Connect with us

Jamiyat

 “Rus, ingliz va nemis tilini telefon va internetdan o‘rgandik”

Published

on


Fotima va Zuhra Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan. Ular hozir o‘zbek tilidan tashqari rus, ingliz va nemis tillarida bemalol muloqat qila oladi. Qizlar bu tillarni maxsus kurslarsiz, asosan bepul onlayn darslar orqali mustaqil o‘rgangan. Qizig‘i, egizaklar allachon o‘zlari ham boshqa o‘quvchilarga til o‘rgatishni boshlab yuborgan. Kun.uz muxbiri mehnatkash oilada ulg‘aygan qizaloqlar bilan tarbiya muhiti hamda tillarni qanday o‘rgangani haqida suhbatlashdi.

Egizaklarning otasi ustachilik bilan shug‘ullanadi, onasi esa tikuvchilik qiladi. Oilada moddiy jihatdan katta imkoniyatlar bo‘lmagan, shunga qaramay ota-ona farzandlarining ta’limiga alohida e’tibor qaratgan.

Qizlarning aytishicha, ularning til o‘rganishga qiziqishi uch yoshidayoq paydo bo‘lgan. Otasi uyga rasmli lug‘atlar olib kelib, qizlarda so‘z va tasvir o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘yin orqali shakllantirgan.

“Dadamiz ko‘p rasmli lug‘atlar olib kelardi. Biz rasmlarga qarab narsalarni tasvirlab berishga harakat qilardik. Oyimiz esa so‘zlarni o‘yin tarzida o‘rgatardi. Shu sabab til o‘rganish biz uchun majburiyat emas, qiziqarli mashg‘ulot bo‘lgan”, – deydi Fotima.

Mutaxassislarning fikricha, aynan 3-6 yosh oralig‘i bola miyasi uchun yangi tillarni qabul qilishda eng faol davr hisoblanadi. Fotima va Zuhra misolida ham bu jarayon tabiiy qiziqish bilan boshlanib, keyinchalik intizomli mashg‘ulotga aylangan.

Egizaklar til o‘rganishdagi muhim omil sifatida takrorlashni tilga oladi. Bu tamoyil ularga otasi tomonidan singdirilgan.

“Dadamiz doim aytadi: bilimning onasi – takrorlash. Agar yangi til o‘rganayotgan bo‘lsang, uni ishlatmasang, esdan chiqib ketadi. Shuning uchun, odatda, bir-birimiz bilan turli tillarda gaplashib mashq qilamiz”, – deydi Zuhra.

Egizaklar til o‘rganishda o‘zaro hamkor bo‘lib kelgan. Masalan, ulardan biri rus tilida savol bersa, ikkinchisi ingliz tilida javob berib, ikki tilni bir vaqtning o‘zida mashq qilgan.

Tilshunoslar bunday usulni ko‘p tilli muhitni sun’iy yaratish deb ataydi. Ya’ni inson atrofida tabiiy muhit bo‘lmasa ham, o‘zi uchun amaliy mashq sharoitini hozirlashi mumkin.

Fotima va Zuhra tillarni o‘rganishda asosan internetdan foydalangan. Ular YouTube’dagi bepul darslar, til o‘rgatuvchi kanallar, lug‘atlar va xorijiy videolar orqali bilimlarini mustahkamlagan. Masalan, rus tilini o‘rganishda Moskvada yashovchi bloger o‘qituvchining videodarslarini muntazam tomosha qilgan. Hatto keyinchalik Buxoroga kelganida u bilan uchrashishga ham muvaffaq bo‘lgan.

“YouTube’da juda ko‘p bepul darslar bor. Avvaliga tushunish qiyin bo‘ladi. Lekin muntazam eshitib va takrorlab borsangiz, asta-sekin til o‘zingizga yaqinlashib, o‘rganish osonlashadi”, – deydi ular.

Qizlar tilni faqat darsliklar orqali emas, kitob mutolaasi orqali ham rivojlantiradi. Hozir ular ingliz yozuvchisi Mitch Albomning “The next person you meet in heaven” asarini ingliz tilida mutolaa qilmoqda. Bundan avval esa Paulo Koyeloning “The Alchemist” kitobini o‘qigan. Ularning aytishicha, kitob mutolaasi tilni chuqurroq his qilishga yordam beradi.

“Kitob o‘qiganda yangi so‘zlar, yangi fikrlar uchraydi. Bu nafaqat tilni, balki dunyoqarashni ham kengaytiradi”, – deydi qizlar.

Fotima va Zuhra hozirda o‘z bilimlarini boshqalar bilan ham ulashmoqda. Maktab rahbariyati ularning tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, dars o‘tishlari uchun alohida sinfxona ajratib bergan. Egizaklar shu yerda kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun ingliz va rus tili bo‘yicha kurslar tashkil etgan. Dastlab, ular uch oy davomida darslarni bepul o‘tgan. Shu vaqt ichida kurslarda qariyb 50 nafar o‘quvchi qatnashgan. Hatto 30 yoshdan oshgan tinglovchilar ham bo‘lgan. Bugun esa kurslar pulli asosda davom etmoqda. O‘quvchilarning yoshi uchinchi sinfdan sakkizinchi sinfgacha.

Fotima va Zuhra kelajakda dunyoning nufuzli universitetlaridan biri – Kembrij oliygohida o‘qishni orzu qiladi.

Ularning hikoyasi haqidagi suhbatni batafsil Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Published

on


Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi. 

Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

​Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.

​Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

​Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi

Published

on


«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Mukofotlanganlar ro‘yxati:

“Do‘stlik” ordeni bilan

Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari

Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi

Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori

Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori

Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri

II darajali “Salomatlik” ordeni bilan

Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri 

Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari 

“Shuhrat” medali bilan

Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi

Published

on


Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.

Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.

Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.

Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi

Published

on


Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.

Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.

Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.

Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?

Published

on


Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.

Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.

Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.

Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.

Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.

Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.

Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.

Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.