Connect with us

Jamiyat

ochlik va urush dahshati haqida g‘azoliklar hikoyasi

Published

on


G‘azoda urush boshlanganiga 686 kundan oshdi. Bu vaqt oralig‘ida bombardimonlar, ocharchilik, talonchilik va tibbiy yordam yetishmovchiligi oqibatida 63 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Ayni vaqtda bo‘lmada millionlab insonlar oziq-ovqat, toza suv va xavfsiz boshpanadan mahrum holda kun kechiryapti, bolalar esa ochlikdan qiynalib, rivojlanishdan to‘xtab qolyapti. Dorilar va tibbiy asbob-uskunalar tanqis, jarohatlanganlarni davolash uchun sharoit nolga teng. Kun.uz muxbiri uyiga bomba tushishi oqibatida 8 nafar farzandi yonib ketgan, 50 nafar qarindoshi borbardimon paytida birdaniga vafot etgan, portlash vaqtida eshitish va ko‘rish qobiliyatidan ayrilgan g‘azoliklar bilan suhbatlashdi. Respondentlar urushning ilk kunlari, notinch vaziyatda qanday hayot kechirgani va O‘zbekistonda ularga ko‘rsatilgan yordam haqida gapirib berdi

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

G‘azo shahrining markazida rafiqasi va 6 nafar farzandi bilan farovon yashagan Mahmud Naim urush boshlanganidan keyin dahshatli kunlarga guvoh bo‘ldi. Urushning dastlabki kunlarida u joylashgan hudud nisbatan tinch bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinroq uning mahallasiga ham bombalar yog‘ila boshladi. Portlash vaqtida Mahmud Naim yerto‘laga qochishga ulgurmay, og‘ir jarohat oldi, quloqlari eshitmay qolib, oyoq va belining ichki tomoni jiddiy shikastlandi. Shifoxonada davolanish vaqtida ham urush tahdidlari davom etdi, oxir-oqibat u avval Misrga, so‘ngra O‘zbekistonga jo‘nab, bir necha oy davomida sog‘lig‘ini tiklashga majbur bo‘ldi.

Mahmud Naim Habush:

“G‘azo markazidagi gavjum hududda yashardim. Urush boshlanishidan oldingi hayotim farovon bo‘lgan: bozor va supermarketlarda savdo qilar, tadbirkorlarga xomashyo yetkazib berardim. 5 xonali uyim bor, oilamning rizqi but, hammasi go‘zal edi. U yerda rafiqam va 6 nafar farzandim bilan istiqomat qilardik.

Urushning dastlabki 10 kunini yaxshi eslayman. O‘sha kunlarda bizning hudud nisbatan tinchroq edi, hali bomba bizgacha yetib kelmagan, bombardimonlar avjiga chiqmagandi. Ammo shunga qaramay, ko‘plab ishxonalar yopilgan, hayot asta-sekin to‘xtab borardi.

Esimda, bir kuni do‘konga bordim va qo‘limdagi bor pulimga oilam uchun oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oldim. Yo‘lda juda ehtiyotkorlik bilan qaytardim. U yerdagi ko‘ngilni xira qiluvchi manzara hanuz yodimdan chiqmaydi: joni uzilgan, lekin hali ko‘milmagan murdalar yo‘laklarda yastanib yotardi. Havoda ham, ko‘chada ham o‘lik hidi anqib turardi.

Urushning 11-kuni esa biz uchun dahshatli burilish bo‘ldi. O‘sha kuni mahallamizga birinchi marta bombalar yog‘ildi. Odatda, bunday holatda g‘azoliklarning jon saqlash yo‘li uylarining tagidagi yerto‘laga yashirinib olish bo‘ladi. Bombardimon ovozi eshitila boshlagach shoshilib, hovlimizdagi narsalarni yig‘ishtirdim-u, uyga tashidim. Lekin… lekin o‘zim bomba yonimga kelib tushguncha yerto‘laga qochishga ulgurmadim… butun boshli mahallamiz portlab ketdi…. Quloqlarim bomba ovozidan bitib, eshitmay qoldim… oyog‘im va belim ichki tomondan jiddiy jarohat oldi. Ko‘z o‘ngimda osmon yorildi, yer larzaga keldi… bombaning bir bo‘lagi boshimga tegib, hushimdan ketdim. Shundan keyin nimalar bo‘lganini yaxshi eslolmayman.

Ko‘zimni ochganimda allaqachon shifoxonada edim. Meni G‘azoning mashhur “Ash-Shifo” kasalxonasiga joylashtirishdi. U yerda bir necha kun davolandim. Ammo ko‘p o‘tmay, Isroil askarlari shifoxonani qurshab olishdi. Tahdidlar, bosimlar boshlandi. Shifoxona mudiri yonimga kelib: “Agar shu yerda qolsangiz, keyingi hayotingiz nogironlikda o‘tadi. Sizni Yevropaga, tibbiy xizmat yaxshiroq ko‘rsatiladigan joyga yuborishimiz kerak”, dedi.

Ammo afsuslar bo‘lsinki, Yevropaning eshiklari biz uchun yopiq edi. Oxirgi imkoniyat sifatida men Misr chegarasiga yo‘l oldim. U yerda meni uzoq davolashdi. Bir necha oy davomida kuchli og‘riqlar bilan yashab, asta-sekin oyoqqa tura boshladim. Sog‘ayganimdan so‘ng, shifoxonadan chiqib, oddiy bir mehmonxonaga joylashdim.

Oradan ko‘p o‘tmay, Misr Sog‘liqni saqlash vazirligidan vakillar kelib: “Sizning oldingizda bir qancha mamlakatlarga chiqish imkoniyati bor, qaysi birini tanlaysiz?” deb so‘rashdi. Ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor edi. Internetdan mamlakatingiz haqidagi ma’lumotlarni izladim. Bu yurt aholisining asosiy qismi musulmonligini bilganimdan so‘ng, “demak, u yerda men o‘zimni begonadek his qilmayman, qadriyatlarimga mos odamlar orasida kuch kechiraman”, degan maqsadda O‘zbekistonga yuborishlarini so‘radim”, – deydi u.

12 nafar farzandni dunyoga keltirgan Fotima Saloh urush boshlanishi bilan barcha narsasini yo‘qotdi. Uyiga bomba tushib, hovlisi, mashinasi, dorixonasi vayron bo‘ladi. Eng og‘ir azob esa farzandlaridan ayrilish edi: uning sakkiz nafar dilbandi va uch nafar nabirasi portlashda vafot etadi. Har kuni u ularning yo‘qligini eslab yig‘lashini ta’kidlaydi.

Abu Majda Atayya:

“G‘azoning shimolida joylashgan Shayx Radvonda yashardik. 7 oktyabr kuni bizga “Uyingizni tark etinglar”, deb dronlardan xat tashlashdi. Majbur bo‘lib boshqa o‘g‘limning uyiga bordim. Uch oycha shu yerda yashadik. Ocharchilik boshlandi. Har kuni bomba, bomba, bomba… Ertalabdan kechgacha faqat portlash ovozi. Ovqat bo‘lsa yerdik, bo‘lmasa och qoringa uxlardik. Hatto kimdir bizdan ovqat so‘rab kelsa ham, “yo‘q” deyishga majbur bo‘lardik. Aks holda o‘zimiz och qolib ketardik.

Bir kun yashayotgan uyimizni portlatishdi. Men chetroqda edim. Farzandlarim esa uyning narigi burchagida. O‘shanda ularning 8 nafari birvarakayiga vafot etdi. Portlashdan keyin hamma har tarafga sochilib ketdi: kimdir chalajon bo‘lib, tanasi yaralangandi, kimdir joyida o‘ldi. Tibbiy yordam juda kech keldi… 10 daqiqaga yetmay hammalari jon taslim qilishdi. Hovlimiz, mashinamiz, dorixonamiz birdaniga portlab ketdi… bir zumda hamma narsamiz kulga aylandi. Uch nafar nabiramdan ham ayrildim. Ikkinchi qizimning atigi 9 oylik chaqalog‘i bor edi… yana bir o‘g‘lim endigina ikki marta universitetga borishga ulgurgandi… eh, har kuni yig‘layman… farzandlarimni sog‘inib yashayapman. Ular o‘ldi… ular bilan men ham birga o‘ldim, tanam tirik xolos. Ularning hammasi endi yo‘q…

Farzandlarim besh kun ko‘zim oldida hovlida hattoki oq surpga o‘ralmagan holda yotishdi. Har kuni ertalab turib, yig‘lab-yig‘lab ichkariga kirib ketardim. Besh kun yordam kelishini kutdim… lekin hech kimdan najot topilmadi. Keyin amakisi o‘sha joyni tozalab, yerni kovlab, hammasini bir joyga ko‘mdi. Shunga majbur bo‘ldik, boshqa ilojimiz yo‘q edi. Ko‘chaga chiqish mumkin emas, yo‘laklarda ham o‘liklar yotardi.

Har safar bomba tushganda ovoziga qulog‘imiz shang‘illab, bitib qolardi. Bir kun bizning yashash joyimizga yaqinroq hududda portladi. Ovoz shunchalik baland ediki, qulog‘im kar bo‘lib qoldi, belim qotib, tishlarim ham to‘kilib tushdi. Tibbiy yordam deyarli bo‘lmadi. Chegara ochilganda, tibbiy yordamga muhtojlikni tasdiqlovchi hujjat bilan G‘azodan chiqib ketdim”, – deydi Majda Abu Atayya.

Respondentlarning aytishicha, G‘azoda ayni vaqtda odamlar ochlik va talonchilik avjiga chiqqan sharoitda yashamoqda. Gumanitar yordam yetib kelsa ham talonchilar oziq-ovqat va resurslarni kuch ishlatib tortib oladi, natija ko‘p mahsulot oddiy fuqarolargacha yetib bormaydi. Shu sababli non va unning narxi misli ko‘rilmagan darajada oshgan: bir dona non $30, bir kilo un esa $100 dan qimmat bo‘lib ketgan, deydi ular.

Fotima Saloh:

“Biz urushda “jahannamdan ham battar” kunlarni ko‘rdik. Payti kelib, ochlikdan yerdagi o‘simliklarni ham yedik. Eng yomon holat – kechqurun hammamiz uxlaganimizda qo‘rquvdan uyqu bo‘lmasligi edi. Chunki ko‘z o‘ngimizda bolalarni otib tashlashardi, odamlarni pichoqlashardi. Qo‘lida oxirgi nonini yeb o‘tirgan odamdan yemishini tortib olib, o‘ldirishardi. Uylarimizga bomba tashlanardi. Daraxt, barg, o‘t – nima bo‘lsa ham odamlar ochlikdan shularni yeb kun ko‘rardi. Hozir u yerda na daraxt, na barg, na o‘t qolgan. Yashillik bombalar ta’sirida yo‘qolib ketgan.

Shularni eslashning o‘zi qiyin, gapirib berish undan ham qiyin… Bizning bir nechta uyimiz bor edi, hozir hech biri yo‘q. Shaharda na maktab, na bog‘cha, na markazni ko‘rasiz – hammasi vayron qilindi. Bolalarning kelajagini, hayotini tortib olishdi. Bu – biz uchun eng og‘ir dard. O‘sha paytlarda biz deyarli tiriklayin o‘ldik.

Hozir u yerdagilar qanday yashayotganini tasavvur ham qila olmaysizlar. Ular yashashni emas, o‘lishni orzu qilishadi. Shahid bo‘lib ketishni istashadi. Ochlikdan o‘lish eng og‘ir azob. U azoblarni bu yerda o‘tirib tasvirlab berish juda qiyin”, – deydi u.

Mahmud Naim Habush:

“Ijtimoiy tarmoqlarda G‘azo haqida yozilayotgan xabarlarni deyarli o‘qimaslikka harakat qilaman. Chunki bu men uchun chidab bo‘lmas darajada og‘ir. O‘sha yerda, ya’ni uyimizda, urush o‘chog‘ida ayolim va uch nafar farzandim qolgan. Ularni o‘ylash yuragimni o‘yib yuboradi. Ko‘zimni yumsam ham, ochsam ham faqat bir savol aylanadi: “hozir ular tirikmikan? Bombalar ostida qanday kun kechiryaptikan?” Haa… shunday iztiroblar bilan tong ottiraman. Ba’zan butunlay uxlay olmayman, shuning uchun yotishdan oldin uyqu dorisi ichaman. Balki uzoqroq uxlasam, bir necha soatga bo‘lsa ham dardimni unutarman, yuragimdagi og‘irlik yengillashar degan maqsadda.

Xabarlarni ko‘rmayman, yangiliklarni o‘qimayman. Faqat oilamdan keladigan qisqa qo‘ng‘iroqlarga umid bilan yashayman. G‘azoda internet juda yomon ishlaydi, ko‘pincha 2–3 kunda bir marta zo‘rg‘a ulana olaman. U ham uzoqqa cho‘zilmaydi, atigi 5-10 daqiqa atrofida. U yerda odamlarga internetni kuniga 20 daqiqagacha berishadi. O‘sha qisqa lahzalarda bolalarimning ovozini eshitishga omad kulsa ulguraman, bo‘lmasa, dardimni ichimga yutib, kutishda davom etaman.

Hozirgi kunda G‘azoda och qolish eng katta muammolardan biriga aylandi. U yerda ayni vaqtda jon saqlayotgan odamlarning qo‘lidan keladigan yagona narsa — kutish. Kimdandir yordam kutish, taqdiridan yaxshilik kutish… Ba’zida askarlar gumanitar yordam olib kelib berishadi. Ammo ko‘chalardagi qurolli guruhlar, ochlikdan devonavor bo‘lib qolgan odamlar, ayniqsa, talonchilar gumanitar yordamni oddiy fuqarolar qo‘lidan yo‘lda yulvolib olib qo‘yishadi – xohlasa urib, xohlasa o‘ldirib….Shuning uchun xonadonlargacha oziq-ovqat har doim yetib bormaydi.

Bolalar suv yoki bir parcha non uvog‘ini yeb uxlashga majbur. Bu manzarani tasavvur qilsam, tomog‘imdan hech narsa o‘tmaydi. Ba’zan bir qoshiq ham ovqat yeyolmay o‘tirib qolaman, o‘ylasam, tomog‘imga suyak tiqilgandek bo‘laveradi… Tanam bu yerda, ammo butun borlig‘im, hayolim, aqlim va qalbim — G‘azoda. Oila a’zolarimning ochlikdan qiynalayotgani, qo‘rquv va iztirobda yashayotgani meni har kuni ich-ichimdan parchalaydi.

Chodirlarda yashayotgan odamlar talonchilarning qo‘liga tushib qolmaslik uchun yer ostidan joy qazib olishgan. Ular kelayotganini ko‘rishsa, hamma tezda yer tagiga tushib ketadi, ketgandan keyin chiqishadi.

Marodiyorlar oddiy xalqning noni bo‘ladimi, unimi yoki ozroq xomashyosi, yeydigan nima topsa hammasini kuch bilan tortib oladi. Xohlasa uradi, xohlasa o‘ldiradi. Keyin o‘sha olib qo‘yilgan mahsulotlarni juda qimmat narxda sotadi. Hozir Falastinda oddiy nonning narxi misli ko‘rilmagan darajada baland bo‘lib ketgan.

Odamlar ochlikdan qiynalib yotibdi, talonchilar esa bundan pul qilmoqda. Eng og‘riqli joyi shundaki, xalqning oxirgi luqmasi ham talanmoqda, inson hayoti esa qadrsiz”, – deydi Mahmud Naim.

2024 yilning dekabr oyida 100 nafar falastinlik Rafahdan O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. So‘ngra ular davolanish va sog‘liqlarini qayta tiklash uchun reabilitatsiya markazlari, shifoxonalarga joylashtirildi. Respondentlar ularga yaratilgan sharoit va ko‘rsatilgan e’tibor borasida ham o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Mahmud Naim Habush:

“Bu yerga kelganimizda xalqingiz bizni katta hurmat va mehr bilan kutib olishdi. Salomatligimizni tiklash uchun muolajalar qilishdi. Tibbiy xizmatlar sifati yaxshi ekan. Men uchun O‘zbekiston xavfsiz boshpana bo‘ldi. Bu yerni juda yaxshi ko‘raman. Butun xalqingizga chin dildan minnatdorchilik bildiraman. Imkonim bo‘lganida, albatta, oilamni ham shu yerga olib kelib, yashagan bo‘lardim. Afsuski, hozir buning iloji yo‘q. Men O‘zbekistonga faqat yaxshilik va tinchlik tilayman. O‘zbekiston rahbari, doktor Farida hamda Falastinning O‘zbekistondagi elchixonasiga faqat rahmat aytaman. Ularning ko‘rsatgan e’tibori va yordamini hech qachon unutmayman”, – deydi Mahmud Naim.

Fotima Saloh:

“Shu kungacha nima bo‘lgan bo‘lsa ham, hammasiga shukur deymiz. Hozir tirikligimizning o‘zi katta ne’mat. Qizimni davolashga yordam berganlarning barchasiga rahmat aytaman. Yaqinda hozir yashab turgan sihatgohimizdan chiqib ketamiz. Bizga uy, bolalarimizga ta’lim va’da qilishdi. Keragidan ortiq yordam olyapmiz. Bizni ham ruhan, ham jismonan parvarish qilishadi, ovqat berishadi, kiyimlarimizni yuvib berishadi, xonalarimizni tozalashadi. Qisqasi, komfort sharoitda yashayapmiz. Men, 6 ta bolam uchun alohida 2 xonali joy berishgan. Odamlar – saxovatpesha. Kiyimlar berishdi. Ko‘plab sovg‘alar va shirinliklar taqdim etishdi. Xususan, prezidentning qizi menga telefon hadya qildi. Barcha o‘zbekistonliklardan minnatdorman”, – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, falastinlik mehmonlarning jamiyatimizga moslasha olishlariga yanada yaxshiroq ko‘mak berish maqsadida joriy yilning 14 avgust kuni bu yo‘nalishda alohida chora-tadbirlardan iborat prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bir guruh falastinliklarga manzilli yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Xususan, ularga ijtimoiy va tibbiy xizmatlar, ta’lim olish va ishga joylashish kabi imkoniyatlar berilishi belgilangan.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Jurnalist: Diyoraxon Nabijonova

Operator va montaj ustasi: Abdulloh Hasanov



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Andijonda ikki kishini katta pul evaziga haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Published

on


U kelishilgan 18 ming dollar puldan 9 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollari evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan.

U kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi hajga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirgandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Texnik talablarga javob bermaydigan konditsionerlar sotilayotgani aniqlandi

Published

on


Hisense va Aux konditsionerlarida kamchiliklar aniqlandi. 

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan poytaxtdagi savdo nuqtalarida sotilayotgan Xitoyda ishlab chiqarilgan Aux hamda Hisense rusumli konditsionerlarga nisbatan nazorat xaridi o‘tkazildi. 

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Aux konditsionerlari «Texnik vositalarning elektromagnit mosligi to‘g‘risida»gi texnik reglament talablariga mos kelmasligi aniqlandi. 

Shuningdek, Hisense rusumli konditsionerlar ham belgilangan standartlarga to‘liq javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, qurilmaning iste’mol qilinadigan nominal quvvati belgilangan me’yorlardan yuqori ekani qayd etildi. 

Ushbu holatlar mazkur mahsulotlarning amaldagi texnik va xavfsizlik talablariga to‘liq mos emasligini ko‘rsatadi. 

Fuqarolardan maishiy texnika xarid qilishda mahsulotning muvofiqlik sertifikati hamda texnik hujjatlariga alohida e’tibor qaratish so‘raladi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yoqib yuborilgan kitob – rejissyorlar bu asarni sahnalashtirishdan qo‘rqqan / 5 daqiqa

Published

on


Birinchi marta Volandning yonidagi Begimot laqabli gapiradigan mushuk haqida o‘qiganimda rostdan ham qo‘rqqanman. Chunki o‘sha suxtasi sovuq qayerda paydo bo‘lsa, tartib buzilar, odamlar fosh bo‘lar va qandaydir falokat boshlanardi. Umuman, asar ruhi juda og‘ir bo‘lib, ko‘pchilik bu romanni “la’natlangan” deb talqin qilishadi. Aytishlaricha, ba’zi aktyorlar bu asar asosida sahnaga chiqishdan qo‘rqqan.

“5 daqiqa”ning bugungi sonida Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romani haqida gaplashamiz.

Tasavvur qiling, 1930 yillar Moskvasi. Xudosizlik avj olgan, hamma g‘alati-g‘alati o‘zgarishlarni qabul qilayotgan, tartibli shahar edi go‘yo. Biroq shu tartibli shaharga bir kuni notanish mehmon keladi. Va u kelgan zahoti haqiqat bilan yolg‘on o‘rtasidagi devorlar yorila boshlaydi. Mehmon o‘zini professor Voland deb tanishtiradi, aslida u shayton edi. Yoki uni insonlarning vijdonini sinash uchun yuborilgan kuch, deyish ham mumkin.

Voland va uning jamoasi Moskvada bir nechta sinov o‘tkazadi. Eng mashhur sahnalardan biri – teatrdagi qora seans. Bu yerda odamlarga pul, kiyim, zeb-u ziynat tarqatiladi. Lekin keyinchalik bu narsalar yo‘qoladi va odamlar o‘zlarini sharmandali holatda ko‘radi. Bu epizod orqali insonning ichki qashshoqligini tashqi boylik bilan yashirib bo‘lmasligiga ishora qilinadi. Voland hech kimni majburlamaydi, u faqat imkoniyat beradi. Qolganini odamlarning o‘zlari bajaradi.

Shu o‘rinda asarning ikkinchi, chuqur qatlami ham ochiladi – Ustaning hikoyasi. Usta haqiqatni yozishga jur’at etgan yozuvchi edi. U Pontiy Pilat va Yyeshua Ha-Notsri voqealari aks etgan asar yozadi. Unda Pilat Yyeshuani surishtirish jarayonida uning aybsiz ekanini anglaydi, ammo hokimiyatni yo‘qotish va siyosiy bosimdan qo‘rqib, noto‘g‘ri qaror qabul qiladi.

Pilatning bu xatosi uni abadiy vijdon azobiga mahkum qiladi. U asrlar davomida orom topmaydi. Demak, Bulgakov fikriga ko‘ra, haqiqatni bilib turib uni himoya qilmaslik og‘ir gunoh hisoblanadi.

Kitobdagi Ustaning o‘zi ham murakkab taqdirni boshidan kechiradi. Uning asari rad etiladi, o‘zi ta’qibga uchraydi. Oxirida u qo‘lyozmasini yoqib yuboradi. Yozuvchi go‘yoki o‘z haqiqatini yo‘q qiladi. Lekin aynan shu yerda Bulgakovning mashhur g‘oyasi paydo bo‘ladi: qo‘lyozmalar yonmaydi. Ya’ni haqiqatni yo‘q qilish mumkin emas. Uni vaqtincha ko‘mish mumkin, lekin u baribir qayta tiriladi.

Margarita Ustani sevgani uchun jamiyat qoidalarini buzishga tayyor bo‘lgan isyonkor ayol. U Voland bilan kelishuvga rozi bo‘ladi va jodugarga aylanadi. Margaritaning shayton bazmida qatnashishi asarning eng kulminatsion nuqtalaridan biri. U yerda Margarita gunohkorlar orasida “malika” bo‘ladi. Lekin bu qudratni o‘z manfaati uchun emas, Ustani qutqarish uchun ishlatadi. Bu yerda Bulgakov muhabbat – insonni qutqaradigan qudratli kuch demoqchi bo‘ladi.

Bulgakov bu asarni o‘n yildan ortiq yozgan. Bir necha bor uni yo‘q qilgan, qayta yozgan. Sovet senzurasi uning asarlarini taqiqlagan. Yozuvchi vafotidan keyin esa xotini Yelena Shilovskaya qo‘lyozmani saqlab qoladi. Natijada roman dunyo adabiyotining eng muhim asarlaridan biriga aylanadi.

“Usta va Margarita”ni faqat o‘tmish bilan bog‘lab qo‘yish xato. Chunki undagi savollar hozir ham tirik. Bugun ham odamlar ko‘pincha haqiqatni emas, o‘ziga qulay bo‘lganini tanlaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi “niqoblar”, jamoat fikridan qo‘rqish, manfaat uchun vijdonni qurbon qilish – bularning barchasi Bulgakov tasvirlagan dunyodan unchalik ham farq qilmaydi. Voland bugun kelsa, ehtimol, u teatr emas, internet orqali odamlarni fosh qilgan bo‘lardi.

Ishonaman, siz yaxshi kitobxonsiz, dunyoqarashingiz ham ancha keng ekaniga aminman. Sababi besh daqiqa sabr qilib, ko‘rsatuvning shu soniyasigacha keldingiz. Biroq bu kitobni haligacha o‘qimagan bo‘lsangiz, albatta, o‘qishingiz kerak. Axir dunyodagi eng murakkab va qiziqarli kitoblardan birini o‘qiganmisiz, degan savolga “ha” deb javob berishni istaysiz-ku.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yevroittifoq O‘zbekistonning ayrim kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qildi

Published

on


Yevropa Ittifoqining 20-sanksiyalar paketi doirasida O‘zbekistonda joylashgan ayrim kompaniyalar ham cheklovlarga tushgan. Ochiq manbalarda ular orasida Farg‘ona paxta sellyulozasi kimyo zavodi va «Raw Materials Cellulose» kabi korxonalar tilga olinmoqda.
Biroq kompaniyalarning to‘liq rasmiy ro‘yxati YeIning huquqiy hujjatlari (Official Journal) ilovalarida keltiriladi.

Ommaviy axborot vositalarida keltirilishicha, sanksiyalar Rossiyaga qarshi joriy etilgan cheklovlarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan deb gumon qilingan xorijiy kompaniyalarga nisbatan qo‘llanilmoqda.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bir qator kompaniyalar kiritilgani ma’lum qilingan. Xususan, Trade Engine System kabi korxonalar ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday kompaniyalar transport, logistika yoki texnologiya jihozlari savdosi orqali sanksiyalarni chetlab o‘tish zanjirlarida ishtirok etgan deb baholanmoqda.

Yevropa Ittifoqi so‘nggi yillarda Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bosqichma-bosqich kuchaytirib, uchinchi davlatlardagi kompaniyalarga ham cheklovlar joriy etish amaliyotini kengaytirgan. Bu choralar Rossiya iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirish hamda sanksiyalarni aylanib o‘tish mexanizmlarini cheklashga qaratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Jomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi

Published

on


Samarqand viloyati Jomboy tumanida qo‘rqinchli yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda qora rangli Gentra yuqori tezlikda harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotgani va yo‘l chetida to‘xtab turgan boshqa bir oq rangli Gentra’ga urilgani aks etgan.

Ikkinchi mashina haydovchisi bu vaqtda mashinasidan tashqarida turgandi va mo‘jiza tufayli omon qolgan. Qora Gentra oq Gentra’ni surib borayotganida yo‘l chetida o‘ynab turgan yosh qizcha ham g‘ildirak ostida qolishiga bir baxya qolgan, qizcha qochib darvozadan ichkariga kirishga ulgurgan.

Kuzatuv kamerasiga yozib olingan kadrda ushbu voqea 21 aprel kuni ro‘y bergani ko‘ringan.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi aniqlik kiritishicha, holat Jomboy tumanida Samarqand mahallasi hududida ro‘y bergan. Avariya sodir etgan Gentra haydovchisi mast holda rulga o‘tirgani va soatiga 90 km tezlikda harakatlangani ma’lum qilingan. Hodisa oqibatida ikki haydovchi ham shifoxonaga yotqizilgan.

Viloyat IIB YHXB matbuot xizmati holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudiga yuborilishini ma’lum qilib, shunday harakat sodir etgan haydovchilar haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilishi mumkinligidan ogohlantirgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.