Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklifiga binoan Ostona shahriga keldi.
Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston yetakchisi 22-aprel kuni Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etadi.
Jamiyat
Mansabdorlarga yong‘in xavfsizligi uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun mansabdor shaxslar javobgarligi kuchaytiriladi.
Qonun (O‘RQ–1136-son, 20.04.2026-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat joylari, omborxona binolari, yotoqxona va turar joylarda, shuningdek tegishli ob’yektlarni loyihalashtirish, qurish va qayta qurish chog‘ida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish — fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 3 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Amaldagi tahrirda mazkur huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yong‘in nazorati bo‘yicha bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari davlat yong‘in nazorati organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda mansabdor shaxslarga BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga haqli ekanligi belgilandi.
Amaldagi tahrirda mazkur jarima miqdori BHMning 20 baravari etib belgilangan.
Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘inlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning hamda aholining hayotiga va sog‘lig‘iga boshqacha tarzda muqarrar xavf paydo bo‘lishining oldi olinishi munosabati bilan tadbirkorlar faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda to‘xtatib turishi mumkinligi belgilandi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Jamiyat
«Germaniya va Koreya orzusi» chippakka chiqdi
Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida xorijiy davlatlarga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Termiz shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda fuqaro A.J. fuqaro D.E.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida 9 000 AQSh dollari evaziga Germaniya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, 5 000 AQSh dollari va 12 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Departamentning Paxtakor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Z.A. fuqaro O.Q.ning ishonchiga kirib, uni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari yordamida Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, 2 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
«Karyera kuni» bandlik siyosatida kutilgan natijani beryaptimi? (foto+video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining har payshanba kunini «Yoshlar kuni» deb e’lon qilish bo‘yicha qabul qilingan qarori hamda yoshlar bandligini oshirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va mehnat bozoriga integratsiya qilishga qaratilgan qator farmon va qarorlarda bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur me’yoriy hujjatlar ijrosi doirasida Buxorodagi davlat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish o‘rinlari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan «Karera kuni – 2026» hamda «Ochiq eshiklar kuni» viloyat markazidagi «Universal» sport majmuasida tashkil etildi. «Kelajagingni tanla» shiori ostidagi ushbu mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. E’tiborlisi, yarmarkada salkam 7 ming nafar oliy ta’lim hamda o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilari ishtirok etishdi.
– Shu paytgacha mehnat yarmarkalarida bunaqa katta kontingent o‘z xohishi bilan ishtirok etmagan. Demak, yoshlarda mehnatga layoqat, ishga kirishga bo‘lgan mas’uliyat oshib bormoqda. Yarmarka ishtirokchilarining 40 foizidan ortig‘i bilan doimiy ish o‘ringa egalik shartnomalari imzolandi. Bu juda katta ko‘rsatkich. «Karyera kun»lari o‘z samarasini ko‘rsatmoqda,-dedi Buxoro viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov.
Shu o‘rinda boshqarma boshlig‘i ayrim bitiruvchilar ish tanlash jarayonida tajribasi yetarli bo‘lmasa-da, turli tashkilot va idoralar oldiga ortiqcha talablar qo‘yayotganini bildirdi. Uning qayd etishicha, oliygohni yangigina bitirgan yoshlar yuqori lavozim, katta daromad va «kursibop» ishni ko‘zlashlari ularning ishga joylashish jarayonini cho‘zishga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan bitiruvchilar bilan tizimli va ko‘plab muloqotlar o‘tkazish, ularni real mehnat bozori talablariga moslashtirish zarurligi alohida ta’kidladi.
Haqiqatan, mehnat yarmarkasiga ish o‘rinlari taklifi bilan kelgan korxona, tashkilotlar mas’ullari bilan suhbatlashar ekanmiz, ayrim bitiruvchilar oylik maoshi 2,5 million so‘mdan boshlagan bo‘sh o‘rinlarga istak bildirishmayotgani, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik maoshli lavozimlarni xohlashayotganiga urg‘u qaratishdi. Sog‘liqni saqlash tizimidagi, jumladan, yuqumli kasalliklar yoki turli laboratoriyalardagi bo‘sh ish o‘rinlarini chetlab o‘tishayotgani holati ham kuzatilayotganini so‘zlashdi.
Aytish joizki, mehnat yarmarkasi doirasida Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat Tibbiyot instituti, Buxoro davlat Texnika universiteti, Buxoro davlat Pedagogika instituti bitiruvchilari o‘z ixtiyoriga ko‘ra, mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlaridan tanlov qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlari – ishlab chiqarish, ijtimoiy soha, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, tibbiyot birlashmalari, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va melioratsiya sohalari, shuningdek qo‘shma korxonalar, zavod-fabrikalar va tadbirkorlik sub’yektlari o‘z vakansiyalari bilan ishtirok etdi.
E’tiborimizni Buxoro davlat Tibbiyot institutining bitiruvchi talabalari tortdi. Bildirilishicha, ushbu tadbirda 1205 nafar bitiruvchi talabalari hamda magistrlaridan 800 nafardan ortiq bitiruvchilari ishtirok etayotgan ekan. Nafaqat, Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash tizimi, balki, Navoiy viloyati, Samarqand viloyati, Qashqadaryo viloyati, Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari rahbarlari va tegishli tibbiyot birlashmalari ham o‘z ish o‘rinlari bilan kelishgan.
Tadbirda Surxondaryo viloyatida doimiy yashash manzili bo‘lgan magistr bitiruvchi talabasi Umid Xudoynazarov bilan Denov tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi davlat muassasasi o‘rtasida ishga joylashish shartnomasi imzolangan bo‘lsa, buxorolik bitiruvchi talaba Marjona Abdurashidovani institutni tugatgach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga olinishi kafolatlandi. Navoiylik bitiruvchi talaba bilan Karmana tuman tibbiyot birlashmasi o‘rtasida, qashqadaryolik talaba bilan esa Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida kafolatlangan shartnomalar imzolanib, tibbiyot boshqarma boshliqlari zimmasiga muhim topshiriqlar yuklatildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
– Hozirgi davrda Buxoro davlat Tibbiyot instituti bitiruvchi talabalari tomonidan Respublikamizning turli hududlarda joylashgan tibbiyot muassasalari bilan 837 nafar ishga joylashtirish shartnomari imzolangan. Shu bilan birgalikda ayrim yo‘nalishlarda, xususan, Xalq tabobati yo‘nalishi bo‘yicha mehnat registriga kiritilmaganli, Oliy hamshiralik ishi yo‘nalishida tugatganlarga oddiy hamshira mutaxassisligi toifasida ish bilan ta’minlash ularning bandligi risk holatida qaralmoqda. Bitiruvchilar joriy yilning iyun oyida institut tomonidan taqdim etiladigan ishga joylashtirish to‘g‘risidagi yo‘llanmalar asosida ishga yuboriladi. Bitiruvchilarni yakuniy bandlik monitoringini tashkil qilish, ishga joylashish bo‘yicha ma’lumotlarni joriy yilning sentyabr oyidan HEMIS axborot tizimiga kiritib boriladi.,-dedi Buxoro davlat Tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev.
Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidovning ma’lum qilishicha, 2025–2026 o‘quv yilida universitetda jami 5 241 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 4 755 nafari bakalavriat, 486 nafari magistratura bosqichida. Joriy yilda 3 911 nafar talaba bitirmoqda, ulardan 958 nafari boshqa viloyatlardan kelgan, 3 047 nafari esa Buxoro viloyati yoshlaridir.
AT «Xalq banki” Buxoro viloyati bo‘yicha boshlig‘i o‘rinbosari Nargiza Latipova bitiruvchilarning 1 556 nafari ta’lim bilan bir vaqtda mehnat faoliyatiga jalb etilganini, 2026 yil boshidan bugungi kunga qadar 37 nafar bitiruvchiga jami 4 milliard 715 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilganini ta’kidladi. Jumladan, «Tadbirkorlikka ilk qadam» dasturi doirasida 33 nafar bitiruvchiga 615 million so‘m, «Biznes start» va «Biznes progress» kredit liniyalari orqali 4 nafar yoshga 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ berilgan.
Bitiruvchilarning 518 nafari ta’limni keyingi bosqichda davom ettirishni, 51 nafari esa kasb-hunar o‘rganish orqali bandlikka erishishni rejalashtirgan. Mehnat yarmarkasida Jondor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi 44 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etib, ta’lim sohasida kimyo, biologiya, rus tili, xorijiy tillar va musiqa yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar yetishmasligi mavjudligini ma’lum qildi. 18 dan ortiq bitiruvchilarga tavsiyalar berildi. Qorovulbozor tumanidan 10 ta tashkilot 136 ta vakansiya bilan qatnashdi. Asosan, tibbiyot sohasi mutaxassislariga ehtiyoj katta ekani qayd etildi.
Birgina viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 334 ta vakant o‘rin bilan tibbiyot muassasalari ham yarmarkada ishtirok etgan. Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va tuman tibbiyot birlashmalarida tor doiradagi mutaxassislarga ehtiyoj saqlanib qolmoqda.
– Men Buxoro davlat Tibbiyot institutining farg‘onalik talabasiman. Meni quvontirgani, o‘z viloyatimda ish o‘rnim tayin bo‘ldi. Buxorolik bitiruvchi kursdoshlarimni ham kuzatar ekanman, shu paytgacha, deyarli, 40 foizi turli tibbiyot tashkilotlari bilan mehnat shartnomalariga erishishgan bo‘lsa, mazkur mehnat yarmarkasi ham yana salkam, 40 foizini ishli qildi. «Karera kun»ining bundan bir necha yil ilgarigi mehnat yarmarkalaridan ochiqligi, shaffofligi bilan farq qilayotgani, hech qanday «ssenariylashtirish»laru, yolg‘on ish o‘rinlari taklifi yo‘qligi meni quvontirdi,-deydi Boborahim Ibodov.
– Men esa Romitan tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining bitiruvchisiman. Hunarmandchilikka, xususan, naqqoshlikka juda qiziqaman. Chizmachilik ham jonu-dilim. Buxoro davlat Texnika universitetiga kirish uchun oldimga maqsad qo‘ydim,-deydi To‘lan Bahronov.
Mehnat yarmarkasi yakunida ishtirokchilar ushbu tadbir yoshlar bandligini ta’minlashda samarali platforma bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdilar. Ko‘plab bitiruvchilar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish o‘rinlarini tanlab, dastlabki mehnat shartnomalarini imzolashga erishdilar. Bir so‘z bilan aytganda, Buxoroda «Karera kuni» yoshlar bandligini ta’minlash siyosatida o‘zining kutilgan samarasini berib, amalda real natijalarni namoyon etmoqda. Bu ochiq maydonda real ish o‘rinlari taklifiyu ishga kirish istagida bo‘lgan ayrim bitiruvchilar talablarining ortib borayotgani muvozanati esa «Karera kuni – 2026» dolzarbligini oshirilishi lozimligini ko‘rsatadi.
Jamiyat
Toshkent viloyatida 11 mansabdor ishdan olindi, yana 8 nafari jazolandi
Toshkent viloyatida 11 mansabdor shaxs lavozimidan ozod etildi, yana bir qator amaldorlarga jazo berildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Shu yilning 13-mart kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish bo‘yicha muhim topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 30-mart kuni Toshkent viloyati hokimi rahbarligida tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazildi. Ularda viloyat hokimi aholi murojaatlariga bepisand munosabatda bo‘lgan, ular ijrosida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan qat’iy choralar ko‘rish taklifini ilgari surgan edi.
Aholi murojaatlariga mas’uliyatsizlik bilan qaragan, takroriy murojaatlar ko‘payishiga sabab bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi. Xususan, 11 nafar mas’ul mansabdor shaxs lavozimidan ozod etildi.
– Bo‘ka tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
– Yangiyo‘l tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
– O‘rta Chirchiq tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari shular jumlasidandir.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi tashkiliy-nazorat va axborot tahlil bo‘yicha bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish sho‘basi bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi maxsus bo‘lim bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani, Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlaridagi Xalq qabulxonalarining yetakchi mutaxassislari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari ham bekor qilindi.
8 nafar mansabdor shaxsga intizomiy jazo qo‘llandi:
Xususan:
– Yangiyo‘l shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
– Ohangaron shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
– Ohangaron shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari;
– Olmaliq shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari;
– Chirchiq shahar hokimligi ijro apparati rahbariga hayfsan berildi.
– Zangiota tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
– Bo‘stonliq tumani hokimligi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi;
– Angren shahar hokimligi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassisiga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llandi.
Shuningdek, O‘rta Chirchiq tumani hokimining investisiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Piskent tumanidagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun qat’iy ogohlantirildi.
Jamiyat
Poytaxtda 9-may kuni bayram mushakbozligi o‘tkaziladi
«9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan shu kunga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi tasdiqlandi.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar «Burch, jasorat, matonat!» shiori ostida o‘tkaziladi hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, «uch avlod uchrashuvlari», tasviriy san’at ko‘rgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarining o‘z xohishlariga ko‘ra respublika hududidagi sanatoriylarga 1 nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborilishi ta’minlanadi.
Toshkent shahrida 2026-yil 9-may kuni soat 21:00 da Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram mushakbozligi tashkil qilinadi.
-
Siyosat5 days ago
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
-
Dunyodan3 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Dunyodan4 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazo qat’iylashtirildi
-
Jamiyat3 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
-
Dunyodan4 days ago
“Livan boshqa davlatlar uchun urush zonasi emas” – mamlakat prezidenti
-
Jamiyat4 days ago16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi
