Connect with us

Mahalliy

O‘qituvchisiz dunyo…

Published

on


Tasavvur qiling, erta tong. Quyosh nur sochmoqda. Bolalar maktabga shoshiladi. Ammo sinf xonalarida ularni o‘qituvchilar emas, sun’iy intellekt bilan ta’minlangan interaktiv ekranlar kutib oladi. Har bir o‘quvchi oldida shaxsiy planshet, har bir savolga avtomatik javob va avtomatik baho…

Yana tasavvur qiling, 2157-yil. Maktab degan tushuncha yo‘q, sinfxona yo‘q, parta va qo‘ng‘iroq sadosi ham yo‘q. Bolalar uylarida yolg‘iz, ekran orqali robot-o‘qituvchidan bilim olishadi. Kitobni esa faqat muzeylarda ko‘rish mumkin.

Amerikalik yozuvchi Isaak Asimov «U paytlar qanchalar zavqli edi» (The Fun They Had) hikoyasini 1951- yilda yozgan. U paytlari hali insoniyat sun’iy intellektdan bexabar paytlar edi. Balki hikoyani o‘qiganimizda o‘sha paytlari robot o‘qituvchilar haqida tasavvurga ega bo‘lolmaganmiz. Ammo bugun ko‘rib turibmizki, yozuvchining bashorati to‘g‘ri chiqdi, 2157 yilni kutishga ham hojat qolmayotgandek go‘yo…

Hikoya shunday boshlanadi, 13 yoshli qizaloq Margi Jons bu haqda hatto kundaligida  yozadi: «2157-yil 17 may. Bugun Tommi chordoqdan qog‘ozli kitob topib oldi!»

Ha, bu juda eski kitob edi. Margi esladi, bir paytlar unga  bobosi  barcha hikoyalar va romanlar qog‘ozga bosilganini aytib bergan edi.

Kitob sarg‘aygan, sahifalari titilib ketgan, so‘zlar ekranda harakat qilish o‘rniga bir joyda turar va bu juda kulgili edi.

Bolalar kitob haqida suhbatlashmoqda, uni o‘qib bo‘lgach tashlab yuborishgandir-a, deb o‘ylashadi ular.

– Va bizning kompyuterimizda millionlab kitoblar bor, u yana ko‘p kitoblarni ko‘radi. Men hech qachon ekranni uloqtirmayman, – dedi Tommi.

– Men ham, – dedi Margi.  

Kitobni o‘qiyotgan Tommidan Margi so‘raydi:

– Kitob nima haqida?

– Maktab haqida…

– Maktab haqida-a? – dedi Margi ensasi qotib. – Yozadigan boshqa narsa yo‘qmikan? Men maktabni yomon ko‘raman.   

Margi har doim maktabni yomon ko‘rgan, endi esa har qachongidan ham yomon ko‘rardi. Chunki u geografiyadan imtihonda o‘ta olmagan, ekran-o‘qituvchi esa ishlamay qolgandi.

Ularning uyiga o‘qituvchini tuzatish uchun inspektor keldi.

U kichkina, yuzi qizil, to‘lachadan kelgan odam. Qutisi turli asboblar bilan to‘la edi. U mashina o‘qituvchini qaytadan tuzatdi. Margi uni qayta tiklay olmaydi, deb umid qildi, lekin bir soat yoki undan ko‘proq vaqt o‘tgach, o‘qituvchi tayyor edi, bahaybat, qora va xunuk, katta to‘rtburchak ekran o‘qituvchi savollar berishni boshladi. Margining eng yomon ko‘rgan narsasi uy vazifalari va testlarni topshirishga majburligi edi. U ularni olti yoshida o‘rgatilgan maxsus kodlangan joyga yozishi kerak – mashina o‘qituvchi o‘sha zahotiyoq baholardi.

Ishni tugatgandan so‘ng, inspektor tabassum qildi va Margining boshini silab qo‘ydi. U: «O‘qituvchining ishlamay qolishi qizingizning aybi emas, Jons xonim. Aftidan geografiya fani biroz tezlashib ketgan. Ba’zida shunday bo‘ladi. Men uni oddiy o‘n yillik darajaga tushirdim. Va qizingizning umumiy ko‘rsatkichi juda qoniqarli.»  

Margi hafsalasi pir bo‘ldi. U o‘qituvchini butunlay olib ketishlariga umid qilgan edi. Bir paytlar tarix fani shunaqa noto‘g‘ri ishlay boshlagach,Tommining ekran-o‘qituvchisi bir marta tuzatilish uchun deyarli bir oyga olib ketilgan edi.

Shuning uchun u Tommiga dedi:

– Maktabning nimasi qiziq, nega maktab haqida yozishgan?   

Tommi unga qaradi va:

– Chunki bu maktab bizning maktabga o‘xshamaydi, eski, yuzlab yillar oldingi maktablar, – dedi.

Margi Tommidan katta edi va bu narsalarni bilmasligidan hijolat bo‘ldi.

 «O‘sha paytdagi maktablar qanday bo‘lgan-a?» U bir zum Tommining yelkasi osha harflarga ko‘z yugurtirdi, so‘ng dedi: 

– Ularning o‘qituvchisi bor edi!

– Albatta, lekin bu bizning o‘qituvchidek ekranning ichidagi raqamlardan iborat o‘qituvchi emas, inson edi.  

– Insonmi? Qanday qilib odam o‘qituvchi bo‘ladi, odam bolasi o‘qituvchilik qila olmaydi.

– Albatta, bo‘lishi mumkin… Masalan otam ham o‘qituvchidek ko‘p narsa biladi.

– Bu bo‘lishi mumkin emas. Inson bizning temir o‘qituvchidek ko‘p narsani bila olmaydi.

– Ishonchim komilki, inson o‘qituvchi ham shuncha ko‘p bilimga ega bo‘lgan.

– Uyimizda notanish odam yashashini xohlamayman, – dedi Margi.

Tommi kulib yubordi:

 – Eh, Margi! O‘qituvchilar bolalar bilan yashamagan. Ularning maxsus binosi bo‘lgan va barcha bolalar u yerga borishgan.

– Va hamma bolalar bir xil narsalarni o‘rganishganmi?

– Albatta, axir ularning yoshi teng bo‘lgan.

– Onam aytadiki, o‘qituvchi har bir o‘g‘il yoki qizning ongiga mos bo‘lishi kerak va har bir bola alohida o‘qitilishi kerak.

– Demak, ular o‘sha paytda bunday qilmaganlar. Va agar bu kitob yoqmasa, uni o‘qishing shart emas.

– Men kitob yoqmayapti demadim, – dedi Margi tezda.

U bu g‘alati maktablar haqida o‘qishni xohlayotgandi.

Shu payt Margining onasi: «Margi! Dars boshlandi»,– dedi…

Margi atrofga qaradi…Uning maktabdagi xonasi uyda, yotoqxonasining yonida edi. Xonasiga katta ekran qo‘yilgan, Margi ana shu ekran orqali o‘qiydi, o‘rganadi va o‘sha ekranga imtihon topshiradi.

Ekran yondi va quyidagi so‘zlar paydo bo‘ldi: «Bugun biz arifmetikada to‘g‘ri kasrlarni qo‘shishni o‘rganamiz. Kechagi tayyorlagan uy vazifasini qoldiring…» 

Margi xo‘rsinib itoat qildi. U o‘tmishdagi odamlarning bolaligida bo‘lgan eski maktablar haqida o‘yladi va tasavvur qildi: Mahallaning hamma bolalari maktab hovlisida qichqirib kulishar, darsda birga o‘tirishar, birga uyga ketishardi. Ularning barchasi bir xil narsalarni o‘rganishadi, uy vazifalarini bajarishda bir-birlariga yordam berishadi va bu haqda gaplashishadi. O‘qituvchilar esa inson edi. Ular o‘quvchilar bilan jonli muloqot qilar, yuzma-yuz o‘tirib gaplashar, yaxshi javob bersa bolalarning boshini silab qo‘yar, imtihonlarni diqqat bilan tekshirayotganda har bir o‘quvchiga tabassum qilar yoki mahzun bo‘lib qolardi…

Margi ekranga qaradi, unda shunday yozuvlar paydo bo‘ldi:  «Biz 1/2 va 1/4 kasrlarni qo‘shganda…»  

Margining esa xayoli umuman o‘tmishga ko‘chgan, o‘sha paytda bolalar maktabni qanchalik yaxshi ko‘rishlari va iliq xotiralar bilan xotirlashlari haqida o‘ylardi. U ular qanchalik zavqlangani haqida o‘ylarkan xo‘rsindi: «Eh u paytlar qanchalar qiziqarli bo‘lgan»…

Isaak Asimovning bu qisqa hikoyasi bizga o‘qituvchining o‘rni hayotimizda qanchalar katta ekanligini uqtirayotgandek, texnologiya qanchalik rivojlanmasin, o‘qituvchining o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Kitob qog‘ozga tushgan so‘zlar, maktab bolalarni bir joyga yig‘adigan dargoh, o‘qituvchi esa qalbga nur soladigan inson.

Yozuvchi o‘z asarlarida ilm va texnologiyaning qudratini ko‘rsatgan, ammo bir narsani ham unutmagan: inson ruhi – har qanday mashinadan ustun.

Bilim berish texnika uchun muammo emas, ammo qalbni o‘rganish – faqat insonning qo‘lidan keladi. Chunki o‘qituvchi faqat alifboni emas, balki hayotni o‘rgatadi.

O‘qituvchi avloddan avlodga ilm va tajribani uzatadigan ko‘prik. Agar bu ko‘prik buzilsa, kelajakka hech kim yetib bormagan bo‘lardi. Shuning uchun ham o‘qituvchisiz dunyo – kelajaksiz dunyo.

Yozuvchi hikoyasi orqali bizni ogohlantiradi: texnologiya inson o‘rniga ishlashi mumkin, lekin ustozning o‘rniga emas. Chunki ustozning haqiqiy qudrati bola qalbida iz qoldirishda.

Agar o‘qituvchisiz dunyo haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, u dunyo bilimga to‘la, ammo ma’nosi bo‘sh bo‘lardi. Chunki formula, qoida, misollarni o‘rgatish oson. Lekin bolaga odamiylikni, mehrni, olijanoblikni his qilishni o‘rgatish – buni hech qanday sun’iy intellekt, hech qanday texnika bajara olmaydi.

Odam hayotidagi har bir yorqin yo‘l ortida o‘qituvchining soyasi bor. Biz o‘qituvchidan eshitgan birgina sehrli so‘z butun umrimizning burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Ularning mehnati ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydi, lekin dunyodagi har qanday ixtiro, har qanday kashfiyot, har qanday asar ular ko‘rsatgan yo‘ldan boshlanadi.

Savol tug‘iladi: agar bir kungina biz «o‘qituvchisiz dunyo»da qolsak, texnologiya rivojlangan, robotlar hamma narsani o‘rgatgan dunyoda… ammo insonning yuragini kim olovlantiradi?

Siz o‘qituvchisiz dunyoni tasavvur qila olasizmi? Axir, o‘qituvchisiz dunyo – nursiz, kelajaksiz dunyo emasmi? 

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi

Published

on


Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

​Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.

​Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.

​Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

​Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.

​Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

​Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

​”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.

​Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

​”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.

​Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.

​”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.

​Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.

​Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.

​Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.

​Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.

​Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.

​Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.

​Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.

​Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.

​Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

​Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi

Published

on


Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
 
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
 
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
 
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
 
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
 
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
 
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
 
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
 
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:


kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.

Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi  hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi

Published

on


O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.

Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.

Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.

10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.

Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.

2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.

2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.

Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.

Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.

1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.

2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.

2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.

Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.