Jamiyat
“O‘z oyog‘imga o‘q uzdim” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit
21 yoshida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgan yigit 5 oy o‘tgach narkotik modda savdosida ayblanib, 7 yilga qamalgan. So‘ngra aldab, shartnomaga imzo qo‘ydirilgan hamda majburiy tartibda urushga yuborilgan.
Qashqadaryoda Rossiya armiyasiga yollangan yigit jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Kasbi tumanida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan D.R. 2022 yil aprelida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgan. U Moskva shahrida kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullangan.
2022 yil sentabr oyida militsiya xodimlari uni to‘xtatib, boshqaruvidagi mashinaning salon qismini ko‘zdan kechirishgan. Jarayonda mashina ichidan narkotik modda topilgan.
Shu tariqa D.R. narkojinoyatda ayblanib, sud hukmi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
“2024 yil 30 oktyabr kuni jazoni ijro etish muassasasi xodimlari jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tashimni aytib, hujjatlarga imzo qo‘ydirib olishdi. Rus tilini yaxshi bilmaganim sababli hujjatga imzo qo‘ydim. So‘ngra samolyotda Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishim uchun harbiy qismga olib borishdi”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.
D.R. 2025 yil 18 noyabrga qadar Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Keyin u yerdan qochish uchun oyog‘iga o‘q uzib, o‘zini jarohatlagan. Shifoxonaga yotqizilgan yigit u yerdan qochib, Moskva shahriga borgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida O‘zbekistonga qaytib kelgan.
D.R. qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, o‘zi huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qilgan.
JIB Kasbi tuman sudining 2026 yil 16 martdagi hukmi bilan D.R. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi hamda 154-1-moddasi 1-qismida (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Avvalroq Navoiyda onlayn qimorga yutqazib, qarzdan chiqish uchun Rossiya armiyasiga yollanishga qaror qilgan yigit jinoiy jazoga tortilgandi.
Jamiyat
“Rus, ingliz va nemis tilini telefon va internetdan o‘rgandik”
Fotima va Zuhra Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan. Ular hozir o‘zbek tilidan tashqari rus, ingliz va nemis tillarida bemalol muloqat qila oladi. Qizlar bu tillarni maxsus kurslarsiz, asosan bepul onlayn darslar orqali mustaqil o‘rgangan. Qizig‘i, egizaklar allachon o‘zlari ham boshqa o‘quvchilarga til o‘rgatishni boshlab yuborgan. Kun.uz muxbiri mehnatkash oilada ulg‘aygan qizaloqlar bilan tarbiya muhiti hamda tillarni qanday o‘rgangani haqida suhbatlashdi.
Egizaklarning otasi ustachilik bilan shug‘ullanadi, onasi esa tikuvchilik qiladi. Oilada moddiy jihatdan katta imkoniyatlar bo‘lmagan, shunga qaramay ota-ona farzandlarining ta’limiga alohida e’tibor qaratgan.
Qizlarning aytishicha, ularning til o‘rganishga qiziqishi uch yoshidayoq paydo bo‘lgan. Otasi uyga rasmli lug‘atlar olib kelib, qizlarda so‘z va tasvir o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘yin orqali shakllantirgan.
“Dadamiz ko‘p rasmli lug‘atlar olib kelardi. Biz rasmlarga qarab narsalarni tasvirlab berishga harakat qilardik. Oyimiz esa so‘zlarni o‘yin tarzida o‘rgatardi. Shu sabab til o‘rganish biz uchun majburiyat emas, qiziqarli mashg‘ulot bo‘lgan”, – deydi Fotima.
Mutaxassislarning fikricha, aynan 3-6 yosh oralig‘i bola miyasi uchun yangi tillarni qabul qilishda eng faol davr hisoblanadi. Fotima va Zuhra misolida ham bu jarayon tabiiy qiziqish bilan boshlanib, keyinchalik intizomli mashg‘ulotga aylangan.
Egizaklar til o‘rganishdagi muhim omil sifatida takrorlashni tilga oladi. Bu tamoyil ularga otasi tomonidan singdirilgan.
“Dadamiz doim aytadi: bilimning onasi – takrorlash. Agar yangi til o‘rganayotgan bo‘lsang, uni ishlatmasang, esdan chiqib ketadi. Shuning uchun, odatda, bir-birimiz bilan turli tillarda gaplashib mashq qilamiz”, – deydi Zuhra.
Egizaklar til o‘rganishda o‘zaro hamkor bo‘lib kelgan. Masalan, ulardan biri rus tilida savol bersa, ikkinchisi ingliz tilida javob berib, ikki tilni bir vaqtning o‘zida mashq qilgan.
Tilshunoslar bunday usulni ko‘p tilli muhitni sun’iy yaratish deb ataydi. Ya’ni inson atrofida tabiiy muhit bo‘lmasa ham, o‘zi uchun amaliy mashq sharoitini hozirlashi mumkin.
Fotima va Zuhra tillarni o‘rganishda asosan internetdan foydalangan. Ular YouTube’dagi bepul darslar, til o‘rgatuvchi kanallar, lug‘atlar va xorijiy videolar orqali bilimlarini mustahkamlagan. Masalan, rus tilini o‘rganishda Moskvada yashovchi bloger o‘qituvchining videodarslarini muntazam tomosha qilgan. Hatto keyinchalik Buxoroga kelganida u bilan uchrashishga ham muvaffaq bo‘lgan.
“YouTube’da juda ko‘p bepul darslar bor. Avvaliga tushunish qiyin bo‘ladi. Lekin muntazam eshitib va takrorlab borsangiz, asta-sekin til o‘zingizga yaqinlashib, o‘rganish osonlashadi”, – deydi ular.
Qizlar tilni faqat darsliklar orqali emas, kitob mutolaasi orqali ham rivojlantiradi. Hozir ular ingliz yozuvchisi Mitch Albomning “The next person you meet in heaven” asarini ingliz tilida mutolaa qilmoqda. Bundan avval esa Paulo Koyeloning “The Alchemist” kitobini o‘qigan. Ularning aytishicha, kitob mutolaasi tilni chuqurroq his qilishga yordam beradi.
“Kitob o‘qiganda yangi so‘zlar, yangi fikrlar uchraydi. Bu nafaqat tilni, balki dunyoqarashni ham kengaytiradi”, – deydi qizlar.
Fotima va Zuhra hozirda o‘z bilimlarini boshqalar bilan ham ulashmoqda. Maktab rahbariyati ularning tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, dars o‘tishlari uchun alohida sinfxona ajratib bergan. Egizaklar shu yerda kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun ingliz va rus tili bo‘yicha kurslar tashkil etgan. Dastlab, ular uch oy davomida darslarni bepul o‘tgan. Shu vaqt ichida kurslarda qariyb 50 nafar o‘quvchi qatnashgan. Hatto 30 yoshdan oshgan tinglovchilar ham bo‘lgan. Bugun esa kurslar pulli asosda davom etmoqda. O‘quvchilarning yoshi uchinchi sinfdan sakkizinchi sinfgacha.
Fotima va Zuhra kelajakda dunyoning nufuzli universitetlaridan biri – Kembrij oliygohida o‘qishni orzu qiladi.
Ularning hikoyasi haqidagi suhbatni batafsil Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Jamiyat
Toshkentda bozor qorovullari itlar ustiga mashina haydadi
Tarmoqlarda ikki kishi avtomobilini itlar ustiga haydagani aks etgan video tarqaldi. Toshkent IIBBga ko‘ra, ular Uchtepadagi bozorlardan birida qorovul bo‘lib ishlaydi. Holat bo‘yicha hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish moddasi bilan ma’muriy bayonnoma tuzildi va hujjatlar sudga yuborildi.
Toshkentd shahrida hayvonlarga nisbatan navbatdagi shafqatsiz munosabatda bo‘lish holati yuz berdi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar bermoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda ikki fuqaro avtomobilini itlar ustiga haydagani aks etgan video tarqaldi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 5 aprel kuni soat 23:00 atrofida Uchtepa tumanidagi bozorlardan birida sodir bo‘lgan.
Itlarni avtomobilda bosib o‘ldirganlar ikki qorovul 29 yoshli T. M. va 30 yoshli M. D. ekani aniqlandi.
Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ushbu huquqbuzarlik uchun BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,2 mln so‘mdan 2,06 mln so‘mgacha) miqdorda jarima ko‘zda tutilgan.
To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, prezident tomonidan 25 mart kuni imzolangan qonunga muvofiq, 28 iyundan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishga oid o‘zgartirishlar kuchga kiradi. Hayvonlarni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynash yoki ularga azob berish uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha etib belgilanadi (hozirda – 3 dan 5 baravargacha).
Xuddi shunday harakatlar jarima qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, yoxud voyaga yetmagan shaxs huzurida amalga oshirilsa yoki hayvonlar o‘limiga sabab bo‘lsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (hozirda – 5 dan 10 baravargacha) jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi (hozirgidek) bilan tahdid soladi.
Jamiyat
«Bu byurokratiya-ku!» – parlamentda qabul qilingan qonun e’tiroz tug‘dirdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «Davlat boji to‘g‘risida» gi qonunning 8-moddasiga o‘zgartirish kiritishga doir qonun loyihasi qabul qilindi.
«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov bu haqda ma’lum qilar ekan, yangi tartib-qoida xorijda «El-yurt umidi» fondi ko‘magida doktorlik dissertatsiyasini (PhD) yozayotgan tadqiqotchilarga byurokratik to‘siq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«(Yangi qonun bilan)«El-yurt umidi» fondi belgilangan muddatda ilmiy ishini himoya qilolmagan doktorantini sudga berish va qilingan xarajatlarni foizlari bilan qaytarib olish uchun imtiyozli murojaat huquqiga ega bo‘lmoqda! Fond suddagi g‘alabasi bilan o‘zi tanlab olgan doktorantni ilmiy intilishi yarmida sindirilgan, davlatdan o‘n minglab dollar qarzdor, norozi, birinchi imkoniyatdayoq xorijga chiqib ketish yo‘lini izlaydigan «umidsiz» ga aylantirib beradi», – deb yozdi «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari.
O‘zi ham pedagogika fanlari yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan Alisher Qodirovning fikricha, xalqaro tajriba davlatlar ilmiy tadqiqot masalasida olimlarni rag‘batlantirishdan manfaat ko‘rishini tasdiqlaydi.
«To‘g‘ri, muddat albatta bo‘ladi, lekin olim yangilik yaratish yo‘lida qo‘shimcha imkoniyat kerak ekanligini asoslab bersa, nega uni jazolash kerak? Menimcha, Fond davlat pulini qaytarish bilan, ilmiy tadqiqotga investitsiya qilish maqsadlarini adashtirib yubormoqda. Bu adashish «Umid»da bo‘lganidek xalqimiz kutayotgan umidlarini xorijdan izlab yurishimizga olib kelmasa bo‘ldi. Qolaversa, bu oddiy talaba emas, olimni yo‘qotish bo‘ladi va zarari pul bilan o‘lchanmaydi», – deydi siyosatchi.
Qonunchilik palatasi majlisidagi muhokamada «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari tanqid qilgan yangi tartibni oqlagan.
Xorijda turli yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqot olib borayotgan yurtdoshlarimiz ham «El-yurt umidi» fondining belgilangan muddatda ilmiy ishini himoya qilolmagan doktorantni sudga berish va xarajatlarni qaytarib olish amaliyotiga e’tiroz bildirmoqda.
«Qonunchilikda tartib va hisobdorlik kerak. Lekin PhD’ni oddiy o‘quv dasturi kabi tushunish – juda katta xato. Doktorantura bu tayyor bilimni o‘zlashtirish emas, yangi bilim yaratish jarayoni. Yangi bilim esa kalendarga qarab paydo bo‘lmaydi. Uch yil ko‘p holatda yetarli emas. Britaniya va Avstraliya kabi tizimlarda ham PhD amalda ko‘pincha 4-5 yilga cho‘ziladi, AQShda esa bu jarayon odatda yanada uzoq – 5-6 yil, ba’zan undan ham ko‘proq davom etadi. Shuning uchun «belgilangan muddatda tugatmadi = samarasiz» degan mantiq ilm tabiatiga to‘g‘ri kelmaydi», – deb yozdi Avstraliya milliy universitetida siyosiy fanlar yo‘nalishida PhD dissertatsiyasi ustida ishlayotgan tadqiqotchi Otabek Akromov.
Unga ko‘ra, bunday yondashuv tadqiqot sifatini pasaytiradi. Olim yaxshi ish qilishni emas, tezroq ishni «yopish» ni o‘ylaydi. Natijada chuqur, puxta va original izlanish o‘rniga, shoshilinch, xavfsiz, minimal talabni qondiradigan ishlar ko‘payadi.
«Ilmga bosimni moliyaviy jazo orqali berish – sifat emas, qo‘rquvni keltirib chiqaradi. Qo‘rquv natijasida esa yaxshi dissertatsiya yozilmaydi; u faqat odamni muddat quvishga majbur qiladi. Bu yerda davlat pulini himoya qilish bilan ilmga sarmoya kiritish o‘rtasidagi farq yo‘qolib qolyapti. Ilmiy tadqiqotga ajratilgan mablag‘ har doim ham kafolatli va tez qaytadigan investitsiya emas. Uning tabiati boshqacha: ba’zi tadqiqotlar sekin «pishadi», ba’zilari esa yo‘nalishini o‘zgartiradi. Lekin aynan shu jarayonning o‘zi ilmning normal mantig‘i. Agar davlat olimga «yo o‘z vaqtida tugatasan, yoki foizi bilan qarzdor bo‘lasan» desa, u holda davlat olim yetishtirmayapti, balki ma’muriy qo‘rquv ostida diplom ishlab chiqarish tizimini quradi», – deb ta’kidladi O.Akromov.
«PhD’ni 3 yilda tamomlash asli juda qiyin masala. Faqatgina bir necha davlatlarda bunga ruxsat beradi. Amerikada PhD o‘rtacha 4-6 yil. Ko‘plari o‘rtacha 6-7 yil deganda tamomlaydi. Oksfordda esa 3-5 yil beradi. Aksariyat odam 4-5 yil orasida tugatadi», – deya muddat emas, sifat birlamchi ekanini urg‘uladi Oksford universitetida sun’iy intellekt yo‘nalishida PhD dissertatsiya ustida izlanish olib borayotgan yurtdoshimiz Iqboljon Sobirov.
Jamiyat
Jizzaxda kuchli yomg‘irdan keyin sel kuzatildi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel suvlari kuzatildi. Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida talafotlar qayd etilmagan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 5 aprel kuni soat 21:15 atrofida G‘allaorol tumani “Quytosh” ShFY hududida joylashgan tog‘ va adirliklarda kuchli yomg‘ir yog‘gan. Shuning oqibatida sel suvlari yuzaga kelib, tabiiy yo‘nalish bo‘ylab xavfsiz oqib o‘tgan.
Mutasaddilarga ko‘ra, sel suvlari aholi yashash hududlariga zarar yetkazmagan. Hozirda vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
Mutaxassislar bahor oylarida, ayniqsa tog‘li va adirlik hududlarda kuchli yomg‘irlar natijasida sel hodisalari tez-tez kuzatilishini ta’kidlaydi. Shu bois aholiga ehtiyotkor bo‘lish, ob-havo ogohlantirishlariga amal qilish tavsiya etiladi.
Jamiyat
3,7 gektar yerni 7 gektar deb sotmoqchi bo‘lgan fermer ushlandi
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida fermer xo‘jaligi rahbari 3,7 gektar yer maydonini go‘yoki 7 gektar deb ko‘rsatib, uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga katta miqdorda pul talab qilgan vaqtda qo‘lga olindi.
Qo‘shtepa tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jalik rahbari xaridorni mazkur xo‘jalikning 3,7 gektar yer maydonini 7 gektar deb ishontirgan. U yerni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, evaziga 20 ming AQSh dollari va 100 mln so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u kelishilgan pul mablag‘ining 15 ming dollarini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston yangi qonunchilik tashabbusi bilan yashil hududlarni 30% qamrab olishni maqsad qilgan
-
Jamiyat5 days agoJurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
-
Jamiyat5 days agoChust tumanida korrupsion zanjir fosh etildi
-
Turk dunyosi3 days agoKanada Turkiyaga 11 ta artefaktni ikki davlat oʻrtasidagi birinchi repatriatsiyada qaytardi – Geijutsu Shimbun
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda ikki oyda 204,4 ming tonna benzin ishlab chiqarildi
-
Jamiyat4 days agoShota Rustaveli ko‘chasida avtobus piyodani urib yubordi
-
Jamiyat5 days ago
Farrux Omonov Xalq qabulxonasiga rahbarlik qiladi
-
Siyosat4 days agoToshkentda 6 apreldan issiq suv taʼminoti rejali ravishda toʻxtatiladi
