Jamiyat
O‘lim mashinalarini to‘xtatgan o‘zbek arsloni
O‘sha yili kuz o‘zgacha keldi… Daraxtlar zaminga za’faron poyandoz to‘shab, mungli sukutga cho‘mgan. Bu manzara urushdan qoraxat olib, sochini yoygancha faryod chekayotgan musibatzada ona qiyofasini yodga solardi.
«Hamma narsa front uchun!» degan otashin shior qishloqlardan nafaqat yegulikni, balki odamlarni ham supurib ketgandek edi. Kuzning izg‘irin shamoli fayzli qo‘rg‘onlarning huzurini uchirib, yuraklarga beamon og‘riq soldi.
Shonazar otaning ko‘ksida necha kundirki bir tosh bor. Nimadir ayovsiz siqadi, erkin nafas olishiga yo‘l bermaydi. Go‘yo ilgarilari beqadr tuyulgan musaffo havo ham jang maydonlariga «safarbar» qilingandek… Bu achchiq azob jismidagi xastalikmi yo jigarbandlarining firoqidan tilingan qalb jarohatimi — anglolmaydi. Oti o‘chgur urush boshlanganidan beri otaning ko‘ziga uyqu inmay qoldi. Tunlar uzun, xayollar esa undan-da cheksiz. Bir mijja qoqsa bo‘ldi, qonli janglar va o‘g‘illarining siymosi namoyon bo‘laveradi.
Ikki arsloni — G‘ani bilan Toji frontda… Biri vazmin bo‘lsa, biri — olov! G‘anijon har bir gapini taroziga solib gapiradigan, mulohazali yigit edi. Ammo Toji… Tojining tomirida qon emas, go‘yo olov oqardi! Yigirma yoshida «Selpo»dek mas’uliyatli tashkilotda ta’minotchi bo‘lib ishlashi uning naqadar uddaburoligidan dalolat edi. Fe’lidagi shijoat, onasi Fotima momoga tortgan «katta gapliligi» unga alohida salobat berardi. Kuzatish chog‘idagi o‘sha xitobi haligacha otaning qulog‘ida jaranglaydi:
— Otajon, onajon, xavotir olmanglar! Shu nemisning kamida yuztasini yer tishlatmasam, qaytib kelmayman!
Fotima onaning ko‘z yoshlari duv-duv to‘kilar, «O‘zingni ehtiyot qil, bolam», degan iltijolari Tojining jangga bo‘lgan tashnaligi oldida ojiz qolardi. Onaizorning yuragi sezardi — bu shiddatli yigit o‘zini ayamay ajal domiga otishi muqarrar edi.
Ro‘zg‘orda yana uch o‘g‘il qoldi. Qozoq va Normurod oilali, Do‘stmurod esa hali bo‘ydoq. Shonazar ota va Fotima ona kelinlar va nabiralar bilan qolgan bo‘lsa, o‘g‘illar mehnat frontiga — zavodlarga jalb qilingan. O‘tgan hafta o‘g‘li Qozoq kelib ketdi. Bechoraning ko‘zlari kirtayib, bir ahvolga tushib qolgan ekan. Uydagi nabiralarning ahvoli ham bundan ortiq emas.
Ro‘zg‘orning barakasi frontning beamon ehtiyojlariga sovurilgan, dasturxonlarning fayzi ketgan. Har gal taomdan so‘ng Fotima ona fotihaga qo‘l ochishdan avval, dasturxon ustiga tushgan eng kichik non uvoqlarigacha misqollab, titroq barmoqlari bilan bittalab yig‘ib olib, kaftida yig‘ilgan o‘sha nimta ushoqlarni bolajonlarining og‘ziga tutadi.
Shu soatlarda, yer sharining narigi chekkasida — Germaniyaning Essen shahridagi serhasham, marmar ustunli hovlida boshqacha manzara hukm surardi. Kuz oftobida tovlangan bog‘ ichida jajji Hans erkalik bilan qushlarga don sochardi. Bu yerda urushning nahang og‘zi, ochlikning zaharli nafasi sezilmasdi. Oq nonning sara ushoqlari yerga sochilar, bu siylovlarga o‘rganib qolgan oq kabutarlar esa erinibgina don cho‘qirdi. Go‘yo qushlar ham bu xonadondagi to‘qchilikdan mudrab qolgandek edi. Kichik Hans qushlarning bu loqaydligidan ranjib, qo‘lidagi katta-katta non bo‘laklarini bog‘ning har tomoniga irg‘ita boshladi. U o‘z saxiyligi bilan kabutarlarni jalb qilmoqchi bo‘lar, nonning har bir bo‘lagi Shonazar otaning nabiralari bir hafta orzu qiladigan ne’mat ekanini xayoliga ham keltirmasdi.
Hansning otasi — baron Otto Germaniyaning Essen shahridagi eng yirik fabrikalar sohibi edi. Uning zavodlarida ishlab chiqarilayotgan temir-tersaklar, o‘q-dorilar ayni damda Shonazar otaning tinchini o‘g‘irlagan, o‘g‘illarini ajal domiga tortgan o‘sha mash’um urush mashinasini harakatga keltirayotgan tarmoqlardan biri edi. Bir tomonda uvoqqa zor bo‘lgan ko‘zlar, ikkinchi tomonda esa ushoqlarni yerga sochib o‘ynayotgan erka bolakay… O‘shanda natsizm zulmi chulg‘agan bu dunyoning adolati xuddi shu ushoqlar kabi sochilib ketgandek edi.
Ayni shu soatlarda Vermaxt qo‘shinlarini chekintirish uchun «Dnepr jangi»ning hal qiluvchi onlari boshlangan edi. G‘anijonlarning polki aynan o‘sha olovli nuqtada metin devordek turardi. Bir mahal nemis qo‘shinlarining navbatdagi hujumi boshlandi. Osmon go‘yo ikkiga bo‘lingandek bo‘ldi: boshi ustidan cheksiz snaryadlar vahshiyona uvillab, ajal urug‘larini socha boshladi. G‘anijonning yonginasida yerni titratgan kuchli portlash sodir bo‘ldi. Dunyo bir lahzaga ostin-ustun bo‘lib, atrofni qop-qora tutun va achchiq porox hidi qopladi. Shu topda uning xiralashayotgan ongu shuurida onasi Fotima momoning aytgan gaplari jarangladi: «Bolam, agar osmonda biror yulduz uchsa, demak, yerda kimdir omonatini topshirgan bo‘ladi…»
G‘anijon og‘riqdan yumilgan ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib, qon va tutun orasidan samoga tikildi. Osmonda esa yulduzlar emas, snaryadlar — odamzot yaratgan «sun’iy yulduzlar» uchmoqda edi. «Nahotki bularning bari mening yulduzlarim bo‘lsa? Nahotki osmon men uchun shuncha yulduzni qurbon qilsa?» — degan o‘y kechdi uning xayolidan.
Xuddi shu soniyalarda, g‘amdan qaddi egilib anchadan buyon ko‘ksini ko‘tarmagan Fotima ona beixtiyor qaddini rostlab, qop-qora, sirli samoga nazar tashladi.Shu lahzada yuksaklikda bir yulduz uchdi. U go‘yo tig‘ bilan tilingan jarohatdek osmon bag‘rida uzun, qonli iz qoldirib, ufq qa’riga sho‘ng‘idi. Buni ko‘rgan onaning yuragi shuv etib ketdi, vujudiga sovuq bir vahshat o‘rmaladi. Bu oddiy tabiat hodisasi emas, balki jigarbandining uzilayotgan jonidan sovuq bir payg‘om edi…
Onaning nigohi hamon o‘sha yulduz yo‘qolgan nuqtada qotib qolgan, vujudini esa qismatning beomon sovuqligi qamrab olayotgan edi.
Baron Ottoning shinam kabinetida burqsiyotgan qimmatbaho sigara tutuni uning atrofida soxta bir orom pardasini yaratgandek edi. Biroq ushbu xira parda ortida yashiringan nigohlar naqadar muzlagan va ochko‘z tus olgan edi! U har gal tutunni ichiga simirganida, go‘yo frontdagi minglab insonlarning nafasini tortib olayotgandek edi. Uning ko‘zlarida insoniylikdan asar ham qolmagan, faqatgina fyurerning marhamati va yanada kattaroq boylik ilinjidagi hisob-kitoblargina aks etardi. Uning uchun inson hayoti shunchaki raqamlardan, urush esa boylik orttirish va fyurerning e’tiboriga tushish uchun bebaho imkoniyatdan iborat edi. Baron o‘z muhandislik dahosini va ajdodlaridan qolgan ulkan sarmoyasini yangi ajal mashinalarini yaratishga sarflarkan, ichida mash’um bir mamnuniyat tuyardi. Uning stoli ustidagi chizmalarida aks etgan yangi sovuq qurollar ertaga Fotima onaning jigarbandlari singari kimningdir yulduzini yerga qulatishini xayoliga ham keltirmasdi. Ajdodlaridan meros qolgan baron unvonini va martabasini saqlab qolish, hatto uni yanada yuksaltirish ilinjida Otto vijdonini allaqachon qurbon qilib bo‘lgan edi. Uning nazarida omad unga soyabondek doim hamroh edi. Ammo bilmasdiki, u yaratayotgan o‘sha temir ajallar zanjiri bir kun kelib o‘z boshiga ham falokat bo‘lib qaytishi mumkin.Bir tomonda — farzandining joni uchun Xudoga yolvorayotgan, uvoq nonga zor bo‘lsa-da qalbi pok ona, ikkinchi tomonda — o‘zgalarning qoni evaziga martaba zinalaridan ko‘tarilayotgan, oltin qadahda sharob ichayotgan sovuqqon baron. Ottoning kabinetidagi chiroqlar nuri tobora yaltiroq nur olayotgan bo‘lsa, Fotima onaning osmonida qorong‘ulik chukib, yulduzlar tobora so‘nib borayotgandek edi…
Onaning ko‘z o‘ngida so‘ngan o‘sha mash’um yulduz G‘anijonning fojiasidan darak bergan bo‘lsa, uning nursizlanib qolgan ko‘zlaridagi bor harorat va so‘nggi yorqinlik go‘yoki kenja arsloni — Tojining nigohlariga ko‘chgandek edi…
Minsk shahrini ozod qilish janglarida mislsiz jasorat ko‘rsatgan Toji endi urush taqdirini hal qiluvchi mashhur «Bagration» operatsiyasini amalga oshiruvchi saralangan guruh tarkibiga kiritildi. Tojining dovyurakligi nafaqat safdoshlarini, balki har qanday odamga osonlikcha tan bermaydigan polk komissarining ham e’tiborini tortdi.
Nihoyat o‘sha kun keldi. Toji boshchiligidagi saralangan dovyurak askarlar guruhi, tun qorong‘uligini niqob qilib, ilk bor fashistlar uyasi — Sharqiy Prussiya tuprog‘iga qadam qo‘ydi. Bu shunchaki harbiy topshiriq emas, balki millionlab mazlumlarning qasos onlari edi. Ularning nishoni — Nemmersdorf qishlog‘i yaqinidagi temir yo‘l stansiyasi: bu yerda frontning qon tomirlarini qayta jonlantirishi kerak bo‘lgan ulkan qurol-yarog‘ zaxirasi shay turardi. Ayni shu daqiqalarda, Essenning sovuq va dim kabinetida baron Ottoning nigohlarida mash’um bir tantana jilva qilardi. Uning homiyligida, eng so‘nggi muhandislik dahosi bilan yaratilgan «olamshumul qurollar» — fyurerning so‘nggi umidi bo‘lgan «qasos qurollari» aynan o‘sha Nemmersdorfdagi vagonlarga ortilgan edi. Baronning chizmalarida yaltirab turgan o‘sha temir ajallar, endi tirik odamlarni kulga aylantirish uchun o‘z soatini kutardi. Biroq baron o‘z hashamati va sovuq hisob-kitoblari ichida bir haqiqatni anglamasdi: u yaratgan ajal mashinalarining ro‘parasida Pastdarg‘omning jazirama oftobida toblangan, oriyat va nomusni jondan aziz bilgan Toji va uning safdoshlari — irodasi po‘latdan qattiq jasur askarlar turibdi. Tojining nigohida baronning ko‘zlaridagi kabi sovuq ochko‘zlik emas, balki akasi G‘anijonning so‘ngan yulduzi uchun, onaizorining tunlar aro qilgan faryodi uchun qasos o‘ti yonardi. Uning uchun ro‘parasida tizilib turgan mash’um vagonlar shunchaki temir-tersak yoki harbiy o‘lja emasdi. U bu mash’um temir qafaslar ichida otasi Shonazar otaning ko‘ksini yillardan beri toshdek bosib kelayotgan o‘sha noma’lum yukni, Fotima momoning yuziga taram-taram bo‘lib tushgan, har biri bir iztirob tarixi bo‘lgan ajinlarni va urushning qonli changalida vayron bo‘lgan minglab qutlug‘ qo‘rg‘onlarning achchiq faryodini ko‘rayotgandek edi. Toji uchun bu zaxirani kul qilish — nafaqat dushmanning qaddini sindirish, balki xalqining yuragiga beamon qadalgan tig‘ni sug‘urib olish, millatning yarasiga malham qo‘yish bilan barobar edi. Tunning vahimali sukunatini parchalab, Tojining guruhi operatsiyani boshladi. Zaminni titratib yuborgan dahshatli portlash Nemmersdorf osmonini qonli shafaqqa bo‘yadi. Baron Ottoning yillar badalida ishlagan rejasi, fyurerning so‘nggi umidi bo‘lgan o‘lim sochuvchi temir mashinalarning kuli bir lahzada ko‘kka sovurildi. O‘sha olovli girdob ichida nafaqat qurollar, balki baron kabi yirtqichlarning ochko‘z orzulari ham yonib bitayotgan edi.
Keyinchalik front taqdirini o‘zgartirib yuborgan bu ulkan g‘alabaning markazida oddiygina o‘zbek yigiti — Pastdarg‘om arsloni Toji Shonazarovning tengsiz jasorati turardi. Ammo, afsuski, bu olovli jang maydonidan Tojining na o‘zi, na jasadi qaytdi… U xuddi akasi G‘anijon kabi, yulduzga aylanib, samolarga singib ketgandek edi. Shonazar ota va Fotima onaning boshiga tushgan musibat tog‘dan ham og‘ir edi. Biroq taqdirning achchiq o‘yinini qarangki, «vafot etdi» degan sovuq hukmdan ko‘ra, «bedarak ketdi» degan noma’lumlik ularga tiriklik uchun so‘nggi ilinjni qoldirdi. Bu xabar go‘yo farzandining o‘limiga ishongisi kelmagan ota-ona uchun qoldirilgan umid darchasi edi. Fotima ona uzoq yillar davomida har bir tongni «Tojijon kelarmikan» degan umid bilan kutib oldi. Har gal eshik g‘irchillasa, ko‘zlarini tikilgancha: «Onajon, men keldim!» degan o‘sha qadrdon ovozni eshitishni orzu qilib yashadi.
…Oradan olti oy o‘tib, qismatning beayov charxpalagi baron Ottoning Essendagi hashamatli koshonasiga ham yetib keldi. Bir paytlar sigara tutuni ichida ochko‘zlik bilan chizmalar chizib, o‘zgalar o‘limidan boylik to‘plagan baron, endi o‘zi o‘sha qonli hisob-kitoblarning qurboniga aylandi. Uning kabinetiga bostirib kirgan sovet askarlarining qadamida nafaqat G‘anijonning qasosi, balki millionlab mazlumlarning haqi bor edi. Baron o‘z ish stoli ustida, yaratilgan ajal mashinalarining chizmalariga qoni tomgan holda jon taslim qildi. Uning so‘nggi umidi bo‘lgan yakkayu yagona farzandi — jajji Hans ham Britaniya havo kuchlarining bombardimoni ostida halok bo‘ldi. Baronning kibri va sovuq boyligi bilan qurilgan dunyosi xuddi sigara kulidek to‘zib ketdi — undan na nom, na zurriyot qoldi.
Yillar o‘tdi. Jang izlari tuproqqa singdi. Qon hidi o‘rnini bahor isi egalladi. Urush Shonazar otaning ikki arslonini — G‘ani bilan Tojini yulduzlarga aylantirib olib ketgan bo‘lsa-da, bu qutlug‘ qo‘rg‘onning chirog‘i o‘chmadi. Qozoq, Normurod va Do‘stmurodlardan tarqalgan behisob farzandlar, cheksiz nabiralar bugun zaminni to‘ldirib yashamoqda. Har bir nabiraning o‘tli nigohida Tojining jasorati, har bir o‘g‘ilning vazmin qadamida G‘anijonning mulohazasi qayta jonlanadi. Bugun o‘sha xonadonda tug‘ilgan har bir chaqaloqning ilk qichqirig‘ida, har bir nabiraning baxtli kulgisida G‘ani va Tojining omon qolgan ruhi yashaydi. Urush yulduzlarni so‘ndirishi mumkin edi, ammo u ona duosi bilan sug‘orilgan hayot va jasorat zanjirini uzishga ojizlik qildi. G‘alaba — faqat qurolning emas, balki mehr va pok zurriyotning davomiyligi edi.
Hayot karvoni o‘z yo‘lida davom etmoqda. G‘ani va Toji o‘zlari ko‘rmagan, biroq shirin jonlari evaziga sug‘orilgan mana shu nurafshon tongdan bugun ruhlari shod. Ular — yovuzlik zulmatini yorib chiqqan ilohiy mehrning timsoli, or-nomusini jonidan ustun qo‘ygan millatning abadiy zafaridir! Bu muqaddas tuproqning har zarrasida ularning nafasi bor. Ular biz bilan, ular oramizda — mangu barhayot, mangu muzaffar!
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport4 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Jamiyat5 days ago
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
