so‘mga yetgan. Bugun ushbu yerlarda har yili 539 trillion so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 2,1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, yerlar auksion orqali ajratilayotgan bo‘lsa-da, ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi.
Shu bois qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning yangi tizimini joriy etish, joriy yilda yana 100 ming gektar yerni yangi tartib asosida auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada, ayniqsa, yerdan foydalanishda iqtisodiy rag‘batlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘tgan yili vodiy viloyatlari, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda sotilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish bo‘yicha joriy etilgan tajriba yaxshi samara bergani ta’kidlandi. Xususan, 2025-yilda 20 ming gektar yerning 16 ming gektarida tadbirkorlar o‘zlari tanlagan yuqori daromadli va eksportbop ekinlarni ekib, 150 million dollarlik eksport uchun zamin yaratgan. Endi ushbu tajribani kengaytirish, yerdan foydalanuvchilarga yanada ko‘proq iqtisodiy erkinlik berish muhimligi qayd etildi.
Sanoatlashgan plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 50 gektardan 500 gektargacha yer uchastkalarini auksionga chiqarish, shu asosida joriy yilning o‘zida har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik loyihalarni boshlash belgilandi. Ushbu loyihalar uchun suv va elektr ta’minoti xarajatlarini qoplab berish, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha arzon kreditlar ajratish, kredit foiz stavkalarini kompensatsiya qilib berish, yetishtirilgan mahsulotni qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismini subsidiyalash kabi qator moliyaviy qo‘llab-quvvatlash joriy etilishi ta’kidlandi.
Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilg‘or xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.
Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini olish bo‘yicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi ta’kidlandi. Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon fondi yerlari faqat mamlakatimiz fuqarolariga beriladi. Ayni paytda yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.
Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning ijara muddati tugagan. Shu munosabat bilan tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish bo‘yicha qulay va shaffof tartib joriy etish zarurligini bildirmoqda. Taqdimotda bu jarayonni davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq xo‘jaligi va adliya tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, e’tirozlar bo‘lmagan taqdirda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi. Soliq yoki ijara to‘lovidan qarzdorlik, sud nizosi yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.
Shuningdek, yer toifasini o‘zgartirish va nobudgarchilik to‘lovlarini hisoblash bilan bog‘liq jarayonlar haligacha qog‘oz shaklida yuritilayotgani tanqid qilindi. Bu esa kelishuv va qaror qabul qilish muddatining cho‘zilishiga, investorlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois barcha jarayonlarni raqamlashtirish, yerdan maqsadli foydalanish, suv samaradorligi va tuproq sifati kabi mezonlar asosida yerdan foydalanish samaradorligini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Yerga bo‘lgan ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengaytirish, uni nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va bank kafolatini olish uchun ham garovga qo‘yish imkoniyatini yaratish zarurligi qayd etildi. Yer uchastkasini bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish, yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish mumkinligini aniq belgilash, shundan kelib chiqib yer oldi-sotdisiga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.
Shu bilan birga, yer nazorati yo‘nalishida javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish uchun javobgarlikni faqat sug‘oriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
Temir yo‘llari, avtomobil yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya ob’yektlari, suv inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovidan ozod qilish, yer jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganida to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlarini soliqqa tortmaslik bo‘yicha takliflar bildirildi.
Kelgusida qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyalari orqali xizmat ko‘rsatilishi, ushbu tashkilotlar o‘z yo‘nalishlarida davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida «ko‘prik» vazifasini bajarishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yanada ochiq va tushunarli tizim yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chet elliklarga auksion orqali yer ijara huquqini sotish to‘xtatiladi
Bundan buyon xorijiy investorlar qishloq xo‘jaligi yerlarini auksion orqali ijaraga ololmaydi. Ular faqat viloyat hokimliklari orqali, kamida 10 mln dollar investitsiya kiritish hamda yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga yer olishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Erishilgan yutuqlar
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda yer munosabatlarini isloh qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yer ajratish vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish tartibi joriy etildi. Shu davrda 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratildi, budjetga 1,4 trillion so‘m tushum ta’minlandi.
Eng muhimi, yerning haqiqiy egasi paydo bo‘lishi natijasida har bir gektardan olinayotgan daromad 3 karra oshib, 50-60 million so‘mga yetgan. Bugun ushbu yerlarda har yili 539 trillion so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 2,1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Nima ekishni fermer o‘zi belgilaydigan tartib kengaytiriladi
Yerlar auksion orqali ajratilayotgan bo‘lsa-da, ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi.
Shu bois, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning yangi tizimini qo‘llash, joriy yilda yana 100 ming gektar yerni yangi tartib asosida auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada, ayniqsa, yerdan foydalanishda iqtisodiy rag‘batlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘tgan yili vodiy viloyatlari, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda sotilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish bo‘yicha joriy etilgan tajriba yaxshi samara bergani ta’kidlandi. Xususan, 2025 yilda 20 ming gektar yerning 16 ming gektarida tadbirkorlar o‘zlari tanlagan yuqori daromadli va eksportbop ekinlarni ekib, 150 million dollarlik eksport uchun zamin yaratgan. Endi ushbu tajribani kengaytirish, yerdan foydalanuvchilarga yanada ko‘proq iqtisodiy erkinlik berish muhimligi qayd etildi.
Plantatsiya va chorvachilik uchun – 500 gektargacha yer uchastkalari
Sanoatlashgan plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 50 gektardan 500 gektargacha yer uchastkalarini auksionga chiqarish, shu asosida joriy yilning o‘zida har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik loyihalarni boshlash belgilandi.
Ushbu loyihalar uchun suv va elektr ta’minoti xarajatlarini qoplab berish, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha arzon kreditlar ajratish, kredit foiz stavkalarini kompensatsiya qilib berish, yetishtirilgan mahsulotni qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismini subsidiyalash kabi qator moliyaviy qo‘llab-quvvatlash joriy etilishi ta’kidlandi.
Chet elliklar auksionda qatnasholmaydi
Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilg‘or xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.
Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini olish bo‘yicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi ta’kidlandi.
Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon fondi yerlari faqat mamlakatimiz fuqarolariga beriladi.
Yer ijarasining muddati
Yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.
Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning ijara muddati tugagan. Shu bois, tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish bo‘yicha qulay va shaffof tartib joriy etish zarurligini bildirmoqda. Taqdimotda mazkur jarayonni davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq xo‘jaligi va adliya tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, e’tirozlar bo‘lmagan taqdirda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi.
Soliq yoki ijara to‘lovidan qarzdorlik, sud nizosi yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.
Raqamlashtirish, javobgarlik va boshqa qo‘shimcha mexanizmlar
Yig‘ilishda yer toifasini o‘zgartirish va nobudgarchilik to‘lovlarini hisoblash bilan bog‘liq jarayonlar haligacha qog‘oz shaklida yuritilayotgani tanqid qilindi. Bu esa kelishuv va qaror qabul qilish muddatining cho‘zilishiga, investorlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, yerdan maqsadli foydalanish, suv samaradorligi va tuproq sifati kabi mezonlar asosida yerdan foydalanish samaradorligini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Yerga bo‘lgan ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengaytirish, uni nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va bank kafolatini olish uchun ham garovga qo‘yish imkoniyatini yaratish zarurligi qayd etildi.
Yer uchastkasini bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish, yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish mumkinligini aniq belgilash, shundan kelib chiqib, yer oldi-sotdisiga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.
Yer nazorati yo‘nalishida javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish uchun javobgarlikni faqat sug‘oriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
Temir yo‘llari, avtomobil yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari, suv inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovidan ozod qilish, yer jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganida to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlarini soliqqa tortmaslik bo‘yicha takliflar bildirildi.
Kelgusida qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyasi orqali xizmat ko‘rsatilishi, ushbu tashkilotlar o‘z yo‘nalishlarida davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajarishi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yanada ochiq va tushunarli tizim yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Iqtisodiyot
Janubiy Koreya banki O‘zbekiston bozoriga kirmoqda
Janubiy Koreyaning yirik moliyaviy institutlaridan biri — Shinhan Bank O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.
Moliya sohasi manbalariga ko‘ra, bank O‘zbekistonda to‘liq formatda faoliyat yuritadigan mahalliy sho‘’ba tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Tegishli hujjatlarni joriy yilning birinchi yarmida moliyaviy regulyatorlarga topshirish rejalashtirilgan.
Agar loyiha ma’qullansa, bu Shinhan Bank’ning 11-chi xorijiy sho‘’basi va O‘zbekistonda koreys tijorat banklari orasidagi birinchi bunday tashabbus bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, bank mahalliy regulyatorlar bilan oldindan kelishuvlarga erishgan. Hozirda tayyorgarlik ishlarining asosiy qismi yakunlangan, to‘liq faoliyat esa kelasi yildan boshlanishi mumkin.
Shinhan Bank O‘zbekistondagi faoliyatini Qozog‘istondagi muvaffaqiyatli model asosida yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bank fikricha, O‘zbekistonda moliyaviy bozor hali «rivojlanishning dastlabki bosqichi»da bo‘lib, katta o‘sish imkoniyatlariga ega.
Iqtisodiyot
“Shaharlashuv darajasi pastligi – O‘zbekistonning ochilmagan potensiali”
Shaharlashuv – O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining asosiy drayveri bo‘la oladi. 10-15 million aholimiz qishloqlardan shaharlarga ko‘chishi kerak. Men buni mamlakatimizning hali ochilmagan ulkan salohiyati sifatida ko‘raman, deydi iqtisodchi.
O‘zbekistonda oxirgi yillardagi yuqori iqtisodiy o‘sishda – 2018-2019 yillardagi islohotlar, xususan propiska cheklovlarining olib tashlanishi muhim o‘rin tutadi. Bu haqda Nyu York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bugungi farovonligimiz – o‘sha yillarda qilingan islohotlar natijasi. Toshkentda propiska ochilishi milliardlab dollar qiymat yaratdi. Minglab, balki millionlab odamlar poytaxtga kelib, daromadini oshirdi”, – dedi u.
Hoshimovga ko‘ra, islohotlar bu bilan to‘xtab qolmasligi kerak. Chunki shaharlar iqtisodiy o‘sish va boylikning eng muhim manbasi hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hanuzgacha yetarlicha shaharlashmagan mamlakat bo‘lib qolmoqda. Aholining katta qismi qishloqlarda yashaydi, holbuki zamonaviy qishloq xo‘jaligida avvalgidek ko‘p ishchi kuchiga ehtiyoj yo‘q.
Professor rivojlangan davlatlarni misol qilib keltirdi. Uning aytishicha, AQSh – dunyodagi eng yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lsa-da, aholining 2 foizidan kamrog‘i bu sohada ishlaydi. Daniyada esa qishloq xo‘jaligida bandlar ulushi 1 foizdan ham kam.
“Bugungi qishloq xo‘jaligi avtomatlashtirilgan. Ekin ekish, hosil yig‘ish, parvarishlash ishlarini texnika va robotlar bajaradi. Eski davrdagidek ko‘p qo‘l mehnati talab qilinmaydi. Shaharlarda esa xizmatlar sohasi uchun ishchi kuchi kerak”, – deydi u.
Hoshimovning fikricha, iqtisodiy boylik manbayi – qishloq aholisining shaharlarga ko‘chib, xizmat ko‘rsatish va sanoat tarmoqlarida ishlashidir. Bu jarayon har bir fuqaroning daromadini oshiradi.
U Xitoy tajribasini misol qilib, mamlakatning keskin boyishida urbanizatsiya hal qiluvchi rol o‘ynaganini qayd etdi.
Iqtisodchi Qozog‘iston bilan solishtirganda ham O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi pastligini aytib, bu – katta ochilmagan salohiyat ekanini ta’kidladi.
“Bizda qishloqda past samaradorlikda ishlayotgan millionlab odamlar bor. Agar ular shaharlarda xizmat ko‘rsatish yoki ishlab chiqarishga o‘tsa, darhol boyiydi. Shu sababli ularga shaharlar qurish, sharoit yaratish kerak”, – deydi Behzod Hoshimov.
Iqtisodiyot
Qoraqalpog‘istonda yirik maxsus mayning zonasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda kriptoiqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbus amalga oshirilmoqda. PQ–143-sonli Prezident qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, mazkur maxsus zona hududi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasining butun hududi belgilangan. Ushbu zona doirasida mayning uchun yagona elektr energetika tizimi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Maxsus zona ishtirokchilariga kripto-aktivlar bilan operatsiyalar amalga oshirish bo‘yicha keng huquqlar berilgan. Jumladan, mayning natijasida olingan kripto-aktivlar milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali sotilishi mumkin. Shuningdek, ularni boshqa likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlash yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
Mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida «Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi direksiyasi tashkil etiladi. Mayning faoliyatini tartibga solishda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ishchi organ sifatida belgilandi.
Talabgor yuridik shaxslar maxsus zona rezidentligi va faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma olish maqsadida direksiyaga murojaat qiladi.
Qarorga muvofiq, 2035-yil 1-yanvarga qadar zona rezidentlarining mayning faoliyatidan olingan daromadlari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilinadi.
-
Siyosat4 days ago
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
-
Dunyodan3 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazo qat’iylashtirildi
-
Jamiyat2 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Siyosat3 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
-
Dunyodan2 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Jamiyat3 days ago16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi
-
Siyosat3 days agoTurk kompaniyalari Farg‘ona xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda
