Mahalliy
Oldindan to‘lovli uylar uchun shartnomaning “xavfli” bandlari yoxud “huquqiy hujjat” girdobi
Hozir uy olmoqchimisiz marhamat, agar mablag‘ingiz yetmasa bosh to‘lovni to‘lashingiz, shoshmayotgan bo‘lsangiz uy bitguncha kutishingiz mumkin. Ammo keyingi paytlarda ayrim fuqarolarimiz qurilayotgan uylar uchun oldindan to‘lov qilib uy bitmayotgani bo‘yicha murojaat qilayotgani, chala qolib ketganiga yarasha pulini qaytarib ololmayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Bunga asosiy sabablardan biri xaridor uyga to‘lov qilish uchun imzo qo‘yiladigan hujjat – shartnoma bandlarini yaxshilab o‘rganmasligi.
Advokatlik sohasida 10 yildan beri, huquq tizimida 17 yildan beri professional faoliyat bilan shug‘ullanayotgan advokat, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahridagi “OPIS” advokatlik byurosi rahbari Azamat Ashirbayev bizga bu haqda juda qiziqarli va foydali ma’lumotlarni berdi.
– Yangi qurilayotgan uylardan oldindan to‘lov qilib xonadon olayotganlar shartnoma shartlarini to‘liq tushunib imzo chekadi, deb ayta olasizmi? Amaliyotingizda eng ko‘p uchraydigan huquqiy xatolar qaysilari va bu xavflar nimalardan iborat? Yaqinda facebook sahifangizda o‘zingiz tanishib chiqqan ana shunday shartnomalardan birini tahlil qilgandingiz…
– Men tanishgan o‘sha hujjatda xavf shartnomaning birinchi sahifasidan boshlanganini ko‘rdim. Xaridor odatda uchta asosiy xatoga yo‘l qo‘yadi: birinchisi, narx kafolatlanmagan bo‘ladi. Qurilish materiallari kommunal to‘lovlari va hokazolar qimmatlashsa yoki maydon o‘lchami texekspertizadan keyin kattaroq chiqsa, kompaniya narxni oshirishi mumkin, kamroq chiqsa chegirma qilmaydi.
Bu har doim quruvchining manfaatiga ishlaydi. Ikkinchisi, qurilish kechiksa javobgarlik amalda yo‘q. Shartnomada kompaniyaga kechiktirish uchun bahona ko‘p, lekin xaridorga kompensatsiya deyarli ko‘zda tutilmagan, bo‘lsa ham 0,01-0,05 foizgacha belgilangan bo‘ladi.Uchinchidan, to‘lov kechiksa, katta jarima va shartnomani bekor qilish xavfi bor. Ya’ni xaridor bir kun kechiksa 0,5 foiz penya to‘laydi va bu juda katta miqdor, ikki oy kechiksa shartnomani bir tomonlama kompaniya bekor qiladi – bu ham faqat quruvchi foydasiga xizmat qiladi. O‘sha shartnomada yengil shartlar quruvchining, katta tavakkal va og‘ir majburiyatlar xaridorning zimmasida ekanligini ko‘rdim. Demak. asosiy xavf shartnoma muvozanatsizligi.
– Qurilish shirkatlari tayyorlaydigan shartnomalarda “mayda” deb qaraladigan, lekin keyin katta muammoga aylanadigan bandi qaysilar? Ya’ni, xaridor shartnomaga imzo qo‘yishdan oldin qaysi bandlarga shubha bilan qarashi kerak?
– “Mayda” ko‘ringan, lekin keyin katta muammoga aylanadigan bandlar odatda quyidagilar: narxning oshishi mumkinligi, qurilish muddati cho‘zilganligi uchun qurilish shirkatlarida haqiqiy javobgarlik yo‘qligi, oylik to‘lov kechiksa, xaridorga katta jarima va shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqi faqat quruvchiga berilgani, uyni qabul qilib olish bo‘yicha qat’iy majburiyat faqat xaridorda borligi, quruvchida esa topshirishda talablar yo‘qligi. Qolaversa, mijoz to‘lagan mablag‘ (xaridor tomonidan ulushdor sifatidagi oylik to‘lovlar) qayerga sarflanishi ustidan nazorat yo‘q, ya’ni bu pullarni cheklovlarsiz tasarruf etish shartnomada ko‘rsatilganligi – amalda ulushdor pulini quruvchiga istagan usulda va joyga sarflashiga roziligini berib qo‘yganligi. Qisqasi, shartnomadagi arzimas tuyulgan bandlarning aksari keyinchalik xaridor uchun katta moliyaviy yuk va huquqiy muammoga aylanishi mumkin.
Imzo qo‘yishdan oldin xaridor eng avvalo, quyidagi bandlarni sinchiklab o‘qishi kerak, chunki aynan shu joylar eng katta xavfni hali sotuv ofisidan chiqib ketmasidanoq paydo qiladi. Bular yuqorida aytganimdek, narx o‘zgarishi mumkin bo‘lgan – “material qimmatlashsa”, “maydon boshqacha chiqsa”, “texnik o‘lchov qayta hisoblansa” kabi bandlar keyin katta qo‘shimcha to‘lov degani.
Ob’yekt parametrlari noaniq bo‘lishi, ya’ni blok, pod’yezd, metr², qavat aniq yozilmagan shartnomani imzolash o‘z-o‘zini xavfga qo‘yish bilan barobar.
– Ko‘pchilik notariusga ishonib shartnomani imzolaydi. Amalda notarius qaysi xatolar uchun javob bermaydi?
– Notariusning vazifasi – shaxsni aniqlash va imzoni tasdiqlash, xolos. U shartnoma mazmunini tahlil qilmaydi, taraflarning manfaati qay darajada himoyalanganini tekshirmaydi.
Notarius yuridik ekspertiza bilan shug‘ullanmaydi. U shartnomaning adolatli yo adolatsizligini tekshirmaydi. Shuning uchun “notarius bor-ku” degan ishonch – eng katta adashishlardan biri. Juda ko‘p holatlarda esa shartnoma ikki taraflama tuzilib, u notariusdan tasdiqlanishi talab qilinmaydi.
– Siz ko‘rib chiqqan shartnomada qurilish muddati kechikishi bo‘yicha kompaniya javobgar degan band bormi? Agar yo‘q bo‘lsa, xaridor to‘lov qilib na uyni, na pulni qaytarib ololmay qolish xavfi qay darajada?
– Men ko‘rib chiqqan shartnomada qurilish muddati kechiksa kompaniyaning aniq, qat’iy javobgarligi belgilanmagan, bor-yo‘g‘i 0,04 foiz penya ko‘zda tutilgan. Lekin, “Davlat organlari talab qilib qolsa”, “loyiha o‘zgarsa”, “qo‘shimcha talablar yuzaga kelsa” degan bahonalar orqali muddatni osongina uzaytirish imkoni berilgan va bu bilan o‘sha arzimas penyani to‘lashdan ham qutilib qoladi. Shuning uchun xaridor uchun xavf juda yuqori – u to‘lovni o‘z vaqtida to‘laydi, lekin qurilish 6 oyga emas, 1-2 yilga ham kechikishi mumkin va bunda kompaniyadan real kompensatsiya olish mexanizmlari yo‘q.
– Shartnomada sifat past bo‘lsa ham ma’lum kun ichida xonadonni qabul qilish talabi borligi haqiqatan ham xaridor zarariga ishlaydimi?
– Ha, bu ikki band – xaridor uchun eng katta xavfli mexanizmlardan hisoblanadi. Yuqorida tahlil qilingan shartnomada to‘lov kechiksa – (har kuni 0,5 foiz to‘lanmay qolgan qismidan emas), shartnoma summasidan jarima, agar ikki oy kechiksa – kompaniya shartnomani bir tomonlama bekor qilishi mumkin, 10 foiz to‘langan pulidan jarima tariqasida ushlab qoladi. Va qolgan pulni 30 kun ichida qaytarib berish majburiyatini zimmasiga oladi, ana endi agar o‘sha 30 kundan keyin ham qaytarmasa, har bir o‘tkazib yuborilgan kun uchun, diqqat qiling 0,01 foiz penya to‘lash majburiyatini oladi, bu nima degani, tushunarli bo‘lishi uchun aytaman, deylik, quruvchi xaridorga 100 million so‘m pulini 30 kun ichida qaytarish majburiyatini olgan, agar 30 kunda qaytarmasa, bir kunlik penya 10 ming so‘m, bir oyligi esa 300 ming so‘m, juda oz va qulay-a? Axir ushbu pullarni quruvchi egasiga bermasdan “aylantirib” tursa, bir yiliga 3,65 foiz penya to‘laydi, xolos. Ayting-chi qaysi bankdan bunaqa shartlarda kichkina foizga kredit olish mumkin?
Yana, xonadondan kamchilik topilsa ham xaridor uyni 10 kun ichida qabul qilib olishi shart, bu yerda qanday holatda topshirish aniq ko‘rsatilmagan, ya’ni nuqsonlari bor, sifatsiz ta’mirlangan bo‘lsa, zaruriy santexnik jihozlar o‘rnatilmagan, svet, suv, gaz ulanmagan va ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa xaridorning himoya mexanizmlari yo‘q, qabul qilmasa – “ayb xaridorda” deb hisoblanadi. Bu nimaga olib keladi? Xaridorning moliyaviy xavfini keskin oshiradi. Bir-ikki kun kechikishda ham katta qarz yuzaga keladi. Kompaniyaga keng imkoniyat, xaridorga bosim beradigan mexanizm yaratiladi. Chunki har kuni jarima ishlar ekan, xaridor bahsli nuqsonlarni ham “mayli, kamchiliklar keyin tuzatilar” deb uyni qabul qilib oladi, oqibatda sifatsiz uyga ega bo‘lish xavfi oshadi.
– Shartnomada tushgan pullar kompaniya tomonidan qanday ishlatilishi mumkinligi qayd etiladimi?
– Agar shartnomada kompaniyaga tushgan pullar “cheklovsiz ishlatilishi mumkin” deb yozilgan bo‘lsa, bu degani – xaridorlarning puli aynan shu uy qurilishiga sarflanishi shart emas. Kompaniya pulni boshqa ob’yekt qurilishiga, qarzlarni yopishga, o‘zining operatsion xarajatlariga yo‘naltirishi mumkin.
Bu band eng katta xavflardan biri, chunki qurilish to‘xtab qolishi ehtimoli keskin oshadi. Agar pulni boshqa loyihalarga sarflab yuborishsa, bu ob’yektda mablag‘ yetishmasligi yuzaga keladi va qurilish sustlashadi yoki umuman to‘xtaydi. Xaridorning pullari mutlaqo himoyasiz qoladi. Uy bitmasa ham, qaysi pul qayerga sarflanganini so‘rab bo‘lmaydi – chunki shartnomaning o‘zi kompaniyani himoya qiladi. Kompaniya bankrot bo‘lib qolsa pulni qaytarishning amalda deyarli imkoni yo‘q. Chunki mablag‘lar aniq bir ob’yektga bog‘lanmagan, ular “erkin sarflangan” hisoblanadi. Men o‘rgangan shartnomada aynan shu band bor – bu esa qurilishning uzoqqa cho‘zilishi yoki to‘xtab qolish xavfini oshiradi.
– Qurilish kechiksa yoki sifat kutilganday bo‘lmasa, xaridor amalda nimani talab qilishga haqli? Shartnomada narx, muddat yoki javobgarlik masalasi noaniq yozilgan bo‘lsa, bu hujjatni qayta muhokama qilish imkoniyati bormi?
– Agar shartnomada muddat, sifat yoki javobgarlik aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, xaridor qonuniy ravishda kompaniyadan qurilishni belgilangan muddatda tugatishni, sifat kamchiliklarini bepul bartaraf etishni, kechikish uchun penya yoki zararni qoplashni talab qilishga haqli. Lekin yuqoridagi shartnoma kabi holatlarda, bandlar juda noaniq yozilgan bo‘lsa, kompaniya deyarli javobgar bo‘lmaydi. Bu esa xaridorning huquqiy talablarini amalda kuchsiz qilib qo‘yadi. Shartnomada narx, muddat yoki javobgarlik bo‘yicha aniqlik bo‘lmasa, xaridorning hujjatni qayta muhokama qilish huquqi bor, lekin kompaniya rozi bo‘lmasa – bu huquq amalga oshmaydi. Sababi imzo qo‘yilganidan keyin shartnomani bir tomonlama o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shuning uchun har qanday noaniq band imzo qo‘yishdan oldin aniq va xaridor manfaatiga mos qilib qayta yozilishi shart.
– Yangi qurilayotgan uy uchun oldindan to‘lov qilgan shaxs o‘zini to‘liq himoya qilmoqchi bo‘lsa, shartnomada qaysi bandlar mutlaqo aniq va o‘zgarmas qilib belgilab qo‘yilishi shart? Qurilish kompaniyalari shartnomani o‘qishga vaqt bermasa, xaridor qanday yo‘l tutishi kerak? Huquqshunos bilan maslahatlashish joizmi?
– Uyga oldindan to‘lov qilgan shaxs o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lsa, shartnomada quyidagi bandlar aniq, ochiq va o‘zgarmas bo‘lishi shart, ya’ni: narx “qimmatlashsa oshadi”, “maydoni o‘zgarsa qayta hisoblanadi” kabi noaniqliklar bo‘lmasligi kerak. Qurilish muddati – aniq sana, kechiksa qancha kompensatsiya to‘lanishi ham yozilishi shart. Topshirish sifati – “pod klyuch”mi, “korobka”mi – barchasi mayda detalgacha ko‘rsatilishi kerak.
Kompaniyaning javobgarligi – kechiktirsa yoki sifat past bo‘lsa, real penya va kompensatsiya mexanizmi bo‘lishi kerak. Pulni qaytarish tartibi – shartnoma bekor bo‘lsa, pul qachon va qanday qaytarilishi aniq yozilishi lozim. Agar bu bandlar noaniq bo‘lsa, xaridor amalda himoyasiz qoladi.
Kompaniya shartnomani o‘qishga vaqt bermasa – buning o‘zi xavf signali. Xaridor shartnomani uyga olib ketib o‘qib chiqishni talab qilishi, muddatsiz, bosimsiz qaror qabul qilishga harakat qilishi kerak. Kompaniya “hozir imzo qo‘ymasangiz, xonadon boshqasiga ketadi” deyish – huquqiy emas, marketing bosimi xolos.
Huquqshunos bilan maslahatlashish masalasiga kelsak, ha, bugungi amaliyotda shart desa ham bo‘ladi. Sababi oddiy, shartnomalarni kompaniya yozadi va barcha holatda ularning manfaatiga xizmat qiladi. Odam 300-500 million to‘layapti, lekin 30-40 daqiqa yurist maslahatiga vaqtini va mablag‘ini tejaydi, eng katta xato mana shu. Bir marta tekshirtirish – bir necha yillik muammoning oldini oladi.
Xo‘sh, savol tug‘iladi, xonadon uchun bosh to‘lovni to‘lagan mijoz shuncha xavfni bo‘yniga oladi, iste’molchini kim himoya qiladi, degan tabiiy savol tug‘ilishi aniq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi PF-11-sonli farmoni aynan shunday noaniqliklarni bartaraf etish uchun imzolangan. Unga ko‘ra, endi ulushli qurilish faqat qat’iy qoidalar asosida amalga oshiriladi: shartnomalar notarial tuziladi, kadastrda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va xaridor to‘lagan barcha pullar faqat bankdagi eskrou (xaridor puli bankda vaqtincha bloklanib turiladigan maxsus hisob) hisobiga tushadi. Quruvchi bu pullarni qurilishni tugallanmaguncha va xaridor uyni qabul qilib olmaguncha tasarruf eta olmaydi.
Farmonga ko‘ra, qurilish kompaniyasi avval o‘z mablag‘ining kamida 30 foizini sarflashi shart, xaridor puli esa ta’qiq yoki boshqa da’volardan himoya qilinadi. Qurilish 6 oydan ko‘proq kechiksa, xaridor shartnomani bekor qilib, pulini to‘liq qaytarib oladi. Kechikishlar uchun majburiy jarimalar belgilangan.
Elektron platforma joriy etilib, unda ob’yektning barcha ma’lumotlari, qurilish holati va hujjatlari ochiq ko‘rsatiladi. Unga kiritilmagan ob’yektlar bo‘yicha notariuslar va davlat organlari biror harakatni amalga oshirmaydi. Noqonuniy qurilishlar va “kvadrat metr sotish” bahonasidagi firib sxemalari to‘liq barham topadi. Bu Farmon qurilish bo‘yicha mas’ullarning mas’uliyatini oshiradi, pul aylanmalarini shaffof qiladi va xaridor xavfini minimallashtiradi, deyarli yo‘qqa chiqaradi. Sud amaliyotida ham ulushli qurilishga oid nizolarni hal qilishda asosiy manbaga aylanadi: pulni qaytarish, zararni undirish, kechikishlar uchun jazo va meros masalalari uchun aniq huquqiy mexanizmlar yaratiladi.
Umuman, PF-11 uy-joy bozorini tartibga soluvchi eng muhim hujjat bo‘lib, xaridor uchun himoya, qurilish uchun shaffoflik, davlat uchun nazoratni ta’minlaydi.
Shunday ekan, uy olish niyatida yurganlarga 2026-yil 1-yanvargacha sabr qilib turishlarini va undan keyin bemalol shu farmon shartlariga ko‘ra, uyni xarid qilishlari mumkinligini bilib qo‘yishlarini istardim.
Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi
Mahalliy
Maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi belgilandi.
Adliya vazirligi Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3819, 16.04.2026-y.).
Nizomga ko‘ra, maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi.
Xususan, ular korreksion pedagogika va defektologiya yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi hamda o‘quvchilarning ehtiyojiga mos maxsus metodikalarni (imo-ishora tili, Brayl alifbosi, nutq nuqsonlarini bartaraf etish usullari) bilishi shart.
Hujjatda dars soatlarini taqsimlashning ustuvor tartibi ham belgilandi.
Unga ko‘ra, dars yuklamalari avvalo malaka toifasi yuqori bo‘lgan, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga beriladi.
Shuningdek, 1 pedagog uchun yuklama odatda 0,5 stavkadan kam va 1 stavkadan ortiq bo‘lmasligi, ayrim holatlarda esa 1,5 stavkagacha ruxsat etilishi nazarda tutilgan.
Nizom bilan tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish, ko‘rib chiqish va tasdiqlashning aniq muddatlari belgilandi.
Jumladan, dars soatlari 17-sentabrga qadar elektron tizimga kiritiladi, 25-sentabrga qadar esa vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Mahalliy
Rektor lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha dastur yo‘lga qo‘yiladi – Hukumat qarori
Vazirlar Mahkamasining joriy iyl 16-apreldagi «Yangi O‘zbekiston» universitetida «Rektorlar maktabi» dasturini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 177-son qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha «Rektorlar maktabi» dasturi (Dastur) yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
Dastur doirasida quyidagi mezonlarga mos keluvchi shaxslar ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi:
30 yoshga to‘lgan;
kamida magistr akademik darajasiga ega;
oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan .
Dastur tinglovchilarida quyidagi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar rivojlantiriladi:
akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv;
sun’iy intellekt va raqamlashtirish;
strategik boshqaruv va transformatsiya .
Dasturning o‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) va ishlab chiqarishdan ajralgan holda (offlayn) 6 oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.
Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
Dastur yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti (AQSh) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi.
Mahalliy
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari sanasi e’lon qilindi
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
2025–2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Imtihonlar jadvali quyidagicha:
9-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 1- iyun
Matematika — 4-iyun
O‘zbekiston tarixi — 8-iyun
Jismoniy tarbiya — 1–6-may
11-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 2-iyun
Matematika (asosiy / chuqurlashtirilgan) — 5-iyun
O‘zbekiston tarixi — 9-iyun
11-sinf — tanlov fanlar (barcha bitiruvchilar uchun majburiy):
Fizika, kimyo, biologiya, geografiya, davlat huquq asoslari, ona tili va adabiyoti (qardosh tillar), tet tili — 12-iyun va 15-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
(O‘quvchi 2 ta tanlov fan tanlaydi: 1-fan 12-iyunda, 2-fan 15-iyunda o‘tkaziladi)
Mahalliy
Agrar universitetda 3 yillik ta’lim joriy etiladi
Prezidentning 2026-yil 11-apreldagi qaroriga muvofiq, Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab agrar oliy ta’lim muassasalarida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha 3 yillik ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Hujjatda 2030-yilga qadar universitetni xalqaro reytinglarning top-500 taligiga kiritish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hajmini 3 baravarga oshirish va akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar sonini 4 baravar ko‘paytirish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, yangi ta’lim modeli nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, talabalarni bozor talablariga mos kadr sifatida tayyorlash maqsad qilingan.
Yangi tizimga ko‘ra, o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich amaliyotga yo‘naltiriladi. Birinchi kursda darslarning 60 foizi nazariy, 40 foizi amaliy bo‘ladi.
Ikkinchi kursda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tenglashtirilib, har biri 50 foizni tashkil etadi. Uchinchi kursda esa asosiy e’tibor amaliyotga qaratilgan bo‘lib, 70 foiz amaliy, 30 foiz nazariy darslardan iborat bo‘ladi.
Bundan tashqari, yuqori kurs talabalari uchun o‘qish jarayonidan ajralgan holda 4 oylik uzluksiz dual ta’lim joriy etiladi.
Qarorda universitetning xalqaro nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, xalqaro reyting tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va ta’lim sifatini global standartlarga moslashtirish rejalashtirilgan.
Ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish orqali universitetning moliyaviy barqarorligini oshirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Mahalliy
Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tuziladi
Ilm-fan salohiyati yanada oshiriladi. «Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni (PF–58-son, 10.04.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida «Study in Uzbekistan» platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar ta’limning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Quyidagilar tashkil etiladi:
– Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi;
– Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
-
Sport5 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Sport3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar, yevro va funt-sterling pasaydi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oktyabrdan jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi tartib joriy etiladi
-
Siyosat5 days agoHindiston kompaniyasi Namangan viloyatidagi loyihaga 50 million dollar sarmoya kiritdi
