Connect with us

Jamiyat

O‘lim mashinalarini to‘xtatgan o‘zbek arsloni

Published

on


O‘sha yili kuz o‘zgacha keldi… Daraxtlar zaminga za’faron poyandoz to‘shab, mungli sukutga cho‘mgan. Bu manzara urushdan qoraxat olib, sochini yoygancha faryod chekayotgan musibatzada ona qiyofasini yodga solardi.

«Hamma narsa front uchun!» degan otashin shior qishloqlardan nafaqat yegulikni, balki odamlarni ham supurib ketgandek edi. Kuzning izg‘irin shamoli fayzli qo‘rg‘onlarning huzurini uchirib, yuraklarga beamon og‘riq soldi.

Shonazar otaning ko‘ksida necha kundirki bir tosh bor. Nimadir ayovsiz siqadi, erkin nafas olishiga yo‘l bermaydi. Go‘yo ilgarilari beqadr tuyulgan musaffo havo ham jang maydonlariga «safarbar» qilingandek… Bu achchiq azob jismidagi xastalikmi yo jigarbandlarining firoqidan tilingan qalb jarohatimi — anglolmaydi. Oti o‘chgur urush boshlanganidan beri otaning ko‘ziga uyqu inmay qoldi. Tunlar uzun, xayollar esa undan-da cheksiz. Bir mijja qoqsa bo‘ldi, qonli janglar va o‘g‘illarining siymosi namoyon bo‘laveradi.

Ikki arsloni — G‘ani bilan Toji frontda… Biri vazmin bo‘lsa, biri — olov! G‘anijon har bir gapini taroziga solib gapiradigan, mulohazali yigit edi. Ammo Toji… Tojining tomirida qon emas, go‘yo olov oqardi! Yigirma yoshida «Selpo»dek mas’uliyatli tashkilotda ta’minotchi bo‘lib ishlashi uning naqadar uddaburoligidan dalolat edi. Fe’lidagi shijoat, onasi Fotima momoga tortgan «katta gapliligi» unga alohida salobat berardi. Kuzatish chog‘idagi o‘sha xitobi haligacha otaning qulog‘ida jaranglaydi:

— Otajon, onajon, xavotir olmanglar! Shu nemisning kamida yuztasini yer tishlatmasam, qaytib kelmayman!

Fotima onaning ko‘z yoshlari duv-duv to‘kilar, «O‘zingni ehtiyot qil, bolam», degan iltijolari Tojining jangga bo‘lgan tashnaligi oldida ojiz qolardi. Onaizorning yuragi sezardi — bu shiddatli yigit o‘zini ayamay ajal domiga otishi muqarrar edi.

Ro‘zg‘orda yana uch o‘g‘il qoldi. Qozoq va Normurod oilali, Do‘stmurod esa hali bo‘ydoq. Shonazar ota va Fotima ona kelinlar va nabiralar bilan qolgan bo‘lsa, o‘g‘illar mehnat frontiga — zavodlarga jalb qilingan. O‘tgan hafta o‘g‘li Qozoq kelib ketdi. Bechoraning ko‘zlari kirtayib, bir ahvolga tushib qolgan ekan. Uydagi nabiralarning ahvoli ham bundan ortiq emas.

Ro‘zg‘orning barakasi frontning beamon ehtiyojlariga sovurilgan, dasturxonlarning fayzi ketgan. Har gal taomdan so‘ng Fotima ona fotihaga qo‘l ochishdan avval, dasturxon ustiga tushgan eng kichik non uvoqlarigacha misqollab, titroq barmoqlari bilan bittalab yig‘ib olib, kaftida yig‘ilgan o‘sha nimta ushoqlarni bolajonlarining og‘ziga tutadi.

Shu soatlarda, yer sharining narigi chekkasida — Germaniyaning Essen shahridagi serhasham, marmar ustunli hovlida boshqacha manzara hukm surardi. Kuz oftobida tovlangan bog‘ ichida jajji Hans erkalik bilan qushlarga don sochardi. Bu yerda urushning nahang og‘zi, ochlikning zaharli nafasi sezilmasdi. Oq nonning sara ushoqlari yerga sochilar, bu siylovlarga o‘rganib qolgan oq kabutarlar esa erinibgina don cho‘qirdi. Go‘yo qushlar ham bu xonadondagi to‘qchilikdan mudrab qolgandek edi. Kichik Hans qushlarning bu loqaydligidan ranjib, qo‘lidagi katta-katta non bo‘laklarini bog‘ning har tomoniga irg‘ita boshladi. U o‘z saxiyligi bilan kabutarlarni jalb qilmoqchi bo‘lar, nonning har bir bo‘lagi Shonazar otaning nabiralari bir hafta orzu qiladigan ne’mat ekanini xayoliga ham keltirmasdi.

Hansning otasi — baron Otto Germaniyaning Essen shahridagi eng yirik fabrikalar sohibi edi. Uning zavodlarida ishlab chiqarilayotgan temir-tersaklar, o‘q-dorilar ayni damda Shonazar otaning tinchini o‘g‘irlagan, o‘g‘illarini ajal domiga tortgan o‘sha mash’um urush mashinasini harakatga keltirayotgan tarmoqlardan biri edi. Bir tomonda uvoqqa zor bo‘lgan ko‘zlar, ikkinchi tomonda esa ushoqlarni yerga sochib o‘ynayotgan erka bolakay… O‘shanda natsizm zulmi chulg‘agan bu dunyoning adolati xuddi shu ushoqlar kabi sochilib ketgandek edi.

Ayni shu soatlarda Vermaxt qo‘shinlarini chekintirish uchun «Dnepr jangi»ning hal qiluvchi onlari boshlangan edi. G‘anijonlarning polki aynan o‘sha olovli nuqtada metin devordek turardi. Bir mahal nemis qo‘shinlarining navbatdagi hujumi boshlandi. Osmon go‘yo ikkiga bo‘lingandek bo‘ldi: boshi ustidan cheksiz snaryadlar vahshiyona uvillab, ajal urug‘larini socha boshladi. G‘anijonning yonginasida yerni titratgan kuchli portlash sodir bo‘ldi. Dunyo bir lahzaga ostin-ustun bo‘lib, atrofni qop-qora tutun va achchiq porox hidi qopladi. Shu topda uning xiralashayotgan ongu shuurida onasi Fotima momoning aytgan gaplari jarangladi: «Bolam, agar osmonda biror yulduz uchsa, demak, yerda kimdir omonatini topshirgan bo‘ladi…»

G‘anijon og‘riqdan yumilgan ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib, qon va tutun orasidan samoga tikildi. Osmonda esa yulduzlar emas, snaryadlar — odamzot yaratgan «sun’iy yulduzlar» uchmoqda edi. «Nahotki bularning bari mening yulduzlarim bo‘lsa? Nahotki osmon men uchun shuncha yulduzni qurbon qilsa?» — degan o‘y kechdi uning  xayolidan.

Xuddi shu soniyalarda, g‘amdan qaddi egilib anchadan buyon ko‘ksini ko‘tarmagan Fotima ona beixtiyor qaddini rostlab, qop-qora, sirli samoga nazar tashladi.Shu lahzada yuksaklikda bir yulduz uchdi. U go‘yo tig‘ bilan tilingan jarohatdek osmon bag‘rida uzun, qonli iz qoldirib, ufq qa’riga sho‘ng‘idi. Buni ko‘rgan onaning yuragi shuv etib ketdi, vujudiga sovuq bir vahshat o‘rmaladi. Bu oddiy tabiat hodisasi emas, balki jigarbandining uzilayotgan jonidan sovuq bir payg‘om edi…

Onaning nigohi hamon o‘sha yulduz yo‘qolgan nuqtada qotib qolgan, vujudini esa qismatning beomon sovuqligi qamrab olayotgan edi.

Baron Ottoning shinam kabinetida burqsiyotgan qimmatbaho sigara tutuni uning atrofida soxta bir orom pardasini yaratgandek edi. Biroq ushbu xira parda ortida yashiringan nigohlar naqadar muzlagan va ochko‘z tus olgan edi! U har gal tutunni ichiga simirganida, go‘yo frontdagi minglab insonlarning nafasini tortib olayotgandek edi. Uning ko‘zlarida insoniylikdan asar ham qolmagan, faqatgina fyurerning marhamati va yanada kattaroq boylik ilinjidagi hisob-kitoblargina aks etardi. Uning uchun inson hayoti shunchaki raqamlardan, urush esa boylik orttirish va fyurerning e’tiboriga tushish uchun bebaho imkoniyatdan iborat edi. Baron o‘z muhandislik dahosini va ajdodlaridan qolgan ulkan sarmoyasini yangi ajal mashinalarini yaratishga sarflarkan, ichida mash’um bir mamnuniyat tuyardi. Uning stoli ustidagi chizmalarida aks etgan yangi sovuq qurollar ertaga  Fotima onaning jigarbandlari singari kimningdir yulduzini yerga qulatishini xayoliga ham keltirmasdi. Ajdodlaridan meros qolgan baron unvonini va martabasini saqlab qolish, hatto uni yanada yuksaltirish ilinjida Otto vijdonini allaqachon qurbon qilib bo‘lgan edi. Uning nazarida omad unga soyabondek doim hamroh edi. Ammo bilmasdiki, u yaratayotgan o‘sha temir ajallar zanjiri bir kun kelib o‘z boshiga ham falokat bo‘lib qaytishi mumkin.Bir tomonda — farzandining joni uchun Xudoga yolvorayotgan, uvoq nonga zor bo‘lsa-da qalbi pok ona, ikkinchi tomonda — o‘zgalarning qoni evaziga martaba zinalaridan ko‘tarilayotgan, oltin qadahda sharob ichayotgan sovuqqon baron. Ottoning kabinetidagi chiroqlar nuri tobora yaltiroq nur olayotgan bo‘lsa, Fotima onaning osmonida  qorong‘ulik chukib, yulduzlar tobora so‘nib borayotgandek edi…

Onaning ko‘z o‘ngida so‘ngan o‘sha mash’um yulduz G‘anijonning fojiasidan darak bergan bo‘lsa, uning nursizlanib qolgan ko‘zlaridagi bor harorat va so‘nggi yorqinlik go‘yoki kenja arsloni — Tojining nigohlariga ko‘chgandek edi…

Minsk shahrini ozod qilish janglarida mislsiz jasorat ko‘rsatgan Toji endi urush taqdirini hal qiluvchi mashhur «Bagration» operatsiyasini amalga oshiruvchi saralangan guruh tarkibiga kiritildi.  Tojining dovyurakligi nafaqat safdoshlarini, balki har qanday odamga osonlikcha tan bermaydigan polk komissarining ham e’tiborini tortdi.

Nihoyat o‘sha kun keldi. Toji boshchiligidagi saralangan dovyurak askarlar guruhi, tun qorong‘uligini niqob qilib, ilk bor fashistlar uyasi — Sharqiy Prussiya tuprog‘iga qadam qo‘ydi. Bu shunchaki harbiy topshiriq emas, balki millionlab mazlumlarning qasos onlari edi. Ularning nishoni — Nemmersdorf qishlog‘i yaqinidagi temir yo‘l stansiyasi: bu yerda frontning qon tomirlarini qayta jonlantirishi kerak bo‘lgan ulkan qurol-yarog‘ zaxirasi shay turardi. Ayni shu daqiqalarda, Essenning sovuq va dim kabinetida baron Ottoning nigohlarida mash’um bir tantana jilva qilardi. Uning homiyligida, eng so‘nggi muhandislik dahosi bilan yaratilgan «olamshumul qurollar» — fyurerning so‘nggi umidi bo‘lgan «qasos qurollari» aynan o‘sha Nemmersdorfdagi vagonlarga ortilgan edi. Baronning chizmalarida yaltirab turgan o‘sha temir ajallar, endi tirik odamlarni kulga aylantirish uchun o‘z soatini kutardi. Biroq baron o‘z hashamati va sovuq hisob-kitoblari ichida bir haqiqatni anglamasdi: u yaratgan ajal mashinalarining ro‘parasida Pastdarg‘omning jazirama oftobida toblangan, oriyat va nomusni jondan aziz bilgan Toji va uning safdoshlari — irodasi po‘latdan qattiq jasur askarlar turibdi. Tojining nigohida baronning ko‘zlaridagi kabi sovuq ochko‘zlik emas, balki akasi G‘anijonning so‘ngan yulduzi uchun, onaizorining tunlar aro qilgan faryodi uchun qasos o‘ti yonardi. Uning uchun ro‘parasida tizilib turgan mash’um vagonlar shunchaki temir-tersak yoki harbiy o‘lja emasdi. U bu mash’um temir qafaslar ichida otasi Shonazar otaning ko‘ksini yillardan beri toshdek bosib kelayotgan o‘sha noma’lum yukni, Fotima momoning yuziga taram-taram bo‘lib tushgan, har biri bir iztirob tarixi bo‘lgan ajinlarni va urushning qonli changalida vayron bo‘lgan minglab qutlug‘ qo‘rg‘onlarning achchiq faryodini ko‘rayotgandek edi. Toji uchun bu zaxirani kul qilish — nafaqat dushmanning qaddini sindirish, balki xalqining yuragiga beamon qadalgan tig‘ni sug‘urib olish, millatning yarasiga malham qo‘yish bilan barobar edi. Tunning vahimali sukunatini parchalab, Tojining guruhi operatsiyani boshladi. Zaminni titratib yuborgan dahshatli portlash Nemmersdorf osmonini qonli shafaqqa bo‘yadi. Baron Ottoning yillar badalida ishlagan rejasi, fyurerning so‘nggi umidi bo‘lgan o‘lim sochuvchi temir mashinalarning kuli bir lahzada ko‘kka sovurildi.  O‘sha olovli girdob ichida nafaqat qurollar, balki baron kabi yirtqichlarning ochko‘z orzulari ham yonib bitayotgan edi.

Keyinchalik front taqdirini o‘zgartirib yuborgan bu ulkan g‘alabaning markazida oddiygina o‘zbek yigiti — Pastdarg‘om arsloni Toji Shonazarovning tengsiz jasorati turardi. Ammo, afsuski, bu olovli jang maydonidan Tojining na o‘zi, na jasadi qaytdi… U xuddi akasi G‘anijon kabi, yulduzga aylanib, samolarga singib ketgandek edi. Shonazar ota va Fotima onaning boshiga tushgan musibat tog‘dan ham og‘ir edi. Biroq taqdirning achchiq o‘yinini qarangki, «vafot etdi» degan sovuq hukmdan ko‘ra, «bedarak ketdi» degan noma’lumlik ularga tiriklik uchun so‘nggi ilinjni qoldirdi. Bu xabar go‘yo farzandining o‘limiga ishongisi kelmagan ota-ona uchun qoldirilgan umid darchasi edi. Fotima ona uzoq yillar davomida har bir tongni «Tojijon kelarmikan» degan umid bilan kutib oldi. Har gal eshik g‘irchillasa, ko‘zlarini tikilgancha: «Onajon, men keldim!» degan o‘sha qadrdon ovozni eshitishni orzu qilib yashadi.

…Oradan olti oy o‘tib, qismatning beayov charxpalagi baron Ottoning Essendagi hashamatli koshonasiga ham yetib keldi. Bir paytlar sigara tutuni ichida ochko‘zlik bilan chizmalar chizib, o‘zgalar o‘limidan boylik to‘plagan baron, endi o‘zi o‘sha qonli hisob-kitoblarning qurboniga aylandi. Uning kabinetiga bostirib kirgan sovet askarlarining qadamida nafaqat G‘anijonning qasosi, balki millionlab mazlumlarning haqi bor edi. Baron o‘z ish stoli ustida, yaratilgan ajal mashinalarining chizmalariga qoni tomgan holda jon taslim qildi. Uning so‘nggi umidi bo‘lgan yakkayu yagona farzandi — jajji Hans ham Britaniya havo kuchlarining bombardimoni ostida halok bo‘ldi. Baronning kibri va sovuq boyligi bilan qurilgan dunyosi xuddi sigara kulidek to‘zib ketdi — undan na nom, na zurriyot qoldi.

 Yillar o‘tdi. Jang izlari tuproqqa singdi. Qon hidi o‘rnini bahor isi egalladi. Urush Shonazar otaning ikki arslonini — G‘ani bilan Tojini yulduzlarga aylantirib olib ketgan bo‘lsa-da, bu qutlug‘ qo‘rg‘onning chirog‘i o‘chmadi. Qozoq, Normurod va Do‘stmurodlardan tarqalgan behisob farzandlar, cheksiz nabiralar bugun zaminni to‘ldirib yashamoqda. Har bir nabiraning o‘tli nigohida Tojining jasorati, har bir o‘g‘ilning vazmin qadamida G‘anijonning mulohazasi qayta jonlanadi. Bugun o‘sha xonadonda tug‘ilgan har bir chaqaloqning ilk qichqirig‘ida, har bir nabiraning baxtli kulgisida G‘ani va Tojining omon qolgan ruhi yashaydi. Urush yulduzlarni so‘ndirishi mumkin edi, ammo u ona duosi bilan sug‘orilgan hayot va jasorat zanjirini uzishga ojizlik qildi. G‘alaba — faqat qurolning emas, balki mehr va pok zurriyotning davomiyligi edi.

Hayot karvoni o‘z yo‘lida davom etmoqda. G‘ani va Toji o‘zlari ko‘rmagan, biroq shirin jonlari evaziga sug‘orilgan mana shu nurafshon tongdan bugun ruhlari shod. Ular — yovuzlik zulmatini yorib chiqqan ilohiy mehrning timsoli, or-nomusini jonidan ustun qo‘ygan millatning abadiy zafaridir! Bu muqaddas tuproqning har zarrasida ularning nafasi bor. Ular biz bilan, ular oramizda — mangu barhayot, mangu muzaffar!



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi

Published

on


Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.

O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. 

Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.

Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.

Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi

Published

on


Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.

Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.

Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.

Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.

Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.

Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.

Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi. 

Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.

Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.

Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.

Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.

Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?

Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.

Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.

Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.

Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham. 

Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.

Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…

Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.

Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi

Published

on


Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.

Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.

Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.

Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi

Published

on


Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.

Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.

Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.

Tadqiqot natijalariga  ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.

Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi

Published

on


U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.

Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.

Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.

Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.

Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.