Jamiyat

“O‘z oyog‘imga o‘q uzdim” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit

Published

on


21 yoshida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgan yigit 5 oy o‘tgach narkotik modda savdosida ayblanib, 7 yilga qamalgan. So‘ngra aldab, shartnomaga imzo qo‘ydirilgan hamda majburiy tartibda urushga yuborilgan.

Qashqadaryoda Rossiya armiyasiga yollangan yigit jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Kasbi tumanida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan D.R. 2022 yil aprelida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgan. U Moskva shahrida kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullangan.

2022 yil sentabr oyida militsiya xodimlari uni to‘xtatib, boshqaruvidagi mashinaning salon qismini ko‘zdan kechirishgan. Jarayonda mashina ichidan narkotik modda topilgan.

Shu tariqa D.R. narkojinoyatda ayblanib, sud hukmi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

“2024 yil 30 oktyabr kuni jazoni ijro etish muassasasi xodimlari jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tashimni aytib, hujjatlarga imzo qo‘ydirib olishdi. Rus tilini yaxshi bilmaganim sababli hujjatga imzo qo‘ydim. So‘ngra samolyotda Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishim uchun harbiy qismga olib borishdi”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.

D.R. 2025 yil 18 noyabrga qadar Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Keyin u yerdan qochish uchun oyog‘iga o‘q uzib, o‘zini jarohatlagan. Shifoxonaga yotqizilgan yigit u yerdan qochib, Moskva shahriga borgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida O‘zbekistonga qaytib kelgan.

D.R. qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, o‘zi huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qilgan.

JIB Kasbi tuman sudining 2026 yil 16 martdagi hukmi bilan D.R. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi hamda 154-1-moddasi 1-qismida (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Avvalroq Navoiyda onlayn qimorga yutqazib, qarzdan chiqish uchun Rossiya armiyasiga yollanishga qaror qilgan yigit jinoiy jazoga tortilgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version