Jamiyat
Navoiyda er ajrashayotgan xotinini alimentdan voz kechmagani uchun mashinada urib ketdi
Ayolning umurtqasi sinib, belidan past qismi falaj bo‘lib qolgan. Avvaliga tergov voqeani qasddan urib ketish va qochib ketish deb hisoblamagan, jinoyat ishi yo‘l qoidalarini buzish moddasi bilan ochilgan. Keyinroq jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan keyin, ish qayta malakalanib, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi bilan ish qo‘zg‘atilgan.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida erkak ajrashish uchun ariza bergan va alimentdan voz kechmagan turmush o‘rtog‘ini Damas avtomashinasida urib ketdi. Bu haqda fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi qaroriga tayanib Nemolchi.uz loyihasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi Zamira uzoq yillar davomida turmush o‘rtog‘i Shahriyor tomonidan muntazam ravishda kaltaklab kelingan va natijada ayol ajrashish qarorini qabul qilishga majbur bo‘lgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi 12 avgust kuni ajrashish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqib, er-xotinga uch oy muddat bergan. Sud qarori bilan erkak to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashga majbur qilingan.
13 avgust kuni Shahriyor Zamiraga qo‘ng‘iroq qilib, alimentdan voz kechishini talab qilgan, aks holda «o‘zidan yaxshilik kutmasligi kerakligi»ni aytib tahdid qilgan.
«14 avgust kuni ertalab Shahriyor Damas avtomashinasini uyidan haydab chiqib, yo‘l chetida ketayotgan Zamirani urib yuborgan. Oqibatda Zamira og‘ir jarohat olib, belidan past qismi falaj bo‘lib qolgan, umurtqasi sinib, asab tomirlari shikastlangan. Bugungi kungacha u shifoxonada og‘ir ahvolda davolanmoqda. Yaqinlari uning davolanishi uchun katta miqdorda pul sarflab, qarzga kirgan. Zamirani jarrohlik amaliyoti Toshkentda o‘tkazishi rejalashtirilgan, biroq uning oilasida hozirda mablag‘ yetishmayapti», – deyiladi xabarda.
Ayolning yaqinlari Nemolchi.uz muxbiriga aytishicha, halokatga sababchi bo‘lgan shaxs davolanishga yordam berishdan bosh tortmoqda. Unga Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, tergov dastlab voqeani qasddan urib ketish va qochib ketish deb hisoblamagan, yengilroq ayblovni tanlagan (uch yilgacha qamoq jazosi). Shuningdek, erkak hibsga olinmagan va Zamiraga yozishda davom etib, «yaxshi narsa bo‘lmaydi», deya tahdidini davom ettirmoqda.
UPD: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimovning aniqlik kiritishicha, jabrlanuvchi hushiga kelgach, tergov harakatlariga jalb qilingan va u turmush o‘rtog‘i tomonidan avtomashinasi orqali qasddan urib ketilganini bayon qilgan. Holat oydinlashgach, olib borilayotgan ish qayta malakalanib, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi (sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish / 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan ish qo‘zg‘atilgan.
«Bu holat O‘zbekistonda ayollarni himoya qilish tizimi haqida ko‘plab savollar tug‘diradi. Nega ayollar oiladagi zo‘ravonlikdan qochishga urinib, hayotlarini xavf ostiga qo‘yishga majbur? Nega Shahriyorga o‘xshagan erkaklar aliment to‘lamaslik uchun o‘ldirishga tayyor bo‘ladigan darajada mas’uliyatsiz va jazosiz? Nega voqea xronologiyasi va aniq sababga qaramay, tergovchilar urib qochishni uning xotinini o‘ldirishga urinish sifatida ko‘rmasdan baxtsiz hodisa deb hisoblamoqda? Nega ayol va uning yaqinlari qo‘rquvda va yordamsiz yashashlari kerak?» – deya xulosa qildi Nemolchi.uz.
Jamiyat
Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Bugun, 28 iyun kuni Toshkent davlat agrar universitetida yong‘in sodir bo‘ldi.
Xabar qilinishicha, soat 15:17 da «112» tizimidan Toshkent viloyati FVBBga Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksi binosining tom qismi yonayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 15:59 da qurshab olingan hamda soat 16:15 da to‘liq bartaraf etilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Jamiyat
Boysundagi dor yo‘li attraksionida nosozlik ro‘y berdi
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rtasida to‘xtab qolgan.
27 iyun kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona mahallasi hududida joylashgan qarashli dor yo‘li (ziplayn) attraksionida noxush hodisa qayd etildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dor yo‘li attraksioni texnik jihatdan to‘liq ishga tushirilmagan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hamda undan foydalanish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro undan foydalanishga harakat qilgan.
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rta qismida to‘xtab qolgan.
Tashkilot xodimlari tomonidan fuqaro xavfsiz tarzda attraksiondan tushirib olingan.
Hodisa oqibatida fuqaro tan jarohati olmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi
Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.
O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.
Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.
Jamiyat
Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi
Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.
Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.
Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.
Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.
Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.
Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.
Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi.
Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.
Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.
Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.
Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.
Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?
Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.
Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.
Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.
Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham.
Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.
Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…
Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.
Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi
Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.
Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan1 day agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport5 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Dunyodan3 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
