Jamiyat
Yevroittifoq O‘zbekistonning ayrim kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qildi
Yevropa Ittifoqining 20-sanksiyalar paketi doirasida O‘zbekistonda joylashgan ayrim kompaniyalar ham cheklovlarga tushgan. Ochiq manbalarda ular orasida Farg‘ona paxta sellyulozasi kimyo zavodi va «Raw Materials Cellulose» kabi korxonalar tilga olinmoqda.
Biroq kompaniyalarning to‘liq rasmiy ro‘yxati YeIning huquqiy hujjatlari (Official Journal) ilovalarida keltiriladi.
Ommaviy axborot vositalarida keltirilishicha, sanksiyalar Rossiyaga qarshi joriy etilgan cheklovlarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan deb gumon qilingan xorijiy kompaniyalarga nisbatan qo‘llanilmoqda.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bir qator kompaniyalar kiritilgani ma’lum qilingan. Xususan, Trade Engine System kabi korxonalar ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday kompaniyalar transport, logistika yoki texnologiya jihozlari savdosi orqali sanksiyalarni chetlab o‘tish zanjirlarida ishtirok etgan deb baholanmoqda.
Yevropa Ittifoqi so‘nggi yillarda Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bosqichma-bosqich kuchaytirib, uchinchi davlatlardagi kompaniyalarga ham cheklovlar joriy etish amaliyotini kengaytirgan. Bu choralar Rossiya iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirish hamda sanksiyalarni aylanib o‘tish mexanizmlarini cheklashga qaratilgan.
Jamiyat
Bu texnik xato emas, bu – savodsizlik
Sahnada millatning buyuk ma’rifatparvari, o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyondasi Abdulhamid Cho‘lpon va Abdulla Avloniy haqida gap ketmoqda. Ammo, ularning nomi «Abdulla Cho‘lpon», «Abdulhamid Avloniy» deb yozib qo‘yilgan.
Ayrimlar buni oddiy texnik xatolik, deb baholashi mumkin. Yo‘q. Texnik xato – harf tushib qolishi yoki biror belgining adashib ketishidir. Lekin, millat tarixi va adabiyotining eng yirik siymolarining ismini noto‘g‘ri yozish, bu – savodsizlik, beparvolik va mas’uliyatsizlikdir.
Eng og‘riqlisi, bu xatoni hali sahna yuzini ko‘rmasidan ko‘pchilik ko‘rgan. Tayyorlovchilar ko‘rgan, tashkilotchilar ko‘rgan, sahnaga chiquvchilar ko‘rgan. Ammo, hech kim: «Ey, to‘xta, bu yerda Cho‘lpon va Avloniy ismi noto‘g‘ri yozilibdi»,—demagan. Vaholanki, shu so‘zni aytishga yetarlicha bilimning o‘zi bo‘lmagan ko‘rinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu holat juda keng muhokama qilinmoqda. Foydalanuvchilardan biri: «Buyuk allomalarimiz ismini bilmaydigan odam ma’rifat haqida qanday tadbir o‘tkazishi mumkin?»— deya yozgan. Yana biri: «Biz tarixiy shaxslarga haykal qo‘yish bilan emas, avvalo, ularning ismini to‘g‘ri yozishdan boshlashimiz kerak»,—deya munosabat bildirgan.
Haqiqatan ham bu masala birgina familiya yoki ism xatosi haqida emas. Bu umumiy munosabat haqida. Agar biz millatning eng buyuk farzandlaridan birining ismini sahnaga chiqarishdan oldin tekshirib ko‘rishga ehtiyoj sezmasak, demak, muammo yanayam chuqurroq.
Abdulhamid Cho‘lpon-u, Abdulla Avloniy — oddiy ijodkorlar emas. Ular millatning dardini kuylagan, erkinlik va ma’rifat uchun kurashgan jadidlar safining eng yorqin vakillaridan. Ularning nomi kitoblarda, ilmiy tadqiqotlarda, maktab darsliklarida bor. Demak, bu xatoni e’tibor yetishmasligi bilan emas, bilim yetishmasligi bilan baholash o‘rinli.
Bugun jamiyatda ko‘p gapirayotgan ma’naviyat va milliy qadriyatlarga hurmat, avvalo, shunday mayda tuyulgan, ammo, mazmunan katta masalada namoyon bo‘ladi.
Ularning ismini adashtirish – bir-ikki shaxsning ismini adashtirish emas, bu – o‘z tarixiga munosabatni ko‘rsatuvchi oynadir.
Shuning uchun ham tarmoqlarda bildirilayotgan tanqidlarni o‘rinli, deb bilaman. Millatning buyuk farzandlari haqida gap ketganda, beparvolikka o‘rin bo‘lmasligi kerak. Zero, bu texnik xatolik emas, bu –savodsizlik, bu – ma’naviyatsizlik. Tarixiy xotiralarga nisbatan ehtiromsizlikdir.
Laylo Hayitova
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonning aksariyat qismida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi respublikaning ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha, shimolda va cho‘l hududlarda ba’zida 20-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 33-38°, janubda ba’zi joylarda 40-43° gacha bo‘ladi.
Toshkentda kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 36-38° bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 13-18 m/chs gacha kuchayishi mumkin. Harorat 23-28° bo‘ladi.
Jamiyat
Elektr tarmoqlariga ulab berish evaziga pul olgan mas’ullar ushlandi
Toshkent shahri va Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida elektr tarmoqlariga ulab berish hamda transformatorni almashtirib berish evaziga noqonuniy pul olgan elektr ta’minoti sohasi xodimlari ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chilonzor tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmazor tuman TET elektromontyori Sh.Sh. fuqaro M.M.ga tegishli xonadon hududidagi novvoyxonani elektr tarmoqlariga ulab berish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishni va’da qilib, 5 300 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Hazorasp tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi R.S. ham qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, u “B.A.” fermer xo‘jaligi rahbari G‘.A.ning yer maydonidagi past kuchlanishli transformatorni yuqori kuchlanishli transformatorga almashtirib berish evaziga 7 million so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Katta Chimyon tog‘ida qidiruv-qutqaruv operatsiyasi o‘tkazildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘ida sayr qilish vaqtida yo‘ldan adashib qolgan to‘rt nafar fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qidiruv ishlari natijasida topilib, xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.
17 iyun kuni soat 14:49 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga “112” tizimi orqali Bo‘stonliq tumani hududidagi Katta Chimyon tog‘ida to‘rt nafar fuqaro adashib qolgani va ularga amaliy yordam zarurligi haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, FVV qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, tog‘li hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan.
Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida adashib qolgan fuqarolarning joylashuv o‘rni aniqlanib, ular xavfsiz hududga olib chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Barcha fuqarolarning ahvoli yaxshi ekani bildirilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarni tog‘li hududlarga sayohat qilishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish, harakatlanish yo‘nalishini oldindan belgilab olish hamda zarurat tug‘ilganda tezkor xizmatlarga murojaat qilishga chaqirdi.
Jamiyat
Namanganda yirik miqdordagi giyohvandlik vositasi qo‘lga olindi
Namangan viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qariyb 4 kilogramm gashish moddasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Toshkent – Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina Pop tumanidagi «Namangan» YPX maskanida to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv jarayonida avtomashinada yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan, Namangan shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan 1989 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli sumkadan 3 kilogramm 956 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur shaxs ushbu giyohvandlik vositasini muqaddam sudlangan hamshahari bilan til biriktirgan holda qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kelgani ma’lum bo‘lgan. Natijada ikkinchi gumonlanuvchi ham protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Mutasaddi idoralar fuqarolarni giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlar haqida tegishli organlarga zudlik bilan xabar berishga chaqirmoqda.
-
Siyosat3 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy4 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport3 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Mahalliy4 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Jamiyat4 days agoToshkentda renovatsiyaning birinchi bosqichi boshlandi
-
Dunyodan2 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
